Ibrohim G‘afurov. G‘afurona tarona

G‘afur G‘ulomning tavalludiga roppa-rosa yuz yil to‘lyapti. Kanda qilmay navbatma-navbat yetib keladigan yillar, asrlarning silsilasida bu uning ilk asri, o‘zining ilk asrini ishg‘ol etishi. G‘afur G‘ulom jisman hayotni tark etganiga o‘ttiz yetti yil bo‘lyapti. Lekin uning asri, asrning har bir damida baralla yangragan va aks sado berib turgan merosi bus-butunligicha ko‘z o‘ngimizda.

G‘afur G‘ulomning to‘rt tomlik, besh tomlik, o‘n tomlik, o‘n ikki tomlik saylanmalari, tanlangan asarlari majmualari XX asrning ikkinchi yarmida ko‘p chiqqan.

Bugun uning XXI asrni ko‘rayotgan, u bilan ro‘baro‘ kelib yuzlashayotgan saylanmalari, yangi majmualari chiqyapti. Ularni G‘afur G‘ulom yuz yilligining ma’lum darajadagi sarhisobi — XXI asr va uning o‘quvchilari oldidagi hisoboti deb aytish ham mumkin.

Abadiyatga G‘afur G‘ulomdan o‘lmas so‘z kirib boryapti. Uning suyukli ustozlaridan Muhammad Fuzuliy tili bilan aytganda:

Ver so‘za ahyoki, tutduqcha sani xobi ajal
Eda har soat sani ul uyqudin bedor so‘z.

G‘afur G‘ulomning badiiy so‘zi inson umrining eng mushkul savdosi — vaqtni yengib, o‘zga, notanish vaqt kengliklari va makonlariga yo‘l olyapti. U qanchalar vaqtni yengib o‘ta oladi? Biz bilamiz: vaqtni yengish hunari va san’ati esa faqat bedor so‘zga mansub va muyassardir.

Fuzuliy:

Ver so‘za ahyoki…

deyapti. So‘zga hayot berilgandagina u bedorlik kasb etadi. Asrlar qa’rlaridan kelib seni bezovta qilishga, uyg‘otishga qodir bo‘ladi. Bu o‘limni, vaqtni yenggan so‘zdir.

G‘afur G‘ulomning saylanmalarini o‘qiganda shunday o‘lmas, abadiyatga daxldor alloma adib bor bo‘y-basti bilan ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi.

* * *

XIX asrda Yevropadan esgan, Yevropada tug‘ilgan va uning butun madaniy makonlarini qamrab olgan sotsialistik shamollar XX asrga o‘tib Rossiya imperiyasi makonlarini egallab, qo‘shni diyorlarga — Osiyo mulku mulkatlariga ko‘chdi.

Eng ajoyib tomoni shundaki, Osiyoda Yevropadan kelayotgan sotsialistik g‘oyalarni ma’rifat g‘oyalari kabi qabul qildilar va unga e’tiqod qo‘ydilar.

Tenglik va taraqqiyotni ming yillarcha orzu qilib kelgan Osiyo ushbu jozibali ma’rifatga biri ortidan mingi quvib kelgan adolatsizliklar, to‘xtovsiz qon to‘kishlar, o‘zaro birodarkushlik urushlari, kamsonlik qashshoq xalqlarning haq-huquqlarini cheklash va poymol qilishlar, ular yelkasiga minib sayr qilishlar va shu singari juda ko‘p rang-barang ezish vositalari orqali yetib bo‘lmasligini, egallab bo‘lmasligini o‘n yillarcha davom etgan, oti “sotsialistik” bo‘lsa ham, mohiyati mutlaqo sotsialistik bo‘lmagan juda achchiq, fojiali ijtimoiy tajribalarda anglab yetdilar.

Osiyo puchmoqlarida sotsializm dastlab g‘oyatda jozibali ko‘rindi. Osiyoda sotsializmni, eng muhimi, feodalizmdan, uning vahshatlaridan, qoloqligi, qashshoqligi, g‘aribligi, mutaassibligi, texnikadan yiroqligidan qutulishning birdan-bir chorasi deb tushundilar. Osiyo ziyolilari tomonidan feodalizmdan qutulish — bu qanday ijtimoiy shaklda bo‘lmasin, bu ijtimoiy shaklning ostida imperiyachilikning qanday nayrang, makkorlikdan iborat illatlari qalashib yotgan bo‘lmasin, haqiqiy ma’rifat — oqartuvchilik deb tasavvur qilindi. U e’tiqod va qarashlarga oqartuvchilik kabi singdi. Yana buni ham qarangki, bundan taajjublansangiz ham, taajjublanmasangiz ham, feodalizmdan qutulish ma’rifatini ozodlik deb anglandi va o‘n yillarcha haqiqiy ozodlik deb tushuntirib, uqtirib kelindi. Bu ozodlikda haqiqiy ma’nodagi milliy erk, mustaqillik va ular bilan chambarchas bog‘langan inson haq-huquqlari garchi yo‘q edi — lekin har qalay ezilib yotgan xalq namoyandalari bo‘lgan ziyolilar nazarida u har qalay ma’rifat va har qalay ozodlik edi. Asli o‘zi ozod bo‘lmagan ziyolilar o‘zlarini ozod his qilib, o‘z navbatida mazlum ellarga ozodlik tilar, ularni ozodlikka chaqirardilar.

Feodalizmdan qutulish behad katta ahamiyatli hodisa bo‘lgani uchun hozir ziyolilarning bu hissiyotlari va da’vatkorlikka intilishlarini tushunish mumkin. Qutulish orqali mazmunan yangi hayotga kirib borish ijtimoiy hodisasi ko‘plab ziyolilarni o‘ziga rom etdi. Ular feodalizmdan xalos bo‘lish ma’rifatiga tamomila asir bo‘ldilar va maftunliklarini rang-barang shakllarda jon-dildan to‘liqib-toshib kuyladilar.

Sotsializm g‘oyasi aslida olijanob, insoniyatga kerakli g‘oya edi. Lekin uni amalga oshirish uchun sinfiy kurash yo‘li, aholining bir qismini qirish, ta’qib, tazyiq, zo‘ravonliklar yo‘li tanlangani — va bu jamiyat taraqqiyotining birdan-bir to‘g‘ri yo‘li deb anglashga urinilgani hamma narsalarni ostin-ustun qilib yubordi. Buning ustiga sinfiy kurash imperiyachilik maqsadlarini amalga oshirish uchun ham qulay niqob va usul bo‘lib chiqdi. Klassik Yevropa falsafasi talqinida sotsializm mohiyat e’tibori bilan milliy ozodlik bilan chambarchas va uning darakchisi edi. Lekin sinfiy kurash va unga ergashib kelgan imperiyachilik maqsadlari milliy ozodlikni ham, uni orzu qilganlarni ham batamom mahv etdi. Bu vahshat milliy o‘lkalarda qo‘rqinch uyg‘otdi.

XX asr bari milliy zaminlarda qo‘rqinchlar ichra o‘tdi.

Qo‘rqinch ko‘p ziyolilarning harakatlari va asarlariga o‘z soyasini tashladi…

G‘afur G‘ulomning juda boy ijodiy-ilmiy merosiga to‘g‘ri baho bermoq, uning zamirida — mundarijasi va g‘oyalar oqimida nimalar hukmron kuch bo‘lib yotganligini anglamoq uchun albatta XX asrda kechgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning bu xususiyatlarini bilmoq va tushunmoq zarurdir. Umuman sotsialistik zamonda yashab ijod qilgan barcha madaniyat, san’at, adabiyot namoyandalarining merosiga murojaat qilganda ularga bevosita va bilvosita ko‘rsatib kelingan tazyiq va mafkuraviy zo‘ravonliklarni bir zum ham yoddan qochirmaslikka to‘g‘ri keladi. Lekin har qanday mafkuraviy ziddiyatlardan qat’i nazar, ular asr o‘zbek madaniyatining quruvchilari — G‘afur G‘ulom ta’rifi bilan aytganda “Zamonning yaratuvchilari“ xalq va mamlakat taqdiri uchun qayg‘urgan yorqin peshqadam namoyandalaridirlar.

* * *

Haqiqiy milliy mustaqillikka erishilgan yillarda xalq ma’naviyatida yangi qarashlar vujudga kelib, bir butun tizim tusini oldi. O‘tmish merosga milliy madaniyat va uning rivojining tarkibiy qismi deb qaraldi. XX asr madaniyat namoyandalarining xalq oldidagi ulkan xizmatlari yangidan qadrini topdi. O‘zbekiston rahbari Islom Karimovning qator-qator farmonlari chiqib, yaqin o‘tmish madaniyatimiz, san’atimiz, adabiyotimiz, fanimizning ulug‘ namoyandalari yuksak darajada e’zozlandilar, milliy istiqlolning oliy nishonlari bilan taqdirlandilar. Bu ijtimoiy adolatning yorqin bir ko‘rinishi edi. Shu bilan madaniyat o‘zini burjua va ishchi madaniyati, saroy va xalq madaniyati deb soxta ajratishlardan tamomila xalos bo‘ldi.

* * *

G‘afur G‘ulom ijtimoiy bo‘ronlar gurlagan XX asrning tongida dunyoga kelib, o‘z o‘rnini ham uning suronli saflaridan topdi. U to‘xtovsiz ro‘y berib turgan siyosiy zilzilalar ta’sirida o‘sdi. Oqil, fozil, davrni teran tushungan, adabiy iste’dod nuri-ziyosidan bahramad bo‘lgan ilg‘or qarashli ota-ona tarbiyasini oldi. Asr boshidagi milliy maktablarda ta’lim ko‘rdi, madrasada tahsil oldi. Rossiya, Kavkaz, Qrim, Tatariston, Hindiston, Afg‘oniston, Turkiyadan kelib turadigan gazeta-jurnallar, kitoblarni topib o‘qib, ulardan yosh ongi va qalbining izlanishlarini bahrador qildi. Shoirning otasi G‘ulom Mirza Orif o‘g‘li ma’rufnozim kishilardan bo‘lib, uning xonadonida Muqimiy, Furqat, Asiriy, Muhyi, Xislat kabi ko‘zga ko‘ringan xalqparvar shoirlar tez-tez mehmon bo‘lganlar. G‘afur G‘ulom o‘smirlik kezlarida birin-ketin ota-onadan ayrildi. Sabiylikda aka-singillari bilan birgalikda yetimlikning og‘ir zahrini totdi. Ular yosh bo‘lishlariga qaramay, hech qanday mehnatdan or qilmadilar, bolalarni mehnat qutqardi. Ularning hammalari ishga ham, o‘qishga ham g‘oyatda o‘ch edilar. Yetimlikda zabunlikni tan olmay ilm, bilim, tahsil olish payiga tushdilar. G‘afur G‘ulom juda serharakat, serg‘ayrat, har narsaga qiziqadigan, serzavq bola — hayotning ne-ne dorilfununlarida tahsil ko‘rdi, boy tajriba orttirdi. U ma’rifat tarqatuvchi — muallim bo‘lib yetishdi. Jon-dildan mamlakatda boshlangan madaniy yangilash ishlariga sho‘ng‘idi.

* * *

Bolalikda kishining keyingi butun hayotiga ta’sir ko‘rsatadigan, ongli hayotining asl mohiyatini belgilaydigan voqealar, hodisalar, bashoratlar bo‘ladi. Erta boshga tushgan yetimlik G‘afur G‘ulomning keyingi butun hayotiga — uning doimiy kechinmalariga, kasb-kor tanlashiga, ijodining mag‘zi-mazmuniga juda kuchli ta’sir o‘tkazdi.

Unda shakllangan buyuk yetimparvarlikning asl manbai bolalik edi. Ulkan ma’rifatparvarligining manbai sabiy chog‘lar ota-onasidan olgan hech unutilmas, oltin harflar bilan bitilgan ta’lim-tarbiya edi.

G‘afur G‘ulomni butun elga tanitgan, unga elning muhabbatini uyg‘otgan “Netay“, “Tirilgan murda“, “Yodgor“ va ayniqsa, “Shum bola“ singari nasriy asarlarining mazmun-mohiyatida yetimlik ko‘rgiliklari, yetimlik sarguzashtlari, yetimlikdan qutulish, uni yengib o‘tish yo‘lidagi urinish va intilishlar turadi. G‘afur G‘ulom yetimlik nimaligini hammadan ko‘ra yaxshiroq bilgani uchun ham yetimlar va yetimlik taqdirini mislsiz bir hamdardlik bilan yozadi, o‘zida tuganmas, yo‘qolmas, bitmas insonparvarlikni kashf etadi. Uning eng ulug‘ asarlaridan birining “Sen yetim emassan“ deb atalishi bejiz emas. Bu asar inson sharafiga bitilgan madhiyadir. Agar adabiyotda madhiyadan ham ortiqroq tantanali bir narsa bo‘lsa bu she’r o‘shandan ham ortiq bir hodisadir. G‘afur G‘ulom asarlarida yetimparvarlik otalik hissiyotlari bilan chambarchas. Biri ikkinchisidan kelib chiqadi. Yetimlikdan xo‘rlangan, haqoratlangan, kamsitilgan, ezilganlarni himoya qilish, ularni zo‘ravonliklardan muhofaza etish, asrash, himoyaga otlanish G‘afur G‘ulom ijodiyoti mundarijasining yetakchi qirralaridan biriga aylangan. Bolalarga, yetimlarga, ezilganlarga g‘amxo‘rlik qilish, shavqat va muruvvatda bo‘lishni paternalizm deb atashadi. G‘afur G‘ulomda bu paternalizm juda katta insonparvarlik darajasiga ko‘tarilganligini uning ijodining boshidan-oxiriga qadar muntazam kuzatish mumkin. O‘zini xalqqa va, ayniqsa, yosh bo‘g‘inga ota deb bilish va his qilishdan G‘afur G‘ulom ijodiyotida yana bir qancha motivlarning, ijodiy yo‘nalishlarning mundarijaviy xususiyatlari tomir otadi.

Ulardan biri she’riy uslubga aloqador notiqlik. G‘afur G‘ulom barcha she’rlarini notiq bo‘lib yozadi. Albatta, bu juda yuksak darajadagi shoirona notiqlik.

Notiqlikning muhim bir belgisi va xususiyati bu — murojaat. G‘afur G‘ulom o‘z she’rlarida va dostonlarida va hatto nasrida ham doim kimgadir murojaat qiladi. Va doim kimlar bilandir — o‘z o‘quvchilari bo‘lgan keng omma bilan muloqot yuritadi. Shoirlik xalq bilan bo‘ladi degan aqida uning qon-qoniga singigan.

Muloqotlar va murojaatlardan bosh murod: vatanparvarlik tuyg‘ularini uyg‘otish, jo‘sh urdirish, milliy g‘urur va iftixorni g‘alayonga keltirish, sharqlik odamning sha’ni, ori, nomusini ko‘tarish, yoshlarga murojaatlarida esa ularni ilm-fan cho‘qqilarini egallashga chaqirish, rang-barang texnikalarni, sanoat va mutaxassisliklarni egallashga ilhomlantirish, o‘z xalqi, Vataniga munosib yetuk farzand bo‘lishga kuchli da’vat! Uning yoshlik jo‘shqinligi, ma’rifati, ilmga chanqoqlik bilan to‘lgan “Bari seniki“, “Yasha deyman, o‘g‘lim“, “Bilim qo‘yki, seni Vatan kutadi“, “Navqiron naslimiz sinov oldida“, “Tursunali nega varrakdan aynidi” va jahon urushi yillarining shoh asarlari: “Sen yetim emassan”, “Kuzatish”, “Sog‘inish”, “Vaqt”, “Avval o‘qi”, “O‘qi”, “Oltin medal”, “Yigitlarga”, “O‘zbek elining g‘ururi”, “Quyoshchalar she’ri”, “Sizga”, “Farzandlarga”, “Qizimga”, “Orzu”, “Diplom” (bu kabi she’rlarining barini sanab chiqish qiyin) va boshqa asarlarini kuzating, ularning hammasida yosh naslni mamlakat va millatning tayanchi deb qarash, eng ulug‘ orzu va umidlarni ularning kamoloti bilan bog‘lash, juda kamdan-kam topiladigan ishonch va muhabbat, faxrlanish aks etadi. Yoshlarning qalbini iftixor nuri bilan to‘ldirish va ularni kelajakka ilhomlantirishda hech kim G‘afur G‘ulomcha badiiy yuksaklik va qudratli ta’sirchanlikka erisholmagan edi.

G‘afur G‘ulom she’riyatida va umuman butun ijodida otalik mehru muruvvatiga to‘la tiniq buloqdan otilib chiqib, ortiq darajada hayajonli badiiy ifodasini topgan motiv-yo‘nalishlardan yana biri bu — Sharq mavzusi bilan bog‘liq.

Sharqda o‘zini ota deb bilish, ota maqomida turish, hayotga otalardek munosabat azal-azaldan donishmandlikning belgisi, nishonasi deb qaraladi. Sharq va G‘afur G‘ulom bu — bepoyon mavzu. G‘afur G‘ulom yurak-yurakdan o‘zini Sharq shoiri deb atashlarini, sharq shoiri kabi atashlarini sevar va orzu qilardi. “Men Sharq shoiriman,— degan edi G‘afur G‘ulom maqolalaridan birida. —Shuning uchun Sharq klassiklarining hammasi mening xesh-aqrabolarim, desam ajablanarli bo‘lmas”. Sharq mavzusini ko‘targan ko‘plab asarlarida G‘afur G‘ulom xalqlar o‘rtasidagi qarindoshlik g‘oyalariga alohida urg‘u berdi. Bu mavzularni katta minbarlardan turib ocharkan, bashariyatning baxtiyor, ozod kelajagi uchun kurashishni ijodining bosh manbai deb bildi va haqiqatan ham bosh manbaga aylantiroldi. Qardoshlikni kuylaganda shoir asarlarida milliy g‘ururning jo‘sh urishini ko‘ring! U ayniqsa, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman, ozar, rus, ukrain, belorus adabiyotlarini o‘ziga yaqin ko‘radi, bu adabiyotlarning ulkan namoyondalari bilan hamohanglikka, jo‘rovozlikka intiladi. Lohutiy, Nozim Hikmat, Fayz Ahmad Fayz, Samad Vurg‘un, Sobit Muqonov, Ivan Le va yana boshqa ne-ne dongdor adiblarni do‘stim deb ataydi, ular bilan adabiy hamkorliklarni yo‘lga qo‘yadi va mustahkamlaydi.

G‘afur G‘ulom Sharq shoiri bo‘lib yozganda ulkan tarixiy qamrovga intiladi. Uning ijodkor tasavvuri behad keng quloch yozadi. O‘zini ko‘hna Sharqning farzandiday tutadi va serilhom, serzavq shoirona turfa Sharq o‘lkalari manzaralari, o‘ziga xosliklarini ko‘z o‘ngida tutadi va o‘ta hayajonli timsollarda gavdalantiradi.

Uning Sharq mavzusidagi she’rlarida ko‘zga tashlanadigan na’rakorlik ham balki shu o‘zini Sharq farzandi va shoiri deb bilishdan tug‘ilgan bo‘lsa ajabmas. Xalq boshiga tushgan katta fojiani yengish uchun shunday she’rlar kerak bo‘lgan-da…

Ne tongki, hozir bunday yozmaydilar.
Ne tongki, hozir bunday sezimlar sezmaydilar.
Va hozir bunday na’ralar tortmaydilar.
Har zamonning o‘ziga xos sasi bor.

Balki shu g‘ala-g‘ovur turli yerlarda ekstremistlar bosh ko‘tarayotgan vaqtda shunday kuchli notiqona qamrov bilan yozishni davrning o‘zi va masalalarning dolzarbligi talab ham qilayotgandir.

Hozir endigi shoirlar butun Sharq nomidan, Sharq xalqlarining nuqtai nazaridan turib emas, balki individual bir inson, bir shaxs, bir ijodkor nazaridan turib so‘z aytadilar. Zamonlar boshqacha. Ijodlar boshqacha. Ijodlarga qarashlar boshqacha. O‘zga talqinlar. O‘zga ravishlar, o‘zga raftorlar.

G‘afur G‘ulom esa o‘z davrida millionlarning qalbi va intilishiga doir so‘zlarni aytishga o‘zini burchli deb bilgan edi.

Shoirlar endi o‘z qalblarini o‘zlari tinglaydilar va o‘z qalblariga doir gaplarnigina she’r gapi deb biladilar. Shunga ko‘ra ba’zan G‘afur G‘ulomning she’ri va bu she’rni sevgan, qalbida olib yurgan o‘quvchilari oltmishinchi yillarning o‘rtalarida qolib ketmadilarmikin degan bezovta dardli xayollar ham tug‘iladi.

Rost, o‘ttizinchi-qirqinchi yillarning na’ra tortish, hayqirishlari bugun ajablanarli tuyulishi mumkin. Zotan bugun na’ralarga o‘rin yo‘q. Har zamonning o‘z sadosi o‘ziga yarashadir.Hozir bo‘ronlar tinganday, osuda, vazmin, oqil taxminlar, talqinlar zamoni kirganday.

G‘afur G‘ulomning o‘ttizinchi — elliginchi yillardagi o‘quvchisi na’ra tinglaydigan, hayqiriqlarni yoqtiradigan, hayqiriqlarsiz hech ishini bitirmaydigan — bir so‘z bilan aytganda, na’raga moyil o‘quvchi edi. U o‘quvchi marshlarni sevar, marshlar tinglab jabhalarga, mehnat maydonlariga saflanardi. Na’ra solib ijtimoiyot maydonlari va sahnalarida junbishga kirardi. U zamonlar o‘tganidek, u sadolar bosilganidek, u o‘quvchilar ham birlari o‘tdilar, birlari keksardilar. Lekin na’ra qoldi. Na’ra so‘zi qoldi. Chunki u yurakdan o‘t olgan haqiqiy bedor so‘z edi. Chunki tirik so‘z doim abadiyatga daxldor.

He Osiyo, Yevropa
ko‘hna dunyoning
Afrika
u qora tanlaring sening,
Afg‘onning, Eronning,
jumla jahonning qullari,
Damashqning, Basraning yetim, tullari,
Marokash erlari,
 Siyom sherlari
 ra’dvor na’ralar
 tortmoqlik galing…

G‘afur G‘ulomning mana shunday yigitlik chog‘larida yozgan sherdil, g‘aroyib charsillagan, qaldiragan qofiyalarida zamonning qadami, kurashi, ayovsizligi jam bo‘lgandek edi. G‘afur G‘ulom uchun so‘z qurol edi. Buni tushunishda va amaliy ifodasida shoir o‘z davrining kam odamlar yetib yuraoladigan peshqadami edi.

* * *

XX asr eski dunyodan batamom voz kechamiz deb uyg‘ondi. G‘afur G‘ulom esa asrning shunday mafkuraviy uyg‘onish tongida tug‘ildi. U vaqt va asr daryosining chetiga chiqib tomoshabin bo‘lib turolmas edi. Uning tabiatida hayotni faol mehnat va kurash bilan o‘zgartirishga intilish mayli juda kuchli edi. Uning yigirmanchi yillar avvalida yozilgan ilk she’rlaridayoq xo‘rlanish va qaramlikka isyon alanga oldi. G‘afur G‘ulomning insonparvarlik dunyoqarashi erta ilgarilagan, shakllangan, u yigirma yoshidayoq ijodiy maqsadini o‘zi uchun belgilab olgan o‘skin yigit bo‘lib yetilgan edi. U zamon voqeligiga bor bo‘yicha sho‘ng‘idi. Yuragidagi juda katta ijodiy kuch-qudratni yuzaga chiqarish uchun hayotining bepoyon xayrli, kurash, mehnat bilan to‘lgan maydonlari — sohalarini topti. G‘afur G‘ulom tabiatan g‘oyatda aktual odam edi. U o‘zini yangi mehnatkashlar zamonining tashviqotchisi va targ‘ibotchisi deb tushunardi. Keyinchalik bir maqolasida buni aniq-ravshan ifodalab bergan edi: “O‘zim aktuallik va hozirjavoblikni, siyosiy o‘tkirlik va partiyaviy yuksaklikni ijodning o‘zagi deb tushunganim uchun…” Uning ma’rifatli xonadonda tarbiya topganligi, bu xonadonning ziyoli an’analari ham shuni taqozo etar va hatto talab qilardi. Yigirmanchi yillarning o‘rtalaridanoq targ‘ibotchilik yangi shakllanayotgan sovet adabiyotining bosh yo‘liga aylandi. Ko‘p yozuvchilar va shoirlar o‘zlarini “partiyaning dastyorlari” deb e’lon qildilar.

Yosh, g‘ayratli G‘afur G‘ulom kabi katta iqtidorli shoirlarga o‘lkaga xuddi “mangu baxt, tole” kelganday bo‘lib tuyulardi. Yangi qurilishlar, yangi sanoat shaharlari, yangi texnikalar, yangi mutaxassislar asriy qoloqlik, mudroqlik, feodal sharoitlar, urf-odatlar, qashshoqlik, zabunlikni yengib o‘tuvchi, ularga butunlay barham berguvchi mo‘jizaviy bir qudrat deb qaraladi.

Yoshlikning jo‘shqinligi, shijoatiga o‘zgarishlar mislsiz bir to‘lqin bag‘ishlar, 1935 yilning bir shiddatkor she’ri “Tekstilkombinat va Misr ehromi”da aytilganiday, “dunyo tomida turib g‘alaba nog‘orasini chalishga” chaqirardi. Na’ralar va hayqiriqlar faqat G‘afur G‘ulomgagina xos bo‘lmay, balki bir mafkura ortidan ergashgan, unga e’tiqod qo‘ygan Nozim Hikmat, Mayakovskiy, Lohutiy, Hamza, Bedniy, Oybek, Hamid Olimjon, Uyg‘un va ularning izdoshlarining ovozlarida ham baralla quloqqa chalinardi. Ba’zan parovozlar, bolg‘alar, sinfiy bosqinlar gulduroslari orasida erta ko‘klam ochilib, sovuq shamollarda titrab-qaltirab turgan jozibali bodom gullarining ham tarovati ko‘zga chalinib qolardi.

Hey, qo‘shiq aytgim kelayotir
Ko‘klam qo‘shig‘in
Bodom gullarining
yumshoq hidlari
yigitlar o‘pkalarga
boshladi oqin…

Saltanatlar, sinfiy kurashlar bugun o‘tmish tarix sahifalarida sarg‘ayib, insoniyatning iste’molidan chiqqan kabi yotadi. Lekin hayot g‘olib: bodomlar hamon azal go‘zal qo‘shig‘ini aytib gullaydi. Va G‘afur G‘ulomning “Bog‘”, “Chaman”, “Avval bahor edi…”, “Qog‘oz”, “Siyohdon”, “Ikki she’r”, “Alisher Navoiy qabri ustida”, “Sobiq oy yuzligimga”, “Tun bilan tong” kabi o‘nlab go‘zal, nafis tuyg‘ular yulduzday sochilgan, bog‘bonlik, oshiqonalik, eng yuksak vatanparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan she’rlari hamon har qanday odamni to‘lqinlantiradi, sevishning qudrati nimalarga qodir ekanligidan ogohlantirib turadi.

XX asrning birinchi yarmida G‘afur G‘ulom o‘z she’rlarida she’rning juda ta’sirchan zamonaviy yangi shakllariga intildi. Ularning yorqin, buyuk namunalari bilan adabiyot xazinasini boyitdi.

G‘afur G‘ulom ulug‘vor, qudratli iste’dod sohibi edi. U har qancha jozibali bo‘lmasin, hayqiriqlar ichida qolib ketishni, olqishlar, qutlovlar, minbarlar ovozi bilan cheklanishni istamadi. U ehtimol olqishlarni hammadan ko‘ra ham yaxshiroq ifodalay olardi. Lekin uning ulug‘ iqtidori va dahosi hamisha bu cheklovlarni yorib o‘tib bordi.

G‘afur G‘ulomning ko‘tarinki pafos va patetikaga moyil iste’dodiga “Turksib yo‘llarida”, “Yalovbardorlikka”, “Taklif qilaman”, “Non”, “Qalblar mojarosi”, “Madaniy qatra”, “Tugasin takya”, “Olqish” va urush yillarida dunyoga kelgan “Sen yetim emassan”, “Men yahudiy” singari jarangdor, jangjo‘ she’rlar qanchalar xos bo‘lsa, “Kuzatish”, “Sog‘inish”, “Xotin”, “Vaqt”, “Avval o‘qi”, “Kuz keldi”, “Chin arafa”, umrining oxirgi yillarida yaratilgan “Alisher Navoiy qabri ustida”, “Hamma yerdan sen go‘zal”, “Tun bila tong”, “Sobiq oy yuzligimga” singari ulug‘vor insoniy kechinmalari aks etgan dilrabo she’rlar ham shunchalar xos edi. Bunday she’rlar ulkan shoir ijodiy merosida oz emas. Bu kabi asarlar o‘z donishmand falsafasi, hayotiylik qudrati bilan G‘afur G‘ulomni Muhammad Iqbol, Nazrul Islom, Rabindranat Tagor, Nozim Hikmat singari shoiru adiblar qatorida mustahkam turishiga mangu guvohnoma beradi. Ular bari vaqtni yengib borayotgan asarlardir. Qolaversa, “Shum bola” o‘zbek nasrini Amerika adabiyotining faxri “Geklberri Finn” va “Tom Soyer sarguzashtlari” (Mark Tven) qatori ulug‘ hayotparvarlik darajasiga ko‘tarmadimi, bir yetimning sho‘x va alamli sarguzashtlarini jahoniy miqyosga olib chiqmadimi? “Yodgor”, “Netay”, “Shum bola”, “Mening o‘g‘rigina bolam”, Afandi turkum hikoyalari adabiyotning eng ulug‘ hunari va san’ati sarguzashtda ekanligini isbotlamadimi!

* * *

G‘afur G‘ulom ijodining boshidan-oxirigacha hayotiylik va insoniylikka intildi.

U hayotiylikni — insoniylik, insoniylikni — hayotiylik deb tushunardi. Uning o‘zi ham, qarashlari ham, butun shoirona kechinmalari, hissiyotlari ham o‘z davrining, o‘z xalqining hayoti bilan chambarchas bo‘lib ketgan edi. Bu jihatdan, aytaylik, Pushkin o‘z davri jamiyatiga qanchalar faol ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, G‘afur G‘ulomning XX asr O‘zbekiston odamlariga va xalqiga ta’siri shunchalar kuchli bo‘lgan edi. Bunday yalpi emotsional ta’sir ko‘rsatish juda kamdan-kam shoirlargagina nasib etadi.

1948 yilning aprelida biz o‘n yoshni to‘ldirgan, beshinchi sinf darsliklarini ishtiyoq bilan o‘zlashtirishga sho‘ng‘igan edik. Adabiyot muallimimiz darsga yoshlar uchun chiqariladigan gazetani ko‘tarib kirdi. Gazeta yap-yangi, undan qo‘rg‘oshin va kerosin hidi anqib turardi. U odatdagicha yo‘qlama ham qilmay, o‘tilgan darsni so‘rab ham o‘tirmay, gazetani shaldiratib ochdi-da, “bugun shoirimiz G‘afur G‘ulomning she’rlari chiqibdi. U sizdek yoshlar uchun yozilgan. Shuni o‘qib beraman”, — dedi-da, “Sizga” deb nomlangan she’rni o‘zining adabiyotchilarga xos shirali va o‘tkir ovozi bilan o‘qiy ketdi.

Majlisda muborak yuzingiz ko‘rib,
Shoirning dovdirab qolishi mumkin.
Qaysingiz Alisher, qaysingiz Pushkin.
Qaysingiz Nodira, Lomonosov kim?

Biz kutilmaganda she’r to‘lqini ichiga kirib sel bo‘ldik-qo‘ydik. Garchi otashin bu she’r universitet talabalariga qarata aytilgan bo‘lsa ham, lekin hamma so‘zlari bizga ham taalluqli edi.

Xato aytmoqdaman, dono avlodlar,
Bu majlis egasi siz o‘zingizsiz.
Endigi olamning har bir mushkuli
Hal bo‘lmas mo‘tabar bir so‘zingizsiz.

Yuragimizga hech bir to‘siq bilmay obi hayot tomchisi kabi to‘kildi bu so‘zlar. O‘zimizni rostdanam olamning mushkullarini hal qilishga kuch-qudrati yetadigan so‘zi, ishi mo‘tabar kishilardek his qilardik. Shoirning bizga, murg‘ak aqlimiz va tushunchalarimizga viqor va buyuklik bilan madadga kelayotganligi tuyg‘ularimizni umidli ko‘klarga qadar ko‘tarardi:

Siz, axir, osmonni olmoq bo‘lsangiz,
Ne uchun yelkamni tutib bermayin.
Aqlu balog‘atning shotularidan
Yuksala beringiz sekundlar sayin…

Biz bu she’rni o‘z so‘zimiz va o‘z shoirona hayotiy dasturimiz kabi qabul qildik. Uni yodlab oldik. O‘shandan beri bu she’r umr bo‘yi bizga hamroh. U bizning fikrimizni yuksaltirgan, didimizni tarashlab tarbiyalagan. Biz necha zamon bu she’r ta’sirida yurganmiz. O‘tirsak ham, tursak ham uni o‘qiganmiz. Universitet dargohiga ilk qadam qo‘yganimizda ham ilk eshitgan she’rimiz shu she’r edi. Yoshgina domlamiz Laziz Qayumov birinchi darsga kirib darsini shu she’rni yod o‘qishdan va uning badiiy teranliklarini izohlashdan boshlagan edi.

Biz shu she’r ta’sirida kamol topdik. Balki Erkin Vohidov singari shoirlarning ham shunday bo‘lgani ushbu she’r fayzidandir. Shundan so‘ng G‘afur G‘ulomning kitoblarini qidirib topib o‘qishga berildik. Hayotimizga “Shum bola”, “Yodgor”, “Netay”, “Sog‘inish”, “Kuzatish”, “Vaqt”, “Yasha, deyman o‘g‘lim”, “Sen yetim emassan”, “O‘qi”, “Oltin medal” — eh-ehe, ne-ne durdonalar va she’riyatning oltin damlari kirib keldi. Shoirning o‘sha paytlarda chiqqan “Tongotar qo‘shig‘i” kitobi bizning eng sevimli kitobimizga aylandi. So‘ng akamga qarashib pul topib, shoirning 1953 yilda nashr etilgan eng mo‘tabar kitoblaridan biri — “Tanlangan asarlar”ni sotib oldim. Bu kitobning chiqishi biz uchun chinakam bayram bo‘lgan edi.

G‘afur G‘ulomning asarlarini o‘qib, fikrimiz, xayolimiz fazolar, oyu yulduzlar qadar yuksala borardi. Allaqanday daf’atan tushuntirish ham qiyin bo‘lgan yorqin falsafiylik ko‘ksimizni to‘ldirar, ko‘nglimizga yashash ilhomlarini solardi.

Biz o‘qirdik:

Aziz asrimizning aziz onlari
Aziz odamlardan so‘raydi qadrin.
Fursat g‘animatdir, shoh satrlar-la
Bezamoq chog‘idir umr daftarin…

Bu satrlar dunyoga kelganda O‘zbekiston ko‘kida uning duraxshon yulduzi balqiganday bo‘lgan edi. Kunda o‘qirdik bu satrlarni, har damda o‘qirdik va dillarimizga oltin so‘zlar quyulganday tuyulardi. O‘zbekistonda bu so‘zlarni yod o‘qimagan va ularni o‘ziniki deb bilmagan kishi, chamasi, yo‘q edi.

Bizning yantoqlardan halvo pishganday,
Bizning qamishlardan shakar to‘kilur,
Bizning tariqlardan bir to‘ygan chumchuq
Jahonlar aylanib yiroqdan kelur…

Jonimiz, qonimizga tengsiz iftixor kabi oqib kirardi bu kabi ohanrabo so‘zlar. Iftixor, g‘urur tuyg‘ulari agar shoirona so‘zlarda moddiylashsa, ular G‘afur G‘ulomning she’rlarida yuksak darajada moddiylashgan — quyma javohirlarga aylangan edi.

G‘afur G‘ulom bu kabi she’rlari bilan bizning nazarimizda tole yaratardi. Bizning qalblarimizga kirib tole yaratardi. “Assalom”da “tole sinamadik, tole yaratdik” deganda shoir ming bora haq edi.

Biz inson hurmati, e’zozi, ma’rifati, uning Vatanni sevishi nimaligini G‘afur G‘ulom she’rlaridan o‘qib anglardik va shu o‘qishlarda yoshligimizning e’tiqodlari tug‘ilardi:

Insonga hurmat bu — o‘zin tanimak,
Muqaddas atamak yashagan yerni…

Insonga hurmat G‘afur G‘ulomning shoh satrlarida yangrab turardi. G‘afur G‘ulomcha insonparvarlik qalblarimizga reza-reza singardi. Bu she’rlarni biz o‘zimizga murabbiy deb bilardik. Ular aqlimiz, idrokimizni charxlab borardi:

Durust, vijdonlimiz, aql egasi,
Gerkules qudratli insonparvarlar,
Bor butun bu xislat kibr bo‘lardi
Aqlda ixtiro bo‘lmasa agar…

Shoirning she’rlari shu qadar ta’sirga ega ediki, biz Samarqandga bag‘ishlangan she’rlarini o‘qiganda, o‘zimizni shu duraxshon shaharlik deb his qilardik. Namangan to‘g‘risidagi go‘zal she’rlarni tinglaganda, nega Namanganda tug‘ilmagan ekanmiz, derdik. Toshkent, Farg‘ona, Xorazm haqidagi porloq she’riy durdonalarni-ku, asti qo‘yavering! Shoirning nazar ufqlari shu qadar keng ediki, u dam bizni ozodlik uchun kurashayotgan Jazoirga, Livanga, Hindistonga, Afg‘onistonga, Xitoyga, okeanlar osha Pablo Neruda va Tunon yashayotgan Lotin Amerikasi o‘lkalariga boshlab borardi.

O‘zimiz shu yerlik, mehmondo‘st avlod,
Do‘stlarni chaqiring chamaningizga;
Otam shu yerda deng, men ham bo‘lay shod,
Bir dasta gul bo‘ling Vataningizga!

G‘afur G‘ulom do‘stlarni o‘z chiroyli Vataniga chaqirar, bizni ham shunga undar, do‘stlarga bag‘ri ochiqlik — uning dunyosida o‘ta insoniy ovozga — o‘zbekona yashash udumiga aylangan edi. G‘afur G‘ulomning do‘stlik tuyg‘ulari yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilgan “Bizning uyga qo‘nib o‘ting, do‘stlarim”, “Ona qizim Jamilaga”, “Yurakdan yurakka”, “Buyuk olamga salom”, “Livan omon bo‘ladi”, “Anor”, “Ulug‘ hind xalqiga”, “Samad Vurg‘unga” kabi ulug‘ insoniy iqtidor aks etgan asarlari juda ko‘p mamlakatlarda aks sado bergan, G‘afur G‘ulomni o‘z davrining ulkan madaniyat va jamoat namoyandalari qatorida mustahkam safbastta borayotganidan, adabiyotimizni dunyo miqyosiga olib chiqayotganidan darak bergan edi.

Biz G‘afur G‘ulomning hayotiyligi, insoniyligi, juda katta miqyoslarda tafakkur yuritishi tub va asil milliylik bilan tutashib ketganligini va ularni uning ijodiyotida bir-biridan ajratib bo‘lmasligini sevardik. U behad olijanob hissiyotlarni kuylardi. Satrlaridan to‘kin, beg‘ubor, samarasi hech qachon tugamaydigan va balki butun insoniyatga tatiydigan milliy bog‘ning iforlari gurkirardi:

Koshkiydi xalqim uchun Hofiz g‘azallaridek
Tinch-omonlik zamonning lirikasin yozolsam,
Koshkiydi bir nafas men bu xurshidiy xonamda
Ota-bobom boshlagan daftarin to‘lg‘azolsam…

Koshkiydi Benavoyu Xalilullolar bilan
Bir dasturxon ustida “mo‘rcha miyon” choy ichsak.
Koshkiydi vido aytib jahoniy kulfat bilan
Istiqbol subhidamin birga-birga quchishsak…

Ulug‘vorlikda — hayotiylik, hayotiylikda — ulug‘vorlik — G‘afur G‘ulom satrlarida shunchalar mislsiz qiymatga ega.

Qadimda kitob varaqlari sochilib ketmasligi uchun uni ipak bilan tikib qo‘yardilar va buni sheroza der edilar. G‘afur G‘ulom she’rlarini bir-biriga hech qachon sochilib ketmaydigan qilib chambarchas ulagan va birlashtirgan kuch-qudrat uning o‘zbekona milliy o‘ziga xosliklarni eng tarang pardalarda kuylagan edi. Agar ta’bir joyiz bo‘lsa, milliy o‘ziga xoslik G‘afur G‘ulom ijodiyotining mangu sherozasidir. U eng nozik insoniy tuyg‘ularni qog‘ozga tushirganda, eng dolzarb siyosiy mavzularning shoirona talqinlarini yaratganda hamisha bog‘ va bog‘bonlik fayzini, ruhini, shoirona ko‘tarinkiligini ular ichiga olib kiradi. U o‘zining donishmand, falsafiy, insoniylik gupurib turgan tafakkuriy silsilalariga hamisha tabiat, koinot, yulduzlar, bog‘ yo‘llari orqali kiradi. G‘afur G‘ulom muhtasham bog‘ining eshiklari hamisha koinot sari ochilgan.

She’rim do‘stlarimga kelsin deb forom
Dilimning bog‘iga anor o‘tqazay…

Qanchalar go‘zal, qanchalar xalqona va qanchalar chin ma’noda g‘afurona bu kabi obrazlar va bu kabi milliy qarashlar, milliy obrazli fikrlashlar:

Oltin yerim maqtovini olsam tilimga
Ko‘ksim tanbur kosasiday limmo-lim jarang,
Kuyga soling shu damlarning shivir-shivirin,
Ilk o‘pichning ilig‘idek shifo bundadir.
Koyish topmay, hassa tutmay yuz yoshning siri
Tuqqan yerni mukkay o‘pmak — shifo shundadir…

G‘afur G‘ulom butun ijodida — xoh nasri, xoh feletonlari, kulgi hikoyalari, nasriddinona latifalari, mutoyibalari, she’rlari, yirik manzumalari, keng publitsistik merosida — hamma-hammasida tolei, qismatida chinakam o‘zgarish, tiklanish, yangilanish ro‘y berayotgan odamlarni tasvirladi. Ularni keng miqyoslarda aks ettirdi. Shoir doim o‘zbek xalqining munosib zamonaviy madaniy turmushi uchun kurashdi desak bunda mubolag‘a yo‘q. U katta xayol egasi edi, binobarin, har bir badiiy so‘zi katta xayol mevasi kabi tug‘ildi. U bir she’rida: “Bir zamon yaratdik sizga meros bo‘lsin deb”, degan so‘zni aytadi. Zamon yaratish oson hunar emas. U har kimga ham nasib bo‘lavermaydi. Lekin shoirning yoshlar uchun tom ma’noda zamon yaratgani bu bor gap va bunda mubolag‘a yo‘q. G‘afur G‘ulomning qalbi yoshlarga, bolalarga — istiqbolga doim ochiq edi. Uning yoshlarga peshvoz chiqmagan dami yo‘q hisob. “Siz uchun she’rlar yozib to‘ymayman”, deydi. Bu uning chin so‘zi. G‘afur G‘ulom yon daftarlaridan birida shunday fikr qayd etilgan:“ Axloq bilan adabiyot bir-birining davomi. Bir xalqning axloqini bilmoq uchun adabiyoti bilan tanish”. G‘afur G‘ulomning o‘zi o‘z xalqining asl ma’naviy-axloqiy go‘zalliklarini, uning yashovchan, hayotiy qarashlarini to‘laligicha asarlarida ifodaladi. “Shum bola”, “Gilos danagidan tasbeh” turkumiga kirgan so‘nggi asarlarida sarguzashtlar, qiziq voqealar zamiriga teran ijtimoiylikni singdirdi. Mumtoz va zamonaviy adabiyot muammolari ustida original tadqiqotlar o‘tkazdi. Son-sanoqsiz feletonlari va kulgi asarlarida yangi hayot munosabatlari shakllanishi uchun tinimsiz jang qildi.

G‘afur G‘ulomning shoirlik etagi mudom duru javohirlarga to‘la edi. G‘azal guftiyu dur sufti, degan Hofizning faxriyona so‘zi go‘yo G‘afur G‘ulom uchun aytilgandek edi. Uning joni jahoni, dilu dunyosi g‘azalga to‘lgan edi. U bekorga aytmagan:

Ko‘zimdan oynakni irg‘itib tashlab,
Kelajak qissasin yozishim kerak.
Yigitlik umrini qaytadan boshlab,
Minglab kon bag‘rini qazishim kerak…

Lekin 66-yil bahorgi yer silkinishlarida uning qalbi behad larzaga keldi. Shoir o‘zning quyosh bilan tutingan ne-ne satrlarini mangu safariga ola ketdi. Biroq shoirning o‘zi bashorat qilganday:

Ne-ne tarixlarni boshdan o‘tkazib,
Talay jafolarni tortgan eski Sharq —
Ne-ne daholarni tarbiyat qilib,
Oftobday jahonni nurga qildi g‘arq…

G‘afur G‘ulomning she’riyat va butun rango-rang boy merosi o‘zbek yeri, o‘zbek qalbining nuriga g‘arq bo‘lib kelayotgan nasllarga peshvoz boraveradi.

G‘afur G‘ulom ko‘tarinki o‘ktam obrazlarga benihoya boy ijodiyoti bilan hayotda ham, adabiyot dunyosida ham qudratli ta’sir maydonlarini yaratdi. Bu ta’sirning barakali ohangdor kuchini Shayxzoda, Zulfiya, Saida Zunnunova, Said Ahmad, Turob To‘la, Asqad Muxtor, Hamid G‘ulom, Mirmuhsin, Shukrullo, Ramz Bobojon, Shuhratlar avlodi va nihoyat Erkin Vohidov, Abdulla Oripov singari mamlakat hurmatiga sazovor bo‘lgan adiblar ijodida ham kuzatish mumkin.

G‘afur G‘ulom ijodining ufqlari juda keng jo‘g‘rofiy makonlarni qamrab oladi. U o‘zbek adabiyotini Shekspir, Lope de Vega, Fridrix Shiller, Xodi Toqtosh, Mayakovskiy, Nozim Hikmat, Pushkin, Griboyedov, Rudakiy, Rustaveli, Sa’diy kabi ulug‘ allomalarning asarlarining jarangi bilan boyitdi. Uning badiiy tarjima so‘zi shoirona kashfiyotlari, kutilmagan, tongriqma ixtirolari bilan bizni o‘ziga tortadi.

G‘afur G‘ulom insoniyatning mangu maysazorlarini sevardi. Uning sevgisi har bir so‘zida sado berib turadi.

G‘afur G‘ulom yozuvchilikni o‘qituvchilik bilan barobar qo‘yar, ularni xalq o‘rtasida ma’rifat ziyosini yoyuvchilar deb bilardi. O‘zi esa o‘qituvchilar kabi olimlik va targ‘ibotchilikni birga qo‘shib olib borardi. Uning barcha targ‘ibotlari olimning tadqiqotiga, tadqiqotlari esa targ‘ibotga o‘xshardi. U o‘zining o‘tmish va zamonaviy adabiyot hamda ijtimoiy-maishiy hayot masalalariga bag‘ishlangan ilmiy publitsistik chiqishlarida, tadqiqot maqolalarida adabiyot va hayotning shu paytgacha muammo bo‘lib kelgan tomonlariga ravshanlik kiritar, ishonchli dalolatlar keltirar, adabiy jamoatchilik uning muhokamalarini e’tibor berib tinglardi. U adabiyot hodisalarini hayotiylik mezonlari asosida baholar, yosh nihollarni qo‘llab-quvvatlar, ularni ustodlarcha talabchanlik bilan ardoqlardi. G‘afur G‘ulomning ilmiy-publitsistik merosida “Folklordan o‘rganaylik”, “Navoiy va zamonamiz”, “Ikki Mashrab”, “Atoiy emas, Otoyi”, “Muqimiy” turkum tadqiqotlari, Qori, Ajziy, Vasliy, Furqat, Ayniy, Avaz, To‘qay, Oltoy, Hamid Olimjon, Oybek, Shayxzoda, Sobir Abdulla, Nizomiy, Jomiy ijodining bebaho qirralarini ochishga qaratilgan tahlillari va axborot tariqasidagi ilmiy ma’lumotlari hali-hanuzgacha o‘z qimmatini yo‘qotgan emas.

O‘z davrida Homil Yoqubov, Ozod Sharafiddinov, Salohiddin Mamajonov, Adham Akbarov, Naim Karimov, Vahob Ro‘zimatov singari olim va adiblar qiziqarli va keng kuzatishlar olib borganlar. Shubha yo‘qki, shoirning keng merosi yangi tadqiqotlar, yangi talqinlar, yangicha izlanishlarni kutadi. Kelajagimiz G‘afur G‘ulom kabi otashin shoirlari bilan ham farahlidir. Shoir bilan birga biz ham komil ishonch bilan takrorlaymiz:

Tiriklik chog‘ida aytolganim so‘z
Garchand umrlarga qilur kifoya.
O‘limni bilmagan do‘stlarim sifat
Meni ham ming yillar qilur hikoya…

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 4-son