Hamidulla Boltaboyev. Turkiy tazkiralarda Alisher Navoiy siymosi

Alisher Navoiy

Tazkira milliy va o‘zaro yaqin adabiyotlar tarixini yaratishda, muayyan davr adabiy muhitini o‘rganishda, alohida adabiy siymolar va asarlarni tadqiq etishda adabiyotshunoslikning benazir janri sifatida xizmat qiladi. Hazrat Mir Alisher Navoiy hayotini va olamshumul ijodini tadqiq etish va ulug‘ adibning ilmiy biografiyasini yaratishda ham forsiy va turkiy tazkiralarning muayyan ilmiy ulushi bor. Fors tilida yozilgan Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro”, Som Mirzoning “Tuhfai Somiy”, Rizoqulixon Hidoyatning “Majma ul-fusaho” tazkiralarida Navoiy siymosi haqidagi fikrlar navoiyshunoslikning ayrim qirralarini yoritishda qatnashgan. Shu bilan birga Hazrat Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasi fors tiliga Faxriy Hiraviy tomonidan “Latoyifnoma” sarlavhasi bilan Hirotda, Hakimshoh Muhammad Qazviniy (v.1558) esa uni Onado‘lida forschaga o‘girganlar.

Hazrat Alisher Navoiy tomonidan yaratilgan turkiy tazkirachilik maktabi XX asr boshlariga qadar nafaqat Turkiston yoki Markaziy Osiyoda, balki Eron, Hindiston, Afg‘oniston, Ozarbayjon hamda Turkiyada muvaffaqiyat bilan davom etgan[1]. O‘tgan 500 yildan ortiqroq vaqt davomida yaratilgan tazkiralarda “Majolis un-nafois”ning izlarini ilg‘ash qiyin emas. Birgina Onado‘lida turkiy tilda 36 tazkira yaratilgan bo‘lib, bular, asosan, “Shoir tazkiralari” (ya’ni valiylar va dabirlar tazkiralari bu hisobdan tashqari)dir[2]. Shundan 12 tazkirada Hazrat Navoiy shaxsi tilga olingan, uning ijodiga munosabat bildirilgan. Mazkur tazkiralardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Usmonli shoirlaridan 70 dan ortig‘i – Navoiyning she’riy asarlariga naziralar yozganlar, ulardan 30 dan ortig‘i ham bu an’anani izchil davom ettirgan[3]. Ayni mana shu ijodiy vorislikni xamsanavislik doirasida, ulug‘ adib nasriy va tasavvufiy asarlaridan ta’sirlanish jarayonida ham kuzatish mumkin.

Alisher Navoiy “Majolis un-nafois”asarining ta’siri haqida professor Mustafo Eson shunday yozadi: “Hazrat Alisher Navoiy boshqa ko‘plab tazkiralarga namuna bo‘larlik asar yaratgani bilan ahamiyatlidir… Muhimi, tazkiralarning Onado‘lida paydo bo‘lishiga ta’siri, ya’ni bu tazkiralarga andozalik vazifasini bajarishidir. Yanada to‘g‘rirog‘i, Hirot maktabi tazkiralari sifatida nom olgan Jomiy, Davlatshoh va Navoiy hazratlarining asarlari keyinroq Usmonli o‘lkasida paydo bo‘lgan tazkirai shuaro janriga teran ta’sir etib, adabiy biografiya rivojini tezlashtirdi… Butun XVI asr tazkiralarida Navoiy an’analari davom etdi, XVII asrdan… mumtoz tazkiralarga qaytildi[4] va endi Navoiy yana bir sog‘inch bilan eslanib, qo‘msala boshlandi”[5].

Ushbu e’tirofdan kelib chiqib mavzuga yondoshilganda Onado‘lida yaratilgan ilk tazkiralar sifatida Saxiy Bey (1548)ning “Hasht bihisht” (“Sakkiz jannat”, 1538) asariga diqqat qaratamiz. Muqaddimada muallif o‘zining “Hirot tazkiralaridan “Bahoriston”, “Davlatshoh tazkirasi” va “Majolis…”ni tadqiq etganini Usmonli o‘lkasida yetishgan shoirlarni unutilishdan qutqarmoq uchun ularga o‘xshatma tarzida bir asar yozganini aytadi”[6]. Saxiy Bey Navoiydan andoza olib, o‘z tazkirasini 8 qismga ajratdi, ularni “Hasht bihisht” deb atagani holda agar Hazrat Navoiy, Sulton Husayn Boyqaro ijodiga 8-majlisni lozim ko‘rsa, Saxiy Bey o‘z podshohi Qonuniy Sulton Sulaymonga 1-majlisni bag‘ishlaydi. Keyin esa 2-tabaqada yana orqaga qaytib, Sulton Sulaymondan avval o‘tgan adiblar ijodiga murojaat qiladi. So‘ngra esa amaldor shoirlar, olim-shoirlar, o‘zidan avval yashab, vafot etgan shoirlar, muallifning yoshligida shuhrat qozongan shoirlar, asar yozilayotgan paytda hayot bo‘lgan va nihoyat, so‘nggi tabaqada nomi endi eshitila boshlagan umidli shoirlar tasniflanadi. Ayni o‘rinda “Majolis…”ning majlislararo tasnifi o‘quvchilarga ma’lum bo‘lgani uchun ularni qiyoslash o‘rniga yana mutaxassislarning e’tiroflariga tayanamiz. Tazkirachilik maktablari haqida maxsus tadqiqot yaratgan professor M.Eson kuzatishiga ko‘ra, “Hayot hikoyalarining tartib tarzi Saxiyda tabaqot asosida bo‘lgani kabi bu usulni aynan Navoiydan olgan: shoirlarning qisqacha tug‘ilgan joyi, nomi, vazifalari, adabiy aholi bilan bog‘liq bir necha taqlidiy qolipli so‘z, asarlari, ba’zan shoir bilan bog‘liq bir voqea, oxirida bir necha bayt yoki qit’a kabilar” shular jumlasidan[7].

“Majolis…”ning ta’siri Onado‘-lidagi ilk tazkirada ko‘ringanidek, keyingi davr tazkiralarida ham mana shu holat u yoki bu ma’nolarda takrorlanadi, ayrim fakt va kuzatishlar asosida boyitiladi. Oradan sakkiz yil o‘tib, Saxiy Beyning tazkirachilik faoliyati Latifiy (1491-1582) tomonidan davom ettiriladi. Shoir, adib va olim Latifiyning Navoiy ijodiga bog‘lanishi tazkiradan tashqari uning nazm va nasr qorishig‘ida yozgan “Fusuli arbaa” (“To‘rt fasl”) asarida ham kuzatiladi. Shoirning “Nazmu-l-javohir” nomli asari esa Hazrat Alining hikmatlari asosida tuzilgani hamda ulug‘ o‘zbek shoiri asarining nomini aynan olgani Navoiyning Latifiy ijodiga ta’sirini alohida o‘rganishga ehtiyoj borligini anglatadi. Muallif “Tazkira tush-shuaro va tabsira-tun-nuzamo” (”Shoirlar tazkirasi va nozimlar qiyofalari”, 1546) tazkirasini Qonuniy Sulton Sulaymon (Muhibbiy taxallusi bilan she’rlar yozgan)ga bag‘ishlagan bo‘lsa-da, uning tazkirachilikdagi o‘rni mavjud asarlarga ijodiy munosabatda ko‘rinadi. Latifiyning yozishicha, Navoiy she’rlarini ilk bor Onado‘liga olib kelgan shoir Basiriy bo‘lgan: “Ajam sarhadiga yaqin joydan. Sulton Boyazid zamonida Hazrat Shayx Jomiy va Mavlono Navoiy tarbiyatnomasi-la kelmish… aksari avqotin bu diyorda kechurmagin tarzi she’rida turkiyzabon nazmlari shevasin va Rum shoirlari ishvasin rioyat etmishdi.

Matla’:

Oshiqlarini oh ul masihodam o‘ldurur,
Bu odam o‘ldururki, Masih odam bo‘ldurur”[8].

Ayni faktning o‘zi hali Hazrat Navoiy va Sulton Husayn Boyqaro usmonli Sulton Boyazid II bilan diplomatik yozishmalarga kirishmay turib, Navoiy asarlari Onado‘liga kirib kelgan bo‘lishi yoki Navoiy she’rlari bilan birga uning maktubini mana shu Basiriy keltirgan bo‘lishi ham mumkin. Chunki Navoiy ijodining Onado‘liga kirib kelishi borasida juda ko‘p olimlar qiziqarli kuzatishlar olib borgan bo‘lsalar-da, Navoiy asarlarini ilk bor kim olib borgani va nima uchun u turkistonlik shoir Basiriy vazifani ado etgach, o‘z yurtiga qaytmasdan Rumda qolib ketgani va “she’rida tarkiyzabon nazmlari shevasi”ni davom ettirgani noma’lum edi. Yuqorida Latifiy keltirgan baytning o‘ziyoq Basiriyning she’riy iste’dodidan darak beradi. Biroq Latifiy Basiriy haqida mufassal ma’lumot bermaydi.

Navoiy an’anasini o‘zicha boyitgan Latifiy shoirlar tasnifotida alifbo usulini ma’qul ko‘rdiki, bu usul ham keyingi tazkiralarda an’anaviylik tusini oldi. Bundan tashqari Latifiy “Fasli avval”da yana ham o‘ziga xosroq yo‘lni tanlab, XIII asrdan o‘z zamoniga qadar boshqa o‘lkalardan (jumladan, Turkistondan ham) Onado‘liga kelib o‘rnashib qolgan 13 shoir haqida ma’lumot beradi. Garchi Latifiy o‘z tazkirasini Sulton Sulaymonga bag‘ishlagan bo‘lsa ham u o‘z hukmdori Muhibbiyga maxsus bo‘lim ajratmaydi, aksincha, sulton va shahzodalar bo‘limining eng so‘ngida bir necha sahifada uning she’rlari tahlili munosabati bilan hukmdorga murojaat qiladi. Tazkirada bir yoki bir necha bayt o‘rniga to‘liq holda g‘azal va qit’aning keltirilishiga e’tibor qaratsak, Latifiy tazkirasi antologiyaga yaqinlashganini ham kuzatish mumkin.

Uchinchi tazkira Oshiq Chalabiy (1520-1571)ning “Mashoyir ush-shuaro” (“Shoirlar mashoirasi”, 1568) nomli tazkira esa 425 shoir ijodi haqida ma’lumot beruvchi tazkiradir. Muqaddimada tazkiranavis:

“Zaboni turkiyning dostonsaroyi,
Fasohat bulbuli, ya’ni Navoiy

deya Navoiydan so‘z ochadi. Va davomida “Oxir umrinda Sulton Boyazid (bu o‘rinda Yeldirim Boyazid emas, Sulton Boyazid II (1447-1512) nazarda tutilgan, u 1481 yilda taxtga chiqqan – H.B.)ga Navoiy o‘ttiz uch g‘azal yubormish, birisi ushbu g‘azaldur, matla’si quyidagichadir:

Matla’i Navoiy:

Ul pari paykarki hayron bo‘lmish insu jon anga,
Jumla olam manga hayronu men hayron anga.

Sulton Boyazid bu g‘azalni Ahmat Poshoga yuborib, unga nazira bitishni buyurdi”. Ushbu faktga asoslanib, dastlab shoir Nomiq Kamol, keyin F.Ko‘prulu, Ogoh Sirri Lavand, Kamol Eraslon kabi turk; Gibb, Broun, Z.Kleynmixel, Gorbuzova kabi g‘arb olimlari; N.Karimov, Z.Nagiyeva, Olmos Ulviy, R.Ro‘zmonova kabi o‘zbek va ozar olimlari maqola va tadqiqotlarida bu fikrlar dunyo bo‘ylab ilmiy “sayohat” qilgan, bu samarali ta’sir natijalari atroflicha o‘rganilgan. Lekin Oshiq Chalabiy tazkirada o‘rni bilan Navoiy g‘azalining “yaxshiligi”, unga nazira yozgan shoir maqta’si (Maqta’: So‘zda ushshoqi muhayyir ayladirsun Ahmado, Bo‘yla go‘yo o‘lmag‘a kuyin kerak bo‘ston anga)” mahorat bobida Navoiydan ancha quyiroq ekanini ham qayd etgan (290-b.).

Ayni fikr xinolizoda Hasan Chalabiyning “Tazkiratu-sh-shuaro” (1585-1586) tazkirasida takrorlanish barobarida “Hazrati Jomiy va Navoiy g‘azallari siporishnoma (maxsus rasmiy davlat maktubi – H.B.) bilan Sulton Boyazidga kelgan” deb umumlashtiradi[9]. Va “Ahmad Posho Navoiy uslubini o‘rgangach, uning she’ri xub va tarzi guftori marg‘ub bo‘ldi” deb Ahmad Posho Navoiy g‘azallari yo‘liga kirgandan keyin she’rlarining usluban go‘zallashgani va hamma tomonidan rag‘bat ko‘rgani qayd etilgan”[10].

Shuningdek, bunga uyg‘un fikrlar G‘alibo‘lulu Oliyning “Ko‘nh-ul-axbor” asari tazkira qismi”da “Sulton Husayn Boyqaroning vaziri mushiri va ul asri bohirun-nasrin malozi fuhulu fuzalo bo‘lgan Mir Alisher ul shahriyori oliyhimmat (Boyazid II ga – H.B.) bir necha g‘azal jo‘natdi. Ular taqi nazoir jihatdan tatabbusini marhum Ahmad Poshoga asir ayladi” kabi tazkiralardan tazkiralarga ko‘chib, yuqorida tilga olingan olimlarning tadqiqot va maqolalariga mavzu bo‘ldi. Alining tazkirasida Kotibiy taxallusli Saidiy Ali Rais munosabati bilan yana bir muhim fikr o‘rtaga tashlanadi. Bu shoir vazifa yuzasidan Hindistonda Navoiy izdoshi sifatida tanilgan va Navoiyi Soniy laqabini olgan shoir “uch yarim yil sayohatdan so‘ng Hindu Sind va Xuroson va Gujarot va Sherozu Ozarboyjon salomini keltirdi”[11].

Ko‘rsatilgan tazkiralar ichida Oshiq Chalabiyning “Mashoyir-ush-shuaro” asari Navoiy ijodiga keng va atroflicha munosabat bildirgani bilan ajralib turadi. Oshiq Chalabiy Navoiy g‘azallarini Rumga Basiriy keltirganiga urg‘u beradi: “Navoiyi marhumning “Majolis un-nafois”inda mazkur bo‘lgan shuarodan va poytaxti mulki Xuroson bo‘lgan Hirotda Mirzo Sulton Husaynu Navoiyu Jomiyu Binoiy va ul kasning akobiri xizmatiga erishgan zufarolardan edi. Rumga Sulton Boyazidi marhumga Navoiy va Jomiyning kitobu g‘azallari va siporishlariy-la kelmishdir” (420-421 b.). Hirotda yuqoridagi ulug‘lar xizmatida bo‘lgan hirotli shoir Basiriyning kelishi aniqlashdi, biroq u nimagadir vazifani ado etgach, qaytib ketmasdan bir umrga Rum elida qolib ketdi va asosan, Hazrat asarlari targ‘iboti bilan mashg‘ul bo‘lib, uning ijodini boshqa o‘lkalarga yoyilishiga sabab bo‘ldi.

Tazkirada shu bilan birga Navoiyning Adniy taxallusli Valiy Mahmud Posho (vafoti 1474) bilan maktub yozishgani to‘g‘risida fikr bildirilgan. Ko‘rinadiki, Navoiyning Rum eli bilan bog‘lanishi birgina yuqoridagi 33 g‘azal bilan cheklanmaydi, ayrim shoirlar, xususan, Adniy taxallusli Mahmud Posho bilan yozishmalari mavjud. Agar mazkur shoirning 1474 yilda vafot etgani e’tiborga olinsa, 1481 yilda taxtga chiqqan Boyazid II ga Navoiyning 33 g‘azali yetib bormay turib, bundan taxminan o‘n yillar chamasi avval, ya’ni ulug‘ shoir 22-25 yoshlarida rumlik shoirlar bilan maktublar yozishgan.

Tazkirada “Ajam vasfinda bir bayt

Ro‘yash chu mushafest u az u husni oyatiy,
Husni xatesh chu nuqta nadorad nihoyati

(Tarjimasi: Yuzi mushaf kabi ekani oyatining go‘zalligidandir. Xati go‘zalligining nuqta kabi so‘nggi yo‘qdir) kabi bayt keltirilib, asridan so‘ngi asrga kelguncha shuaroga hikmatomuz” ta’sir etganini ko‘rsatib o‘tadi” (243-b.). Shuningdek, mazkur tazkirada olti tilni yaxshi bilgan Shukriy munosabati bilan “turkiy tilda ravon Navoiy kabi, forsiyda hamon Binoiy kabi…” deya oshirilgan maqtovlar ham uchraydi, ayrim shoirlarni “Navoiyning kotibi”, “Navoiyga raqqos” deb ataydi, “Navoiy davoti (siyohdoni)ning sohiblari”, “Navoiy gulshanining xud bulbuli” deb ataydi.

Tazkiralarda qayd etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Yusuf Chetintog‘ Navoiy uslubini o‘zida yorqin aks ettirgan yigirmaga yaqin shoirning nomini keltiradi, masnaviylarda Hazrat an’anasini davom ettirgan shoirlar ijodidan bahs yuritadi[12].

Keltirilgan ma’lumotlarning hammasi turk manbalarida zikr etilgan, zamonining ulug‘ adib va olimlari tomonidan e’tirof etilgan fikrlardir. Bundan tashqari qanchadan qancha tazkiraga kirmay qolgan shoirlar, nafaqat shoirlar tazkiralari, balki valiylar tazkiralari, risolalar, masnaviy va nasriy asarlarning muqaddimalarida, tarixiy va axloqiy-falsafiy asarlar zayl (ilova)larining qatlarida Hazrat Navoiy hayoti va ijodi bilan bog‘liq manbalar borki, ularni o‘rganish, yuqorida zikr etilgan Navoiyning turk sultoni Boyazid II ga yozgan 10 dan ortiq maktublarini, boshqa shoirlar bilan yozishmalarini topib, nashr qilish orqali Hazratning ma’naviyat xazinasini boyitish bugungi navoiyshunoslik zimmasidagi ilmiy yumushlardan hisoblanadi.

Demak, Navoiy shuhrati 25 yoshlarda ekan, Rum eli e’tiborini tortadi va Oshiq Chalabiy Navoiy Adniy taxallusli shoir bilan maktublar yozishgan.

Navoiy va Jomiy asarlarini Rum eli va uning sultoni Bayazid II ga Basiriy taxallusli shoir yetkazgan va umrining oxiriga qadar Onado‘lida yashab qolib, Navoiy asarlari targ‘iboti bilan mashg‘ul bo‘lgan. Navoiyning maktubotlari orasida Basiriy taxallusli shoirga muammo bitgani manbalarda qayd etilgan. Mutribiyning xabar berishiga qaraganda, uning ona tomonidan bobosi Basiriy taxallusli shoir bo‘lgan. Bu ikki Basiriy bir kishi bo‘lib chiqishi ehtimoli bor, biroq buni tasdiqlovchi hujjat qo‘limizda yo‘q.

Alisher Navoiyning Onado‘liga yuborilgan devoni “Navodir un-nihoya” bo‘lib, undan 33 g‘azalni Sulton Boyazid ma’qul ko‘rib, zamonasining shoiri a’losi Ahmad Poshoga nazira yozishni buyurgan. Ahmad Posho va boshqa o‘nlab shoirlar Navoiy ijodining ta’sirida bo‘lganlar.

Amir Navoiy davlat idoralarida ekan, Sulton Boyazid II ga bir necha maktublar yozgan (turk tazkiralariga ko‘ra, ular 10 dan ortiq). Biroq u maktublarning matni hali aniqlanmagan, ularni topib, ilmiy muomalaga kiritish navoiyshunoslar zimmasida.

Hamidulla Boltaboyev, O‘zbekiston Milliy universiteti professori

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 2-son

_____________________

[1] Klasik Turk Edebiyatinda Biografi / Mustafa Isen Adina Uluslararasi Sempozyum. Bildiriler. – Ankara, Ataturk Kultur Merkezi, 2010. 709 s.

[2] Sair Tezkireleri. Haz. Dr. Haluk Ipekten. – Ankara, 2002. S.17-28.

[3] Cetindag Y. Ali Sir Nevai. – Istanbul: Kaynak yayinlari, 2010. S.249.

[4] Sodiq Kitobdor nazarda tutilgan. Qarang: Əfsar, Sadiq bəy. MƏcmƏul-xƏvas. – Baki, 2008.

[5] Isen M. Tezkireden Biyografiye. – Istanbul: Kapi Yayinlari, 2010. S.51-52.

[6] Hast-Behist. Haz. Gunay Kut. – Harvard, 1978. S. 77.

[7] Isen M. Tezkireden Biyografiye. – Istanbul: Kapi Yayinlari, 2010. S.84.

[8] Latifi. Tezkiretu’s-suara ve Tabsitatu’n-nuzama. Haz. Sanim, Ridvan. Ankara: Ataturk Kultur Merkezi Yay., 2000.Ko‘rsatilgan asar, 51/a varaq. Mana mu ma’lumot bir oz o‘zgacharoq talqinda “Kunhul-axbor”da ham keladi.

[9] Qarang: Cetindag Y. Ali Sir Nevai. – Istanbul: Kaynak yayinlari, 2010. S.250.

[10] Kınalı-zade H.Ç. Tazkiretü’ş-Şuara. Hazırlayan: Ibrahim Kutluk, I. Ankara, 1989. S.135.

[11] Ko‘rsatilgan asar. 263-bet.

[12] Cetindag Y. Ali Sir Nevai. – Istanbul: Kaynak yayinlari, 2010. S.256.