O‘rta Osiyo xalqlari orasida ilmu fan, adabiyot va san’atning ko‘plab porloq namoyandalari yetishib chiqqan. Shunday siymolardan biri 1485 yili Hirotda dunyoga kelgan zukko olim, adib va shoir Zayniddin Mahmud ibn Abdujalil Vosifiy bo‘lib, u o‘z zamonasidayoq temuriylar saltanatining poytaxti, Alisher Navoiydek buyuk mutafakkir boshchilik qilgan Hirot adabiy muhitida og‘izga tushib shuhrat topgan edi.
Biz Zayniddin Mahmud Vosifiyning hayoti va ijodi haqida uning yagona ulkan asari bo‘lmish “Badoye’ul-vaqoye’” (“Nodir voqealar”) orqaligina fikr yurita olamiz. Vosifiy bu asarini asosan esdalik sifatida yozgan. U sulton Husayn Boyqaroning nabirasi Mo‘min Mirzoning o‘ldirilishi haqida yozar ekan, o‘shanda hijriy 903 (melodiy 1497-98) yili o‘zining o‘n ikki, o‘n uch yoshlarda bo‘lganligini gapiradi. 1511 yili Hirot shoh Ismoil Safaviy tomonidan ishg‘ol etilganda Vosifiy 26 yoshda bo‘lgan ekan. Shunga ko‘ra, uning tavalludini taxminan 1485-86 yillarga to‘g‘ri kelishligini bilish mumkin. Uning otasi — Abdujalil Hirotning olim va fozil kishilaridan bo‘lib, Zayniddin Mahmud yoshligidan she’riyatga havas qo‘yib, 12—13 yoshidan shoir sifatida tanila boshlagan edi.
Vosifiy esdaliklaridan shu narsalar ham ma’lumki, u arab, fors tillarini va zamonasidagi diniy-dunyoviy ilmlarni puxta egallagan, g‘oyatda tirishqoq, o‘ta zahmatkash, qat’iyatli, rostgo‘y, kuchli xotira, o‘tkir zehn, iste’dod hamda jamiki ezguliklarga yo‘g‘rilgan olijanob insoniy fazilatlardagi ulkan qalb egasi bo‘lgan. U Hirotdagi madrasani xatmlab, Mirzo Husayn Boyqaroning o‘g‘li Faridun Husayn Mirzoga kotiblik, uning o‘g‘illariga esa muallimlik qilgan.
XVI asr boshlarida O‘rta Osiyo va Xurosonda yana suronli alg‘ov-dalg‘ovlar boshlanib ketdi, kuchaygan o‘zaro feodal urushlar boshqa ilm-fan, san’at ahllari singari Vosifiy boshiga ham birday og‘ir musibatlarni keltirgan. Bu holni biz uning Mashhadga qilgan safar kechinmalarida va 1507 yili Hirot Shayboniyxon tomonidan ishg‘ol etilganidan keyin sodir bo‘lgan voqealar jarayonida ro‘yi-rost ko‘rishimiz mumkin. Sharqiy Xurosonni Eron podshohi Ismoil Safaviy istilo etgan vaqtlarda esa, o‘rmonga o‘t ketsa ho‘lu quruq baravar yonganday, butun-butun mamlakatlarni bu baloyu ofatlar o‘z domiga tortgan holda omonsiz qirg‘inlar talaygina iste’dod sohiblari, ilm-fan, adabiyot va san’at darg‘alarining yostig‘ini quritgan bo‘lsa, ularning bir qismini jaholat-razolat qurbonlariga aylantirdi. Tarixning zarrin sahifalari Mirzo Haydar Do‘g‘lotiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Kamoliddin Binoiy, Sulton Ali Mashhadiy, o‘sha zamonning mashhur musavviri Kamoliddin Behzod singari ko‘plab ajoyib siymolarning hayotlari naqadar ayanchli, fojiali kechganidan hikoya qiladi.
Albatta, Vosifiy ham ana shunday achchiq taqdir “marhamatlaridan” chetda qolmagan. Kajraftor falak uni haddan ziyod hayot sinovlariga duchor etgan. Xususan, uning “Badoye’ul-vaqoye’” asarida bu narsalarga atroflicha keng o‘rin berilgan.
Yuqorida biz Zayniddin Vosifiy umrining ayni navqironlik yillari har ikkala mamlakatda besaranjomlik avj olgan davrlarga to‘g‘ri kelgani haqida qayd qilib o‘tgan edik. Bulardan biri adibning ona vatani bo‘lmish Hirotning dastavval 1507 yili Muhammad (Shohbaxtxon) Shayboniyxon tomonidan talanishi edi. Qissanavis adib bu vahshiyona talon-taroj va qirg‘inliklarning bevosita ham bilvosita jonli guvohi bo‘ldi, xalq boshiga tushgan dahshatli fojialarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.
“Badoye’ul-vaqoye’”da tarixan bayon qilinishiga ko‘ra, temuriylar o‘rtasidagi hukm surgan noahllik, doimiy ravishda bo‘lib turadigan adovat, nizo va ziddiyatli mojarolar, tabiiyki, inqirozni, muqarrar halokatni paydo qiladi, xolos. Xuddi shunday halokatni tezlashtirgan tashqi g‘animlardan birinchisi Dashti Qipchoq tomondan qo‘shin surib kelgan ko‘chmanchi o‘zbeklar bo‘lsa, ikkinchisi Ismoil Safaviy boshchiligidagi Eron qo‘shinlari bo‘lgan.
Ko‘chmanchi o‘zbeklar xoni — Jo‘jjixon avlodidan bo‘lmish Muhammad Shayboniyxon nafaqat Movarounnahrni, balki otni qamchilab, butun Sharqiy Xurosonni ham bosib olishga muvaffaq bo‘lgan. Ma’lumki, bu paytlarga kelib, sharti ketib parti qolgan temuriyzoda Mirzo Husayn Boyqaroning (1439-1507 yil) qo‘lidan endi hech narsa kelmasdi, buning ustiga bu sulton oradan ko‘p o‘tmay Allohga omonatini topshirib yorug‘ dunyo bilan vidolashdi ham. Bu hol esa halokatli vaziyatlarni tezlashtirgan holda, ishni battar chuqurlashtirib yubordi. Urush alangasi avjga olib ketgan edi. Toj-taxt uchun davom etgan behuda qon to‘kishlar, kurashlar, o‘zaro feodal to‘qnashuvlar avjiga mindi. Natijada Sharqiy Xuroson ham dushman qo‘liga o‘tdi. Shunday qilib, “bo‘linganni bo‘ri, ayrilganni ayiq yer” deganlariday, temuriylar saltanati yo‘qlik sari ravona bo‘ldi.
Vosifiy Xurosonning ikkinchi marta Eron qo‘shinlari tomonidan ishg‘ol qilingani haqida hikoya qilar ekan, o‘zining shiaparastlar qo‘lida qariyb shahid bo‘layozganini, faqatgina bir baxtli tasodif tufayli zo‘rg‘a omon qolganini his-hayajon bilan bayon etadi. Shundan keyin qissanavisning mashaqqatli yo‘li boshlangan.
U dastlab Movarounnahrga qochadi, Samarqandga kelib u yerda bir oy chamasi yashagandan keyin Buxoroga o‘tadi. Bu yerda ham ahvol yaxshi emasligini ko‘rdi va shunday bo‘lsa-da, bir oz vaqt turgach, Sabronga (bu shahar Turkiston shahridan 40—50 chaqirimcha masofada joylashgan) yo‘nalib, u yerda ham ozroq davr turgan. So‘ng Fanokent, Toshkent, Shahrisabz shaharlariga ham safar qildi. Shunday qilib, u qayerga bormasin, birday o‘sha zamonda yuz bergan xonavayronlik keltiruvchi tinimsiz davom etgan qirg‘inbarot jangu jadallarning oqibatida barcha og‘irgarchilikning zalvorli yuki oddiy mehnatkash xalq zimmasiga tushganligi bois, turmush nihoyatda yomonlashganligini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Kajraftor falak gardishi adib Vosifiyni shunday sarson-sargardonlik girdobiga uloqtirdiki, bunday hol uni ancha g‘am-g‘ussa, chorasiz tashvishlarga solgan. “Badoye’ul-vaqoye’”da muallif Vosifiy bunday hollarni badiiy tarzda bekami-ko‘st yoritganini ham ko‘rar ekanmiz, uning qayerlarda, qay bir shaharlarda, ovullarda bo‘lmasin, u yerlarga o‘zining noqulay tashriflari ixtiyoriy bo‘lmaganini musofirona g‘arib hayoti tasdiqlab turardi. Adib shaharlarda bo‘lganda uni goh madrasalardagi talabalar hujrasida, gohida esa olimu fuzalolar, shoirlar anjumanlarida, gohida oddiy xalq orasida ko‘ramiz. U mahalliy hokimlar saroyida xizmat qilib yurgan chog‘larida turli-tuman sohalarning sohiblari, ilm-fan egalari bilan bevosita muloqotda bo‘lgan. Ma’rifat, madaniyat va davlat yo‘lida jonkuyarlik bilan juda ko‘p ish qilgani uning asari sahifalaridan yaqqol ko‘rinib turadi. Bu ulkan otashqalb egasi uzoq vaqt hijronlikda bo‘lib, hayotning achchiq qismatlariyu, mashaqqatlarini torta-torta “oyning o‘n beshi qorong‘i, o‘n beshi yorug‘” va yana “o‘lmagan jondan umid” deganlariday nihoyat yorug‘ umidli kunlarga ham erishadi. Dastlab u shayboniylardan Keldimuhammadxon noiblik qilgan Sirdaryo bo‘yidagi Shohruhiya shahrida yashagan. So‘ngra Toshkent hokimi Sevinchxojaxon vafot etgach, uning o‘rniga o‘tirgan o‘g‘li Keldimuhammadxon tufayli Toshkentda katta e’tiborga sazovorli izzat-hurmat topdi va shu shaharda bir umrga turg‘un bo‘lib qolgan. 1529 yili Keldimuhammadxon Movarounnahr sultoni bo‘lgan Ubaydulloxon boshchiligida Safaviyga qarshi Sharqiy Xurosonga qarab qo‘shin tortganida Vosifiy ham unga bevosita hamroh bo‘lganligini yana uning o‘zining qimmatli asari bo‘lmish “Badoye’ul-vaqoye’” orqali bilamiz.
“Badoye’ul-vaqoye’” asari 1532 yilgacha tarixan kechgan barcha voqealarni o‘z ichiga oladi. Zayniddin Vosifiy Xuroson va Movarounnahrda kechirgan hayoti, o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan voqealarni behad yuksak badiiy mahorat bilan g‘oyatda jonli tarzda tasvirlagan.
Mazkur asar nihoyatda qimmatli bo‘lib, XV asrning ikkinchi choragi, temuriylardan Mirzo Shohruh hukmronligi davriga hamda undan keyingi va so‘nggi temuriyzodalar, Movarounnahrda Sulton Ali Mirzo va Zahiriddin Muhammad Mirzo Bobur, Xurosonda Mirzo Husayn Boyqaro zamonidagi muhim ahamiyat kasb etuvchi tarixiy voqealar haqidagi ma’lumotlar unda yetarlicha salmoqli o‘rin egallagan. Jumladan, eng qaltis paytlarda ham bu foniy dunyoning o‘tkinchiligini unutib, bir yoqadan bosh chiqara olmagan temuriy hukmdorlar o‘rtasidagi janjallar, ayniqsa, Husayn Boyqaro farmonbardorlik qilgan Xuroson poytaxti Hirotda o‘sha davrdagi nizo, begunoh qon to‘kishlar o‘quvchi e’tiborini o‘ziga tortadi. Masalan, kitobda “Sulton Husayn Mirzoning Xuroson viloyatidagi vaziri a’zami Nizomulmulk Havofiy hikoyati” degan qismida keltirilgan hikoyatidagi johil amaldorlarning bilimsizlarcha oliy martaba — lavozimlarga tayinlanishi, shusiz ham kuni bitib borayotgan davlatni battar halokat sari yetaklagan. Ushbu bobda bayon qilinishicha, shoh saroyidagi fitna, fisqu fujur, shahzodalarning toj-taxt uchun qonli kurashlari keskin avj oladi. Jumladan, “Sulton Husayn Mirzo: “Mening saltanatim durjida shunday bir la’l borki, biror boshqa podshoh xazinasida bo‘lmagan… — Xuroson toshi bilan taxminan oltmish man keladi… Shu asnoda Xoja Nizomulmulk paydo bo‘ldi. Podshoh: Men sizga ta’rif qilgan la’l mana shu”, dedi.
Dunyoning haqsizligi va podshohlar vafosizligini ko‘ringki, shunda yil la’lni kahraboga aylantirdi!”1 Ya’ni, 1498 yil sentyabrida Murg‘ob daryosi yoqasida turgan Husayn Boyqaro mastligida o‘z xotini Hadichabegim va vaziri a’zam Nizomulmulkning fitnasiga uchib, suyukli nabirasi Muhammad Mo‘min Mirzoni o‘ldirish haqidagi buyruqqa imzo chekib yuboradi. Ertasi kun podshoh kayfi tarqab o‘ziga kelgach, qilib qo‘ygan ishidan qattiq pushaymon bo‘lib, aziyat chekadi, ammo endi vaqt o‘tgandagi pushaymondan ne naf degandek, bu mash’um voqeadan keyin ko‘p o‘tmay, Husayn Boyqaro Nizommulmulkni ikki o‘g‘li va barcha yaqinlari bilan qo‘lga oladi. Nizommulmulkning ko‘z o‘ngida avval uning ikki o‘g‘lini qatl ettirib, po‘stiga somon tiqtiradi, so‘ng Nizommulmulkning o‘zini tiriklayin po‘sti shildiriladi va uning barcha yaqinlari ham qatl ettirib, somon tiqilgan po‘stlarini dorga ostiradi. Ana shunday qilib la’l kahraboga aylanganligini ko‘ramiz.
Qissanavis muallif Zayniddin Vosifiy o‘sha vaqtlarda o‘smir bola bo‘lib, otasi bilan voqea ro‘y bergan qal’ada (Ixtiyoriddin qal’asi) bo‘lganligini va bularning hammasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganligini ham ana shu mazkur asarida qayd etib o‘tadi.
Nihoyat, yuqorida aytib o‘tganimizdek, temuriylar saltanatining qo‘ldan ketishi ko‘pgina ziyobaxsh qalb egalarining, jumladan, asar muallifining ham darbadarlik, sarson-sargardonligiga sabab bo‘ldi. Zayniddin Vosifiyning Samarqandga kelgandan keyingi boshidan kechirganlari, 1511—1512 yillardagi voqealar, Boburning so‘nggi bor Najmiy soniy boshliq kuchli Eron qo‘shinlari yordamida Movarounnahr poytaxti Samarqand taxtini egallashi va yana ko‘p o‘tmay Xoja Ubaydulloxon boshliq shayboniylar tomonidan quvilishi, shahar aholisining o‘sha vaqtlarda “balo kelsa ustma-ust” deganday, bir tomondan haddan tashqari qattiq kelgan qish dahshatlaridan, ikkinchi tomondan esa ayovsiz ochlik, muhtojlikdan qirilib ketishi kabi haqiqatlar asarda ro‘yi-rost o‘z aksini topgan. Masalan, kitobning “Samarqand sovug‘i va qish shiddati, qahatchilik va ocharchilik tufayli…” deb nomlanadigan bobida muallif “Samarqandda vazminchilik va qahatchilik shu darajaga yetdiki, xalq falak dasturxonidagi oyu quyosh patiridan o‘zga yumaloq non ko‘rmasdi” (“Badoye’ul-vaqoye’”, 28-b.) deb tasvirlar ekan, madrasa talabalarining og‘ir, ayanchli ahvolini hikoya qiladi, chekkan azob-uqubatlarini birma-bir haqqoniy tarzda ko‘rsatadi va ayni vaqtda shu mushkul ahvoldan xalos bo‘lish uchun o‘zi tomonidan amalga oshirilgan bir qator najotli tadbirlarni bayon etadi, o‘sha dahshatli voqealarni kitobxon ko‘z oldida gavdalantiradi.
Zayniddin Vosifiy Toshkentda yashagan vaqtida kitobdagi “Hazrati Ubaydulloxonning vaziri tavsifida” bobida bu o‘lkaning beqiyos go‘zalligini ilhom bilan tasvirlagan. Qissanavis adib o‘z asarida shahardagi bog‘-rog‘larga ta’rif berar ekan, turfa xil nozu ne’matlardan hayratlanadi. O‘n ikki darvozali Toshkent shahri qal’asining metinday mustahkamligini ta’kidlaydi. Shuningdek, u Feruza, temir konlari haqida ham ma’lumotlar beradi. Vosifiy qalamga olgan joylarda degrezlar yashaganligini boshqa ko‘pgina manbalar ham tasdiqlaydi. Vosifiyning ushbu o‘lka hayotini juda yaxshi bilishini, Toshkent shahri va viloyatining ta’rif-tavsiflarga sig‘maydigan go‘zal bir diyor ekanligini, har tomonlama taraqqiy etgan juda farovon madaniy markazlardan sanalishligini ko‘rsatishidan ham ko‘rsa bo‘ladi. Bu o‘lkani Vosifiy ayniqsa, gul fasllarida bamisoli sepini yoyib, olamga ko‘z-ko‘z qilgan sohibjamol kelinchakka o‘xshatsa, tuprog‘ini zarga, zilol suvlarini gavhari zamzamga o‘xshatadi. Ko‘kka bo‘y cho‘zgan hashamatli jimjimador binolaridan esa, samo yulduzlari ham rashk qiladi, bog‘-rog‘larining vasfini bayon etmoqqa qalam ojiz qoluvchi jannatdan aynan nishona, deb ta’riflaydi.
Ma’lumki, Amir Nizomiddin Alisher Navoiy hazratlari Hirot osmonining charaqlagan yorqin yulduzi, Xuroson xalqining birdan-bir tayanchi, tinchlik qalqoni — najotkori bo‘lganidek, o‘sha paytlarda Toshkent xonining ulug‘ vaziri a’zami (bosh vaziri), asr nodiri bo‘lgan fuqaroparvar Jaloliddin Yusuf Qoshg‘ariy ham ana shunday Toshkent shahri osmonining porloq quyoshi, shu o‘lka ahlining mehribon g‘amxo‘ri, najotkori bo‘lganligini, yurt obodonchiligi, ilm-fan, madaniyat, ma’rifat va san’at yo‘lida fidoyi insonligi, jamiki ilm-ijod ahliga bosh-qosh, rahnamo bo‘lib, ularga har tomonlama ko‘mak ila rag‘bat ko‘rsatganligini ham xuddi shu Zayniddin Vosifiyning asaridan bilamiz. Yana bu ulkan qalb egasi bo‘lgan siymoyi azizulloh Jaloliddin Yusuf Qoshg‘ariy ayni bir vaqtda nafaqat davlat arbobi, balki zamonasining beqiyos iste’dodli hunarparvar musavviri ham bo‘lganligi to‘g‘risida Zayniddin Vosifiy ma’lumot beradi.
Biz Zayniddin Vosifiyning tabarruk qadamjoy bo‘lgan Toshkentda kechgan hayoti davomidagi faoliyati, ya’ni, qanday xizmatlarda bo‘lganligini bo‘lak manbalarda ko‘rsatilmagani uchun bilmasdik, uning mazkur kitobida adibning o‘zi ma’lumot beradi. Jumladan, u: “Bir kuni olijanob… vazir xoja Jaloliddin Yusuf Qoshg‘ariy xonasida edik. Mazkur xoja ulug‘ xon hazrati mulozimatidan kelib, bu kaminani huzurlariga chorlayotganlari haqida xushxabar keltirib, dedilar: “Bugun hazrati xon majlisida Toshkentning akobiru ulug‘lari, ulamoyu fuzalosi jam bo‘lgan edi. Ilmu ulamo fazilatlari borasida so‘z borardi… A’lohazrat xon dedilarki, “illo alhamdu valminnatu”ki munavvar zamirimizda lavhi va ko‘nglimiz sahifasiga ilm sohiblari izzatu ikromi bitiklidir… Shunday ekan, endi biz suyukli saodatmand farzandimiz, saltanatimizning ko‘rar ko‘zi va qudrati… Navro‘z Ahmadxonga muallimlik va saboq berish mansabiga… ilmiy va adabiy fazilatlari… bilan ma’ruf bo‘lgan mavlono Kamoliddin1 Vosifiyni tayinlaymiz. Chunonchi, ma’qul xislatlari va yoqimli shamoyili bu saodatmand farzandimizga kamolot asbobidan tahsil berishda va odobu adolat rasm-rusmlarini kamolga yetkazishda jiddu jahdi yetarlidir…”
Ittifoqo shu kuni saodatli soatda ixtiyor qilib, ulug‘ xoja tegishli tayyorgarlikni ko‘rib, devonxonada bu kaminani majlisga taklif qildi. Hazrati Sulton Navro‘z Ahmad mavlono Nuriddin Abdurahmon Jomiyning nazmiy sarfini o‘qishdan boshladi. Uning jiddu jahdi shu qadar ediki, erta tongdan namozgargacha, kechqurundan shomgacha mutolaa va bahs zikri bilan mashg‘ul bo‘lardi. Bir lahza ham uning xayoli saboqdan tashqari chiqmasdi. Ba’zida tezraftor qalam jilovini saxiy barmoqlar ixtiyoriga berib, ruhiyat handasasi bo‘lmish xat qoidalariga mashg‘ul bo‘lardi. Andoq fursatda “ilm qalamdandir” so‘zi yordamida suls tavqe’iki, nasx g‘uborini zamon xushnavislari riqo’siga separdi; go‘zallar xatti rayhonidek dillar ta’liqini tahrir qilardi. Xat va qalam surmoq fanlarida, insho turlari va fasohatli jumlalar tuzishda zamonasining ilg‘orlaridan bo‘lib qoldi…” — deb yozadiki, bundan uning hukmdor saroyida mudarrislik xizmatida muqim bo‘lib qolganligini ko‘ramiz. Adibning bu kitobi barcha asrlarda ham o‘z qadr-qimmatini zarracha yo‘qotmay ma’naviy ozuqa bo‘lgan holda mutloq qo‘ldan tushmay kelganligi ham shubhasizdir. Mazkur kitobning tarjimasi masalasiga kelsak, uni XIX asrning boshlarida asli xorazmlik bo‘lgan zamonasining zabardast olimi, ma’rifatparvar shoir va muarrix mavlono Dilovorxo‘ja fors-tojik tilidan turkiy — eski o‘zbek tiliga to‘la tarjima qilib, kitob ixlosmandlariga tuhfa etgan edi. Bu haqda olim va mutarjim Dilovorxo‘janing o‘zi kitobning muqaddimasida: “…Jumladan, Muhammadrizo Qushbegi bu kamina faqirga xitob aylab dedilarki, “Adib Zayniddin Vosifiyning “Badoye’ul-vaqoye’” kitobi forsiy tili birlan bitilmishdir, magar oni turkiy tilig‘a tarjima qilinsa, o‘ylaydurmenkim, turkiy xalqing‘a beshak ajoyib tuhfa bo‘lg‘on bo‘lur erdi hamda kitobning marg‘ub xosiyatlarindin bisyor bahra olg‘aylar erdi”, faqirg‘a ham bul ish ma’qul va maqbul bo‘lg‘onindin so‘ngra, tarix sanai hijriy 1241 (melodiy 1825 yili) erdikim, xayirli ishg‘a qo‘l urib, Vosifiyning kitobi turkiy tiling‘a tarjima bo‘ldi. Bul kitobning so‘zsiz naziri yo‘q erdi”1 — deb yozadi. Bir oz vaqtlar o‘tib, 1875 yilga kelganda bu kitob noma’lum xattot tomonidan rus qog‘ozida 360 varaq, ya’ni 720 betdan iborat etib ko‘chirilgan. Hozirda mavlono Dilovorxo‘janing ushbu tarjimasi ham O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik ilmiy tadqiqot institutining qo‘lyozmalar fondida saqlanadi. Tarixchi olim, mutarjim Naim Norqulov esa mazkur “Badoye’ul-vaqoye’” asarining forsiy tilidagi nusxasidan faqat ozgina bir qisminigina tanlab olib, uni so‘zboshi, qisqacha lug‘at va izohlar bilan o‘zbek tiliga qayta muvaffaqiyatli o‘girgan.
Zayniddin Vosifiy o‘zining mazkur kitobini 1532 yili yozib tugallaganligi haqida ham uning shu asarida qayd etilgan. Adibning undan keyingi ijodi borasida bu asarda ham boshqa o‘sha davrlarga oid asarlarida — manbalarda ko‘rsatilmagan. Ammo uning 1566 yili 81 yoshlarida Toshkent shahrida olamdan o‘tganligi to‘g‘risida gapiriladi. Qadimiy qo‘lyozmalar ilmining zukko bilimdon sardori, Sharqshunoslik ilmiy tadqiqot institutining sobiq katta ilmiy xodimi bo‘lgan, qariyb to‘qson yil umr kechirgan (u kishining tavallud topgan yili 1899 yil, rihlatlari 1988 yildir) Abdulla ota Nasirovning hayotlik vaqtlaridagi bir suhbatda aytganlariga qaraganda biz qalamga olgan qissanavis Zayniddin Mahmud Vosifiyning qabri Shayx Zayniddin maqbarasi yaqinida dafn etilgan ekan.
“Badoye’ul-vaqoye’” muallifi XV asr o‘rtalaridan XVI asrning qariyb o‘rtalarigacha kechgan O‘rta Osiyo, xususan, Movarounnahr hamda Sharqiy Xurosonda bo‘lib o‘tgan tarixiy hayotni chuqur ehtiros bilan haqqoniy tasvirlashga harakat qilgan. Shuning uchun ham o‘z vaqtida bu nodir asardan sharqshunoslikning ko‘p yetuk va mashhur olimlari: V.V.Bartold, V.E.Bertels, A.O.Yakubovskiy, S.P.Tolstov, Ya.G‘.G‘ulomov, T.N.Qoriniyoziy, A.N.Boldirev, atoqli o‘zbek adiblaridan Oybek, Uyg‘un, Izzat Sulton, Shayxzoda va boshqalar o‘z ilmiy ijodiy ishlarida keng foydalanganlar. Atoqli adib Sadriddin Ayniy o‘zining “Namunaxoi adabiyoti tojik” kitobida bu asarni yuksak badiiy ko‘tarinki ruhda amalga oshirilgan “O‘rta Osiyo va Xuroson xalqlari tarixining uzviy ravishdagi yorqin ko‘zgusidir” deb atagan edi. Shunga ko‘ra, Zayniddin Vosifiyning moziydan sado beruvchi bu asari o‘zbek tiliga to‘liq nashr etilar degan umiddamiz. Zero, shunday qilinganda so‘nmas siymolar bo‘lmish barcha ulug‘ ajdodlarimizning ruhi poklari illo shod etilgan bo‘lur edi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 6-son