Buyuk frantsuz yozuvchisi Gi de Mopassan 1850 yil 5 avgustda Turvil-syur-Arkes (hozirgi Quyi Sena)dagi Miromesnil qasrida dunyoga kelgan. O‘z davrida Gyustav Flober va Emil Zolyalar bilan ijodiy aloqada bo‘lgan Gi de Mopassan frantsuz adabiyoti sahnasida “Hayot” (1883), “Azizim” (1885), “Per va Jan” (1887-1888) romanlari hamda “Do‘ndiq” (1880), “Loyxo‘rak to‘g‘risida ertaklar”(1883), “Orla”(1887) singari bir-biridan sermazmun novellalari orqali frantsuz adabiyotida o‘z “so‘zi”ga ega bo‘ldi. Adib asarlarining eng muhim jihati realistik ruh bilan sug‘orilganligi edi.
Mopassanning oilasi XIX asr o‘rtalarida Lorendan ko‘chib kelib, Quyi Senada joylashadilar. Otasi Gyustav de Mopassan 1846 yilda oliy tabaqa vakilasi hisoblanmish Lora de Puatvin bilan oila quradi. Ular nikohidan ikki o‘g‘il dunyoga keladi. Lora kelajakda ikkala o‘g‘lining hayotida o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatgan buyuk yozuvchi Gyustav Flober bilan do‘stlik rishtalarini bog‘lagan edi. Lora adabiyot olamidan yaxshi xabardor ayol bo‘lib, klassika, xususan, Shekspir ijodiga mehri o‘zgacha edi. 1854 yilda oila Gavr yaqinidagi Blan de Grenvil-Imovil qal’asiga joylashadilar. 1856 yil Gining ukasi Erve dunyoga keladi. Onasi Lora 1860 yilda yengil hayotning ortidan quvadigan eri Gyustav bilan ajrim imzolaydi va ikkala o‘g‘liga yolg‘iz o‘zi g‘amxo‘rlik qiladi.
Bolaligining qolgan yillarini Etretadagi dengiz qishlog‘ida qad rostlagan “Vergilar” pantsionida o‘tkazadi va aynan o‘zi yashagan atrof-muhit sabab tabiatga muhabbat ruhida o‘sadi.
Bo‘lajak adib 1869 yili adabiyot yo‘nalishida bakalavrlikni tamomlab, onasi hamda Floberning maslahatiga ko‘ra, huquq sohasida o‘qish uchun Parijga jo‘nab ketadi. Ammo to‘satdan boshlangan franko-prussiya urushi uning rejalarini tubdan o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. 1870 yilda armiyaga ko‘ngilli bo‘lib yozilgan adib xizmatni harbiy bo‘lim ta’minotida boshlab, keyinchalik artilleriya safiga o‘tadi va normand qo‘shinining germanlarga qarshi harakatida qatnashadi. Urushdan keyin xizmatni tugatish uchun o‘rniga odam yollab, Normandiyani tark etadi.
Mopassan o‘n yil davomida Parijda Dengiz floti va Xalq ta’limi vazirligida xizmatchi vazifasida ishlaydi. U azobli kechalarini tinimsiz adabiy izlanishlar bilan o‘tkazadi. 1875 yil fevral oyida o‘zining birinchi ertagi “Kesilgan qo‘l”ni Jozef Prune taxallusi ostida “Almanax” jurnalida nashr qildiradi.
Shu vaqt oralig‘ida sog‘lig‘idan tashvishlangan adib tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Tahlil natijalari dahshatli kasallik – zaxmni ko‘rsatardi. Bu kasallik adibning o‘limiga qadar vujudini kemirgan.
U buyuk yozuvchi Flober rahnamoligi hamda himoyasi ostida adabiyot va jurnalistikaga kirib keladi. Ijodiy faoliyatini “Galliya”, “Parij Sadosi”, “Jil Bla”, “Figaro” gazetalarida maqolalar e’lon qilish bilan boshlaydi. Keyinchalik bo‘sh vaqtlarida romanlar va novellalar yozadi. Floberning ko‘magi ostida 1879 yili birinchi kitobi “Qadimgi davrlar tarixi” ning alohida 100 sahifasini nashr qildiradi.
Mopassan Emil Zolya bilan aloqa o‘rnatgan vaqtda, ya’ni 1880 yili naturalist yozuvchilar uyushmasi to‘plamida o‘zining ilk novellasi “Do‘ndiq” bilan qatnashadi va bu asar tezda muvaffaqiyat qozonadi. Floberning fikricha, bu novella “o‘lmas shoh asar” deya baholanadi. Ammo xuddi o‘sha yili Floberning kutilmaganda g‘oyib bo‘lishi sabab yosh adib o‘z taqdiri qarshisida yolg‘iz qoladi.
1880-1890 yillar oralig‘idagi 10 yillik adib hayotidagi eng sermahsul davr bo‘ldi: bu davr mobaynida adib 6 ta roman, 300 dan ortiq novella va ko‘plab sarguzasht hikoyalarni nashr qildiradi.
1881 yil adib o‘zining ilk novellalar to‘plamini “Tele uyi” nomi ostida nashr qildirdi va yaqin ikki yil ichida uning ikkinchi nashri ham chop etildi. 1883 yilda Mopassan 1877 yilda boshlagan “Hayot” romanini yozib tugatdi. Bu roman bir yilda 25 ming nusxada sotuvga chiqariladi. Roman to‘g‘risida Lev Tolstoy shunday yozadi: “Bu roman frantsuz adabiyotidagi “Xo‘rlanganlar” romanidan keyin ikkinchi shoh asardir”.
1884 yil oktyabr oyida adib “Azizim” nomli mashhur romanini yozib tugatadi. U shungacha yaratgan barcha novellalaridagi rang-barang kuzatishlarini aynan “Azizim” romanida jamlagan. Bu asar to‘g‘risida Mopassanning o‘zi shunday deydi: “Azizim – bu men!” 1887-1888 yillar oralig‘ida yozuvchi navbatdagi “Per va Jan” romanini yaratadi.
Mopassan sog‘ligi zaifligiga qaramay, Jazoir, Italiya, Angliya, Sitsiliya bo‘ylab uzoq muddatli sayohatlar qiladi, gazetalar uchun yangidan-yangi reportajlar tayyorlaydi. Talvasali hayoti davomida vujudini sekin-asta qamrab olayotgan kasallikni unutish uchun kengliklarga ehtiyoj sezadi.
So‘nggi yillar tamomila yolg‘iz hayotga beriladi. U bora-bora o‘zini ham jismonan, ham ruhan yomon his qilar, maslahatlar, muolajalarga qaramasdan ahvoli yengillashmasdi. Shu sababdanmi, adib eng so‘nggi kuchini ham asar yozishga sarfladi. 1889 yilda “Kuch” nomli asar nashrdan chiqdi. Shu yil may oyida adib “Bizning qalb” nomli so‘nggi asarini yozishga kirishadi. Kiborlar jamiyatining axloqiy masalalari aks etgan bu asar 1890 yil may va iyun oylarida “Ikki dunyo” jurnalida nashr qilindi. Oradan bir oy o‘tib, 1890 yilning avgust oyida “Begona qalb” nomli asar ustida ish boshlaydi. 1891 yilda esa “Angilus” nomli yana bir asarni yozishga kirishadi. Ammo har ikki asarni ham tugata olmaydi. 31 dekabrda doktor Kazalisga yozilgan xat Mopassanning eng so‘nggi vidolashuv xati bo‘lib qoldi.
1891 yilda Mopassan o‘zining adabiyotdagi faoliyati to‘g‘risida Joze Mariya de Eridiyaga shunday yozgan edi: “Men adabiyotga yashindek kirib keldim va uni momaqaldiroq singari tark etaman”.
Mopassan “Qobiliyat bu cheksiz bardosh demakdir” deb yozgan edi. Adib yaratgan asarlarning mavzulari hayotidagi kechmishlari, rang-barang tajribalar bilan chambarchas bog‘liq. Mopassanning ona yurti Normandiya o‘zining takrorlanmas manzarasi bilan uning asarlarida muhim o‘rin tutadi (“Hayot”dagi qishloq, dengiz, shahar ko‘rinishlari va uning aholisi – dehqonlar, zamindorlar yoxud kichik zodagonlar). Ammo Normandiya yozuvchi asarlarida tasvirlangan yagona joy emas, xususan, Parij ham “Azizim” romanida voqealar rivojining markazida turadi. Bundan tashqari, 1870 yildagi urush va germanlarning bosib olishi boshqa bir muhim mavzu bo‘lib, adib undan “Do‘ndiq”, “Fifi xonim”, “Ikki do‘st”, “Milon ota”, “Jinni” asarlarida foydalanadi. Asarlariga insonparvarlik ruhini singdirishda, asosan taqdir qurboni bo‘lgan (“Hayot”, “Mitti Rok”, “Mis Are” asarlarida, xo‘rlangan (“Do‘ndiq”, “Fifi xonim”, “Tele uyi”da) ayollar hamda oila va farzandlar (“Per va Jan”, “Dalalarda”, “Bola”, “Oila”) obrazlari muhim o‘rin tutadi.
Mopassan asarlarida ruhiy tushkunlik, uning ortidan muqarrar keladigan ruhiyat tanazzuli va nihoyat, o‘lim tushunchalari keng talqin etiladi.
Bu bevosita yozuvchining o‘z ruhiy holati va kasalligi bilan izohlansa, ajab emas. Biroq Mopassan XIX asr fransuz hayotining turfa manzaralarini shunday aniq va tiniq tasvirlaydiki, mazkur jihat uni dunyoning buyuk revlist adiblari qatorida sanashga asos beradi. Darhaqiqat, Gi de Mopassan ijodi hamon qalblarni to‘lqinlantirib kelayotgan bezavol ijoddir.
Mahmadiyor Asadov tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 8-son