Ingliz madaniyati tarixida adabiyot va tasviriy san’atning o‘zaro ta’siri – qadimdan kelayotgan va barqaror an’ana. XX asrda ingliz yozuvchilarining tasviriy san’atga qiziqishlari ortgani e’tiborni tortadi. Tasviriy san’atning rivojlanish yo‘llari turli adabiy yo‘nalishlarga, turli ijodiy metodlarga mansub yozuvchilar – Lourens va Uells, Oldington va Forster, Joys va Vulfning sinchkov e’tiboriga tushdi. Ularning har biri tasviriy san’at haqida tez-tez va katta qiziqish bilan mulohaza yuritganini nazardan qochirib bo‘lmaydi. Ular bu haqda o‘zlarining adabiy-nazariy mazmundagi asarlarida ham, badiiy asarlarida ham yozadilar. Ushbu mulohazalar va qaydlarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, ularda tasviriy san’atda ro‘y berayotgan siljishlar va o‘zgarishlar hikoya qilish san’atidagi o‘zgarishlar, adabiyotda hayot va insonni tasvirlashning yangi usullari va yangi vositalari bilan qiyoslanadi.
O‘sha davrda san’atning har xil turlari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir va bir-biri bilan kirishish, singishish jarayonlari haqida ko‘plab ingliz yozuvchilari fikr bildirganlar. Zamonaviy san’atning muhim jihati haqida Jon Golsuorsi shunday deydi: “Har qaysi san’at o‘z doirasidan chetga chiqishga urinadi… Roman pesa bo‘lishga, pesaning – roman bo‘lishga, unisi ham, bunisi ham tasviriy san’at vositalari bilan ishlashga intiladi; musiqa hikoya bo‘lishga urinadi; poeziya musiqaga aylanishni orzu qiladi; rassomchilik falsafa roliga da’vogar. Shakllar, qonunlar, qoidalar – hammasi qonunda qaynaydi, eriydi: turg‘unlik barham topdi!”[1] Richard Oldington o‘zining “Qahramon o‘limi” asarini “roman-jaz” sifatida quradi. Oldos Xaksli o‘zining “Kontrapunkt” romanida materialni musiqiy tashkillashtirish tamoyillariga murojaat qiladi. E.M.Forster o‘zining nazariy asarida (“Roman aspektlari”) ritm romanning muhim xususiyatlaridan biri ekani haqida yozadi.
Devid Gerbert Lourensning zamonaviy roman poetikasiga ta’siri nuqtai nazaridan tasviriy san’at qiziqishi yangi davr adabiyotida tasviriy san’at usullari va san’atning boshqa turlari (musiqa, rassomchilik, kino) vositalarini dadil qo‘llanayotgani tendentsiyasi bilan bog‘liq. Garchi musiqiy ohang hamda go‘zal, chiroyli tasvir o‘tgan zamonlarda ham adabiyot va roman san’atiga ma’lum bo‘lgan bo‘lsa-da, XX asrda roman qurilishining sintetikligi nafaqat keng yoyilgan voqeaga aylandi, balki roman ijodkorlarining o‘zlariga tegishli bo‘lgan adabiyotshunoslikka doir ishlarda va san’at haqidagi maqolalarda muayyan ma’noda nazariy asoslarga ega bo‘ldi; yozuvchilarning estetik dasturlari, ularning estetik tamoyillariga singdirilgan mazmun-mohiyat shundan guvohlik beradi[2].
O‘zining roman nazariyasini ishlar ekan, Lourens XIX asr oxiri – XX asr boshidagi rassomlarning kartinalariga murojaat qiladi. Joys va Vulfdan farqli o‘laroq, Lourensni formalistik izlanishlar qiziqtirmadi. Uning realistik san’at, ayniqsa, bu san’at rivojining ilk bosqichi bilan aloqasi aniq belgilangan, insonga qiziqishi va o‘zining butun ijodi bilan hayotning yangilanishiga ko‘maklashishi esa, juda samimiy. Roman ijodkori sifatida Lourens realistik hikoya qilishning klassik shaklidan chekinmadi, u bilan aloqasini uzmadi. Uning ijodiy manerasiga xos xususiyat samimiylikda, tuyg‘ularni ifodalashda beixtiyorlik, kutilmaganlikda namoyon bo‘lib, bu tajriba qo‘llovchilarning nozik usulidan farq qiladi. Lourens yozadi: “San’at ikki asosiy vazifani bajaradi: u emotsional hayotni asliday qayta tiklaydi va so‘ngra, agar bizning his-tuyg‘ularimiz shunga qodir bo‘lsa, u kundalik hayot haqidagi tasavvurlarning manbaiga aylanadi”[3].
Lourensning romanlarida real olamni asliday tasvirlashda ko‘rib-kuzatish, his etishning aniqligi falsafiy teranlikka da’vo qiluvchi umumlashmalar va timsollarda uyg‘unlashadi. Lourens XX asr “mexanik tsivilizatsiyasi”ning g‘ayriinsoniyligiga qarshi ehtirosli noroziligi, odamlarning burjuaziya munofiqligi changalidan ozod bo‘lishiga chin dildan va har doim yordam berishga xohishi bilan e’tiborni tortadi. Insonni asoratga solgan zamonaviy burjuaziya tsivilizatsiyasini la’natlarkan, yozuvchi unga tuyg‘ular va ehtiroslar erkinligini qarama-qarshi qo‘yadi, zero, faqat tuyg‘ular va ehtiroslarning beixtiyor ro‘yobga chiqishida, uning fikricha, chinakam go‘zallik va inson mavjudligining asl mohiyati namoyon bo‘ladi. Insonni qutqarish uchun u inson shaxsi “tabiiy asoslari”ni tiklashning utopik dasturini taklif qiladi. Shu bois, bejiz uni “yangi din” payg‘ambari va yaratuvchisi, deyishmagan.
Bu kabi izlanishlardagi qat’iyati tufayli u Joys va Vulfdan, ularning tushkunligi va inson imkoniyatlariga ishonchsizligidan farq qiladi. Lourens inson shaxsi qadr-qimmatini himoya qiladi va uni tiklash yo‘llarini ko‘rsatishga intiladi. Biroq u aqlning imkoniyatlariga ishonmaydi, intellektga yon bosmaydi, odamlar hayotida fiziologiyaning rolini haddan tashqari oshirib ko‘rsatadi.
Shu bilan birga Lourensning izlanishlarida yangi davr ingliz romaniga doir qiziqarli va muhim jihatlar talaygina. Romanni yangilashga urinishda, uning tasvir imkoniyatlarini boyitishda Lourensning tasviriy san’at yutuqlaridan ijodiy foydalangani qo‘l keldi. Lourensning ijodiy amaliyotida unga xos bo‘lgan – hayotni yorqin obrazlarda qabul qilish qobiliyati katta rol o‘ynadi. Ingliz romannavisining bu o‘ziga xos xususiyati haqida tanqidchi Kit Oldritt “D.G.Lourensning ijodiy tasvirida yorqin idrok” (1971)[4] kitobida alohida to‘xtalib o‘tadi. Lourens romanlarining o‘ziga xos jihatlari va uslubining tadrijiy rivojini K.Oldritt yozuvchi ijodiy tasavvurining o‘ziga xos xususiyati, shuningdek, unga rassomlarning badiiy kashfiyotlari ko‘rsatgan ta’siri bilan bog‘laydi. Lourens ingliz romanini shunday chizgilar bilan boyitdiki, ularni birgina adabiy an’analar bera olmasdi, deb hisoblaydi K.Oldritt.
San’atning asosiy vazifasini va roman ijodkorining bosh maqsadini Lourens insonning emotsional hayotini doimiy harakatda va o‘zgarishda ko‘rsatishda, inson bilan uni o‘rab olgan olam o‘rtasidagi munosabatlarni ochishda ko‘radi. Lourens romanni hayotni yangilaydigan ta’sirchan vositalardan biri, deb hisoblaydi. U Joys, Prust, Doroti Richardson ijodiga keskin salbiy baho beradi, ularning asarlariga zamonaviy san’atning chuqur inqirozi ko‘rinishlari sifatida qaraydi. “Romanning kelajagi bor”ligiga ishonib, Lourens o‘zining 20-yillardagi adabiy-tanqidiy maqolalarida bu inqirozni bartaraf etadigan yo‘llarni topishga intiladi. Romanning tiklanishini u adabiyotning falsafa bilan uyg‘unlashuvida, shuningdek, roman ijodkorlarining tasviriy san’at ustalari tajribalarini o‘zlashtirib olishlarida ko‘radi.
“Axloq va roman” (1925) maqolasida san’atning xususiyatlari va badiiy ijodning o‘ziga xos jihatlariga doir masala qo‘yiladi. San’atda muhimi – inson va olam o‘rtasida yuzaga keladigan munosabatlarni ko‘rsatishda, degan fikrni ilgari surib, ijod jarayonining muhim jihatlari haqida so‘z yuritarkan, Lourens Van-Gog polotnolariga, uning “Kungaboqar urug‘i” asariga murojaat qiladi. Xo‘sh, frantsuz rassomining kartinasida Lourensni nima maftun etgan? U roman ijodkorlarini Van Gogdan aynan nimalarni o‘rganishga chorlaydi? O‘zining durdona asarini yaratayotib Van Gog, Lourensning fikricha, har bir rassomning va shu jumladan, roman ijodkorining oldida turgan maqsadga erishgan: u inson sifatida o‘zi bilan kungaboqar urug‘i o‘rtasida yuzaga kelgan munosabatni – aynan u chizayotgan lahzada yuzaga kelgan munosabatni ko‘rsata olgan. San’atkorning maqsadi – insonning atrofdagi olam bilan munosabatini ochib berish. Modomiki bu munosabat doimiy ravishda o‘zgarib turar ekan, san’atkor, birinchi galda, bu munosabatning boshqa hech qachon takrorlanmaydigan, muayyan bir daqiqada kechadigan o‘ziga xosligini ko‘rsatishi lozim. Buni mukammal darajada uddalash nasib etgan. Polotnoda muayyan daqiqada sodir bo‘lgan munosabat muhrlangan, ularning o‘tkinchi, lahzalik ekani va shu bilan birga teranligi ko‘rsatilgan. Van Gogning bu asari doimo kashfiyot sifatida qabul qilinadi: bizning ko‘z o‘ngimizda hayotning o‘zi gavdalanadi.
Lourens nazarida hayot – odamlarning bir-biri bilan muloqati jarayonida, inson bilan tabiatning – yer va quyosh, gullar va daraxtlar, oy va osmon muloqotida yuzaga keladigan tuganmas munosabatlari. His eta bilmoq, idroklamoq, atrofdagilarning chaqiruviga javob bermoq, olam nafasini va hayajonini tuymoq – bu yashamoq demak. “Bu bizning hayotimiz va bizning boqiyligimiz: men va mening atrofimdagi olam o‘rtasidagi tutqich bermas, to‘kis munosabatlar”[5], – deb yozadi Lourens. Bu munosabatlarni his etmoq va ko‘rsata bilmoq – san’at asari yaratmoq demak.
Biroq, o‘tkinchi bir lahzani aks ettirishning zarurligi haqida so‘z yuritib, Lourens o‘zining maqolasida “taassurot” so‘zini qo‘llamaydi, u san’atkor bilan uning atrofidagi muhit o‘rtasidagi “munosabatlar” haqida gapiradi. Lourens uchun faqat qayd etish emas, balki voqeaning bahosi muhim. Uning “san’at hamisha zamondan oldinda” degan iborasi e’tiborni tortadi. Ehtimol, shunday qarash bilan Lourens to‘la-to‘kis anglamay turib, o‘zi bilan impressionistlar o‘rtasida chegarani belgilaydi, biroq uni himoya qilishda izchillik ko‘rsatmaydi.
“San’at va axloq” (1925) maqolasida Lourens Sezanni o‘zining san’ati bilan olamga yangicha qarashni qaror toptirgan buyuk islohotchi sifatida tavsiflaydi. Sezann qotib qolgan qarashlar va me’yorlarga qarshi dadil kurashadi. U rassomning tevarak-atrofni yangicha ko‘rish, his qilish va tasvirlashga haq-huquqi borligini e’tirof etadi. U chizgan asarlar chindan g‘aroyib, shu boisdan ular nafaqat hayratlantirishi, balki yoqmasligi ham mumkin.
Lourens nega ko‘pchilik Sezanni tushunmasligi va qabul qilmasligining, nega u tasvirlagan olmalar, ko‘za va dasturxonlar salbiy munosabat uyg‘otishining sababini tushuntirishga urinadi. Buning sababini u rassom umumning didiga qarshi chiqqanida va asarlari odatdagi tasavvurlarga mos emasligida ko‘radi. Odamlar narsalarni fotoapparat ob’ektivi qanday aks ettirsa, shunday ko‘rishga o‘rgatilgan. Sezan esa, ularga yangicha nigoh bilan qaradi. Xuddi Van-Gog singari, u bizni odam va uning tevarak-atrofi o‘rtasidagi kashf etilgan yangi munosabatlar olamiga olib kirdi. U odatdagi narsalarni dadil va shafqatsiz buzib tashladi. Sezanning novatorligi Lourensni qiziqtiradi va u roman ijodkorlarini frantsuz rassomi ochgan yo‘ldan borishga da’vat etadi.
O‘zining shaxsiy ijodida Lourens hayotni izchil rivojlanishda, harakatda va doimiy o‘sish-o‘zgarishda ko‘rsatishga intiladi. Biroq san’atning hayotiyligi haqida uning tasavvuri xiyla cheklangan. Uning nuqtai nazariga ko‘ra, haqiqiy hayotni ko‘rsatadigan asarda ijodkor o‘z “men”ini batafsil ifodalaydi va tuyg‘ular olamini badiiy tadqiqotining asosiy sohasi qilib oladi. Lourens chinakam go‘zallikni “eng qadimgi instinktlar”ning namoyon bo‘lishida va odamlar o‘rtasida, g‘oyalar emas, balki his-tuyg‘ular sohasida, aloqalar qaror topishida ko‘radi. Van Gog va Sezann san’atini Lourens mana shu asnoda qabul qiladi.
O‘zining birinchi romani “Oq tovus”ni (1911) yozuvchi “tuyg‘u romani” sifatida o‘yladi. Bu asari ustida ishlash jarayonida u xatlaridan birida yozadi: “Tuyg‘uni bilish, o‘rganish, tahlil qilish kerak, xuddi suddagi ko‘rsatmalar tahlil etilganidek”. Romanda eng muhimi – qahramonlar his-tuyg‘ulari harakati va ular kayfiyatining jilolanishi nozik ifodalanganida. Romandagi eng kuchli yorqin obrazlar landshaft-manzara tasviri bilan bog‘liq. Tabiat manzaralari Konstebl, Ternerning ranglar uyg‘unligini, peyzajining nurlar majmuini yodga soladi. Qahramonning yoshlik yillari haqidagi lirik hikoyaga mayin rangdor qalamda rang berilgan. Qizig‘i shundaki, Lourensning birinchi romani qahramoni Siril rassom. Uning qarashlari tadrijiy rivojini, hayot va odamlarga munosabatini ko‘rsatarkan, Lourens tasviriy san’at Siril dunyoqarashi shakllanishida muhim ahamiyat kasb etganini ta’kidlaydi. Tasviriy san’at sohasida yuz bergan yangi voqealar bilan tanishish Sirilning tevarak-atrofga munosabatini o‘zgartiradi.
K.Oldrijning qayd etishicha, yillar o‘tib Lourensning ko‘rib-kuzatib idroklash tarzi sekin-asta o‘zgarib bordi va uning romanlarining ko‘rimli obrazli tizimi o‘zgardi. Chunonchi, agar “Oq tovus”da tabiat manzaralari kuchli taassurot uyg‘otsa, “O‘g‘illar va xushtorlar”da esa avvalo, qahramonlar obrazlarining o‘zi juda ta’sirchan chiqqan. Bu romanda shaxtyorlar qishlog‘ining go‘zal tasvirlari bor va bu joyda ilk bobdagi voqealar sodir bo‘ladi, biroq yozuvchi yaratgan asosiy manzaralar harakatdagi shaxslarning fe’l-atvori va iztiroblari bilan bog‘langan. Birinchi planda – Gertruda va Pol Morel turadi. Lourensni birinchi galda o‘g‘il va onaning o‘zaro murakkab munosabatlari tarixi, ularning kasallik oqibatida mushkillashgan iztiroblar va his-tuyg‘ularning butun bir kompleksi qiziqtiradi. Shaxtyorlar qishlog‘i aholisining hayoti va turmushidan chizilgan manzaralari haqqoniy va mahorat bilan amalga oshirilgan, romandagi tarjimai hol mazmunidagi faktlar – ikkinchi plandagi ko‘rinishlar.
“O‘g‘illar va xushtorlar” romanida ham bosh qahramon rassom. Romanda rassom Pol Morelning shakllanish jarayoni ochib beriladi. Qahramonning tadrijiy rivojida Lourens uning ilk rafaelitlar an’analariga yaqin bo‘lgan, realistik tasviriy san’ati tamoyillariga murojaat etgan va nihoyat, ekspressionizm bilan mashg‘ul bo‘lgan bosqichlarni qayd etadi. Rassomning kamol topishidagi bu yo‘lni Lourens uning hayotni anglash va qabul qilishining teranlashishi va takomillashuvi, hayotiy tajribalarining boyib borishi bilan bog‘laydi.
Hayotni harakatda va doimiy rivojlanishda tasvirlash tamoyili “Kamalak” (1915) va “Sevib qolgan ayollar” (1920) romanlarida nisbatan to‘la-to‘kis ifodasini topdi. Shu bilan birga bu asarlarda Lourensga xos bo‘lgan cheklanganlik kuchli darajada namoyon bo‘ldi. “Kamalak” va “Sevib qolgan ayollar” romanlarida tasvirlanayotgan panorama oldingi romanlarga qaraganda kengayadi va birinchi galda aynan oqim, hayot harakatiga urg‘u beriladi. Brenguenlar oilasining bir-birini almashtirgan to‘rt avlodi hayoti manzaralari boy taassurot uyg‘otadi, zero, bu taqdirlar yetmish yil mobaynida ingliz jamiyatida ro‘y bergan o‘zgarishlarni qisman aks ettiradi. Biroq hikoya qilish manerasi va tasviriylik printsiplari bu romanlarda tubdan o‘zgaradi. “Kamalak” ustida ishlayotganda Lourens E.Garnettga bu roman “O‘g‘illar va xushtorlar”dan juda jiddiy farq qiladi: u butunlay boshqacha tilda yozilgan”, deb yozadi. Lourens ijodida shunday bir jarayon kechadiki, uni “yuvilib ketish”, yirik insoniy xarakterlarning yo‘qolib ketishi, deb belgilash mumkin. Lourensning o‘zi qayd etishicha, endi uni ko‘proq qahramonlar xulq-atvorining jismoniy jihatlari va xatti-harakatlari qiziqtiradi. Lourensning ijodining ilk davriga xos bo‘lgan his-tuyg‘ularni sinchkovlik bilan tahlil etish endi boshqa plandagi qiziqishlar bilan almashinadi. Yozuvchini inson tabiatining moddiy-jismoniy tarafi o‘ziga jalb etadi, unda adib murakkab va noma’lum, aqlga bo‘ysunmagan butun bir olamni ko‘radi. “Kamalak” Lourensning ijodiy rivojida uning realizmdan uzilib ketishini belgilagan bo‘lsa, “Sevib qolgan ayollar” bu uzilishni mustahkamladi. Lourens ijodida voqelikni ko‘rsatishning boshqacha tamoyillari ishlab chiqilishi va qo‘llanilishi uning tasviriy san’atdagi moderncha tamoyillarga qiziqishi ortganiga mos tushdi. Bu esa Lourensning adabiy asarlarida ham, uning rassomlik ishlarida ham o‘z aksini topdi.
Feruza Otamurodova, Qarshi davlat universiteti doktoranti
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2020 yil, 12-son
_____________________
[1] Golsuorsi Jon. Sobr. coch. v 16-ti tomax. Tom 16, s.336.
[2] Qarang: Mixalskaya N.P.Vzaimodeystviye literaturы i jivopisi v istorii kulturы Anglii. //Traditsiya i istoriya kulturы. M., 1978.
[3] Lawrence D. H. Studies in Classic American Literature, L., 1924, p. 297.
[4] Aldridge K. The Visual Imagination of D. H. Lawrence. Evansion, 1971.
[5] Lawrence D.H. Selected Literary Criticism. L., 1960, p. 109.