Esong‘ali Ravshanov. Cho‘lpon

http://n.ziyouz.com/images/chulpon.jpgSharq shoirlari “taxallus”, qozoqlarda “burkanchik, laqab ot”, ruslar “psevdonim” deydigan, turli xalqlarda turlicha ataladigan adabiy atama bor. Gap otda emas, zotda, deganlariday, mazkur atamaning kelib chiqish sabablari va tarixi uzoq hamda bahstalab. Bahstalabligi boisidan ham u qiziq. Sharqda she’r yozish nimani anglatadi? Bu o‘zni qadrlashni, o‘zlikni anglashni bildiradi. Nazmda mahorat cho‘qqisini zabt etib, muxlislar qalbida hayrat va zavq uyg‘otgan shoirgina taxallusga erishadi. Mahorat cho‘qqisi qay yo‘l va qay usullar bilan zabt etilishi esa alohida mavzudir. Gapni muxatasar qilsak, u hayotda bir bor beriladi. Shoir erishgan taxallus uning bir umrlik hamrohi, hamrohigina emas, o‘zligiga aylanadi.

So‘z—muqaddas. Osmondan tushgan to‘rtta muqaddas kitobning birida “So‘z dastlab Xudo edi”, deyiladi. So‘z—Xudo.

Hamalning ot qulog‘i ko‘rinmas ko‘roydin tunlarida safarga chiqqanmisiz? Ana shunda olis-olislarda, ko‘z yetmas yerda, nafaqat ko‘z, balki ovoz yetmas yiroqda, qop-qorong‘u osmonning bir chekkasini bexosdan tilgan chaqmoq borliqni bir lahza yoritib o‘tadi. Bir lahzadan keyin olam yana qorong‘ulikka g‘arq bo‘ladi… Keyin taqdir yo‘llari sizni qancha manzillarga boshlab boradi, qancha qorong‘u va yorug‘ kunlarni ko‘rasiz, lekin Hamal oyining o‘sha qorong‘u kechasini bir lahzaga yoritib o‘tgan chaqmoq shu’lasi xotirangizga muhrlanib qoladi.

O‘zbek shoiri Cho‘lponni o‘qiganimda o‘sha chaqmoq shu’lasini ko‘z oldimga keltiraman. U nega o‘ziga “Cho‘lpon” degan taxallus tanladi ekan, deb qayta-qayta o‘zimga savol beraman.O‘zga taxallus qo‘llaganida, balki uni qurshab kelayotgan zulmatdan omon qolarmidi, deb o‘ylab qolaman. Erta sahar payti ko‘kda paydo bo‘ladigan yorug‘ yulduzni “Cho‘lpon” deyishadi.. Afsuski, uning umri qisqa. Bor-yo‘g‘i ikki-uch soatgina osmonda shu’la sochib, tezda so‘nadi. “Cho‘lpon yulduz hali chiqmagan edi” deganimizda, tun pardasi ko‘tarilmagan erta saharni ta’riflaymiz. Cho‘lpon shoirning umri ham o‘sha tong yulduziday qisqa bo‘ldi. U o‘zining dastlabki she’rlarini “Qalandar” ,“Andijonlik” kabi taxalluslar ostida e’lon qilib yurib, nihoyat, mana shu “Cho‘lpon”ga to‘xtalganida nelarni o‘yladi ekan?

Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon! U 1897 yili Andijonda tug‘ildi. Shoirning otasi Sulaymon Muhammad Yunus o‘g‘li Andijonning ko‘zga ko‘ringan savdogarlaridan biri edi. Andijon o‘zgacha go‘zal va sehrli ma’vo. Uning go‘zalligi va sehri buyuk Bobur Mirzoning g‘azallarida o‘zgacha bir mehr va sog‘inch bilan kuylangani bejiz emas.

Tog‘lar ortida yonma-yon joylashgan uch o‘lka – Namangan, Farg‘ona, Andijonni o‘zbeklar “Vodiy” deb ulug‘laydilar. Vodiyning tub aholisi o‘zlarini toza o‘zbeklarmiz, deyishadi. Aslida bugungi o‘zbek adabiy tili Farg‘ona bilan Toshkent shevalari asosida shakllanib, rivojlangan. O‘zbeklarda har bir viloyat o‘z shevasida gapiradi. Shevalar har xil bo‘lganidan ba’zan bir-birlarining gaplarini qiynalib tushunishlari ham mumkin.

Cho‘lpon mana shunday ajoyib, sharafli zaminda tug‘ildi. O‘zbeklarda oddiy kishilarga kasbiga qarab laqab berish odati ham bor.

Shoir Cho‘lponning otasini andijonliklar “Sulaymon bazzoz” deyishgan. Bu mato yoki gazlama sotuvchi degani. Bolalik chog‘laridayoq bo‘lajak shoirga otasining gazlama do‘koni torlik qildi. Buni sezgan Sulaymon bazzoz “Gazlama sotishni istamasa, unda mulla bo‘la qolsin” degan niyatda bolasini madrasaga o‘qishga beradi. Keyinchalik Cho‘lpon: “Madrasada o‘qib yurgan kezlarimda bir turk bilan tanishdim. U Qur’onni boshdan-oyoq yod biladigan g‘oyat savodxon kishi edi. Keyin bilsam, Istambuldagi panturkistlar uyushmasi tomonidan u Sharqiy Turkistonga umumturk g‘oyalarini targ‘ib qilish uchun yuborilgan ekan. Gazeta-jurnallarni mutolaa qilishni o‘shandan o‘rgandim. Madrasadagi saboqlar bir chekkada qolib ketdi. Bir yo‘la adabiyotga yuz burdim”, – deb yozadi jadidchilik yo‘liga qanday kirganini hikoya qilar ekan.

Shunday qilib, Sulaymon otaning orzusi ushalmadi. Bazzoz bo‘ladi, degan farzandi “Zo‘r shoir bo‘laman” dedi. Otaning rejalari birma-bir chippakka chiqa boshladi. Qurbon hayitlari-yu, iftor oqshomlarida, laylatulqadr tunlari, tarobih namozlarida Qur’oni Karimni boshdan oxirigacha, oxiridan boshigacha o‘qib, muhtaram jamoatni hayratga soladigan ulamo bo‘lar degan o‘g‘li qo‘liga tasbeh o‘rniga hassa tutdi, boshiga salla o‘rniga bejirim shlyapa kiydi. Andijondagi rus-tuzem maktabida o‘qib yurib, jahon xalqlari adabiyotining mumtoz asarlari bilan tanishdi va zamonaviy o‘zbek tarjima maktabiga asos soldi… U Turkistonda birinchi bo‘lib Shekspirning “Gamlet”ini, Pushkinning “Dubrovskiy”si, Gogolning “Revizor”ini va Rabindranat Tagorning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan shoir edi. Bizning Mag‘jon kabi Cho‘lpon ham o‘zbek she’riyatiga yangi ohang, yangi uslub bilan kirib kelgan edi.

Jadidchilik harakati boshqa turkiy xalqlarga qaraganda o‘zbeklarga g‘oyat qiyinchiliklar bilan singdi. Bu tabiiy hol edi. Asrlar bo‘yi shakllanib kelgan udumlardan xalos bo‘lish oson kechmaydi. O‘troq xalq har qanday yangilikni ehtiyotkorlik bilan qabul qiladi. Shunda ham qabul qilsa…

Cho‘lpon o‘z asarlari bilan xalqiga yaqin bo‘lishni istadi. O‘z xalqi uchun tushunarli, hammaga birday ma’qul bo‘ladigan tilda she’rlar yozgisi keldi. Sof o‘zbek shoiri bo‘lishga, sof o‘zbek tilida yozishga jazm qildi. U ijod uchun ma’naviy quvvatni tashqaridan emas, ichdan, o‘zbek xalqining o‘zidan izladi. Lekin, o‘z qobig‘iga o‘ralib qolmasdan, o‘zga xalqlarning she’riyatini ham qunt bilan o‘rgandi. “ Kecha va kunduz” romanining qahramoni “Orenburgda, Qozonda, Ufada, Bokuda, Astraxanda, ayniqsa, Moskvada qanday ajoyib gazetalar chop etiladi. Bog‘chasaroyga besh so‘m jo‘natsang, bir yilgacha uyingga “Tarjimon” kelib turadi”,– deydi. Demak, u yoshligidanoq tinimsiz o‘qib-izlangan, o‘z ustida ishlagan. Bu bir. Ikkinchidan, u mumtoz shoirlarning lirik qahramonlari yangi davr uchun mos kelmayotganini, milliy she’rga yangicha zamon ruhini singdirish lozimligini anglab yetdi. O‘sha qizil gul bilan may, Bog‘i Eram bilan hur qizlar, bulbul bilan farishtalardan ham boshqa o‘xshatish va mavzular borligini, u mavzularni rivojlantirishga o‘zbek tilining qudrati yetishini isbotlashga intildi. Va buni isbotladi ham. Uni baxtli shoir deyishimizning sababi ham shunda.

“Zamonaviy o‘zbek adabiyotini ikki buyuk daryoga – Sir va Amuga o‘xshatish mumkin. Boshqacharoq qilib aytsak, Sir deganda – Cho‘lponni, Amu deganda—Abdulla Qodiriyni bilmoq kerak” degan ta’rifga to‘liq qo‘shilishimiz ham shundan.

Har yili bahor yangicha kelgani kabi, har bir shoir ham adabiyotga yangilik bo‘lib kiradi. O‘tgan asrning boshi adabiyot uchun ijodiy izlanishlar va ijodiy kashfiyotlarga boy bo‘ldi. Bu davrga kelib, millatning ilg‘or ijodkorlarida turkiy olamning milliy qadriyatlariga farzandlik nigohi bilan qarash shakllana bordi. Shuning uchun ham shoir Cho‘lpon o‘zining “Adabiyot nadur?” nomli maqolasida “Adabiyot yashasa, millat yashar: adabiyoti gullamagan va adabiyotining taraqqiysiga intilmagan va adiblar yetishtirmagan millat oxir bir kun hissiyotdan, o‘yidan, fikridan mahrum bo‘lib, sekin-asta inqiroz bo‘lur, buni inkor qilib bo‘lmas” desa, ozarbayjon Muhammad Hodi “Ozodliksiz umr — tul” deb ta’kidlaydi. Tatar shoiri Abdulla To‘qay o‘z tili to‘g‘risida “Ey, tuqqan til, ey matur til, otam, onamning tili, dunyoda ko‘p narsa bildim sen tuqqan til orqali”,– deb xitob qilgan. Sultonmuhammad og‘aning “Zimiston qozoq osmoniga chiqib kun bo‘lay”,– deydigan kezlari edi o‘sha damlar.

Cho‘lpon, tom ma’noda, milliy tuyg‘ularni aks ettirgan shoir bo‘lib yetishdi. Ijodidagi aynan ana shu milliy tuyg‘u keyinchalik uning boshiga yetdi. Lekin bu shoir uchun sharafli o‘lim edi, deymiz. Millat uchun jon fido qilganlar shahid bo‘ladi, deyishadi ajdodlar. Ishongimiz keladi. Millat uchun shahid ketgan ulug‘ shoir Cho‘lponning ruhi shod bo‘lib, u dunyoda jannatda yurganiga ishongimiz keladi. ..

XIX asrning o‘rtalarida ruslar O‘rta Osiyoni istilo qilishga kirishdilar. Avval, 1868 yilda Buxoro amirligi, 1873 yilda Xiva xonligi, keyin esa, 1876 yili Qo‘qon xonligi bosib olinib, oqposhshoga tobe etildi-da, bu o‘lka “Turkiston general gubernatorligi” deb ataladigan bo‘ldi. El mustamlakachilar zulmi ostida qoldi. Bularning bari shoirning yuragidan o‘tib, qalbiga ozor berardi. U millat ozodligi orzusida yashadi. Cho‘lponni yangicha shoir deyishimizga sabab ham mana shu. Shunday qilib, “Turkistonimning ostonasidan omad bo‘lib emas, ofat bo‘lib 1916 yil kirib keldi” (Asqar Sulaymonov), deb ta’riflangan zamon boshlandi. 1917 yildagi fevral inqilobini o‘zbek va qozoq ziyolilari katta quvonch bilan qarshi olishgan edi. Afsuski, ularning bu quvonchi uzoqqa bormadi. Oktyabr to‘ntarishidan keyin Turkiston jadidlari Qo‘qonni “Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi muxtor respublika” deb e’lon qildilar. 22 noyabrda bo‘lib o‘tgan qurultoyda Bosh vazir va ichki ishlar vazirligi lavozimiga Muhammadjon Tinishboyev saylandi. Keyinchalik uning o‘rniga Sir bo‘yi qipchoqlaridan bo‘lgan Mustafo Cho‘qay tayinlandi.

U Cho‘lponni “O‘zbekning Mag‘joni” deb atadi. O‘zga turkiy tillar kabi o‘zbek tilini mukammal bilgan bu arbob shoir ikki qardosh asarlarini yaxshi bilgani uchun ularga yuksak baho bergan edi.

Biz yuqorida Sultonmuhammadni bekorga tilga olmadik. U o‘z vaqtida “Alasho‘rda” madhiyasini yozgan bo‘lsa, Cho‘lpon Mustafo Cho‘qayning taklifi bilan Qo‘qon muxtor respublikasining madhiyasini yozdi. 1918 yilning fevralida bolsheviklar Qo‘qon muxtoriyatini tarqatib yuborgach, Cho‘lpon Orenburgga ketib, qozoq ziyolilari bilan birlashdi. 1918 yilning 21-26 iyullarida Orenburgga to‘plangan Alash ziyolilari Umumqozoq qurultoyini o‘tkazib, unda Farg‘ona, Sirdaryo viloyatlarining ziyolilari ham ishtirok etishadi. Ana shunday yig‘inlarda Cho‘lponning qozoq ziyolilari bilan uchrashib, suhbatdosh, fikrdosh bo‘lganiga shubhalanmasak ham bo‘ladi. O‘sha yillari Orenburda qozoq ziyolilarining yig‘inlari muntazam bo‘lib turgan edi. Bunday uchrashuv, muloqotlarda turkiy qardosh xalqlarning ijodkor ziyolilari faol ishtirok etishgan. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, Cho‘lpon qozoq do‘stlarining taklifi bilan Orenburgda tuzilgan Boshqird hukumatining kotibi lavozimida ham ishlagan.

1922 yilda Nazir To‘raqulov Toshkentga kelib, o‘zbek tilida nashr etiladigan “Inqilob” jurnaliga bosh muharrirlikka tayinlangach, Cho‘lponning qayerdaligi bilan qiziqadi. Bu orada qizillar Buxoroni bosib olgan edi. Bolsheviklarining qonli panjasidan zo‘rg‘a qutulib chiqqan Cho‘lpon tuzoqdan qochgan to‘rg‘ay misoli Nazir To‘raqulovning huzurida panoh topadi. U “Inqilob” jurnalida ishlagan davrida ko‘plab yangi asarlarni yaratishga muvaffaq bo‘ldi. O‘sha alg‘ov-dalg‘ov zamonda turkparvar shoirlardan Cho‘lpongina emas, balki Fitrat, Elbek, Botu kabi iste’dodli o‘zbek o‘g‘lonlarining asarlarini Nazir To‘raqulov asl nusxada o‘qigan, o‘qibgina qolmay, ularni yuksak baholab, e’lon qildirgan edi. Ana shu murakkab davrda qozoq va o‘zbek adiblari bir-birlari bilan hamkorlikda ijod qilishganligi, yaqin adabiy aloqada bo‘lishganini ta’kidlash lozim. Yigirmanchi yillarda Xalil Do‘stmuhammedov, shoir Mag‘jon Jumaboyev, Axan Boytursunov, Qurmanbek Jandarbekov kabi qozoq ziyolilari Toshkent pedagogika institutida dars berib, “Cho‘lpon” nomli jurnal nashr etishgan.

O‘zbek xalqi mustaqillikka erishgandan keyin Cho‘lponning barcha asarlari nashr etila boshladi. Bizning Mag‘jon singari o‘zi tug‘ilgan yurtdagi yurtdoshlari bilan kech topishdi. O‘zbek she’riyatida Cho‘lpon bilan Usmon Nosir yoqqan chiroq qaytadan porlab, ularning asarlari xalqning ma’naviy mulkiga aylandi. Shoir bir she’rida:

Tilingan tillarga qon yugurgusi,
Bo‘shalgan inlarga jonlar kirgusi,
Tikanli bog‘chalar chechak ko‘rgusi,
Haq yo‘li, albatta, bir o‘tilgusi
Jandalar jonimga tekkan kunlarda!..

deb yozgan edi. Shoirning “Ko‘ngil” she’ri o‘z davrida o‘zbek yoshlarining sevikli asariga aylangan edi.

Tiriksan, o‘lmagansan,
Sen-da odam,
sen-da insonsen,
Kishan kiyma, bo‘yin egma,
Ki, sen ham
hur tug‘ilg‘onsen!..

El mustaqillikka erishgach, Cho‘lponning asarlari, lirik she’rlari xalqiga qaytib keldi. Yuqorida biz parcha keltirgan “Ko‘ngil” she’ri qancha shoirlarga ilhom bag‘ishlamadi, deysiz. Iste’dodli o‘zbek shoiri Rauf Parfi unga muxammas yozdi. Shu o‘rinda muxammas janriga qisqacha to‘xtalib o‘tsak. Sharqda aruz vaznida g‘azal yozgan shoirlarning muxammas yozmagani yo‘q desak bo‘ladi. Muxammas odatda besh satrdan iborat bo‘lib, shuning boshlang‘ich uch satri muallifdan, qolgan ikki satri esa muxammas bag‘ishlangan shoirdan olinadi. Ayni vaqtda qozoq she’riyatiga muxammas singmagan…

Yuzlashding balolarga,
alamlar ichra ko‘zlashding,
O‘zing kuyding, o‘zing yonding
o‘zgalar haqqi o‘zlashding,
Bu qul bozorida izg‘ib
qumrilar kabi bo‘zlashding,
Ko‘ngil, sen bunchalar nega
kishanlar birla do‘stlashding?
Na faryoding, na doding bor, nechun sen buncha sustlashding?

/R.Parfi. “Cho‘lponga muxammas”dan/

Cho‘lponning muhabbat olami qadim shoirlarnikiday qo‘l yetmas, olis olamdagi xayoliy dunyo bo‘lmagan. Hur qizlar o‘rnida u o‘zbek qizining haqiqiy go‘zalligini kuyladi. Abay bobo “So‘z aytdim Hazrat Ali, ajdahosiz, munda yo‘q oltin jig‘ali sariq ola qiz” deganiday Cho‘lponning she’rlarida ham qadimgi oshiqlarning afsonaviy sevgisi emas, balki zamondoshlarning qalb tuyg‘ulari, ularning quvonch va qayg‘ulari tushunarli so‘zlar bilan kuylanishi kitobxonlarni maftun etadi. “Sochilgan sochingday sochilsa siring, Anor yuzlaringni kimga tutasan?” deb yozadi u suygan qiziga qarata. Mana shu ikki satrning o‘ziyoq she’riyat olamiga yangi shoir kelganini aytib turardi. O‘sha davr yoshlari Cho‘lpon kashf etgan ham tanish, ham notanish mana shu yangi she’riyat olamining shaydosiga aylanishdi, uning she’rlarini ko‘chirib oladigan, bir-birlaridan eshitib yodlaydigan bo‘lishdi.“Bu kuy, chindan ham avvalgilarga o‘xshamas”di. Sevgisini necha asr muqaddam bitilgan g‘azal va masnaviylar orqali izhor etib, qadimgi baytlar va dostonlarni yodlab ulg‘aygan yoshlar Cho‘lponning oddiy o‘zbekona tildagi go‘zal va ta’sirli satrlaridan hayrat zavqini tuyishdi hamda she’riyatga o‘zgacha ixlos qo‘yishdi. “Anor yuzlaringni kimga tutasan?” she’ri ham o‘sha davr yoshlarining sevgi madhiyasiga aylandi.

O‘zing-ku
—“Ularda vafo yo‘q!” deding,
Nimaga ularni tag‘in kutasan?

kabi satrlar qancha shoirlarga ilhom bag‘ishlab, yana qancha she’rlarning dunyoga kelishiga turtki bo‘lmagan deysiz. Cho‘lponning ishqiy lirikasi xayoliy malak sog‘inchi, hijronlarini emas, hayotiy muhabbatni ham madh etgani bilan kitobxonlar qalbidan joy oldi. Shoir bir g‘azalida “Muhabbat osmonida go‘zal Cho‘lpon edim, do‘stlar” deb bejiz aytmagan edi.

Shoirning hali o‘rganilmagan yana qancha erkin she’rlari, mansuralari mavjud. Erkin she’r o‘sha davr uchun, tom ma’noda, diqqatga sazovor yangilik bo‘lgan edi. Shoir ijodining yana bir o‘zgachaligi shundaki, u qisqa she’r shaklini kashf etdi.

Har bir ijodkorni mashhur qilib, qadrini orttirgan o‘zgacha bir asari bo‘ladi, desak, shoir Cho‘lponning ana shunday yuksak asarlaridan biri “Go‘zal”ni aytish mumkin. She’riyat muxlislari orasida “Go‘zal”ni yod bilmaydigan o‘zbek kam bo‘lsa kerak. Bizning Mag‘jonning “Shildir, shildir, shildir” satri bilan boshlangan she’ri o‘sha davr uchun qanchalik yangilik bo‘lsa, “Go‘zal” she’ri ham o‘z davrida katta shov-shuvga sababchi bo‘lgan edi. Bu asar o‘zbek she’riyatida intim lirikaning qaldirg‘ochi deyish mumkin. Ungachayin, shoir O‘ljas Sulaymonov yozganiday “Yonar bilan anorga shoir xalqni qaratgan, undan pastni kuylashni taqiqladi yaratgan” degan aqida mavjud bo‘lgan sharq uchun bu she’r noyob yangilik bo‘lgan edi.

Qorong‘u kechda ko‘kka ko‘z tikib,
Eng yorug‘ yulduzdan seni so‘raymen.
Ul yulduz uyalib, boshini bukib,
Aytadir: “Men uni tushda ko‘ramen.
Tushimda ko‘ramen, shunchalar go‘zal,
Bizdan-da go‘zaldir, oydan-da go‘zal!..”

Qardosh tillardan she’r tarjima qilish g‘oyat murakkab. Nasrning yo‘li boshqa. Bir qaraganda she’r mazmuni tushunarli, osongina tarjima bo‘ladiganday tuyuladi. Qo‘lga qalam olib, tarjimani boshlaganda ko‘z o‘ngingizda she’rning go‘zalligi so‘nib, ranglar uniqib borayotganini ko‘rib, esankirab qolasiz. Buning o‘z sabablari bor. Har bir xalqning adabiy til me’yorlari turlicha sharoitda shakllangan. Shu boisdan badiiylik darajasi ham turlicha. Bu tabiiy hol. Masalan, o‘tgan asrning 60-yillarida qozoq she’riyatida ilgari kuzatilmagan sifat o‘zgarishlari ro‘y berdi. She’r texnikasi yuksaldi, qofiyalar mukammallashib, bir necha bo‘g‘inga yetdi, badiiylik darajasiga qo‘yiladigan talablar kuchaydi. Natijada she’riy tarjima mas’uliyati ham ortdi. To‘g‘risini aytganda, shoirlarimiz boshqa xalq shoirlarini tarjima qilgandan ko‘ra, ularning asarlaridagi asosiy fikrni olib, qozoqcha ifodalashni afzal ko‘radigan bo‘lishdi. Bu to‘g‘ri usulmi? Bunga adabiyotshunoslar javob bergani ma’qul. Nima bo‘lganda ham Cho‘lpon singari ulkan iste’dodlarning she’rlarini qozoqchaga tarjima qilish zarur. Chinakam she’riyat qush singari chegara bilmaydi. Aytish joizki, Cho‘lpon, Mag‘jon davridagi adabiy aloqalarning jipsligi keyingi yillarda zaiflasha boshlagandi. Adabiy aloqalarni mustahkamlashda o‘zbek qalamkashlari orasida Nosir Fozilovning xizmatlari beqiyos ekanligini alohida ta’kidlamoq joiz. Asli turkistonlik bo‘lgan yana bir qondoshimiz Rahimjon Otauli butun hayotini O‘zbekistonda qozoq she’riyatini targ‘ib qilishga bag‘ishlab kelmoqda. Shuningdek, Mirpo‘lat Mirzo, Bahrom G‘oyib kabi shoirlar og‘zaki adabiyotimizdan tortib, bugungi shoirlarimizning asarlarigacha tarjima qilish bilan mashg‘ul bo‘lishmoqda. Ba’zan qozoq she’riyati haqida qozoq tanqidchilari aytmagan fikrni o‘zbek qalamkashlari aytishganida, hayratda qolasan, kishi.

Bugungi Toshkentga yo‘li tushgan qozoq borki, Navoiy shoh ko‘chasini Abay shoh ko‘chasi kesib o‘tishiga e’tibor beradi. Ikki xalqning buyuk mutafakkir shoirlari nomidagi ko‘chalarning kesishib o‘tishida ham o‘ziga xos bir ramziy ma’no bordek. Asrlar osha yonma-yon yashab kelayotgan ikki xalqning hayoti, qiziqishlari, san’ati va adabiyoti ham tutashib, jipslashib ketgandek go‘yo…

Cho‘lponning ijodi esa ikki xalq uchun ham birdek qadrlidir.

Shoir haqidagi hikoyamizni ko‘ngilli yakunlash mumkin emas. 1937-38 yillarda mustabid sho‘ro hokimiyati Qozog‘istonda avj oldirgan zo‘rovonlik va xunrezliklarni o‘zbeklarning ham boshiga soldi. Dastlab milliy ziyolilarni bir-birlariga qarshi gij-gijlash boshlandi. O‘zaro arz-chaqimlar kuchaydi. Avval respublika rahbarlari Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jayevlar qamaldi. Tez orada millat ziyolilarini ham tutqunga olish boshlandi. Ular orasida Usmon Nosir singari o‘n gulidan bir guli ochilmagan tengsiz iste’dod sohiblari bilan birga o‘zbek badiiy so‘zining dahosi — Abdulla Qodiriygacha bor edi. She’riyat osmonida cho‘lpon yulduz bo‘lib chaqnagan shoir Cho‘lpon tutqunga olinganida xalq ingrab, cho‘kayotgan cho‘pga yopishgan kabi sho‘ro sudidan adolat kutgan edi. Lekin sud o‘rniga o‘sha yillarda millionlab begunoh odamlarni o‘limga hukm qiluvchi mudhish “uchlik” xalqning suyukli shoirini ham “Xalq dushmani” degan umumiy aybnoma bilan otishga hukm qildi va 1937 yilning zulmatli kechasida Toshkent yaqinidagi jarlarning birida hukm ijro etildi. Shunday qilib, yana bir Cho‘lpon yulduz bemahal so‘ndi. Shoirni tutqunga olishganida uning she’rlari va “Kecha va kunduz” roman-dilogiyasi ham NKVDga olib ketilgan edi. Keyin romanning birinchi qism qo‘lyozmasi topilib, qayta nashr etildi. Lekin asarning eng ko‘lamli va eng ko‘rkam ikinchi qism qo‘lyozmasi topilmadi. Afsuski, romanning “Kecha”si bor-u, “Kunduzi” yo‘q! Qariyalarning “Bir kam dunyo” deganlari shumikan?!..

Qozoqchadan Mehmonqul Islomqulov tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 10-son.