Ernest Miller Xeminguey – XX asr AQSh adabiyotining yorqin namoyandasi. Nobel mukofoti sohibi, dunyo tillariga eng ko‘p tarjima qilingan va e’tirof etilgan «Fiyesta», «Alvido, qurol!», «Bong kimni chorlamoqda?», «Chol va dengiz» asarlari muallifi.
XX asr 30 – 60-yillari avlodining hayot va jamiyat, sevgi va muhabbat, adabiyot va san’at haqidagi tushunchalariga, umuman, e’tiqod va dunyoqarashiga mazkur adib shunchalik katta ta’sir ko‘rsatdiki, ijodiga, asarlarining qahramonlariga, yashash, gapirish va so‘z ishlatish usuliga bu darajada ommaviy taqlid qilingan boshqa bir shaxsni dunyo adabiyotida uchratish qiyin. Boshqacha aytganda, 30 – 60-yillardagi ziyolilar, faylasuflar, oddiy talabalar suhbati Xeminguey bilan boshlanib, Xeminguey bilan tugardi. Shu sababli uni G‘arbda obrazli qilib «Butun boshli avlodning cho‘qintirgan otasi» deb ham atashadi. Adibning yashash tarzi, urush maydonlaridagi, Kuba changalzorlari va Afrika chakalaklaridagi sarguzashtlari, o‘zi yashayotgan tuzumga va siyosatga munosabati, matonat, iroda, o‘zining shaxs, inson sifatidagi mavjudligini isbotlash, adabiyotda o‘z o‘rnini topish, olamshumul e’tirofga erishish yo‘lidagi mardonavor kurashlari asarlaridan ham ko‘ra ko‘proq mashhur edi.
Bu adib dunyo adabiyotida Joys, Kafka, Kamyu kabi adabiy tasavvur chegaralarini buzganligi, uslubi yoki jamiyat va inson mohiyatiga qo‘ygan yangicha tashxisi bilan emas, uslubining oddiy va soddaligi, barcha obrazlarida urush avlodining o‘y-kechinmalarini hayotiy tarzda aks ettirgani, qahramonlari o‘z davrining badiiy timsollari darajasiga ko‘tarila olgani bilan ajralib turadi. Uning ijodiy laboratoriyasi yosh yozuvchilarning ijod, adabiyot va hayot haqidagi tasavvurlarini quvvatlantirdi, kuch va imkoniyat bag‘ishladi.
Amerikalik adib Ernest Miller Xeminguey 1899 yil 21 iyulda Illinoys shtatining Chikago yaqinidagi Ouk-Park shaharchasida shifokor oilasida dunyoga keldi. Endigina esini taniy boshlaganida otasi unga qarmoq sovg‘a qiladi va o‘g‘lini o‘zi bilan birga baliq oviga olib chiqadi. Shu tariqa baliq ovi Xemingueyning bir umrlik ermagiga aylandi. U mashhur adib bo‘lib tanilganda ham dunyo g‘ala-g‘ovurlaridan qochib dengiz va daryo bo‘ylariga ketib qolardi. Adib 1939 yildan 1960 yilgacha XX asr talotumlaridan o‘zini va qalbini asrash niyatida Kubaning ovloq go‘shasida umrini asar yozib, baliq ovlab o‘tkazdi. U cheksiz ummonga qarab turib hayot va tiriklik haqida xayol surgan, bepoyon ummondan tiriklikning mohiyatini anglashga uringan va topgan ham.
Otasi Klarents va bobosining ta’sirida Erni tabiat oshuftasi, sarguzashttalab yigit bo‘lib voyaga yetdi. Erni nafaqat usta baliq ovchisi edi, balki o‘rmondagi har bir daraxtni, giyohni, hindular va atrofidagi turli soha odamlarini, kambag‘allar, dehqonlar, chorvadorlar hayotini yaxshi bilardi. Otasi unga tabiatni tomosha qilishni emas, o‘qishni, tabiat bilan inson uyg‘unligini his etishni ham o‘rgatgandi. Keyinchalik Ernestning ko‘plab hikoyalariga qahramon bo‘lgan Nik Adams obrazi, aslida, otasining prototipi edi. Bevaqt o‘limidan so‘ng ham Ernest Xeminguey adabiy qahramoni Nik Adams qiyofasida otasini bir umr o‘zi bilan birga olib yurdi, u bilan suhbat qurdi, u bilan maslahatlashdi, u bilan hayot haqida munozaralarga kirishdi. Bir so‘z bilan aytganda, Nik adibning adabiy otasiga aylandi.
Tabiat qo‘ynida va otasining undovi bilan boks sportida chiniqib ulg‘aygan Ernest maktabni yozuvchi bo‘lish haqidagi qat’iy qaror bilan tugatdi. Uning dunyoga aytadigan gaplari ko‘p edi. Shu sababli ota-onasi qanchalik talab etmasin, universitetga o‘qishga kirmay, o‘z omadini reportyor-jurnalist sifatida sinab ko‘rishga qaror qildi. Kanzas-Sitiga borib mahalliy «The Kansas City Star» gazetasiga ishga kirdi. Gazeta uni qisqa, lo‘nda, aniq yozishga o‘rgatdi. Bu esa keyinchalik uning ijodida butun umr asqotdi.
Bu paytda Yevropada urush ketardi. Sarguzashttalab yosh Ernest urushga xuddi sport musobaqasiga ketayotganday intilardi. «Men g‘irt ahmoq edim. O‘sha paytda urushayotgan ikkita tomonni ikkita sport jamoasi deb tasavvur qilardim va shu o‘y bilan urushga otlandim», – deb yozgandi ancha yillardan keyin. O‘zi aytganidek, «g‘irt ahmoqlik paytida» urushga borish uchun ariza berdi. Ammo ko‘rish qobiliyati pastligi bois arizasi inobatga olinmadi. U bundan o‘zini kamsitilganday his etdi, birinchi marta shaxs va inson sifatida tahqirlanganday sezdi. Aynan ana shu tahqir tuyg‘usi unga o‘zini ko‘rsatish uchun kuch va quvvat bag‘ishladi. Qanday qilib bo‘lsa ham urushda ishtirok etish, o‘zining boshqalardan kammasligini isbotlash istagi unga tinchlik bermasdi. Nihoyat, u Qizil xoch jamiyatiga ko‘ngilli bo‘lib ishga kiradi va haydovchi sifatida Italiyaga – Birinchi jahon urushi alanga olgan mamlakatga jo‘nab ketadi. U urushni ko‘rib o‘zi fikr qilganidek «sport o‘yini» emas, balki boshida turganlar va o‘ylab topganlarning mudhish jinoyati ekaniga amin bo‘ldi. Uning aldangan tasavvuri bu haqiqatni butun insoniyatga yetkazish niyatini paydo qildi. Urush qahramonlik maydoni emas, balki insonni xo‘rlaydigan, uni tubanlashtiradigan, dunyodagi jamiki ezgulikka qarshi qaratilgan eng qabih harakatdir. Bu uning hayotdagi birinchi sabog‘i edi. Ayni shu sabog‘i dastlabki ikkita yirik romani yaratilishiga turtki berdi. Bu asarlarida urushga bo‘lgan bor nafratini bayon qildi.
U urush asoratining nafaqat ruhiy azoblarini, balki jismoniy og‘riqlarini ham boshdan kechirdi. Yarador italyan askarini qutqaraman deb minaga duch keldi va naq 227 joyidan jarohat oldi. Bu haqda yaqinlariga yo‘llagan xatida: «…tanamga xuddi 227 ta iblis tirnog‘i botib turganday…» – deb yozgandi. Shifokorlar uning tanasidan 22 ta o‘q parchasini terib olishadi. Ammo ularning yana bir qanchasi qolib ketdi va adibga butun umr azob berib o‘tdi. Yosh Ernining urush haqidagi tasavvuri ana shu tariqa o‘zgardi: endi urush uning tasavvuridagi iblisga aylanadi va bir umr bu iblisni asarlari orqali fosh qilish bilan shug‘ullanadi.
Birinchi jahon urushi va undan keyingi yillarda o‘zi boshidan kechirgan, o‘zini larzaga solgan tuyg‘ularini, kechinmalarini izma-iz bosilib chiqqan ikkita romaniga singdiradi. Dastlab «Fiyesta» romani «Quyosh baribir chiqaveradi» nomi ostida bosildi. Bu asar jurnalist Xeminguey nomini butun Amerikaga mashhur qilib yubordi. Keyingi «Alvido, qurol» romani esa adibni Yevropaga ham tanitdi.
«Fiyesta» asariga Gertruda Steynning «Sizlar zavol topgan avlodsiz!» degan mashhur iborasi epigraf qilib olingan, asarda ham ayni shu «zavol topgan avlod»ning botiniy dunyosi haqida hikoya qilinadi. Adib unda urushga o‘rgangan va urushsiz yashay olmay qolgan avlodning urushsiz dunyoda o‘zligini topish mashaqqatlarini aks ettiradi.
Urush bu avlodning barcha narsasini: muhabbati, tuyg‘ulari, insoniy qiyofasi, ko‘ngli, maslagi va e’tiqodini tortib oldi. Mazkur fazilat va xislatlardan mahrum avlod endi urushsiz, tinch va osuda hayotda o‘zini topa oladimi? Asarda ana shu savolga javob qidiriladi va barcha ezgu fazilatu xislatlardan mahrum avlod ruhiyatining ayanchli manzaralari g‘oyat ta’sirchan usulda ko‘rsatib beriladi.
Zavol topgan avlod bu – urush tufayli so‘ngan umidlarini qayta tiklolmagan, urushdan keyin hayotdan mazmun, quvonch topolmagan, ertangi kunini qayta yaratolmagan avlod.
Asar qahramonlarining deyarli barchasi urushda ishtirok etgan va uning asoratlarini ko‘ngillarida asrab yuribdi. Boshqacha aytganda, urush hali ham ularning ko‘nglini va hayotini boshqarishda davom etyapti. Asarda ichkilik, ko‘ngilxushlik bilan bog‘liq sahnalar juda ko‘p uchraydi. Chunki bu avlod urush asorati va vahimasini maishat, ichkilik, ko‘ngilxushlik bilan yengishga urinadi. Ammo ichlariga kirib olgan Iblis ularni tark etmaydi. Chunki majruh ko‘ngillari ichlaridagi bu iblisni yengishga ojiz. Bu avlodning axloqiy qarashlari ham puturdan keta boshlagan. Qahramonlardan biri Maykl sevgan ayolining xiyonatiga ham ota-bobolari kabi munosabat bildirmaydi. Aksincha, xiyonat qilgan mahbubasini tushunishga, uning xiyonatlarini oqlashga urinadi. Urush bu avlodning nafaqat insoniy sha’niga, g‘ururiga, axloqiy tushunchalariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Roman ayni shu ma’noda G‘arb ma’naviy olamining tubanlikka, yo‘qlikka yuz tutayotganini, puturdan ketgan axloq, sha’n, g‘ururni real voqelikda aniq tasvirlab bergan dastlabki asarlardan edi.
«Fiyesta» urushning ma’naviy asoratlari botqog‘iga botgan avlod haqida bo‘lsa, 1929 yili bosilib chiqqan «Alvido, qurol!» romani bevosita urushning o‘zi to‘g‘risida. Asarda urush va muhabbat qarama-qarshi qo‘yiladi. Aslida, yozilish vaqtiga ko‘ra emas, ma’no va mohiyatiga ko‘ra «Alvido, qurol!» romani «Fiyesta» asarining boshlanishi, muqaddimasi edi. «Fiyesta» romanidagi voqealar «Alvido, qurol» romanining davomiday taassurot qoldiradi.
Asar qahramoni Fred Genri urush dahshatlaridan, urush qabihliklaridan qochib o‘zini sevgan qizi Ketrin Barkli qalbiga yashiradi. Boshqacha aytganda, urush jarohatlagan, mayib qilgan qalbini Ketringa bo‘lgan muhabbati bilan davolaydi. U ana shu yashiringan muhabbat va sevgi makonida o‘zini haqiqiy odamday his etadi, insoniy tuyg‘ularni boshdan kechiradi. Adib bu bilan muhabbatgina urush zada qilgan, o‘ldirgan qalbni tiriltiradi, insonga kuch va zavq bag‘ishlaydi deydi. Asarda XX asr odamining qismatini belgilaydigan ikkita qutb bor: urush va muhabbat. Qaysi birini tanlash odamning o‘z qo‘lida. Faqat muhabbatgina insonning qo‘lidan qurolni tushirishi, uni umumbashariy uyg‘unlikka, umumbashariy yaxlitlikka va birdamlikka olib kelishi mumkin. Faqat muhabbatgina bugungi urush bilan o‘zini ko‘rsatayotgan, urush bilan mavjudligini isbotlayotgan, urush bilan zada qilingan, alam va nafratga to‘la, loyqalangan, sayozlashgan ko‘ngilni isitib, uni yana hayotga, ilohiy uyg‘unlikka qaytara oladi. Bir tomondan urush manzaralari, ikkinchi tomondan muhabbat sahnalari, kechinmalari tasvirlangani asarda bu ikki qutbni bir-biri bilan qiyoslash imkonini beradi. Asarda urush ochiqchasiga, oshkora la’natlanmaydi, Xemingueyga xos uslubda, tagmatnda urush fojiasi va muhabbat tarannumi qiyoslanadi. Adib bu bilan xulosani o‘quvchining o‘ziga qoldiradi.
Urush urushligini qildi, Genridan muhabbatini ham tortib oldi. Ya’ni Ketrin vafot etdi. Oqibatda bu dunyoda Genri berkinadigan, uni urush vahimasidan omon saqlaydigan, jarohatlangan qalbini davolab, qutqarib qoladigan boshqa kuch, o‘zga makon qolmaydi. Urush muhabbatni o‘ldiradi. Urush zavol topgan avlod vakilini yengadi. Bu roman qahramonlarining ruhiy-ma’naviy kechinmalari, garchi ism-shariflari boshqa bo‘lsa-da, oldinroq chop etilgan «Fiyesta» romanida davom etadi. Bu ikki asar Ernest Xemingueyni dunyo miqyosidagi adib darajasiga olib chiqdi.
Otasi Ernining ko‘nglida ov bilan birga boksga ham qiziqish uyg‘ota olgandi. Shu bois boks ham uning doimiy mashg‘ulotiga aylanadi. Kubada yashagan yillari bu mamlakatdagi barcha nomdor bokschilar bilan ringda jang qildi. O‘zining iborasi bilan aytganda, adabiyot ham uning uchun boks maydoni edi. Adibning fikricha, bu ringda ham yo g‘olib, yo mag‘lub bo‘lib maydondan chiqilardi. Umuman, adib uchun hayotning o‘zi ring edi. U keyinchalik shunday yozgandi: «Men janob Turgenevni bir necha urinishda yiqitdim. Keyin janob Mopassanni ham, ancha qiyin kechgan bo‘lsa-da, baribir taslim qildim. Janob Stendal bilan ikki marta durang bo‘ldik, biroq so‘nggi raundda ochkolar hisobiga men g‘olib chiqdim. Janob Tolstoy bilan esa ringga chiqishni xayolimga ham keltirmadim».
Xeminguey o‘z zamondoshlari bo‘lgan Kafka, Joys, Prust bilan ham ringga chiqishga uringan. Biroq u adabiyotga kirib kelgan va ayni kuchga to‘lgan paytda bu adiblar adabiyot ringining qirollari sifatida tan olingan, ularning kurash uslublari ham bo‘lakcha edi. Shu sababli Ernest mazkur adiblarni ringga chaqirib o‘tirmadi. Biroq zamondoshi va do‘sti Skott Fitsdjerald bilan har kitobida ochiqchasiga adabiy ringga chiqib turgan. Buni Fitsdjeraldga yozgan xatlari ham tasdiqlaydi. 20 – 30-yillarda bu ikki adib Amerika adabiyotida do‘st, ayni paytda, raqiblar sifatida baholanardi.
Ernest Xeminguey so‘z ringida hamisha g‘olib bo‘lishga intildi, biroq ba’zida o‘zini yengilgan deb hisoblar, tushkunlikka tushib hammasini boshqatdan boshlash uchun o‘zini yangidan-yangi ermaklar, mashg‘ulotlar, xatarli o‘yinlar va sarguzashtlarga urardi.
Xemingueyning qisqa ifoda etish va bayon qilish, ma’noni matn ostiga yashirish usuli «telegraf uslub» deb atala boshlandi va bu adabiyotda yangi uslub sifatida e’tirof etildi. Ammo bu e’tirofga erishguncha adib mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi, yozish zahmati va uqubatini boshdan kechirdi, shu bilan birga, bir umr o‘zining iste’dodi va mahoratiga o‘zi shubha qilib yashadi. Folkner u haqda: «Mag‘lubiyatlardan paydo bo‘lgan adib», – degandi. Chunki Xeminguey mashhurlik va e’tirofga, shuhrat va e’tiborga o‘z irodasi bilan erishgan. Uning yozganlari o‘zining his etganlari, ko‘rgan-kechirganlari, hayot va olam haqidagi qarashlarining ifodasi edi. U ko‘rmagan, o‘zi guvoh bo‘lmagan voqealar, hodisalar haqida yozolmasdi. Barcha asarlarida bitta narsani – o‘zi ko‘rgan-kechirganlari, guvoh bo‘lganlarini, o‘z ko‘nglining tarixini, o‘zining shaxs sifatidagi botiniy tarjimai holini tasvirlab berardi. Shu sababli Ernest Xeminguey asarlari, aslida, adibning badiiylashgan avtobiografiyasidir. Hatto ma’lum ma’noda fantastik unsurlar aralashgan, romantik ruh ufurib turgan, adibni Nobel mukofoti shohsupasiga chiqargan «Chol va dengiz» qissasi ham o‘zining bir paytlar ov mahali qarmog‘i akula jig‘ildoniga tushib qolib, adibni qayig‘i bilan qo‘shib bir necha milga sudrab ketgan, akulani otaman deb oyog‘iga jarohat yetkazgan voqeaning ta’sirida dunyoga kelgandi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, asarlari Xemingueyni faqat adib sifatida emas, shaxs sifatida shakllanishiga-da turtki berdi. Boshqacha aytganda, Xeminguey qiyofasida shaxs va adib bir paytda shakllana boshladi.
«Fiyesta» va «Alvido, qurol!» romanlari bilan Xemingueyning ko‘ngil zaxirasi ham tugagandi go‘yo. Unga o‘zini larzaga solish, mudrayotgan qobiliyatini hushyor torttirish, butun shuurini yangi asarga sarflash uchun yangi sarguzasht kerak edi. Shu bois adib o‘zidagi mudrab qolgan ijodiy kuchni uyg‘otish uchun Afrikaning Safarisini kezib chiqadi, Ispaniyadagi fuqarolar urushida ishtirok etadi. Mashaqqatli safar, bir necha marta o‘lim bilan yuzma-yuz kelishlar, nihoyat, uning ilhom quvvatini uyg‘otdi. Natijada 30-yillarga kelib uning ketma-ket ikkita romani bosilib chiqdi. Ispaniyadagi urushga bag‘ishlangan «Bong kimni chorlamoqda?» romani boshqa asarlariga o‘xshamagan, adib ijodining yangi qirralarini namoyon qilgan asardir. Bu romanda adib ongosti kechinmalari uslubini o‘zining telegraf uslubi bilan birlashtiradi va yangi tasvir imkoniyatiga erishadi.
Ernest Xeminguey nomi hamisha modernistlar safida sanalmagan, uning o‘zi ham adabiyotda modernist bo‘lishni istamagan. Amerika modernistlarining bekasi Gertruda Steyn xonim Xeminguey haqida: «U qanchalik zamonaviy bo‘lishga intilmasin, yozganlaridan muzey hidi keladi», – degandi. Aslida, Xeminguey shakl yoki adabiy uslublar yaratish uchun asar yozmagan, balki inson dardi va qalbini bayon qilish maqsadida o‘ziga xos yangi shakllar izlagan. «Bong kimni chorlamoqda?» romani bu borada tahlil va talqinlar uchun boy. Bu yerda ongosti kechinmalari ham, oddiy bayon ham, adibga xos tagmatnu telegraf usuli ham qorishiq keladi.
Xeminguey bir umr asarlari orqali o‘zi yo‘qotgan hislarni, orzularni, tuyg‘ularni va ma’noni izladi. Chunki o‘zining hayoti ham asarlarida yozgan, tasvirlagan, tarannum etgan matonat va qahramonlikka to‘la edi. Tug‘ma shapko‘rligi, Birinchi jahon urushida orttirgan sanoqsiz jarohat va chandiqlari uning ruhini sindirolmadi. Bu falokatlar oxirgisi ham emasdi. U xatlaridan birida: «Tanam og‘rib turmasa, o‘zimni odamday his qilmayman», – deb yozgan. U o‘z tanasiga og‘riq berib, azoblab hayotning, qismatning azobini his etar va bu og‘riqlari yangi asarlar qiyofasida paydo bo‘lardi. Go‘yo adib o‘zini azob-uqubatga, og‘riqlarga burkash orqali vujudi konlaridan adabiy kuch va timsollar qazib olayotganday edi. Xeminguey hayotidan va ruhiy dunyosidan xabardor bo‘lgan kishida u o‘zini ongli ravishda jarohatlarga giriftor aylash orqali tanasini adabiyotga qurbon qilgandek taassurot uyg‘otadi. Uning tarjimai holi shunday xulosaga to‘liq asos beradi.
Navbatdagi asarini yozib bo‘lishi bilan yana sarguzashtga, sayyohatga yo‘l olardi. Jarohatlar, halokatlar, kasalliklar uni cho‘chitolmasdi. Tanasi har jarohat olganda u yangi sarguzashtlarni o‘ylab topardi.
1930 yili o‘z avtomobilida yuk mashinasi bilan to‘qnashishi oqibatida chap qo‘lining suyaklari maydalanib ketadi. Natijada o‘n marta jarrohlik stoliga yotishga majbur bo‘ladi. 1944 yili esa Angliyada harbiy muxbir bo‘lib ishlab yurganida mashinasi suv to‘la bochka bilan to‘qnashadi va adibning yuzini oyna tilimlab tashlaydi. 1945 yili harbiy aerodromda yana avtohalokatga uchraydi. Bu safar boshi daraxtga urilib, miyasi chayqalishidan ancha paytgacha aziyat chekib yuradi. 1949 yili baliq ovida chap ko‘zini jarohatlab oladi, doktorlar unga bu ko‘zi boshqa ko‘rmasligini aytishadi. 1954 yili esa xotini Meri bilan Afrika chakalakzorida aviahalokatga uchrab yirtqich hayvonlar orasida qolib ketadi. Bu paytda butun dunyoga Nobel mukofoti sohibi halok bo‘lgani haqida xabar tarqalib ulgurgandi. Shifoxonada o‘zi haqidagi turli ta’ziyanomalarni o‘qib Xeminguey shunday degandi: «Men ham bu darajada qoyilmaqom qilib yozolmayman!»
Umuman, adib hayotligi paytida uning o‘lgani haqida ikki marta xabar tarqalgan. Har ikkala xabarni ham adib hazil-mutoyiba bilan qarshi oladi.
1951 yili dunyoga kelgan «Chol va dengiz» asari adibni dunyo adabiyotining ulkan namoyandalaridan biriga aylantirdi. Hajman kichikkina qissada butun bir asrga tatigulik inson hayoti, matonati, kurashi, mag‘lubiyati va irodasi badiiy tarannum qilingandi. Adib dastlab asar qahramonlari bilan ko‘plab obrazlar ishtirok etadigan, ko‘plab voqealar yuz beradigan yirik roman yozish niyatida edi. Ammo keyinchalik bu fikridan qaytdi. Asarni hikmat-qissaga – hayot haqidagi hikmatga, hikmat-timsolga aylantirishga urindi, buning uddasidan chiqdi ham. Asar chinakam hikmatga aylandi. Asar syujeti «Bibliya» hikmatlari bilan hamohang. Baliqchiga shogird tushgan bolaning ismi – Manolin. Bu ism «Bibliya»dagi Emmanuel, ya’ni Iso payg‘ambar ismining qisqargan va zamonaviylashgan shaklidir. Santyago ismi esa o‘z taqdirini yaratishga kirishgan va shu sababli o‘z peshonasiga bitilganlarga qarshi isyon qilgan «Bibliya»dagi Yakovning ispancha nomlanishidir. Qariya ovga chiqadigan ummon – ma’naviy, ruhiy dunyoning, qolaversa, insoniyat yashayotgan va o‘z rizqi hamda o‘rnini topishga urinayotgan bepoyon olamning timsoli. Ana shu ulkan bo‘shliq va kenglik ichida odam o‘zini, o‘zligini topishi, taqdirini yaratishi, orzusiga erishishi, bu kenglikni o‘ziga bo‘ysundirishi, shu yovvoyilik, xaos, bo‘shliq, umidsizlik ichida Yaratganning ruhini, Tangrining tajassumini topa olishi va uni o‘ziniki qilishi kerak. Baliq obrazi birinchi qarashda faqat baliq, ammo hikmat nuqtai nazaridan olinsa, bu obraz insonning ichida bo‘y ko‘rsatadigan Yaratganning qiyofasi, Xudoga bo‘lgan ishonch va e’tiqod timsolidir. Agar inson tiriklik kengligi va ummonida o‘zini topolmasa, unda yashashdan va hayotdan hech qanday ma’no yo‘q. Inson ana shu bo‘shliqdan, ana shu yovvoyi qonunlar hukm suradigan ummondan o‘z ulushini ajratib olishi, beadad kenglik va yovvoyilikdan ma’nan, ruhan ustun bo‘lishi, ummonni o‘zining matonati bilan yengishi kerak. Santyagoni boshqalar kabi mayda-chuyda, faqat qorin to‘yg‘izadigan baliqlar – kichkina ulushlar qiziqtirmaydi. U ulkan baliqni, ulkan ulushni ko‘zlab ovga chiqqan. Parchalangan shaxs bo‘lishni istamaydi, butun shaxs bo‘lish niyatida. Shuning uchun boshqalar hali tutolmagan baliqni tutishga intiladi. Asarning mohiyati ham shunda. Katta shaxs bo‘lish istagi va mashaqqati haqida. O‘z kuchi, matonati bilangina katta baliqqa – katta shaxs, katta insonga xos ulushga ega bo‘lish mumkinligi to‘g‘risida. Ulush ma’naviy uyg‘onish, e’tiqoddagi adashishlar va uzoq kurashishlar, akula qiyofasidagi shaytoniy yuholardan so‘ng, shunda ham faqat ustuxon ko‘rinishida Santya-
go, ya’ni inson hayotida bo‘y ko‘rsatadi. Asar boshida Santyago Yaratganga ishonmasligini bildiradi, ammo cheksiz okeanda, yirtqichlar qurshovida qolganida beixtiyor muqaddas kitobdan olingan duoni o‘qiydi, ya’ni imon keltiradi. Santyago baliqning faqat ustuxonini qirg‘oqqa olib keladi. Biroq odamlarni Yaratganga ishontirish uchun shuning o‘zi yetarli edi. Baliq ustuxonini ko‘rgan Manolin, ya’ni asardagi Iso obrazi endi Santyago bilan ummondan o‘zlikni topish uchun ovga birga chiqishini bildiradi. Muhimi ham shu – odamning o‘ziga va Yaratganga ishonchi edi. Santyago ro‘yolar ummonidan o‘sha ishonchni, ulkan baliqni ovlab kelgandi. Bu yog‘iga endi yangi davr boshlanadi. Okeanda yangi baliqlar paydo bo‘ladi, ularni ovlash uchun yangi avlod keladi. Bu yangi davrni bola Manolin boshlab beradi. Shu tariqa asarda insoniyatning kechmishi, e’tiqodi, hayoti va vazifasi hikmatga, timsolga aylanadi. «Chol va dengiz» asari ko‘plab sharhlarga, talqinlarga izn beradi. Biroq, eng muhimi, uning badiiy kashfiyot va ma’naviy hikmat-asar ekanligidadir.
Ikkita jahon urushi, qirg‘inlar, butun dunyoni larzaga solgan zulm va zo‘rliklar, turg‘unliklar, ommaviy qirg‘in qurollari, inson erkini kishanlab yotgan qamoqxonalar, lagerlar – barchasi insonni xo‘rlashga, uni bukishga, undan barcha narsani tortib olishga kirishgan paytda inson irodasiga ishonch bilan sug‘orilgan bu asar chop etildi. Bir necha oyda dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilindi hamda XX asrning nodir badiiy namunasi sifatida e’tirof etildi.
Garchi adibning o‘zi: «Men oddiy baliq, oddiy dengiz, oddiy baliqchi va oddiy bola haqida yozdim», – degan bo‘lsa-da, asarni turli davrlarda, har xil davralarda turlicha sharhlash boshlandi. Santyago, baliq, bola, akula timsollari yangidan-yangi talqinlarga turtki berdi.
1952 yili ayni shu asar uchun Ernest Xemingueyga Nobel mukofoti taqdim etildi. «Chol va dengiz» qissasidan so‘ng adib bor-yo‘g‘i bitta asar yaratgan.
U Amerikada tug‘ildi, biroq umrining ko‘p vaqtini Kubada, Ispaniyada, Parijda o‘tkazdi. Adib tabiatan irqlarni, diniy bo‘linishlarni, davlatlar o‘rtasidagi chegaralarni ma’naviy nuqtai nazardan tan olmaydigan erkin odam edi. AQShning eng katta dushmanlari bilan ham samimiy do‘st bo‘lib ketaverardi. Tabaqa, sinflar, siyosiy qarashlarning unga aloqasi yo‘q edi. Insoniylik, halollik, samimiylik va haqqoniylik adib uchun hurmat qilishga, ehtirom ko‘rsatishga, do‘st-birodor bo‘lishga arziydigan fazilatlar edi. Kimki shu xislatlarga ega bo‘lsa, u adibning yaqini va maslakdoshiga aylanardi. Barchadan ana shu fazilatlarni talab qilardi.
Umrining oxirgi yillarida, ayniqsa, Kubadagi siyosiy o‘zgarishlardan so‘ng Ernest Xeminguey AQSh siyosiy qarashlariga zid ravishda yangi tuzum bilan do‘stona aloqa o‘rnatdi. Bu esa AQSh hukumatiga yoqmadi.
Aynan shu yillarda Xeminguey o‘zini kimlardir kuzatayotganidan shikoyat qila boshladi. Bu juda g‘ayritabiiy edi. Ernest Xemingueyning birovdan yashirincha hayoti yo‘q, biron siyosiy oqimga ham mansub emas. Shu sababli uni kimningdir kuzatishiga hojat yo‘q edi. Ammo adib baribir tez-tez xavotirini bayon qila boshladi. Uning bu shubhasini ruhiy kasallikning boshlanishi deb hisoblashdi va uni AQShga olib borib shifoxonaga davolanish uchun yotqizishdi. Xeminguey ona yurtida ham tinchlik topmadi. Uning xavotir va vahima kasalligi tuzalmadi. Ernest Xeminguey o‘zini MRB (Markaziy razvedka boshqarmasi) kuzatayotgani haqida qayta-qayta ta’kidlay boshladi. Natijada adibga ruhiy kasal degan aniq tashxis qo‘yildi.
Umuman, dunyo adabiyotida ham adib, ham shaxs sifatida uning o‘rni o‘zgacha. Chunki ketma-ket avto va aviahalokatlarga yo‘liqqan, ikkita jahon urushini ko‘rgan va ularda ham son-sanoqsiz jarohat olgan, uch marta burnini kesib qayta tiklatgan, bir necha marta miyasi chayqalishi natijasida uqubatlar chekkan, inson va hayot mohiyatini izlab goh Amerikani, goh Yevropani, goh Afrikani, gohida o‘z jonini garovga qo‘yib okeanlarni, yovvoyi changalzorlarni, jazirama sahrolarni kezib chiqqan, yirtqich va vahshiy hayvonlar bilan yuzma-yuz kelgan, ular bilan olishgan, Afrika va Kubaning o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarini boshdan kechirgan, xafaqon va diabet kasalliklaridan azob tortgan, bir so‘z bilan aytganda, hamisha hayoti qil ustida turgan, bir umr falokat, o‘lim, og‘riq, jarohat bilan olishib, shundan zavq olib yashagan, bu zavqlarini inson matonatini kuylagan badiiy qasidalarga aylantira olgan boshqa bir adib jahon adabiyotida uchramaydi.
Xemingueyning hayoti ham xuddi badiiy asar kabi yakun topdi. Ernest 12 yoshga yetganda bobosi unga 20-kalibrli miltiq sovg‘a qilgandi. Miltiq o‘shanda bolalikka, beg‘ubor tasavvurlarga chek qo‘ygan. Erni miltiq bilan birga birdan katta bo‘lib qolgandi. Miltiq Xeminguey nomli asarga olib kirilgandi. Keyinchalik esa miltiq adibning hayotiga ham chek qo‘ydi. Bu yerda Chexovning mashhur iborasini eslashning o‘zi kifoya: «Pesa boshida miltiq ko‘rindimi, asar oxirida albatta otilishi kerak!» Ernest Xeminguey Chexovning badiiy detal haqidagi fikrini o‘z hayoti bilan tasdiqladi. 1961 yil 2 iyulda – 62 yoshga kirishiga 19 kun qolganda Ernest Xeminguey AQShda o‘z uyida vafot etdi.
O‘tgan asrning 80-yillarida MRB (Markaziy razvedka boshqarmasi) arxividagi ma’lumotlar oshkor qilinganda haqiqatan ham maxsus xizmat xodimlari Ernest Xemingueyni uzoq yillar kuzatib yurgani, uning har bir qadami, harakati, telefonlari hatto kasalxonada yotganda ham tekshirilib, eshitilib turgani ma’lum bo‘ldi. Buyuk adib esa buni o‘z vaqtida dohiyona iqtidori bilan his etgandi. Ammo unga ishonishmagan…
Nazar Eshonqul