Erkin Vohidov. Dil tubiga cho‘kkan lahzalar

http://n.ziyouz.com/images/erkin_vohidov1.jpgSOF O‘ZBEKChA SO‘Z

Biz universitetning birinchi bosqichida tahsil olayotganimizda Ozod Sharafiddinov aspiranturani endigina tugatib, dars bera boshlagan yosh domla edi. Qardosh xalqlar adabiyotidan bir turkum ma’ruza o‘qigan Ozod aka Nizomiy Ganjaviyning “Xusrav va Shirin” dostonidagi lavhani shunday bayon qilgan edi:

— Farhod sehrli teshasi bilan tog‘ni kesib, vodiyga suv ochdi. Shirin erta tongda qarasa tog‘dan sharqirab suv oqib yotibdi. Malika hayrat va hayajon ichida: “Nichego sebe!”, dedi.

Talabalik yillari paxta terimida qishgacha qolib ketardik. Yotar joyimiz molxona, to‘shagimiz poxol, tashnobimiz ochiq dala. Hammomni tushda ko‘rardik. Arqon bilan qor to‘kib paxta terish ham, ho‘l to‘nkalarni yorib ovqat tayyorlash ham azob edi.

Shunday vaqtlarda Ozod aka yonimizda bo‘lib ma’noli suhbatlari bilan ruhiy madad berardi.

Bir kun domlamiz to‘nka yorishni bizga o‘rgatib qo‘ymoqchi bo‘lib qo‘limizdan boltani oldilar. Ho‘l o‘rik g‘o‘lasi chayir ekan, ustozimizni qiynab qo‘ydi. O‘n karra bolta urib, o‘n karra “chyort poberi” desalar ham to‘nka yorilmadi. Shunda qishloqda o‘sgan bir ­kursdoshimiz Ozod akadan boltani olib shunday degan edi:

— To‘nka — to‘nka-da, domla! Aqli yo‘q. Bo‘lmasa hurmatingiz uchun ham yorilishi kerak edi. Bu ishni bizga qo‘ying, siz “chyort poberi” deb turing, biz bolta uraylik. Ruschaga tilimiz kelishmaydi.

Bu ikki voqeani do‘stlar davrasida aytib bersam, Ozod aka sira bo‘yniga olmas, men bunday demaganman, hech qachon o‘zbek tiliga o‘ruschani aralashtirgan emasman, aralashtirmayman! “Ni v koyem sluchaye!”, derdilar.

Domlaning o‘sha birinchi darsiyu to‘nka yorish voqeasi bilan so‘nggi suhbatimiz orasida roppa-rosa ellik yil vaqt o‘tibdi. Yarim asr! Butun boshli umr! Buncha zamon ichida oradagi yosh farqi ham unut bo‘lar, ustozu shogird aka-ukaga, hazilkash do‘stlarga aylanib qolar ekan. Ozod akaning odamoxunligi, o‘z nomiga munosib ozod muhit yarata olganligi uchun biz ham o‘zimizni ustoz oldida o‘z nomimizga yarasha erkin tutardik, ochiq-sochiq latifalar aytib, qaltis askiyalar qilishga jur’at etardik.

Lekin har qancha hazil-huzul qilmaylik, ustoz — ustoz maqomida bo‘lgan. Men ham domlaning ruscha so‘zlarini hikoya qilganda bir gapni qo‘shardim:

— Mana, ellik yilki, she’r yozsak Ozod Sharafiddinovga yoqarmikan, deya hayajonda yuramiz. Domlaning so‘zlari o‘sha-o‘sha: yoqsa “nichego sebe”, deydilar, yoqmasa — “chyort poberi”! Lekin yozganimizni e’tiborsiz ­qoldirish yo‘q. “Ni v koyem sluchaye!”

She’r yozganda yurak so‘zidan
Boshqa so‘zni uqqan emasmiz.
Nozirlarning qattol ko‘zidan,
G‘azabidan qo‘rqqan emasmiz.
 
Faqat she’r rosmona tinib
Etilmasa, xom chiqsa bexos,
Ustoz Ozod Sharafiddinov
Qovog‘idan qo‘rqqanmiz, xolos.

Shunday ulkan iste’dod sohibi, haqgo‘y inson, odil munaqqid bilan zamondosh bo‘lganimdan faxrlanaman.

KO‘NGILChANLIK

Mirtemir domla o‘ta ko‘ngilchan inson edilar. Bir kuni nashriyotning uzun yo‘lagidan bir odam domlaga qarab, “e, bormisiz, sizni ham ko‘radigan kun bor ekan-ku”, deya quchoq ochib kela boshladi. Domla u bilan xush kayfiyatda qadrdonlarcha quchoqlashib ko‘rishdilar. Obdon chaqchaqlashib bo‘lishgach, yana quchoqlashib xayrlashdilar. Eshikkacha kuzatib qaytgach, bizdan so‘radilar:

— U odam kim?

Hammamiz hayron bo‘ldik:

— Ajabo, o‘zingiz quchoqlashib ko‘rishdingiz, uzoq otamlashdingiz. Qadrdoningiz emasmi?

— Umrimda ko‘rgan bo‘lsam, o‘lay.

— Unda nega endi…

— Ay, bo‘talarim-a! Uzoqdan quchoq ochib kelgan odamga, kimsan, deb bo‘ladimi? Andisha bor-ku, o‘zbekmiz-ku! — deya biroz sukut qilgach, qo‘shib qo‘ydilar: — Bir elning bolalari tug‘ishgan bo‘ladilar. Og‘amdir, inimdir, bitta qadrdonim ko‘paysa ko‘payibdi-da!

Etmishinchi yillarda she’riyat ham, otaxon shoirimiz G‘afur G‘ulom nomi bilan atalgan nashriyot ham gurkiragan, lekin ana shu nashriyotning ayni she’riyat bo‘limida ishlar pachava edi. Bo‘limda Mirtemir domla, Abdulla Orif va kamina ishlar edik. Domla shogirdlardan, Abdullajon muxlislardan, men shaxmatdan ortmas edik. Qo‘lyozmalar vaqtida topshirilmagan, korrekturalar o‘qilmagan, plan bajarilmagan, hamma ish o‘lda-jo‘lda. Nashriyot direktori bir majlisda ­zarda bilan, she’riyat bo‘limini yopish, tarqatish kerak, degan. O‘shanda eo‘r javob aytilgan edi:

— Tarqatish uchun avval yig‘ish kerak. Uch xodimni to‘plab bo‘lmasa, qanday tarqatasiz?

— To‘playman, tarqataman, — dedi, direktor va aytganini qildi. Ya’ni uchovimizni o‘z xonasida yig‘di.

Ajoyib inson edi direktorimiz To‘lqin Rustamov. Mirtemir domla bilan tengdosh, eski qadrdon, sensirashib gaplashadigan o‘rtoq edi.

Rahbar uzoq gapirdi. Partiya siyosati, davlat oldidagi mas’uliyat, nashriyot plani, intizom nima ekanini bizga yaxshilab uqtirdi. Mirtemir domla uning har gapiga bosh irg‘ab ma’qullab o‘tirdilar. Oxiri ma’lum bo‘ldiki, biror so‘z domlaning tom bitgan qulog‘iga kirmabdi. Direktor:

— Mirtemir, qani ayt, gaplarim to‘g‘rimi? — deganda ustoz:

— To‘g‘ri aytasan, To‘lqin, bibliotekani tartibga solmasa bo‘lmaydi, — dedilar.

Tashqariga chiqqach, domlani o‘rtaga oldik. Ustoz:

— O‘lay agar, bir og‘iz so‘zini ham eshitmadim, uyat bo‘ldi, juda uyat bo‘ldi, — derdilar.

— Qattiqroq gapir, desangiz bo‘lmasmidi, axir o‘z qadrdoningiz-ku!

— Oshnam bo‘lsa ham xo‘jayinim. Rahbarga indab bo‘ladimi! Kattakonning gapini bo‘lish odobdan emas, bo‘talarim.

Biz Mirtemir domlaga aytardik:

– Biz yoshlar davlat xizmatini qilishga majburmiz. Siz ulug‘ shoirsiz. Shu arzimas oylikning bahridan o‘tib, har yil bir kitob chiqarsangiz, ko‘nglingiz xotirjam, qulog‘ingiz tinch, cho‘ntagingiz o‘n karra baquvvat ­bo‘ladi-ku.

Domla javob berar edilar:

— Shundaylikka shunday. Lekin men ketaman, desam direktoring xafa bo‘ladi-da. Do‘stimni ranjitsam bo‘lmas.

Biz ustozning bu so‘zini direktorga aytib, domlaga ruxsat bering, pensiya yoshidalar, charchaganlar, desak, direktor: “Domlang o‘zi so‘ramasa, ariza bermasa, men qanday qilib ket, deyman”, derdi.

Bu o‘zaro ko‘ngilchanlik yana bir yilcha davom etdi. So‘ng oldinma-keyin uchovlon ham “o‘z arizamizga ko‘ra” nashriyotni tark etdik. Manas, Dante, Gyote mushkulimizni oson qildi. Uch buyuk shoh asar tarjimasini zimmamizga olib nashriyot bilan xayrlashdik.

INDAMAS DIREKTORNING BAShORATLI HAZILI

Men universitetni tugatgan yilim Toshkentda yangi nashriyot ta’sis etilib, xodimlar tanlash boshlangan edi. Tabiiyki, men ham hujjat topshirdim. Ishga ilinib olsam shaharda qolganim, bo‘lmasa taqsimot bo‘yicha Surxondaryoga maktab o‘qituvchisi bo‘lib ketishim kerak. Toshkentdagi adabiy muhit, yozuvchilar uyushmasidagi uchrashuv va suhbatlar, Mirtemir domla seminaridan benasib qolishim tayin bo‘ladi.

Belgilangan kun direktor huzuriga kirdim. Bo‘yi ikki metrdan kam bo‘lmagan daroz boshliq menga qayrilib ham qaramadi. Salomga alik ham, o‘tirishga taklif ham, nega kelding, deb so‘rash ham yo‘q. Tik turgancha turibman. Agar taqdirim shu indamas, g‘o‘daygan rahbarga bog‘liq bo‘lmaganda, Surxondaryo vahimasi turmaganda, bor-ey, deb shartta burilib chiqib ketardim.

Ilojsizlikdan tishni tishga qo‘yib turaverdim. Nihoyat boshliq qog‘ozdan bosh ko‘tarib menga qaradi va ko‘zi bilan stulga ishora qildi. O‘tirdim. Yana jimlik. Direktor bir dasta qalamni mushtida tutgancha menga tikilib o‘tiribdi. O‘sha damda ko‘nglimga, bu odam soqov emasmikin, degan xayol ham keldi. Yo‘g‘-ey, dedim yana ichimda, shunday katta lavozimga soqovni o‘tqazib qo‘yishmas.

Jim o‘tirsam o‘tiraveradiganman. Noiloj o‘zim gap boshladim. Universitetni bitirganim, ishga kirish ­niyatim borligini qisqa qilib aytdim. Yana jimlik. She’rlar yozib turishimni, matbuotda, radioda qatnashib turishimni bildirdim. Sado yo‘q. Yaqinda “Sharq yulduzi” jurnalida dostonim bosilganini, shoir To‘rob To‘la gazetada katta maqola yozib meni maqtaganini ham aytdim. Noqulay bo‘lsa ham aytishga majbur bo‘ldim. Xayolimda, jim tursam, pattam qo‘limga tegadigan. ­Nashriyotga kitob topshirganim, qizil diplomim, paxta terimida olgan faxriy yorlig‘im ham qolmadi, borimni dasturxonga to‘kdim. Gapim tugadi. Hamon sukunat. Uzoq jimlikdan so‘ng rahbar shunday dedi:

— Nashriyotga direktor tayinlangan. Bosh muharrir ham olganmiz. Sizga loyiq lavozimni qanday topamiz?

Shunda o‘zimga ortiqcha baho berib yuborganimni sezdim. Menda ayb yo‘q edi. Boshliqning indamay o‘tirganini karomatingni ko‘rsat, nimaga qodirsan, degan ma’noda tushundim-da!

— Menga eng kichik lavozimni bersangiz ham mayli. Ish o‘rganishim kerak, — dedim endi biroz o‘zimni bosib. Bu gap boshliqqa yoqdi shekilli, kichik muharrir vazifasiga tayinlandim.

“Yosh gvardiya” deb nomlangan nashriyotning birinchi direktori Sotiboldi Yo‘ldoshev bilan birga ishlab bu kamgap, yetti o‘lchab, bir kesadigan, o‘z ishiga puxta rahbarning ko‘p fazilatlarini bildim. Davralarning guli bo‘lib o‘tirganini ham ko‘rdim. Nashriyot muhiti menga katta maktab bo‘ldi. Yoshlar nashriyoti, so‘ng badiiy adabiyot nashriyotida o‘ttiz yilga yaqin ishladim. Bosh muharrir bo‘ldim, direktor ham bo‘ldim. Sotiboldi Yo‘ldoshevning hazil bilan aytgan so‘zlari bashorat bo‘lib chiqdi.

O‘shanda men ikki yo‘l o‘rtasida turgan edim. Bunday lahzalarni unutib bo‘ladimi?

BERLINGA QANChA YO‘L

1975 yilning yoz oylari edi. “Faust” tarjimoni sifatida Germaniyaga boradigan bo‘ldim. U zamonda chet elga faqat Moskva orqali chiqilardi. Hozirgi Toshkent – Frankfurt, Toshkent – Parij reyslari tushimizga ham kirmagan edi.

“Ukraina” mehmonxonasi yo‘laklarida kunni qanday o‘tkazishni bilmay u yoqdan bu yoqqa yurar edim. Ertaga Moskva – Berlin poezdi bilan yo‘lga chiqishimiz kerak. Gyote vatanini ko‘rish ishtiyoqi ko‘nglimga tinchlik bermaydi. Bunday paytda kimgadir hayajonlaringni aytging keladi. Yolg‘izlik azob beradi, vaqt o‘tishi qiyin bo‘ladi.

Shunday holatda mehmonxonada muhtaram adib Ibrohim Rahimni uchratib qoldim. Ibrohim aka hajviy jurnallarning bosh muharrirlari yig‘iniga kelgan ekanlar. O‘sha kuni kechgacha sayr etib, suhbatlashdik.

Ko‘pni ko‘rgan adib, qariyb yarim asrlik adabiy jarayon ichida yashab ijod qilgan, jahon urushining boshdan oxirigacha zobit askar bo‘lib, jangovar muxbir bo‘lib xizmat qilgan, necha bor ajal domidan omon chiqqan yozuvchining hikoyalari naqadar maroqli edi.

Gap aylanib 60-yillarning o‘rtasi, Ibrohim Rahim rahbarlik qilgan “Guliston” jurnalining eng gullagan vaqtlariga borib taqaldi.

— “Temur tuzuklari”ni nashr etib dashnomlar eshitganim uchun zarracha ham o‘kinmayman. Agar bu tabarruk asarni bosib chiqara olmasam, o‘zimni kechirmasdim, umr bo‘yi vijdonim azob chekardi, — dedi o‘shanda Ibrohim Rahim.

Darhaqiqat, “Guliston” jurnali u yillarda ong va shuurimizni tarbiyalagan, xalqimiz ko‘ksini ko‘targan nashr edi. Uning tahririyati ijodkor yoshlar uchun tabarruk dargoh hisoblanardi. Mening ham bir turkum g‘azallarim, “O‘zbegim” qasidasi shu jurnalda bosilgan. Ayniqsa Rasul Hamzatovning “Dog‘istonim” asari ancha shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Jurnalning uch-to‘rt sonida bosilgach, “yuqori”ning buyrug‘i bilan to‘xtatib qo‘yildi. Milliy his uyg‘otuvchi asarlarning turli elatlarga yoyilishi u zamon mafkurasiga zid edi.

— Fashistning o‘qidan qo‘rqmagan, mayda amaldorning do‘qidan qo‘rqamanmi? — jasoratli muharrirning bu so‘zlari qulog‘imdan ketmaydi

        Hamma gazeta-jurnal rahbariyati “redaktor”, “redkollegiya” deb atalganda birgina “Guliston”da “muharrir”, “tahrir hay’ati” deya yozilardi. Bu ham boshqalarning g‘ashini keltirar, ochiq aytolmasalar-da pana-panadan, “bu nima oliftagarchilik” deb yurardilar.

Moskvadagi tasodifiy uchrashuv men uchun qismatning sovg‘asiday bo‘lgan. O‘shanda ko‘nglimga tugib yurgan ko‘p savollarimga javob olgandim. Oxirgi savolim shunday bo‘ldi:

— Ertaga poyezd bilan Germaniyaga jo‘nashimiz kerak, bilmaysizmi, Berlinga necha kunlik yo‘l?

Jangchi adib javob berdi:

— Poyezd qancha yurishini bilmayman, lekin biz borganda Berlin to‘rt yillik yo‘l edi…

KEChIKKAN QAHQAHA

Bu voqeaga ham, qarangki, qirq yildan oshibdi. Yozuvchilar anjumanida sodir bo‘lgani uchun u tezda tildan tilga, kitobdan kitobga ko‘chib shuhrat topdi va eshitmagan odam deyarli qolmadi. Bilasizlarki, adiblar to‘qimaga usta bo‘ladilar. Bitta rost gapga o‘nta yolg‘onni qo‘shib, oddiy voqeani latifaga aylantirib hikoya qiladilar. Qiziq bo‘lsin deb tuppa-tuzuk insonlarni go‘l, dalli-devona qilib tasvirlaydilar.

Aslida voqea bunday bo‘lgan:

Yozuvchilar uyushmasining yillik ijodiy hisobot yig‘inida o‘sha vaqtda yosh munaqqid bo‘lgan Salohiddin Mamajonov yosh yozuvchi Yusuf Shomansurning “Qora marvarid” romanini tahlil qilib, rosa po‘stagini qoqdi. Yaroqsiz asarga chiqardi. Unga javoban Yusuf Shomansur so‘z olib, tanqidchini noxolislikda aybladi:

— Mamajonovning menda qasdi bor, — dedi u. — Uyushma bog‘ida billiard o‘ynab, uning mazasini qochirgan edim. Alamini olyapti.

Zalda qahqaha ko‘tarildi.

Majlisda o‘tirgan Mirtemir domlaning qulog‘i og‘ir emasmi, tanqidni ham, javobni ham eshitmadi. U to yon atrofdagilardan kulgining sababini so‘rab bilguncha Yusuf allaqachon gapini tugatib bo‘lgan, minbarda akademik Vohid Zohidov ijodkorning zamon oldidagi, insoniyat oldidagi burchi to‘g‘risida chuqur falsafiy fikrlarni bayon qilib turar edi. Anjuman ahli ulkan faylasufning sehrli ovoziga mahliyo bo‘lib jim eshitardi.

Shu vaqt zalda birdaniga Mirtemir domlaning kuchli qahqahasi yangrab ketdi:

— Obbo tentagey, obbo jinnivoyey! Topgan gapini ko‘ring!

Domla zavqdan o‘zini to‘xtatolmas, minbarga qaramay kulishda davom etardi. Hamma hayron. Akademik olim minbarda qotib qolgan. Uning ko‘nglidan o‘sha lahzada nimalar kechdi ekan?

Vaziyatni Nosir Fozilov yengillashtirdi.

— Domla o‘tib ketgan gapga kulyapti. Yusuf Shomansurning javobi nash’a qildi.

Zalda yana kulgu ko‘tarildi. Bu galgi qahqaha avvalgisidan ham qattiq va uzoq bo‘ldi.

UCh SOQOVNING SARGUZAShTI

Bugun yoshlarimizning chet tillarda bulbulday sayrashlarini ko‘rib, ham havas qilamiz, ham o‘zimizning “tilsizlik” tufayli boshimizga tushgan ­kunlarni eslab o‘kinamiz.

1989 yili ikki birodarlashgan shahar Toshkent va Sietl haqida hujjatli film tayyorlash topshirig‘i bilan uch muallif — rejissyor, suvratga oluvchi va kamina – film matnini yozuvchi AQShga jo‘nab ketdik.

Nyu Yorkda bizni, kelishilganidek, qo‘lida nomlarimiz yozig‘liq taxtacha ushlagan ayol kutib oldi. Sietlga uchadigan tayyoragacha kuzatib xayrlashdi. Uch soatga yaqin parvoz tugab tayyoramiz yerga qo‘nganda, manzilga yetib keldik, deb yukxonaga shoshildik. Lekin yuklar oqimi ichida bizning chamadonlar ham, tashqarida biror kutib oluvchi ham ko‘rinmas edi. Anchagina turdik. Hech kim yonimizga kelmadi, kimsan, nima qilib turibsan, demadi. Vaqt o‘tgan sari xotirjamlik bezovtalikka, bezovtalik vahimaga aylandi. Begona qit’a, begona shahar. Og‘izda zabon, cho‘ntakda pul yo‘q. O‘z yurtida tili bir qarich bo‘lgan biz uch oliftaning notavon ahvolini ko‘ring!

Jon ko‘zga ko‘ringanda nimalar ham qilmaysan kishi. Uchovlon tayyora biletlarimizni qo‘lga olib, birinchi uchragan aeroport xizmatchisining yo‘lini to‘sdik. “Kechirasiz, bizga yordam bering”, deydigan til qani? Xizmatchi ayol avvaliga cho‘chidi, so‘ng nochor holatimizga qarab vaziyatni tushundi. Holatimiz esa bundoq edi: uchov qo‘lda chipta ushlagancha yelka qisgan, hayronlik alomatida qotib turgan bamisoli uch haykal edik.

Xizmatchi chiptalarimizni ko‘rib qo‘l soatiga qaradi va yuzida hayajon alomati paydo bo‘ldi. Tezda cho‘ntagidan qalam olib, chipta ustiga katta qilib 14 raqamini yozdi va yo‘laklardan birini ko‘rsatib, yugurish ishorasini qildi. Biz o‘sha tomonga qarab yugurdik. Angladikki, hali manzilga kelmabmiz. Aeroport darvozalari ko‘rsatkilariga qarab chopgancha oxiri 14 raqami oldida to‘xtadik va xizmatchiga chiptalarni uzatdik. Xizmatchi boshini sarak-sarak qilib tepamizda turgan soatni ko‘rsatdi va chiptalarga tamg‘a urib, bizni ichkari kiritdi. Tayyora saloni to‘la odam, faqat o‘rtalarida uch o‘rin bo‘sh edi. O‘tirdigu tayyora xuddi bizni kutib turganday qo‘zg‘alib, uchish maydoniga yo‘l oldi.

O‘sha kuni Olloh bizni sharmandali xor-zorlikdan omon saqlab qoldi. Biz yo‘lini to‘sib chiqqan ayol — aeroport xizmatchisi bizga g‘oyibdan kelgan najot farishtasi bo‘ldi. Uning mehribon va tashvishli nigohi ko‘z oldimdan ketmaydi.

Kim bilsin, u bizni kar-soqovlar deb o‘ylagandir. har qalay, uning astoydil harakatisiz holimiz yomon edi.

Safardan olganim o‘sha achchiq saboq bo‘ldi. Ingliz tilini o‘rganishga qat’iy ahd qildim va ahdimni andakkina bo‘lsa-da bajardim. O‘sha “andak” olis yo‘llarda kunimga yaradi. Duduq bo‘lsam-da, soqov bo‘lmadim. Bugungi yoshlarga endi til o‘rganing desam, xuddi suv iching, nafas olib turing, degandek bo‘laman. Til bilish hayotiy zaruratga aylandi.

YoRDONGA KELGAN IORDAN

Bir vaqtlar bulg‘or yozuvchisi Iordan Milev O‘zbekistonga kelganda uni Farg‘onaga olib bordik, Shohimardonni ko‘rsatdik. Go‘zal tog‘ qishlog‘i Yordonga kelganimizda taniqli adib O‘lmas Umarbekov do‘stiga hazillashib dedi:

— Sen bu qishloqqa kelgan birinchi chet ellik yozuvchisan. Kecha oqsoqollar kengashi qaror chiqardi. Qishloq sening noming bilan ataladigan bo‘ldi.

Biz hammamiz buni tasdiqladik. Atrofda yurganlarni chaqirib bir-bir qishloqning nomini so‘radik. “Yordon” so‘zini eshitib, mehmonimiz yayrab ketdi. Uni boplab aldadik, deb biz ham xursand. Kechki ziyofat vaqtida Iordan so‘z olib shunday dedi:

— Bu ajoyib so‘lim maskanga mening nomim berilgani uchun boshim osmonga yetdi. Arablar bir zamon katta daryosini Iordan deb, bir mamlakatni Iordaniya deb atagan edilar. Mana, ular yoniga qishloq ham qo‘shildi. Bulg‘oriyada birov tanib, birov tanimagan bir yozuvchiga dunyoda shuncha izzat, e’tibor! Arab do‘stlarimga ­rahmat, lekin ularning daryosi ham, mamlakati ham menga kerak emas. Bulbullar sayragan, soylari sharqiragan, ­jannat shamoli esib turgan bu qishloqqa olamni alishmayman!

Iordan Milev O‘zbekistonga ko‘p bor keldi. Har ­kelganda birinchi savoli shunday bo‘lardi:

— Qishlog‘imga qachon boramiz?

MILLIARDERNING O‘G‘LI

Nyu-Yorkning markaziy mavzesi Manxettenda sayr qilib yurganimizda shunchaki tomosha uchun gilam do‘koniga kirdik. Do‘kon egasi o‘rta yoshli turkman ekan. Bizni ko‘rib, xuddi qarindoshini uchratganday suyunib ketdi. Ichkariga, chog‘roq xonaga taklif qildi, choy, qahva buyurdi. Yurtini sog‘ingan ekan, biz bilan yayrab gaplashdi. Maxtumquli she’rlaridan o‘qib, Komiljon Otaniyozovni eslab gurunglashdik.

Chamasi o‘n besh-o‘n olti yoshli qop-qora negr bola dastyor bo‘lib bizga xizmat qildi. Mezbon menga imo bilan, bu bolaga bir qarab qo‘ying, gaplashing, degan ishorani qildi. Men boladan ismini, qayerda o‘qishini so‘radim. U kollejni tugatib, universitetga kirmoqchi ekanini aytdi. Bola chiqib ketgach, mezbonimiz bu yigitchaning otasi Amerikaning oldingi qatordagi milliarderi ekanini, mol-mulki yetti pushti emas, yetmish pushtiga yetishini, lekin bu yurt odati bo‘yicha o‘g‘il bola o‘qish uchun, uylanish uchun o‘zi pul topishi kerakligini aytib berdi. Shuning uchun katta boylarning bolalari ham gazeta sotib, mashina yuvib pul topishga majbur bo‘lar ekanlar.

Gilamfurush mezbonimiz bu bola to‘g‘risida qiziq bir hikoya aytib berdi.

— Qachonki yomg‘ir yog‘a boshlasa, mendan yarim soatga ruxsat so‘rab, ko‘chaga yuguradigan odati bor. Bir kuni bola qayoqqa borarkin deb orqasidan chiqdim. Yonimizdagi do‘kondan bir dasta yomg‘irpo‘sh olib, metro bekatiga yugurdi, bir zumda pullab qaytdi va yana do‘konga kirib ketdi. Men bolaning tadbirkorligiga tan berdim. Hisob qilsam, har yomg‘ir yoqqanda kundalik maoshidan ikki barobari cho‘ntagiga tushar ekan. Nyu-Yorkda nima ko‘p yomg‘ir ko‘p… Otasining bolasi, — deb shuni aytadilar.

Oradan o‘n yilcha o‘tib yo‘limiz yana o‘sha ko‘chaga tushdi va gilam do‘koniga kirib, eski tanishimizni yana bir ko‘rib ketgimiz keldi. Turkman og‘aynimiz avvalgidan ham xursand bo‘lib ketdi. Suhbat orasida men milliarderning o‘g‘lini so‘radim. U universitetni bitirib kompyuter ishlab chiqarish sohasining korchalonlaridan bo‘lib yetishibdi. Hindiston, Malayziyada kontsern va kompaniyalari bor ekan.

— Hademay otasini yo‘lda qoldirib ketadi, — dedi mezbonimiz va hazillashib qo‘ydi, — duomizni olgan-da!

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 52-son