Dunyoning buyuk romanlari: Servantes. Don Kixot

DON KIXOT[1] 

Ishtirok etuvchilar

(I QISMDA)

Don Kixot (asar qahramoni Alonso Kixanoning o‘zi o‘ziga o‘ylab topgan nom)[2] – munkillab qolgan keksa aslzoda, butun asar mobaynida o‘zini eng so‘nggi jahongashta ritsar, deb hisoblab, shu fikrni isbotlash maqsadida sayohatlarga chiqadigan savdoyi odam.

Sancho Pansa (“panza” – qorin degan ma’noni bildiradi) – Don Kixotning qurol-aslahalarini ko‘tarib yuruvchi yaroqbardori, jilovdori. Xo‘jayiniga sadoqat ila xizmat qiluvchi, lekin gapda, fikrlashda u bilan kelishavermaydigan soddadil, aqlli dehqon yigit.

Tobosslik Dulsineya (Don Kixot tomonidan Aldone Lorensoga berilgan ism) – qishloqda yashovchi barvasta qiz, uni Don Kixot o‘zicha oliynasab oilalarda tarbiya topgan qizlarday barcha fazilatlarga ega deb tasavvur qiladi.

Xuana Pansa (asarning ilk qismida u Teresa deb nomlangan) – Sanchoning xotini.

Pero Peris – rohib, Don Kixotning “ko‘zini ochib qo‘yish” harakatida yuradigan ruhoniy hamqishlog‘i.

Maese Nikolas – qishloq sartaroshi.

Xines de Pasamonte – kemada eshkak eshuvchi asir, uni Don Kixot qutqarib, ozod qiladi. Asarning ikkinchi qismida qo‘g‘irchoqboz sifatida darbadar kezib yuradi.

Fernando – yosh aslzoda yigit, qiz va ayollarni yo‘ldan urib, buzuq ishlar qilib yuradi.

Kardeno – yosh va badavlat yigit, Lusindoning oshig‘i.

Lusindo – Kardenoning sevgilisi. Ota-onasi uni Fernando bilan unashtirib qo‘yishgan.

Doroteya (Don Kixot tasavvuridagi Mikomikon o‘lkasining malikasi) – Fernando yo‘ldan urgan qizlardan biri.

Anselmo, Lotario va Kamilla – Kardenoning “Qiziquvchan tentak qissasi” hikoyasidagi ishtirokchilar.

Kapitan Ruy Peris – Jazoirdagi asirlikdan qochgan ispan askari.

Zoraida – mavritaniyalik qiz, Ruyga bo‘lgan muhabbati yo‘lida vatanini tark etadi.

Xuan Peris de Vedma – kapitanning akasi, sudya.

Klara – Xuanning qizi.

Luis – yosh, badavlat yigit. Klarani sevadi.

Rossinant – Don Kixotning oti, parti ketib, sharti qolgan qirchang‘i.

Said Ahmad ben-Inholiy – arab muarrixining to‘qima obrazi. Servantes o‘z romanidagi ma’lumotlarni uning asarlaridan olgan qilib ko‘rsatadi.

 

(II QISMDA)

Samson Karrasko – Salaman universitetining bakalavri, yigirma to‘rt yoshlardagi hazilkash yigit.

Don Dego de Miranda – boy, odobli va xushmuomala odam.

Don Lorenso – Don Degoning o‘g‘li, shoir bo‘lish orzusida yurgan talaba.

Kamacho – badavlat dehqon.

Kiteriya – Kamachoning qallig‘i.

Basilo – kambag‘al dehqon yigit, Kiteriyani sevadi.

Gertsog va gertsoginya – o‘zlariga qarashli qishloqlarda Don Kixotni kutib olib, mehmon qilgan aslzodalar. Yovuz, beshafqat kimsalar. Er-xotin ikkovlon Don Kixotni qishloq odamlari o‘rtasida kulgiga qo‘yadi, tomosha uyushtirib, masxara qiladi.

Donya Rodriges de Grixalba – gertsogning xodimasi.

Duenya Gorevana – gertsog hovlisida xizmat qiluvchi qiz, u Don Kixotni xalq o‘rtasida mazax qilish sahnasida faol ishtirok qiladi.

Altisidora – go‘yo Don Kixotni sevib qolganday bo‘lib ko‘rinadigan qiz.

Doktor Pedro – Uchyortanarogero degan manzilda tug‘ilgan odam. Sancho Baratariya oroliga gubernator (hokim) etib tayinlangan kunlarda bu odam Sanchoning tabibi bo‘lib xizmat qiladi.

Rikote – germaniyalik ziyoratchi kiyimini kiyib yurgan darbadar kimsa.

Roke Ginart – kataloniyalik qaroqchi.

Don Antono Moreno – barseloniyalik badavlat odam.

Ana Felis – Rikotening qizi.

 

ROMAN SYuJETI

I QISM

O‘n oltinchi asr. Ispaniyaning yiroq La-Manch muzofatidagi kichik bir qishloqda Alanso Kixano ismli zodagon yashaydi. U qadim ritsarlar hayotidan hikoya qiluvchi romanlarni sevib mutolaa qiladi, ayniqsa turli mamlakatlarni kezib yuradigan qahramonlar – polvon, bahaybat, ulkan odamlar, ajdarholar bilan jang qilib, tutqunlikdagi asira xonimlarni ozod qiladigan ritsarlar haqidagi romanlar – uning jonu dili. Bunaqa kitoblarni o‘qiyverib-o‘qiyverib, Alanso Kixano axiyri bir fikrga keladi: qadimda mavjud bo‘lgan, bugungi kunlarga kelib yo‘qolib ketgan olijanob, fidoyi ritsarlar maktabining an’analarini tiklash kerak, dunyoda haliyam mazlumlar va zolimlar, kambag‘allar va ularning qonini ichib mol-davlat orttirayotgan boylar, tutqunlikda azob chekayotgan asiralar, madadga muhtoj qo‘li kalta kimsalar bor ekan, demak ularga yordam qo‘lini cho‘zadigan, beva-bechoralarni farovon hayot sari yetaklaydigan, qullarni qutqarib, asira qizlarni ozod qiladigan jo‘mard va olijanob ritsarlar ham bo‘lishi lozim. Ular yo‘qolib ketgan bo‘lsa, qaytadan ana shu an’analarni tiklamoq darkor, haddan oshib ketgan mushtumzo‘rlarni tavbasiga tayantirib qo‘ymoq kerak va hokazo va hokazo. Ana shunday vos-vos xayollarga qattiq berilib, savdoyi ahvolga tushib qolgan keksa Alonso munkillab qolgan bir paytda o‘zini qadimgi ritsarlarning vorisi, davomchisi deb o‘ylaydi, ularning olijanob ishlarini davom ettirish uchun tug‘ilgan ritsar deb biladi. Shu maqsadda u eski zamonlardan qolgan ritsarlik kiyimlarini topib kiyib oladi, zanglagan qilich topib taqinadi, chirib bitayozgan nayzani qo‘lga ko‘taradi, boshini siyqasi chiqqan dubulg‘aga tiqadi va o‘zicha Rosinant degan jarangdor nom bergan qirchang‘i otiga minib, xuddi kitoblarda bitilgan ritsarlarga o‘xshab, sarguzasht ishtiyoqida yo‘lga chiqadi. Ritsarlar qozongan g‘alabalarini biron-bir dilbar qiz yoki aslzoda xonim sharafiga bag‘ishlashlari kerakligini esga olgan keksa Alonso Toboss qishlog‘ida yashovchi bir qizni o‘zicha dilbar yor, seviklisi deb xayol qiladi va qozonajak g‘alabalarini shu qizga – Dulsineya sharafiga bag‘ishlamoqchi bo‘ladi. Holbuki, bunday qizning Toboss qishlog‘ida bor yoki yo‘qligi ham noma’lum, u qizning qanaqa ko‘rinishda ekanligi ham mubham. Ya’ni, o‘zining Dulsineyasini ko‘zi bilan ko‘rmagan, qo‘li bilan tutmagan. Ammo shunday aqlli, olijanob, mohitobonday pokiza qizning (yoki ayolning) mavjudligiga Alonso shubha qilmaydi. Endi faqat birgina ish qolgan – Don Kixot ismli ritsar oliy maqsadlar yo‘lida sarguzasht izlab safarga otlanar ekan, hammasi qoidadagiday bo‘lishi uchun kimdir Don Kixotni ritsarlikka qabul qilishi, bu marosimni dabdaba bilan o‘tkazishi lozim, shundagina bari risoladagiday (ya’ni, qonuniy) bo‘ladi! Axir Don Kixot degan ritsar bor bo‘lsa-yu, hech kim uni ritsar ekanligini e’lon qilmasa, tanimasa, e’tirof etmasa, bu qanaqasi bo‘ldi?!

Ezgu niyatlari qaynab-toshib borayotgan Don Kixot yo‘lda bir hovliga duch keladi, xayolida uni hashamatli qasr deb tasavvur qiladi-da, bu yerdagi qovoqxona xo‘jayinini qasr sohibi o‘rnida ko‘rib, undan o‘zini ritsarlikka qabul qilish marosimini o‘tkazib berishni o‘tinib so‘raydi. Oldida aqldan ozgan bir cholning yalinib-yolvorib turganini ko‘rgan qovoqxona xo‘jayini tomoshatalab olomon oldida, zo‘r kulgu-qahqahalar ostida Don Kixotning ritsarlikka o‘tishi marosimini o‘tkazadi. (Qadimgi Yevropada biror odamni ritsarlikka qabul qilish, ritsar deb e’lon qilish marosimlari juda katta to‘y-tantana, kuy-qo‘shiqlar, ziyofatlar bilan o‘tkazilgan.) Shundan so‘ng o‘zining chindan ham ritsarlikka qabul qilinganidan cheksiz minnatdor bo‘lgan Don Kixot qishlog‘iga qaytib keladi-da, o‘ziga Sancho Pansa ismli dehqon yigitni yaroqbardor qilib belgilaydi. (Yaroqbardor – ritsarning yonida bo‘lib, unga yordam berib yuradigan yigit. Yaroqbardorlar ko‘pincha yosh o‘spirinlardan tayinlanib, ritsar yonida yurib, ulardan ta’lim olgan, jang qilish ilmini o‘rganganlar, qahramonliklarini qayd etib, daftarga yozib yurganlar.) Don Kixot Sanchoni ritsar bilan safarga chiqqan yaroqbardorlar hamisha sayohat oxirida boyib, badavlat bo‘lib ketishiga ishontiradi, hatto qozonajak g‘alabalarida uning ham hissasi bo‘lishini aytib, zabt etajak o‘lkalar yoki orollarning biriga Sanchoni hokim (gubernator) qilib tayinlashga ham va’da beradi.

Ularning zimmalariga tushadigan sarguzashtlar “kurakda turmaydigan” darajada g‘ayritabiiy bo‘lishiga shubha yo‘q, xotimasi esa “maymunlar yig‘laydigan” bo‘lib yakunlanishi ham besh qo‘lday ayon. Ammo adibning ustaligi shundaki, u Don Kixotning dumbul tasavvuri ila har qanday beo‘xshov xatti-harakatni ham “olijanoblik romanlari”dagiday ko‘tarinki ezguliklar sahnasiga olib chiqa oladi. Bunday, kulgi aralash tasvirlangan sahna-epizodlar asarda juda ko‘p, ularni sanab sanog‘iga yetish mushkul. Ularning eng ajoyib-g‘aroyiblari esa dunyo o‘quvchilari orasida maqolu matallarga aylanib, kapalakday yoyilib ketgan. Birgina “shamol tegirmoni ila kurashuv” voqeasini olaylik. Bu – “kurakda turmaydigan” voqealar ichida eng mashhuri. Don Kixot shamol tegirmonini “qo‘llarini yoyib, kurashga shaylanib turgan pahlavon” deb tasavvur qiladi, ot yo‘rttirib unga hujum qiladi va … otdan yiqiladi. Boshqa bir voqeada oldinda ketayotgan qo‘ylar suruvini dushmanlar to‘dasi deb tasavvur qiladi, suruvga hujum qilib, nayza o‘qtaladi va cho‘ponu cho‘liqlarning o‘rtasiga tushib, ta’zirini yeydi. Yana bir gal tunda movut ishlab chiqaradigan korxona binosidan chiqayotgan g‘alati ovozlarni eshitib, tong otishini poylab chiqqanlarini ayting. Yoki karvonsaroyda ot-eshaklarga ortmoqlab keltirilgan meshlarga hujum uyushtirishadi, meshdan sirqib oqayotgan qizil sharobni qon deb o‘ylashadi va hokazo. Lekin har safar ham Don Kixot o‘zi yo‘l qo‘ygan xatolari uchun munosib javob topib beradi: shamol tegirmoni ham, meshlar ham – bular bari dushmanlarning afsun o‘qib, yo‘lga chiqarib qurib qo‘ygan hiylalaridir!

Safar mobaynida ular ne-ne voqealarga, ne-ne ko‘rguliklarga duch kelmaydi, deysiz. Sevishgan oshiq-ma’shuqlar visolga yetishmay, to‘siqlarga duch kelganlarida Don Kixot yordami tufayligina cherkovda nikohdan o‘tadilar. Dushman qo‘liga tushib, Jazoir qumliklariga oshib ketgan ispan jangchisi habashlar qo‘lidan qochib, bir qoratanli qizning belidan tutib kelganida yana o‘sha olijanob ritsar – Don Kixotning beg‘araz ko‘magi ila yorug‘likka yetishadi… Voqealarga tushunib yetgan odamlar, Don Kixotning hardamxayolligiga achingan yoru do‘stlar endi uning hayoti uchun qayg‘ura boshlaydi. Qishloq sartaroshi cherkov rohibi bilan til biriktirib, Don Kixotni qaytarib kelish tadorigini ko‘radi. Ular aravaga qafas o‘rnatib, Don Kixotni aldab-suldab, malikai dilorom qiz Dulsineyaning shashqator yoshlar to‘kib kutayotganini aytib, shavkatli ritsarni qishloqqa qaytarib olib kelishadi. Don Kixot haliyam tuzukroq qahramonliklar ko‘rsata olmagani uchun mahzun kayfiyatda bo‘lsa ham, xizmatkorlar, qarindosh-urug‘lar, yoru do‘stlar darbadar xo‘jayinning safardan eson-omon qaytganiga juda katta shodyonada…

 

II QISM

Darmoni qurib to‘shak tortib yotib qolgan Don Kixot qattiq qayg‘uda. Xo‘mrayib olgan, hech kim bilan ochilib gaplashmaydi. Paytini topib, yana yaroqbardori Sancho bilan ikkovlon safarga otlanadilar. Bu gal ularning maqsadi – Tobossga borib, Dulsineyani uchratish! Sanchoning mulohazasiga ko‘ra, xo‘jayinning aqli shu darajada shikast yeganki, Dulsineya haqida kim nima desa – bariga paqqos ishonaveradi. Sancho qishloq yo‘llarida ko‘zga ko‘ringan birinchi qizniyoq Dulsineya shu deb tanishtiradi. Don Kixot uning yolg‘on gapirayotganini bilsa ham, afsungarlar duo o‘qib, qizni shu ko‘rinishga, shu vaznga keltirib qo‘ygan, deb o‘ylaydi. Keyinchalik borib Sancho bu yolg‘oni uchun yaxshigina ta’zirini yeydi.

Boshlaridan juda ko‘plab alomat voqealarni kechirgan ritsar bilan uning yaroqbardori er-xotin gertsoglar yashaydigan qo‘rg‘onga kelishadi. Don Kixot ko‘rsatgan qahramonliklar bu yerdagilarning ham qulog‘iga yetgan. Endi er-xotin mehmonlarni kalakayi masxara qilish uchun tomosha uyushtiradilar. Tomosha shundan iborat bo‘lmog‘i kerakki, ular Don Kixotning barcha aytgan hikoyalariga o‘zlarini ishongan qilib ko‘rsatmoqlari lozim, ritsarning qo‘ltig‘iga suv purkab, qishloq ommasi oldida uning sharmandasini chiqarmoqchi. Hammaga ana shunday buyruq berilgan, odamlar o‘zlarini Don Kixotning Lantselot yoki Roland singari jasur ritsar ekanliklariga ishongan qilib ko‘rsatadilar. Don Kixotdan asirlikda azob chekayotgan qizlarni qutqarishni iltimos qilishadi. Bu iltimos gertsog uchun sodda-bayov odam ustidan kulish bo‘lsa, Don Kixot uchun esa xavfli (o‘lim hidi qelib turgan) sinov edi. Tomoshaga gertsogning xizmatkorlari, qishloqdagi boshqa odamlar ham jalb etiladi. Maqsad: Don Kixotning xurmacha qiliqlariga hammani ishonganday qilib ko‘rsatib, uning ustidan boplab kulish. Ushbu dabdabali tomoshaning avj nuqtasi – go‘zal nimfa (iloha)lar va dahshatli afsungarlar ishtirokida bo‘lib o‘tadigan sahnalar. Shu yerda Don Kixotga, agar qamchi bilan Sancho Pansaning ketiga 3300 marotaba zarba berilsa, Dulsineyani sehr-jodudan qutqarish mumkinligini, buning uchun esa yaroqbardorni shunga ko‘ndirish lozimligi aytiladi. Don Kixot bunday jazoga shu zahotiyoq kirishishga tayyor. Lekin dahshatga tushib qolgan Sancho o‘zining jazolanish muddatini sal keyinroqqa qoldirishni yalinib so‘raydi.

Gertsog Don Kixotning o‘z yaroqbardorini bir orolga hokim qilib tayinlash borasidagi iltimosini amalga oshiradi va Sanchoni Baratariya “oroli”ga (bu gertsogga qarashli kichik bir qishloq edi) gubernator qilib tayinlaydi. Endi qishloq aholisi yangi xo‘jayinga bo‘ysunishga majbur. Ya’ni, ularga shunday buyruq berilgan (Don Kixotga qo‘shib, Sancho Pansa ustidan ham kulish uchun). Lekin, Sancho Pansa qanchalik sodda va savodsiz bir omi bo‘lib ko‘rinmasin, u o‘ziga yuklatilgan vazifalarga aql-farosat ila yondashadi va boshqaruv qanaqa bo‘lishini boshqalarga chin ma’noda ko‘rsatib qo‘yadi. Hech qanday qonun buzilishlarisiz hokimyatni 12 kun mobaynida sharaf bilan boshqargan Sancho Pansa gubernatorlikka qanday kelgan bo‘lsa, yana o‘shanday – qashshoq-kambag‘al holida iste’foga chiqib ketadi.

Shu tariqa, ko‘plab g‘alati sarguzashtlarni boshdan kechirgan yasama ritsar va uning yaroqbardori o‘zlarining hamqishlog‘i Samson Karasko bilan uchrashib qoladilar. Karasko Don Kixotni yakkama-yakka jangga tak­lif qiladi va shunday shart qo‘yadi – kim jangda yengilsa, g‘olibning buyrug‘iga bo‘ysunishi shart! Samson bu jangda yengib chiqadi va Don Kixot oldiga shunday vazifa qo‘yadi: uyga qaytish va bir yil mobaynida qo‘lga qurol olmaslik, ritsarlik liboslarini kiymaslik. Don Kixot bunday shartdan kalovlanib qoladi, ammo endi u g‘olib bergan buyruqqa bo‘ysunishga majbur, aks holda – ritsarlik sha’niga dog‘ tushadi-da! Va’dani bajarmaslik ritsar uchun o‘limdan ham battar-ku, axir. Shunga ko‘ra, Don Kixot endi qishloqqa qaytib keladi va hatto cho‘ponlik qilib qo‘y boqishga ham rozi bo‘ladi. Endi u cho‘ponlik baxti-farog‘ati ila yashamoqchi, qishloq hayoti ko‘pirtirib tasvirlanadigan pastoral she’riyatga berilmoqchi, negaki unga bundan buyon ritsarlik faoliyati man qilingan. Ammo Don Kixotning mana shu pok orzusi ham amalga oshmaydi – u qishlog‘iga qaytayotib kasallanib qoladi va uyida to‘shak tortib yotib oladi. To‘shakda yotgan Don Kixotning aqli joyiga kelib, shu paytga qilib yurgan xurmacha qiliqlari bilan odamlarga kulgi bo‘lib qolganini anglab yetadi. Sancho o‘z xo‘jayinidan ahvol so‘ragani kelib, unga tezroq sog‘ayib, oyoqqa turib ketishni tilaydi, ikkovlon yana safarga chiqishlariga, aslzoda Dulsineya xonimni birga izlash uchun otlanishlariga umid bildiradi. Shunda ancha o‘ziga kelib qolgan Don Kixot (ya’ni aqli qaytgan sin’or Alonso Kixano) Sancho Pansani koyib, uni xayolparast bo‘lmaslikka chaqiradi va vasiyatnoma tuzib, mol-mulkini qarindosh-urug‘, yor-birodarlariga bo‘lib beradi-da, dunyodan ko‘z yumadi.

 

ShARH

“Don Kixot” romani o‘sha davrgacha yozib kelingan ritsarlik romanlariga parodiya sifatida bitilgan. Bir qarashda bu asar o‘sha davr uchungina qizinarli bo‘lgan, bugunga kelib esa ahamiyatini yo‘qotgan, o‘z vazifasini allaqachon o‘tab bo‘lgan kitobga o‘xshasa-da, biroq yozilganiga mana 420 yil, chop etila boshlaganiga 410 yil to‘lganiga qaramay, hamon dunyo kitobxumorlarining shoyon diqqatini o‘ziga tortib keladi. Aytib o‘tish lozimki, asar yozilgan paytda ham, undan avvalgi 5-6 asr mobaynida ham Yevropa xalqlari adabiyotida ritsarlar hayotiga bag‘ishlangan romanlarga, poema (doston)larga qiziqish o‘ta kuchli bo‘lgan. Ritsarlar ko‘rsatgan qahramonliklar haqidagi asarlarni odamlar talashib-tortishib o‘qir, xalq orasida ritsarlar hayotiga, jangovar qahramonliklarga, jasoratga to‘la hayotga intilish, ehtiyoj kuchaygan edi. Tadqiqotchilar orasida Servantesning “Don Kixot” romani ana shunday asarlarga taqlidan, masxaraomuz uslubda yaratilgan, bu bilan muallif o‘rta asrlar adabiyotidagi an’analarga zarba berdi, deb hisoblovchilar ham topiladi. Biroq asarga shu nuqtai nazardangina baho beradigan bo‘lsak, bu yuzakilik, muallif g‘oyalarini buzib talqin qilish bo‘lardi. Garchi romanda ritsarlik oqibatlari, zo‘raki mardliklar qanchalik kulgi ostiga olinmasin, muallifning o‘zi ana shunday g‘oyalar ta’sirida kamol topganligi ko‘rinib turadi. Don Kixotning savdoyi xatti-harakatlari, hardamxayolligining ham kulgi, ham mehr bilan, tasvirlanishi shundan. Axir u har qancha mazaxomuz holatlarga tushib qolmasin, har qancha balandparvoz gaplar bilan kulgimizni qistatmasin, bularning barini chin yurakdan, beg‘ubor-beg‘araz istaklardan kelib chiqib, amalga oshiradi. Garchi kurakda turmaydigan ishlarni orzu qilgani, shunga intilgani bilan, butun hayotini, kuchini, sa’y-harakatini ezgulikka, odamlarga yaxshilik qilishga, mazlumlar hasratiga dardkash bo‘lishga qaratadi. Shuning uchun ham biz bu kitobni sevib mutolaa qilamiz, asar qahramonlarining g‘olib bo‘lishini istaymiz.

Don Kixot roman mobaynida ko‘z oldimizda o‘sib, yuksalib boradi. Oxir-oqibatda g‘ururli, samimiy, rostgo‘y, odil, olijanob, dunyoi-olamga yaxshilik istaydigan jo‘mard inson sifatida gavdalanadi (bu ayniqsa asarning so‘nggi bobida ro‘y-rost seziladi). Gertsog qasrida uyushtirilgan ziyofat, Don Kixotning omma o‘rtasida mazax qilinishi sahnalarida sofdil insonlar, boringki butun insoniyat mana shu aqldan ozgan keksa ritsar tomonida turadi. Gertsog bilag‘onlik qilib, Don Kixot ustidan kulish uchun tomosha uyushtirganda, Sanchoni bir “orol”ga hokim qilib tayinlaganda ham biz kulgi bo‘layotganlar tomonida turamiz, gertsogning ahmoqona ishlaridan nafratlanamiz – Servantes qalamining kuchi, qudrati, sehri mana shunda. Ana shu sehr, adibning qoyilmaqom mahorati tufayli “Don Kixot” romani mangulikka daxldor asarlar qatoridan joy oldi. Alalxusus, jahon adabiyotidagi o‘nlab jasur, dovyurak, jo‘mard va pokdil qahramonlar – Gerakl, Persey, Alpomish, Odissey, Roland, Go‘ro‘g‘li, Rustami doston, Dovud Sosuniy, Hotam Toiy, Bhoratlar, qirol Artur, shahzoda Gendzi, Sherlok Xolms, Jumong, Kuntug‘mishu Robin Gud obrazlarida ham xuddi ana shu xislatlar porlab-balqib turgani uchun yodimizda hamisha tirikligini his qilamiz.

 

MUALLIF HAQIDA

Buyuk ispan adibi Servantesning hayoti va ijodi bilan bog‘liq asosiy voqealar bugungi kunda o‘quvchilarga ancha-muncha tanish. U 1547 yilda Alkala-de-Enares degan manzilda omadi chopmagan dorishunos oilasida dunyoga keladi. Ota kasbi shahardan shaharga, qishloqdan qishloqqa ko‘chib yurishni taqazo qilgani sababli, Servantes bolaligidan muntazam ravishda maktabga qatnayolmaydi, binobarin, uning bilim olishi ham anchagina pala-partish kechadi. Bu yillari Ispaniya taraqqiyoti mislsiz gurullab rivojlanayotgan edi. Ispanlarning qadimiy dushmani hisoblanmish mavrlar mamlakatdan endigina surib chiqarilganiga qaramay, ularning O‘rtayer dengizidagi hukmronligi davom etardi. Ispaniya bu paytda Gabsburglar imperiyasining tarkibida bo‘lib, Avs­triya, Niderlandiya, Neapol, Sitsiliya, Sardiniya, Burgundiya, shuningdek, Germaniyaning ham bir qismi shu mamlakat tarkibiga kirardi. Qolaversa, Ispaniya okeanning narigi tomonidagi ulkan imperiya – yangi kashf etilgan va o‘zlashtirilayotgan qit’aning ham siyosiy markazi hisoblanar, xullas, Ispaniyaning oltin davri boshlanmoqda edi.

Yigirma yoshlarida Servantes Rim Papasining Ispaniyadagi noibi –kardinal Akvavivaga xizmat qiluvchi jangchilar bo‘linmasiga yollanadi. Akvavivaning xizmat muddati tugab, Rimga chaqirilganida, Servantes ham karvon safida Italiyaga yo‘l oladi. Bu paytda Servantes hali yozuvchi sifatida nom qozonmagan bo‘lsa ham, ammo o‘sha paytlardagi davlat arboblaridan Don Karlos, qirolicha Izabellalarning vafotiga bag‘ishlab yozgan she’rlari tufayli ko‘zga ancha ko‘rinib qolgan umidli qalamkash sanalgan. 1570 yilda u Ispaniya armiyasiga ko‘ngillilar safida xizmatga kiradi, dengiz urushlarida qatnashdi. Servantes mana shu janglarda mardlarcha ishtirok etadi, uch marotaba yarador ham bo‘ladi.

1573-1574 yillarda u Tunisdagi ispan garnizoniga madad uchun jo‘natilgan qo‘shin safida Afrika qit’asiga ham o‘tadi (ushbu safar tafsilotlari “Don Kixot” romanida yoritilgan). 1575 yili Ispaniyaga qaytib kelayotganda, cho‘ntagida Don Xuan tomonidan taqdim etilgan zobitlik unvoniga musharraf qilish haqidagi yorliq (aniqrog‘i, tavsiya­noma) ham bor edi. Taqdirning o‘yinini qarangki, dengizda ularning kemasiga qaroqchi berberlar hujum qilib, kemani egallaydi. Servantes asirga olinadi, Jazoirga jo‘natiladi va uning boshi uchun xun (tovon) puli belgilanadi. Xuddi shu vaziyatda Servantesning cho‘ntagidagi tavsiyanoma pand berib qoladi, bo‘lajak adibni katta arbob deb o‘ylagan berberlar uning boshi uchun juda katta tovon puli talab qiladilar. Servantes bir necha marotaba asirlikdan qochishga urinib ko‘radi. Ammo barcha harakatlari muvaffaqqiyatsiz chiqaveradi. Shu tariqa u besh yil tutqunlikda qolib ketadi. 1580 yildagina besh yuz dukat evaziga ozodlikka chiqadi.

Bir muddat Portugaliyada yashab, so‘ng uyiga qaytgan Servantes 1582 yillarda yana o‘zini yozuvchilik sohasida sinab ko‘ra boshlaydi. Vatanparvarlik mavzusidagi “Numansiya” tragediyasi, maishiy mavzularda intermediya (kichik pesa)lari shu davr mahsullaridir. “Numansiya” tragediyasi shoir Rafael Albertining qayta ishlovida 1938 yil qamal qilingan Madrid shahrida ham sahnaga qo‘yilgan. Uning intermediyalarini 1885 yilda A.N.Ostrovskiy rus tiliga o‘girgan. Servantesning o‘sha yillardagi ijodining mahsuli bo‘lgan “Galateya” romani o‘quvchilar tomonidan iliq kutib olinadi. Bu roman 1783 yilda frantsuz tiliga tarjima qilinib nashr etilgach, Yevropa mamlakatlarida ko‘plab kitobxonlarning sevimli kitobiga aylanib qoladi.

1584 yilda adib o‘zidan 18 yosh kichik Katalina de Salasar-i-Palasos bilan turmush quradi. Davlat lavozimlaridan umidvor bo‘lib yurgan Servantes nihoyat 1587 yili Angliya mamlakatiga bosib borish ilinjidagi qo‘shinga jadal tayyorgarliklar ko‘rish bo‘yicha komissar qilib tayinlanadi. Bu juda sertashvish-sermashaqqat ish edi, shafqatsizlik talab qilardi. Harbiy qonun-qoidalarga qat’iy amal qilaman, deb ish ko‘rgan komissar Servantes ibodatxona oziq-ovqat zahiralarini o‘z xisobiga qo‘shib olgach, diniy xodimlarning qarg‘ishiga uchraydi. 1590 yilda u Amerikadagi Ispaniyaga qarashli yerlarda ma’muriy rahbarlik lavozimiga erishishga harakat qiladi-yu, ammo bu niyati amalga oshmay qoladi. Aftidan, yozuvchining haddan ortiq haqiqatparastligi bunga to‘g‘onoq bo‘lgan. Buning ustiga, Servantes boshqa birovlarning aybi bilan ishda yo‘l qo‘yilgan kamomadlar sabab bo‘lib, uch marotaba qamoqda ham o‘tirib chiqadi (1592, 1597 va 1602 yillar). Hayotining oxirgi yillari haqida saqlanib qolgan ma’lumotlar juda kam. Aftidan u umrining so‘nggi yillarida badiiy ijodga (balki “Don Kixot” romanini yozishga) butunlay berilib ketgan bo‘lsa kerakki, Servantes biograflari ham adib umrining nihoyasi borasida ko‘p narsa yozib qoldirishmagan.

1605 yili muallifga bir olam shuhrat keltirgan, uning nomini mangulikka doxil qilgan asari – “Don Kixot” romanining birinchi qismi nashr etiladi. Qizig‘i shundaki, bu romanni avvaliga ko‘pchilik yozuvchilar (jumladan, buyuk dramaturg Lope de Vega ham) “ijobiy bahoga arzimaydi”, “hech kim o‘qimaydigan asar” deb nazarga ilishmagan edi. Biroq roman chop etilishi bilanoq tilga tushdi. Uni izlab yurganlar ko‘paydi. Nafaqat adabiy davralarda, balki maishiy hayotda xayolparast va tajang, hardamxayol va pokiza qalbli Don Kixot, uning o‘ziga o‘xshash yaroqbardori Sancho Pansa haqida odamlar qizg‘in bahs yuritadigan bo‘lib qoldilar, kishilar o‘rtasida “donkixotchilik” degan tushuncha paydo bo‘ldi. Kitob qo‘shni mamlakatlarga ham tez tarqaldi, muallif tirikligidayoq boshqa tillarga o‘girila boshlandi-yu, ammo muallifning o‘zi hech boyimadi, kambag‘alligicha qolaverdi. Agar shu orada bir voqea yuz bermaganida edi, Servantesning qo‘li kaltaligi sababidan kitobning ikkinchi qismi yozilmay qolib ketishi hech gap emasdi. Voqea esa shundan iborat bo‘ldi: asar chop etilib, kitobxonlar orasida tobora keng yoyila boshlangan bir paytda Alonso Fernandes de Avelyaneda ismli (bu, aftidan, taxallus bo‘lsa kerak) allaqanday bir shaxs 1614 yilda muallifdan ruxsat so‘rab-netib o‘tirmay, romanning davomini yozadi-da, kitob qilib chop ettira boshlaydi. Ana shundan keyin paytavasiga qurt tushgan Servantes o‘zi yaratgan asarning, qahramonlarining taqdiridan tashvishlanib, shosha-pisha “Don Kixot”ning ikkinchi qismini yozishga kirishadi va asar davomini bir yildayoq yozib bitirib, kitob holida chop ettiradi. (Asarning yakuniy bobida muallif o‘zining qalamdosh raqibi sha’niga ancha-muncha achchiq-tizziq gaplarini ham yog‘diradi).

Hayotining so‘nggi yillarida Servantes “Ibratli novellalar” nomli turkum hikoyalar yaratdi. O‘lim to‘shagida yotib yozgan asari – “Persilas va Sigizmunda” nomli romani fantastik voqealar tarixidan iborat. Adib 1616 yili Madridda vafot etadi, biroq qabri qayerdaligi hanuz noma’lumligicha qolmoqda.

Muzaffar Ahmad tayyorladi

 DARVOQE…

Mazkur roman o‘zbek tilida 1969, 1990, 2008 yillarda nashr qilingan. Tarjima Sotiboldi Yo‘ldoshev qalamiga mansub bo‘lib, “Don Kixot sarguzashtlari” nomi ostida chop etilgan. Unga Rossiyaning “DetGIz” nashriyotida 1962 yilda chop qilingan nashr matni asos qilib olingan. Matnni atoqli rus adabiyotshunosi B.M.Engelgardt bolalar uchun moslab, qayta ishlagan. Uning ko‘lamli maqolasi va izohlari o‘zbek tilidagi nashrda ham havola qilingan.

YoN DAFTARChANGIZGA…

Haqiqatga suyanib yasha – eng yaxshi nasihatim shu.

Tarix – bizning jasoratlarimiz saqlanadigan xazina, u o‘tmishimizning guvohi, bugungi kunimiz uchun ibrat va namuna, kelajak uchun esa ogohnomadir.

Har qanday qo‘shiq kabi, har qanday komediyaning ham o‘z davri, o‘z vaqti bor.

O‘ylamay gapirish mo‘ljalga olmay otish deganidir.

Qayg‘u iztirob chekayotgan odamning ti­li­ni bog‘lab tashlashi ham, yechib yuborishi ham mumkin.

Otaning qilgan xizmati uchun o‘g‘ilga rahmat aytilmaydi.

Migel de Servantes

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 3-son

___________________________________

[1] Romanning to‘liq nomi ‘‘Lamanchlik uddaburon idalgo Don Kixot’’ deb ataladi (idalgo – kichik yer egasi).

[2] Don Kixotning ism-familiyasi asarda bir necha xilda yozilgan. Servantes romanning I kitobi, I bobida shunday yozadi: ‘‘Ba’zi birovlar, uning familiyasi Kixada edi, desalar, ba’zilar, Kesada edi, deyishadi… Biz esa uning familiyasi Kexana edi, deymiz va bunga to‘la asosimiz ham bor’’. Asar oxirida esa vasiyat yozgan Don Kixot o‘zini Alonso Kixano deb ataydi.