Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlar»ida qalamga olingan davrni «tariximizning eng qora, kirlik kunlari» deya ta’riflagani ma’lumu mashhur. Hukmga shoshgan odam romanda tasvirlangan «keyingi xon zamonlari»ning bunday ta’riflanishida adibning «zamonasozlik» qilgani yoxud «sho‘ro mafkurasi ta’sirini» ko‘rsa, ehtimol. Holbuki, bunda na zamonasozlik, na sho‘ro mafkurasi ta’siri bor – Abdulla Qodiriy mansub taraqqiyparvar ziyolilar avlodi mazkur zamonga shunday munosabatda bo‘lgan. Jumladan, Cho‘lponning «So‘ng davrda yo‘qsil Sharqning tarixi bir bet bo‘lsin, oq satrni ko‘rmadi» degani, «El va yurtni saqlar uchun so‘ng xonlar tuzukkina chora, tadbir qilmagan»idan yozg‘irgani ham Abdulla Qodiriy ta’rifini quvvatlab tushadi. Yana bir muhim jihati, adibning o‘zi tasvirlashga chog‘langan davr hayotiga oid turfa materiallarni qunt bilan o‘rganganini ham nazardan qochirmaslik kerak. Sirasi, Abdulla Qodiriy «keyingi xon zamonlari»ga oid materiallarni butun ijodiy faoliyati davomida to‘plab-o‘rgandi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi: yigit yoshida «O‘tgan kunlar» munosabati bilan, so‘ng «Mehrobdan chayon» tufayli, nihoyat, ro‘yobga chiqmay qolgan «Amir Umarxon kanizi» romaniga tayyorgarlik davomida. Aytmoqchimizki, uning yuqoridagicha munosabatida zamonasozlik yo ko‘pchilik fikriga ergashishdan ko‘ra anglanganlik jihati ustuvordir.
«O‘tgan kunlar»da Otabek tilidan «idora usuli»ning eskirgani haqida aytiladi, xonlikning nosozligi beklar va amaldorlarning nopokligiyu manfaatparastligida, deya talqin qilinadi. Roman voqealarida Xudoyorxon ishtiroki haminqadar: «birinchi xonlik davri»da uning Musulmonqul qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lgani ta’kidlanadi, tarixiy haqiqatga sodiq qolinadi. Buni adib o‘quvchiga xonni ilk bor taqdim etganidayoq – holat tasvirining o‘zida ta’kidlab ko‘rsatadi.Holat esa shundayki, «marmardan yasalg‘an taxt ustida… o‘n sakkiz yoshlar chamaliq … xon o‘lturar», sal naridagi kursida esa «Musulmonqul o‘lturar va hozirg‘ina hudaychi tarafidan o‘ziga topshirilg‘an ariza va maktublardan ochib o‘qur edi». Ya’ni shohona liboslarga burkangan Xudoyorxon taxtda shunchaki savlat bo‘lib o‘tiradida, davlat ishlari bilan Musulmonqul shug‘ullanadi. Ariza va maktublar «padari arusi shahanshoh»ga murojaat bilan boshlanishi ham shuni tasdiqlaydi. Yana bir detal – Musulmonqulning «o‘qub turg‘an ariza»ni ahamiyatsiz deb hisoblagani uchun xonga aytib-netmasdanoq «qog‘ozni ikkiga yirtib oyog‘i ostig‘a tashlashi» yosh xonga biyligi qay darajadaligini namoyon etadi. Xudoyorxonning qayin otasi O‘tabboy qushbegining «xiyonati» haqida aytgan gapiga munosabati ham shunga muvofiq: «O‘z saltanatiga raxna solishdan iborat bo‘lg‘an bu xabarlardan Xudoyorxonning mutaassir bo‘lg‘anlig‘i belgusiz, ul bu gapni eshitmasdan ilgari qanday bo‘lsa, hozirda ham shu holda o‘zgarishsiz edi. Musulmonqulning yonib turg‘an, o‘tdek tutoqib so‘zlag‘an gapini sukut bilan kechirmaslik uchungina bo‘lsa kerak quruq va shirasiz qilib:
– Hammadan ham O‘tabboyni aytingiz, ablah bir odam ekan, – dedi, – meni siylamag‘anda ham sizni rioya qilsa kerak edi». Albatta, ko‘p o‘tmay Musulmonqulning hokimiyatdan chetlashtirilishi xonning bu tarz befarq o‘tirishida «arqonni uzun tashlash» hiylasi bor edi deyishga ham izn beradi. Biroq, mabodo shunday bo‘lganida ham, qayin otasida shubha uyg‘onmasin uchun u o‘zini har doimgidek – «qo‘g‘irchoq» maqomida tutishi kerak bo‘lar edi. Otabek xon huzurida mahkamaga tortilganida ham tashabbus butkul Musulmonqul qo‘lida bo‘ladi, Xudoyor esa «taxt ustiga qo‘ndirilg‘an jonlik haykal» maqomida. Bu haykalga faqat mahkama nihoyasida – Musulmonqul endigina o‘zining jon dushmani bilib turgan mahkumiga «oqsoqlanib, o‘z qo‘li bilan zarrin to‘n kiyguzar ekan» jon kiradi: «Xudoyorxon ham yirtqich qayin otasining changalidan qutilg‘anini tabrik qilg‘andek Otabekka kulib boqdi».
Yuzaki qaraganda A.Qodiriy xonlikdagi zulm va yovuzliklar manshaini Musulmonqul bilangina bog‘lab talqin qilayotgandek ko‘rinsada, aslida, adib masalaga ancha teran nazar soladi. To‘g‘ri, adib «Musulmonqulning aholi ustiga bo‘lg‘an jabru zulmi haddan tashqari ketgani»ni aytadi, shu bilan uning zulmi ortidan manfaat ko‘ruvchilar borligini ham nazardan qochirmaydi. Masalan, Musulmonqul «arzimagan sabablar bilan qora chopon beklarni osdirib, kesdirib» turishini aytish bilan birga «atrof shahar va qishloq beklari ham qipchoqlardan» ekanini ta’kidlab o‘tadi. Ya’ni Musulmonqulning zulmi yakka shaxs emas, butun bir urug‘ – qipchoqlar manfaatiga xizmat qiladi. Uning «o‘z kayficha oyda emas, haftada solib turg‘an soliqlari» ham o‘sha qora chopon beklar o‘rnini egallagan Musulmonqul «odamlari» cho‘ntagini qappaytiradi. Qisqasi, tanish manzara: hokimiyat uchun hamisha to‘dalar – urug‘lar, firqalar, sinflar, klanlar kurashadi va qaysisining toleyi kulib, hokimiyat jilovini qo‘lga olsayoq, ariqni o‘zi tomon buradi… Eng qizig‘i, har qanday mustabid kabi zolim Musulmonqul ham «ulamo orqaliq o‘z zulmini mashruʼ bir tuska qo‘yg‘an, o‘zi uchun zararlik unsurlarni yo‘qotishda shu ulamolardan «ululamirga bog‘iyliq» degan fatvoni olishni unutmag‘an edi». Xullasi kalom, ziyrak o‘quvchi keyingi tarixni mushohada qilib ko‘rsayoq, shubhasiz, barcha davrlar siyosatida talay o‘xshashliklar topadi. Tabiiyki, shunda u yo adibni bir bashoratgo‘y, xalq ta’biricha, «etishib qolgan» odam ekan deb tanishi va unga tasannolar aytishi, yoki, agar falsafaga oshnoroq bo‘lsa, siyosat deganining shakli o‘zgaraverar ekanu, mohiyati qiyomatgacha o‘zgarishsiz qolaverar ekanda, degan to‘xtamga kelishi muqarrar. Faqat, noumid shayton deydilar, odam bolasi hamisha tole kulishini kutib navbatda turganlarga umidvor qarayveradi – xuddi ish boshiga shu kelsayoq, olam guliston bo‘ladiganday. Xudoyorxonning mahkama chog‘idagi holatini eslang: allaqanday sirli, qayin otasining qilmishlarini yoqlamayotgandek, biroq u ham chorasizda… Qipchoq to‘dasi yeb, o‘zi quruq qolayotganidan zada bo‘lgan to‘da, tabiiy, yosh xonda o‘zining qismatdoshini va najotini ko‘radi, uning qabatiga kiradi – hammasi yana boshidan boshlanadi. Ya’ni qoniqmagan manfaatlar birlashdida, qipchoq to‘dasi manfaatlari bilan to‘qnashdi, shugina xolos. Darvoqe, «Musulmonqulg‘a yaqinlasha olmag‘an, ya’ni uning xizmat va marhamatidan chetda qolg‘an «nimcha» ulamolar ham yo‘q emas edilar»ki, xon ularni «qayin otasi bilan kurashda o‘ziga birinchi istinodgoh qilib» oldi. Istiqboldagi «in’om va ehsonlar, beriladigan mansablar» ilinji kuchli emasmi, Musulmonqulga tarafdor ulamolar uning siyosatini «shari’atqa qancha mutobiq ko‘rsatib kelgan bo‘lsalar», keyingi toifa «o‘shancha xilofi shar’iy ekanligining isbotiga kirishdilar». Adib bunda ham umumiy bir qonuniyat ko‘radi: podshoh faqat qilichigagina tayana olmaydi, hukmronligi bardavom bo‘lishi uchun raiyat ongida o‘zining ustida aynan shu odam hukm yurgizishga haqli va munosib, u yuritayotgan siyosat adlu insofga tayanadi va umummanfaatlariga mos degan fikr o‘rinlashmog‘i kerak. Mohiyatga boqqan o‘quvchi Xudoyorxon taxt uchun kurashda qo‘llagan taktika bilan zamonaviy saylovoldi kampaniyalari yoxud hokimiyat bilan ziyoli qatlam munosabatlari orasidagi ko‘plab mushtarak nuqtalarni ko‘ra oladi.
Qipchoq qirg‘ini ham mohiyatan manfaatlar to‘qnashuvining oqibatidan boshqa emas. Shu ma’noda Otabekning otasiga bergan «Yirtqichlarning bu qirg‘indan qanday muddaolari hosil bo‘larkin?» degan savoli yarim ritorik tabiatga ega. Negaki, uning zamirida «bu ish hech bir foydasizku, bekor qon to‘kilgani qoladi, xolos!» qabilidagi ishonch-e’tiroz yotadi. Aksincha, «ko‘b umrini shu yurtning tinchlig‘i va fuqaroning osoyishi uchun sarf qilgan» Yusufbek hoji qirg‘inning asl manshaini yaxshi biladi: «bittasi mingboshi bo‘lmoqchi, ikkinchisi Normuhammad o‘rnig‘a minmakchi, uchinchisi yana bir shaharni o‘ziga qaram qilmoqchi. Xon ersa Musulmonqulg‘a bo‘lg‘an adovatini qipchoqni qirib alamdan chiqmoqchi». Albatta, Yusufbek hojidek odamning gapiga katta qimmat beriladi, biroq buni aynan, ya’ni xon Musulmonquldan alamini olmoq uchungina qipchoqqa qatliom buyurdi, deb tushunish xato bo‘lur edi. Zero, qirg‘in zamirida uning ham jiddiy manfaati bor. Xudoyorxonning Toshkent beklariga yuborilgan yorlig‘i «Biz Turkiston mamlakatining xoni o‘z qalamravimiz va saltanatimiz uchun qipchoq toifasini muzir deb bildik» deb boshlangani ham shunga dalolat qiladi. Xo‘sh, qipchoq toifasi nimasi bilan Xudoyorxon saltanatiga «muzir» – zararli edi? Gap shundaki, muallif avvalroq aytganidek, Musulmonqul davrida «atrof shahar va qishloq beklari ham qipchoqlardan» bo‘lib ulgurgan, ya’ni hokimiyatni «uning odamlari» egallagan edi. Xudoyorxon nazdida bu odamlar valine’matlari Musulmonqulga ich-ichlarida sadoqat saqlaydilar, hukmdorga esa faqat o‘ziga sadoqatli – yonida o‘zi ko‘targan, o‘zi qo‘ygan odamlar, zamonaviy til bilan aytsak, «o‘z komandasi» bo‘lgani ma’qul. Shu jihatdan qipchoq qirg‘ini – ehtimoldagi g‘animlarining barini birakayiga oradan ko‘tarish imkoni Xudoyorxon uchun ham ayni muddao edi. Buni Niyoz qushbegining shu mudhish ish rejalashtirilgan majlisda aytgan mana bu gapi ham tasdiqlaydi: «Men xonni Toshkanddan jo‘natish oldida uning xoli vaqtini topib, bu fikrimni bir daraja arz qilib o‘tkan edim, bu fikrim xonga juda ma’qul tushkan bo‘lsa kerak, so‘zimni e’tibor bilan tinglab turdi va javobida: «Yaxshi. O‘ylashib, tadbirlari bilan menga fikringizni yozing, men ham o‘ylab ko‘rarman», dedi. Menga qolsa bu to‘g‘rida bizdan xabar kutib xonning uyqusi ham kelmay yotqandir: bizga faqat ishning o‘naqayini topib xondan tasdiq etdirishgina qolgan». Qushbegi tilidan jonlantirilayotgan holat shundayki, Xudoyorxon yosh bo‘lsada ichidagini sirtiga chiqarmaslikka harakat qilgan, shunga qaramay suhbatdoshi «xon ko‘ngan hisob» degan aniq ishonchda qolgan. Sababi ko‘pni ko‘rgan Niyoz qushbegi xon sirtiga chiqarmagan istakni teran his qiladi, chunki hokimiyat tabiatini, uni o‘z qo‘lida saqlash va kuchaytirish shartlarini juda yaxshi biladi. Xudoyorxon yosh bo‘lgani bilan xon saroyidagi oshkoru pinxon kurashlar qozonida obdon qaynagan, shu bois qushbegining taklifiga munosabatini oshkor etmasdan, yana arqonni uzun tashlaydida, quyidan tashabbus qilinishini kutadi. Ertami-kech bunday tashabbusning ko‘tarilishiga esa imoni komil, chunki vaziyatga to‘g‘ri baho bera oladi, Musulmonqul davrida «katta oxur»dan uzoqlab qolganlarning endi unga yaqinlashish payida bo‘lishlari muqarrar ekaniga ishonadi. Zero, ularning ko‘pchiligi Niyoz qushbegi kabi «hali biz sahroyi qipchoq elidan uzil-kesil qutilg‘animiz yo‘q… Musulmonqul bo‘lmasa, boshqa Alimqulning bosh ko‘tarishi aniq» deb o‘ylashlarini yaxshi biladi. Haqiqatan ham, qushbegi qora chopon og‘aynilar haqida qayg‘urayotgandek esada, aslida, bu gaplari zamirida manfaati shaxsiya yotadi. Niyoz qushbegi Musulmonqulni ag‘darish ishiga faol bosh qo‘shganu, to‘ntarish natijalari ko‘nglidagidek bo‘lmagan: «Normuhammadning ra’yini deb, hamma ixtiyor o‘z qo‘limizda bo‘lgani holda, O‘tabboyni mingboshi belgulab yuborduq… Bu ham o‘zimizning eng katta xatolarimizdin. Men o‘sha kundan beri o‘z-o‘zimdan bo‘g‘ilib yuriyman: Musulmonqulning iti bo‘lmasa, o‘zimizdan mingboshi bo‘larliq odam qurib qoluvdimi, deyman. Yo‘q, og‘alar, temirni qizig‘ida suqib qolish kerak!» Ko‘ramizki, qushbegini mingboshi masnadiga minolmagani o‘rtaydi, hali ham bo‘lsa «qipchoqlar zulmi»ga qarshi kurashni bayroq qilib maqsadiga erishmoqchi. Aytmoqchimizki, ongi hokimiyat uchun, amal-mansab uchun ayovsiz kurashlar kechuvchi saroy muhitida shakllangan Xudoyorxon voqealar ayni shu tarz kechishini bilgan, shu sababli ham Niyoz qushbegi taklifiga munosabat bildirishga shoshmagan. Fursat yetib, o‘sha taklifni bemalol amalga oshirish imkoni tug‘ilganida Niyoz qushbegidan foydalangan. Tabiiyki, bu o‘rinda Niyoz qushbegi deganimiz umumlashma ma’no kasb etib, «niyozqushbegilar» ma’nosini anglatadi.
Yusufbek hoji ham to‘ntarish natijalaridan qoniqmagan, «ululamir bo‘lg‘an kishi» Niyoz qushbegi kabi «manfaatparastlarning xarob fikrlariga quloq berib» yurganiga afsuslanadi; o‘zining ham «Musulmonqul balosidan uni najotka chiqarg‘uchilarning bittasi» bo‘lgani holda, ululamirning u bilan kengashishni unutganiga o‘kinadi. Yusufbek hojining o‘kinishiga qaraganda, u xonga kengash beruvchilar insofu diyonatli kishilar bo‘lsayoq, olam guliston bo‘lishiga ishonadigan. Ya’ni sodir etilgan xunrezlikda u niyozqushbegilarni ayblaydi, aslo xonning o‘zini emas (darvoqe, xonning o‘zini yuqoridagicha tutishi yusufbekhojilar uchun). Albatta, uzoq yillik xizmatlari davomida ko‘ngliga ishtiboh ingan damlar ham bo‘lgandir, biroq hojining o‘z nazdida ululamirni ezgulik tomonida ko‘rgani va shu ezgulikka xizmat qilgani ham shubhasiz. Romandagi Yusufbek hoji liniyasining kulminatsion nuqtasi – mehmonxonadagi suhbat asnosida mehmonlariga xizmatlari qadrlanmaganidan shikoyatlanarkan, «Yunus Muhammad oxund uning so‘zini bo‘ldi:
– Ey hoji, – dedi, – hamma fasod ululamirda, agar ululamir durust odam bo‘lsa, uch-to‘rtta muttahamning yomonlig‘i hech qayerg‘a bormas va buncha gunohsiz bechoraning qoni o‘rinsiz to‘kilmas edi». Oxundning «ey hoji» deya ta’kidlab, xonadon sohibining gapini bo‘lib,«hamma fasod ululamirda» deyishi qat’iy hukm kabi yangraydi. Albatta, bu qadar qat’iyat bejiz emas, oxund aytmishiga hujjat – hadis keltiradiki, ma’nosi «agar bir qavmning ishi noahl odamga topshirilg‘an bo‘lsa, o‘shal qavmning qiyomatini yaqin bil». Javoban Yusufbek hojining sidqidildan «Saddaqta yo rasululloh» degan xitobiyu beixtiyor hadisni takrorlashi, buning ortidanoq «voy bo‘lsin biz badbaxtlarning holiga» deyishida ululamir haqidagi fikri tugallik kasb etganiga dalolat bordek ko‘rinadi bizga. Jumladan, hojining «shu kungacha bo‘lmag‘anlarg‘a bo‘lishmoqchi bo‘lib umrimning nihoyatiga yetib qoldim» degan e’tirofidagi «bo‘lmag‘anlar» o‘z ichiga «ululamir»ni ham olishiga hech bir shubha qolmaydi.
Xulosa qilsak, «O‘tgan kunlar» romanidagi Xudoyorxon obrazi, asar syujetidagi ijtimoiy-tarixiy chiziq voqealari A.Qodiriyning hukmdor, hokimiyat haqidagi badiiy kontseptsiyasini ifoda etadi. Ushbu kontseptsiyaga ko‘ra, birinchidan, turli davrlardagi hokimiyat tizimining mavjudligi va amal qilishida umumiy qonuniyatlar kuzatiladi; ikkinchidan, shaxsiy, guruhiy hamda umummanfaatlari nisbati va o‘zaro munosabatlarining to‘g‘ri belgilanishi tizimning barqarorligini ta’minlaydi; uchinchidan, «adolatli xon» (podshoh) haqidagi orzu ham, «xon hazratlari jamiyat hayotdagi nohaqliku adolatsizliklardan bexabar, uni atrofidagi maslahatchilar chalg‘itadi»qabilidagi qarashlar ham cho‘pchakdan boshqa emasdir.
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 9-son