Boris Raushenbax. “Behuda fikrlar” kitobidan

Voqelik. Ilmlar. Orzu

Gazetada qandaydir maqolani o‘qiyotib bir fikrga keldim. Muallif uni biolog Nikolay Vladimirovich Timofeev — Resovskiyning fikri sifatida taqdim etipti. “Hech narsa, hech qanaqa ilm-fan chinakam bilim bermaydi”.

Sirasini aytganda, dastavval shuni ta’kidlamoq kerakki, hech kim hech qachon ilm-fan chinakamiga haqiqiy bilim beradi degan gapni aytgan emas, negaki ilm-fan voqelikning taxminiy tasviridir, xolos. Buni hamma biladi, shuning uchun Timofeev — Resovskiyga nisbatan berilgan fikr, albatta, bo‘lmagan, siyqa gapdir. O‘z-o‘zidan ayonki, maqola muallifi bunday siyqa gapni nazarda tutmagan, albatta, balki allaqanday jiddiyroq narsani ko‘zda tutgan. O‘ylashimcha, bu fikr matndan uzib olingan: maqolasiga suyanchiq bo‘ladigan dalillar yetishmay qolsa, mualliflar ko‘pincha shunday qiladi.

Lekin bu ibora miyamga singib qoldi va fikr shu yo‘nalishda ishlay boshladi.

Poetika ilmi qanaqa ekanini bilmayman-u, lekin aniq fanlar haqiqatan ham chinakam bilimlar bermaydi. Olimga allaqanday mavhum bir haqiqatni ifodalamoq kerak, u biron-bir ob’ektiv voqelikni tavsiflaydi, o‘rganadi, bayon qiladi va hokazolar, bu voqelikda uning “men”i hech qanaqa ahamiyatga ega bo‘lmaydi. San’atkor muqarrar tarzda materialni o‘zi orqali o‘tkazadi, shuning uchun o‘zi hatto bunday bo‘lishini istamagan taqdirda ham hamisha material ichida qoladi, ammo olim bunga mutlaqo e’tibor bermaydi, u materialda o‘zini ifoda qiladimi — yo‘qmi — buning u uchun mutlaqo ahamiyati yo‘q, harholda uning “men”i hal qiluvchi rol o‘ynamaydi va bu oqilona nuqtai nazardir.

Agar biror narsani kuzatar ekanlar, kuzatuvchilar bir xil narsani ko‘rsalar, bu ilmdir. Agar har xil narsani ko‘rsalar, bu ilm emas, bu — poeziya yoki boshqa biron narsa bo‘ladi. Biroq har qancha g‘alati bo‘lmasin, odatda bunaqa ideal vaziyatlar uchrayvermaydi, chunki hech narsa mutlaqo mustaqil bo‘lishi mumkin emas. Zamonaviy fizika ham hozir shuni anglab yetdiki, kuzatishlar natijasi faqat kuzatilayotgan narsagagina emas, kuzatuvchiga ham bog‘liq bo‘ladi.

Kimligini aniq aytib o‘tirmay, XX asr boshlaridagi, uning birinchi yarmi mobaynida, aytaylik, 20-30-yillardagi fiziklarning ishini olib qaraylik, o‘tgan asr boshidagi, hatto Birinchi jahon urushigacha bo‘lgan davrda fiziklar bu masala bilan ko‘p shug‘ullanishgan va biz — olimlar nimani eks ettiramiz degan masalada g‘oyatda qiziqarli natijalarga kelishgan. Kim aks ettirayotganiga juda ko‘p narsa bog‘liq. Biroq bu jarayonda shunday bir bo‘lak borki, u kuzatuvchiga bog‘liq emas va shunday bo‘lak borki, u kuzatuvchiga bog‘liq va olimning biror xususiyatini, uning holatini ifodalaydi. Mutlaqo xolis ma’lumotlar bo‘lishi mumkin emas deganlarida aynan ana shuni ko‘zda tutadilar. Hamisha hamma narsada hammasi xolis bo‘lishi aslo mumkin emas.

Masalan, ikki karra ikki-to‘rt degan tasdiqni yoki karra jadvalini olib ko‘raylik, unda hech narsa hech kimga bog‘liq emas, unda hamisha natija bir xil. Ammo bu ilm emas-da! Lekin bordi-yu, ilmning biron kattaroq bo‘lagini oladigan bo‘lsang, unda hamisha yo u, yo bu shaklda kuzatuvchi mavjud ekanini ko‘rasan. Va bu normal holdir, shunday bo‘lmog‘i ham kerak.

Ayni fizikada jarayon kuzatuvchining kim ekaniga bog‘liq emas, balki odam nimani kuzatayotganiga bog‘liq. Kuzatuvchi ingliz bo‘ladimi, frantsuzmi, afrikalikmi — buning ahamiyati yo‘q. Inson jarayonga kirdimi — bas, shuning o‘zi bilan jarayonni o‘zgartiradi, u jarayonga aralashuvining o‘zi bilanoq jarayonni “buzadi”. Natijada jarayon boshqacha bo‘lib qoladi. Va, albatta, shuning uchun kuzatuvchi natijalarda aks etadi. Sirasini aytganda, u qay bir tarzda ob’ektiv ma’lumotlarda ham aks etadi.

Ammo bu masalalarni ilm falsafasi bilan shug‘ullanishni kasb qilib olganlar ixtiyoriga qoldira qolaylik. Ba’zan men bir gapni gapirib yuraman — agar biror odam ilm bilan shug‘ullanib, tuzukroq biror ish chiqara olmasa, u ilm tarixi, ilm falsafasi yoxud boshqa shunga o‘xshagan narsalar bilan shug‘ullana boshlaydi. Ayonki, bunday fikr to‘g‘ri emas. Bu gap — hazil. Lekin bu hazilning zamirida bir chimdim haqiqat ham bor.

Men istagan bir ilmiy risolani o‘qiyotganimda kuzatuvchining individualligini his qilmayman-da, davr nuqtai nazarini, biror maktab ruhini his qilaman. Shunda “ha, endi, bu risola falon maktabga mansub” deb o‘ylab ketaman. Yoki risolaning yozilgan vaqtini taxminlab aniqlayman — aytaylik, bu risola XIX asr uchun xarakterli, XX asrda boshqacha yoza boshlagan edilar deb o‘ylayman.

Agar fanni bilsang va qay bir ma’noda shu fan ichida yashasang, bunaqa narsalarni doim ko‘rib turasan.

Men o‘zimning 1999 yilda dunyo yuzini ko‘rgan “Postekriptum” deb atalgan so‘nggi kitobimni ishonchim uncha komil bo‘lmasa-da, insoniyat yana yuz yil saqlanib qololmasa kerak, degan ancha-muncha sovuq taxmin bilan tugatgan edim. Insoniyat o‘jarlik bilan to‘ppa-to‘g‘ri shunday bir sarhadga ketib bormoqdaki, u yerda o‘z-o‘zini mahv etish imkoniyati chinakam xarakter kasb etadi va bu hodisa hatto biror xato oqibatida ham sodir bo‘lishi mumkin. Odamlar vayrongarchilik tabiatini borgan sari chuqurroq o‘rganmoqdalar, borgan sari ko‘proq fizik tajribalar o‘tkazmoqdalar. Shu o‘rinda men avvallari ko‘p aytib kelgan bir fikrimni takrorlayman. Bu fikrim hozirgi zamon fizikasi nuqtai nazaridan juda bema’ni fikr, lekin tushunarliroq bo‘lsin uchun, baribir, bu fikrni aytaman: tasavvur qilinglar, fiziklar tajribalarini o‘tkazish jarayonida shunday bir qadam qo‘ydilarki, uning oqibatida butun materiya yona boshlaydi. Yer ham yonib ketadi,odamlar ham yonadi, hamma narsa yonib kul bo‘ladi!

Bu — bashorat emas, xavotirlik, xolos. Ilm-fan o‘z rivojida qaysi yo‘lga burilib ketishini tusmollab o‘tirishdan ko‘ra bema’niroq ish yo‘q. Men XIX asrning oxirida uning rivojlanish yo‘llari istiqbolda, albatta, bizning davrimizda, hozirgina o‘tib ketgan XX asrda qanday bo‘lishini tusmollab yozilgan maqolalarni o‘qiganimda shunga ro‘para keldim. Umrim bino bo‘lib bundan battar aljirashni o‘qigan emasman. Holbuki, uni yozgan odamlar olimlar edi, hurmatli odamlar edi. Biroq o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, axir, ular radio, elektronika, kompyuterlar, butun dunyoni o‘rgimchak to‘riday chulg‘ab olgan Internetning paydo bo‘lishini loaqal tushlarida ham ko‘rmagan bo‘lsalar, nimani ham bashorat qilmoqlari mumkin edi.

XIX asrda aqllarni nimalar lol qoldirgan? Parvozlar. Aka-uka Lyumerlarning filmida, — u “Poyezdning kelishi” deb atalardi, shekilli, — parovoz to‘ppa-to‘g‘ri ekrandan tomoshabinlarning ustiga yopirilib keladi, ko‘plar o‘tirgan joylaridan sapchib turib qochib ketishgan, xonimlar hushlaridan ketib yiqilishgan. Buni ko‘rgan olimlar XX asrda juda katta parovozlar o‘ta katta temir yo‘llardan butun dunyo bo‘ylab yurib ketadi deb taxmin qilganlar. Ularning xayolotlari bundan ortiq narsani tasavvur qila olgan emas. U paytlarda aviatsiya endigina tug‘ilib kelayotgan edi. Men XIX asr oxiridagi ba’zi bir hajviy rasmlarni yaxshi eslayman: ko‘chalar bo‘ylab dirijabllar suzib yuribdi, odamlar allaqanday uchuvchi fantastik apparatlar yordamida balkonlaridan sakrab, o‘zgalarning balkonlariga mehmonga borishgan. Bu, albatta, aql bovar qilmaydigan bema’ni gap, lekin bu o‘sha davrning saviyasini ko‘rsatadi, shu jumladan, ilm-fan rivoji masalasidagi bashoratlarning saviyasidan ham dalolat beradi.

Shundoq bo‘lgandan keyin yana bir marta takrorlayman: bashorat qilmoq o‘ta bema’ni mashg‘ulotdir. Xayolingizni har qancha ishga solmang, baribir, amalda teskarisi chiqadi. Inson aqli yaqin o‘rtadagi bir soat-ikki soatni, ha, ana, boring, bir sutkani oldindan ko‘rishga yaraydi, xolos. Ibtidoiy jamiyat odamiga o‘n yil keyin nima bo‘lishini avvaldan ko‘rishga zarurat bormidi? Fol boqish uning miyasiga ham kelmagan — albatta, g‘or odamiga ayon ediki, hamma narsa uning tegrasida qanday bo‘lsa shunday qolaveradi. Ammo bir soat-ikki soat keyin nima bo‘lishini u tasavvuriga sig‘dira olgan — o‘rmonga boraman, biron jonivorni o‘ldiraman, o‘tin terib kelaman, qabiladoshlarimning qornini to‘ydiraman… Bizning qadimda yashab o‘tgan ajdodimiz unchalik ko‘p narsani rejalashtira olmagan. Rejalashtirganda ham maishiy darajada juda qisqa muddatni qamrab olgan, xolos. Chunki uning uchun hayot o‘zgarib turadigan narsa bo‘lgan emas.

Hozir esa, aksincha, u shiddat bilan o‘zgarib bormoqda. Agar avvallari yoshlikda olgan bilimdan shartli ravishda aytganda, butun umr davomida foydalanish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, bugun bunday qilishning mutlaqo iloji yo‘q. Men hozir endi o‘tgan asrning 20- yillarida o‘qigan edim, tasavvur qilingki, men o‘sha 20-yillar darajasida qolgan bo‘lay. U paytlarda na kosmosga parvozlar bor edi, na hozirgi zamon elektron qurilmalari, na “Mir” degan kosmik stantsiya mavjud edi — aytish kerakki, insoniyat umuman bu to‘g‘rida hech narsa bilmas edi. Men esa qip-qizil ahmoq bo‘lib qolaverar edim.

Binobarin, avvallari va nisbatan yaqin-yaqinlarda yoshlik yillarida o‘qib, ichingizni qolgan umringizga yetadigan ilm bilan to‘ldirib olishingiz mumkin edi. (Men, albatta, ongli ravishda mubolag‘a qilmoqdaman, sekin-asta bilimlar tajribaga yo‘g‘rilib, boyib boradi), hozir esa inson o‘z umri mobaynida taxminan uch marta o‘qib, bilimini to‘ldirib bormog‘i kerak. O‘qiganda ham u har o‘n besh yilda biror joyga borib, o‘qishga qatnab o‘qimaydi. Yo‘q, u hamma vaqt uzluksiz o‘qib boradi, har o‘n besh yil-yigirma yilda uning avvalgi bilganlariga nisbatan tubdan o‘zgarib, yangilanib, boyib boradi va o‘zining avvalgi holatlarini eslasa, o‘ziga-o‘zi imkoniyatlari cheklangan dovdir bir odam bo‘lib ko‘rinadi.

Inson qonuni juda murakkab qonunlar asosida rivojlanadi. Matematiklar bunaqa rivojlanishni notekis (nolineynoye) rivojlanish deb atashadi. Biz esa faqat tekis rivojlanadigan narsalarning istiqbolini aytib bera olamiz, hozir, shu daqiqada sodir bo‘layotgan narsaning bevosita davomi bo‘lgan narsanigina aytib bera olamiz, chapga-o‘ngga, pastga-yuqoriga, u yoqqa-bu yoqqa rivojlanadigan narsalarni esa bashorat qila bilmaymiz. Hodisaning bevosita davom etishi uning besh yil keyindagi, ha, boring, ana — o‘n yil keyingi holatini bashorat qilishga yetadi, undan ortig‘iga yetmaydi. Shuning uchun ilmiy sohadagi professional odam ham biror narsani bashorat qilmog‘i amrimaholdir, chunki o‘n-yigirma yildan keyin shunaqa narsa paydo bo‘lmog‘i mumkinki, bu narsa to‘g‘risida professional odam ham hech qanaqa tasavvurga ega bo‘lmasligi mumkin. U shu qadar kutilmagan bir shamoyilga ega bo‘lmog‘i mumkinki, uni professional odam o‘ylab topmog‘i ham mumkin bo‘lmay qoladi. Kutilmagan narsani esa bashorat qilib bo‘lmaydi, bunga odamzodning aqli yetmaydi.

Mendan so‘rashlari mumkin — nima, fanning rivoji ko‘zda tutilmagan yo‘llardan boradimi? Ilm-fan o‘z-o‘zidan rivojlanadi, lekin bashoratlar masalasiga kelsak, ular hamisha uncha murakkab bo‘lmagan sxema asosida vujudga keladi — o‘tgan yili nima bo‘lgani esimda, men bugun ahvolning qanaqa ekanidan xabardorman, binobarin, men bir yildan keyin nimalar bo‘lishini tasavvur qila olaman. Bu metod qisqa muddatlar uchun yaraydi, u qulay, uni qo‘llasa bo‘ladi, negaki, albatta, men o‘tgan yilning voqealaridan xabardor ekanman, bizni bo‘lg‘usi yili qanday evrilishlar kutayotganini tusmollab aytib berishim mumkin. Yigirma yildan keyin nimalar sodir bo‘lishi mumkinligini taxmin qilsa bo‘ladi, lekin bu oxir-pirovardda bema’nilik bo‘lib chiqardi.

Menga qolsa, bunday der edim: yigirma yildan keyin sodir bo‘ladigan kutilmagan narsani men tasavvur qilolmayman, buni hech kim ham tasavvur qilolmaydi, ayniqsa, fanda tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ha, ilm-fanning rivoji davom etadi, unda hamma narsa o‘z yo‘li bilan sodir bo‘la boradi, odamlar o‘z turmushlarini, o‘z mehnatlarini ko‘proq va faolroq texnikalashtiradilar. Ilm-fanning rivoji, ma’lumki, bo‘lishi mumkin bo‘lmagan narsalarga yo‘l qo‘ymaydi va biz tobora ko‘proq muvaffaqiyatlarning hamda yangi-yangi Nobel mukofotlarining shohidi bo‘lamiz. Ya’ni hozirgi zamon iborasi bilan aytadigan bo‘lsak, hamma narsa normal ravishda sodir bo‘ladi, lekin nima va qanday sodir bo‘ladi — buni men ham va boshqa hech kim ham bilmaydi.

Kelajakni va ilm-fanning rivojini aytib berish olimlarga nisbatan fantast yozuvchilarga osonroq. Hozirgi zamon fani, odatda, fantast yozuvchilarning qo‘l-oyog‘ini bog‘lamaydi, ularning boshi uzra hech qanaqa fizika qonunlari, matematika va hokazo qonunlar muallaq turib xalaqit bermaydi. Ular xayollarining jilovlarini qo‘yib yuborib, bemalol xayol suraveradilar. Hech kimning ularni so‘kishga haqqi yo‘q, chunki ularning fantast yozuvchi sifatidagi vazifasining o‘zi shu — ular har xil g‘aroyib voqealarni, aql bovar qilmaydigan mojarolarni o‘ylab topmoqlari kerak. Qani, siz unga “hay, befarosat, sen nima balolarni yozding?” deb ta’na qilib ko‘ring-chi? “Men, axir, fantastman, xayolotimni ishga soldim, xolos” deb javob beradi sizga. Bordi-yu, olim xayolotini ishga solib, shunga o‘xshagan biron narsani o‘ylab chiqarsa, u tentakdan o‘zga emas.

Frantsuzlarning fantast yozuvchisi Jyul Vern kelajakni juda chuqur his qilar edi. Yo‘q, tafsilotlarda emas — u masalada, u ham ancha-muncha chalkashliklarga yo‘l qo‘ygan. Biroq sirasini aytganda, u allaqanday o‘ninchi sezgisi bilan ilm-fan rivojining yo‘nalishini his qilgan va shunga muvofiq chindan-da amalda ro‘y bergan narsalarning ancha-munchasini tusmollab bilgan. Bu ma’noda u, albatta, nimalar bo‘lishini tasvirlashga urinib ko‘rmagan fantast yozuvchilardan emas, qandaydir g‘aroyib narsalar bilan kitobxonni hang-mang qilishga, lol qoldirishga uringan fantast yozuvchilardan ancha yuqori turgan.

Jyul Vern texnika masalasida savodli odam edi, u xayol surar ekan, ochiq-oydin ko‘rinib turgan bema’ni narsani haqiqatda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsadan ajratib tashlashni bilar edi va umuman olganda, ancha-muncha narsani oldindan to‘g‘ri ko‘ra oldi. Tabiiyki, olim sifatida emas, aytaylik, texnika rivojini nozik his qiladigan yozuvchi sifatida ko‘ra oldi. Garchi u yoki bu romanni qanday yozish masalasida uning rejalari mavjud bo‘lgan bo‘lsa-da, uning o‘zi hech narsa qilishni xohlamay — na jahon bo‘ylab sayohat qilmay, na Oyga uchishni istamay, hammasini miyasidan to‘qib chiqara qoldi. Sayyoralararo uchadigan kemaning loyihasini hatto yozuvchi ham chizib olmog‘i kerak, aks holda u har qadamda adashib ketaveradi. Kemaning qanday harakat qilishini yozuvchi juda aniq tasavvur qilishi kerak, shundagina hamma narsa mantiqqa ega bo‘ladi, lekin u hech narsani o‘zi ishlab chiqmog‘i kerak emas. Jyul Vern hech narsani o‘zi ishlab chiqqan ham emas.

Taniqli olim, raketa texnikasi va kosmonavtikaning kashshofi German Obert esa, aksincha, hammasini o‘zi ishlab chiqqan, u dunyoda amalga oshirish mumkin bo‘lmagan hech narsa yo‘q deb hisoblagan, “faqat shunday vositani topmoq kerakki, uning yordamida o‘sha narsani amalga oshirish mumkin bo‘lsin”. Obert avvaliga raketalarni qog‘ozda chizib, ishlab chiqishga harakat qildi, keyin ularni qurishga kirishdi. Jyul Vern hech narsa qurgani yo‘q, hech qanday tajribalar o‘tkazmadi, Obert esa tajribalar o‘tkazdi, qurdi va hokazo. Ya’ni ular har xil toifadagi odamlar edi. Obert olim tire injener edi, Jyul Vern esa olim tire yozuvchi edi. Bu misol orzu, ilm va voqelikning har doimgi bir-biri bilan chatishib ketishining misolidir. Bu to‘g‘rida o‘z vaqtida Siolkovskiy ham yozgan edi. Siolkovskiy ilmdagi murakkab siymolardan biridir. Bolaligida u og‘ir xastalikni boshidan kechirgan, bu xastalik menimcha qizilcha edi. Xastalik tufayli qulog‘i bir umrga shikastlanib qoldi, shuning uchun juda odamovi bo‘lgan. Ammo xayolot quvvati juda yuksak bo‘lgan va shu sababdan — to‘g‘rimi-yo‘qmi — bu boshqa masala — texnika sohasida va shu jumladan, raketa texnikasi sohasida ham juda ko‘p narsani o‘ylab topgan.

Hozir to‘satdan shunday bir nuqtai nazar paydo bo‘ldiki, ba’zi bir olimlar uni qattiq himoya qilmoqdalar. Bu nuqtai nazarga ko‘ra, Siolkovskiy ancha-muncha yasama siymo, ya’ni u ko‘p ish qilishga qilgan-u, lekin qilganlari unchalik ahamiyatli emas, sovet davlati va sovet targ‘iboti manfaatlari yo‘lida uni ko‘tarib osmonga chiqarib qo‘yishdi, shundan keyin u katta rol o‘ynay boshladi, aslida esa agar jiddiy gapiradigan bo‘lsak, uning ilmda hech qanday o‘rni yo‘q edi.

Bu bir tomonlama nuqtai nazar, uni o‘zining asarlarida oldinga surib, jon-jahdi bilan yoqlaydigan odam Siolkovskiy ilmiy qo‘mitasining sobiq kotibi. Bu odam Siolkovskiyning ijodini mukammal o‘rganib chiqqan va o‘z vaqtida unga haykal o‘rnatish uchun ko‘p harakat qilgan. Men uni haq yoki nohaq deyayotganim yo‘q. Men uning qanday xulosaga kelganini shunchaki aytib beryapman, xolos. Siolkovskiy puflab shishirilgan siymo.

Qay bir darajada Siolkovskiyni bu darajada yuqori ko‘targanlari, ehtimol, adolatdan emasdir. U ulug‘ olim emas, u oddiy olim, o‘ziga xos ajoyib odam, raketa texnikasini rivojlantirish yo‘lida katta xizmatlari bor, ammo yozganlarining ichida kishida shubha tug‘diradiganlari ham ko‘p. Murakkab siymo, lekin uning ilmda o‘rni yo‘q, deyish ham adolatdan emas.

Orzu, ilm-fan va voqelikning bir-biriga daxldorligi mavzuiga qaytar ekanman, shunday bir fikrni ta’kidlayman: Siolkovskiy, “avval orzu yuradi, keyin unga ishlov beriladi, shundan so‘ng amalga oshiriladi”, — deb yozgan edi. Uch bosqich. Bu fikr unchalik yangi fikr emas, deyarlik hamma olimlar shunaqa deyishadi. Men voqelikdan boshlashni afzal ko‘raman, shuning uchun masalani bunday qo‘yaman: voqelik, ilm-fan, orzu. Ammo kimdir ba’zan noreal narsa bilan ham shug‘ullanadi. Bu odam men ham bo‘lishim mumkin, siz ham bo‘lishingiz mumkin, ba’zi bir hollarda esa bu odam, misol uchun aytganda, Sergey Pavlovich Korolev edi.

Yoshlik chog‘larimizda biz planerizmga qiziqar edik va Qrimga, Koktebelga borardik, uning yam-yashil adirlarida o‘z modellarimizni sinovdan o‘tkazar edik. Esimda — Sergey Pavlovichning “Qizil Yulduz” deb nomlangan planeri hammamizni lol qoldirgan edi. Bu planer planerizmning rivojlanishi nuqtai nazaridan qaraganda mutlaqo hech qanday ahamiyatga ega emas edi, lekin… Oliy pilotajga qobil edi. “Qizil yulduz” — hozirga qadar oliy pilotajga qodir — yagona planerdir. Hammamiz hayron edik — nechuk? Korolevga esa ayni shu narsa yoqardi, u butun umri davomida jahonni hayron qoldirishni istagan, olimlarni, muhandislarni, birga ishlaydigan hamkasblarini lol qoldirishni istagan. Axir, o‘zingiz insof bilan ayting — oliy pilotajga yaraydigan planerning kimga keragi bor? Ana shunaqa— hech kimga keragi yo‘q orzu ham bo‘lishi mumkin. Lekin Sergey Pavlovichning juda ko‘p real g‘oyalari hayotda ro‘yobga chiqdi va katta qudrat bilan o‘zimizda va jahonda kosmonavtikani olg‘a siljitdi.

Mening “Badxoh fikrlar” degan maqolam bosilib chiqqandan keyin menga tez-tez shunday savol bilan murojaat qilib turishadi: ilmiy tadqiqotlarning natijalari — bu o‘rinda gap yana fizika to‘g‘risida bormoqda — qay bir daqiqada ijobiydan salbiyga aylanib qolmaydimi? Yo‘q, aylanib qolmaydi, lekin farosatsizlik oqibatida aylanib qolishi ham mumkin: axir, tosh asridan beri insonning miyasida hech narsa o‘zgargani yo‘q, endilikda esa dahshatli hodisalar sodir bo‘lmoqda — aqli tosh asrining odaminikidan ortiq bo‘lmagan odamning qo‘liga aql bovar qilmaydigan qudratni berib qo‘yishmoqda.

Ongli ravishda hech kim kulli olamning falokatga uchrashini istamaydi. Lekin shunga qaramay atom bombasi yasaldi va portlatildi. Albatta, bu bombaning mualliflari bo‘lmish olimlar ish jarayonida ilmiy vazifalarni bajarishga qiziqib ketishgan, ular bu ishning ma’naviy-axloqiy oqibatlarini o‘ylamaganlar, balki taxminan quyidagi tarzda mulohaza yuritgan bo‘lsalar kerak: biron-bir joyda bu bomba portlaydi-yu, dunyo dahshatga tushadi, dushmanlar taslim bo‘ladi. Agar portlatilmasa, bomba qilishning nima keragi bor edi? Ahmoqlik-ku!

Bomba Xirosima ustida portlagani uchun fan aybdor emas, bunga fanning daxli yo‘q — axloq konkret olimda bo‘lishi mumkin, fan esa axloqiy kategoriyaga kirmaydi — men axloqiy fanlarni emas, fizika, ximiyani nazarda tutyapman — fan hech qanaqa emas — bilmadim — bunga taassuf qilmoq kerakmi yoki baxtimizga shundaymi? Misol uchun bunday bir hodisani olaylik — jismlar isitganda kengayadi. Shu hodisa axloqdanmi yoxud g‘ayriaxloqiymi? Masalani shu tarzda qo‘yish bema’nilik-ku! Misolimiz ancha qo‘pol, lekin har bir odamga tushunarli. Ko‘p hollarda esa fan ayni shunaqa vazifalar bilan shug‘ullanadi — u jismlarni isitganda kengayishini tadqiq qiladi. Yoki shunga o‘xshash hodisalarni o‘rganadi.

Yana bir misol. Biz “Mir” kosmik stantsiyasini cho‘ktirib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildik. Bu nima — ma’naviyat masalasimi? Yo‘q, moliyaviy masala, faqat moliyaviy masala. “Mir”ga juda katta miqdorda ilmiy g‘oyalar, mehnat, pul sarflangan, endilikda esa sarflagani mablag‘ yo‘q. Cho‘ktirish kerakmi? Bu yechim ochiq-oydin ko‘rinib turgan yechim emas. Bu ishda “etti o‘lchab, bir kes” degan maqol juda o‘rinli bo‘ladi. Buning ustiga-ustak, yangi baynalmilal dasturda bizning mamlakatimiz munosib o‘rin egallaydimi-yo‘qmi — hanuzga qadar bu ravshan emas. Xalqaro stantsiya yanada barkamolroq bo‘ladi, chunki uni orbitaga olib chiqishda “Mir” stantsiyasining ulkan tajribasi hisobga olinadi. Lekin, baribir, odam achinadi…

Vaqt-soati kelib, “Mir”ning umri tamom bo‘ladi deb oldindan aytib berish mumkinmi? Albatta. Sovet Ittifoqiday qudratli davlatning vayron bo‘lishini va biz hammamiz kissamizda hemirisiz qolajagimizni bashorat qilish mumkinmidi? Bilmadim. Buning fanga bevosita daxldorligi yo‘q. Bevosita aloqasi bor. U bashorat qilinadigan hodisalar sirasiga kirmaydi…

Leonid Leonovning yozilmagan tarjimai holi

U yillarda men hali Korolev firmasida ishlar edim. O‘zining yaqin xodimlarini Sergey Pavlovich gazetalarga taqsimlab qo‘ygan edi. Har birimiz muayyan matbuot organiga biriktirilgan bo‘lib, fazoga parvozlar to‘g‘risida yoxud kosmik ishlar sohasidagi ba’zi bir mojaroli vaziyatlar haqida turli-tuman “oldi-qochdilar”siz ishonarli axborotlar berib turmog‘imiz kerak edi. Korolevning o‘zi “Pravda” gazetasini oldi. Bu gazetada u “professor Sergeev” taxallusi ostida materiallar e’lon qilib turardi. Nima uchunligini bilmayman-u meni “Izvestiya” gazetasiga biriktirib qo‘ydi. Xuddi shu tariqa men Yevgeniya Nikolayevna Manucharova bilan tanishdim. Manucharova fan bo‘limining yetakchi muxbiri bo‘lib, o‘sha kezlarda kosmos masalalari bilan shug‘ullanardi — “Izvestiya”da sun’iy yo‘ldoshlar va raketalar uchirilishini yoritar, shu munosabat bilan tez-tez menga qo‘ng‘iroq qilib turardi. Odatda, biz u bilan Fanlar akademiyasining majlislarida uchrashib turardik, muxtasar qilib aytganda, bir-birimiz bilan yaqindan muloqotda bo‘lib ishlashardik.

Ana shunday majlislardan birida Yevgeniya Nikolayevna mendan “Istasangiz, Leonov bilan tanishtirib qo‘yay?” deb so‘radi. “Qanaqa Leonov bilan?”— deb so‘radim men. (Leonov deganlari istagan odam bo‘lishi mumkin edi, hatto kosmonavtlar orasida ham Leonov bor edi, bu familiya juda keng tarqalgan.) “Yozuvchi Leonid Leonov bilan”. “A-a, — dedim men mujmalroq ohangda. — Mayli”. Yevgeniya Nikolayevna chindan ham meni Leonid Maksimovichning yoniga boshlab bordi va bizni, albatta, rasman tanishtirib qo‘ydi. U mening to‘g‘rimda, tabiiyki, hech narsa bilmas edi, men bo‘lsam — har qancha uyat bo‘lsa-da, aytaman — uning to‘g‘risida yanada kamroq bilardim. Men uning ko‘pgina asarlarini o‘qigan emasdim va umuman, sovet adabiyotiga kam qiziqar edim. Harholda, nima bo‘lganda ham, biz o‘sha kuni tanishib oldik.

Aytmog‘im kerakki, Fanlar akademiyasida ancha vaqtdan beri bir an’ana bor — yirik yozuvchilar Akademiyaga a’zo qilib saylanadilar. “Nafis adabiyot” sohasi akademiya qoshida1899 yilning aprelida Pushkin tavalludining 100 yilligi munosabati bilan ta’sis etilgan edi. Akademiyaga birinchi saylanganlar Lev Tolstoy, Chexov, Vladimir Galaktionovich Korolenko va shoir A.M.Jemchujnikovlar edi. 1902 yilda nafis adabiyot bo‘yicha faxriy akademiklar qilib Maksim Gorkiy va dramaturg A.V. Suxovo-Kabilinlar saylandi. Gorkiyning saylangani haqidagi axborot ustiga podsho Nikolay II “Juda g‘aroyib-ku!” deb yozib qo‘ygan. Shundan so‘ng akademiyaning prezidenti ulug‘ knyaz Konstantin Konstantinovichga Gorkiyning saylangani noto‘g‘ri bo‘lgani to‘g‘risida akademiya nomidan bayonot e’lon qilish topshirilgan. Bayonotda yozuvchi siyosiy ayblov bilan ishi tergovda bo‘lgani va akademiya bundan bexabar bo‘lgani ro‘kach qilinmog‘i kerak edi. Ikkita akademik — Korolenko bilan Chexov darhol bunga norozilik bildirib, zimmalaridagi akademik unvonini soqit qildilar va namoyishkorona tarzda akademiyadan chiqdilar. Hozirgi Rossiya Fanlar akademiyasining Til va adabiyot bo‘limi tashkil qilinganda uning mavjudligi zamiriga ana shunday an’analar qo‘yilgan edi — uning tarkibida adabiyot bilimdonlari — adabiyotshunoslar bilan bir qatorda atoqli tirik yozuvchi ham bo‘lmog‘i kerak edi. Hamisha shunaqa munosib odamni izlashganki, bu odam akademiyaning yuzini yerga qaratmasligi kerak edi. Shunda Leonid Leonovning nomzodi to‘g‘ri keladi degan qaror qabul qilishgan. Qaror men tomonimdan qabul qilinmagani o‘z-o‘zidan ravshan bo‘lsa kerak. Leonid Leonovni hamma tan olgandi va uni saylovdan o‘tadi deb hisoblashardi. Haqiqatan ham shunday bo‘lib chiqdi. U SSSR Fanlar akademiyasiga saylanganida yetmish uchga to‘lib, yetmish to‘rtga ketayotgan edi.

Qanday qilib va nima uchun biz u bilan yaqinlashib qolganimiz hozir esimda yo‘q. Avvaliga munosabatlarimiz odatdagi gaplardan nari o‘tgani yo‘q: “Salom-alaykum!”, “Yaxshimisiz?”, “Bugun choy qalay?”, “Damlanishi chakki emas”. Keyinroq ikkita masalada muloqot qila boshladik. Birinchisi — Olamning tuzilishi, kosmogoniya masalalari. Leonovni Katta Portlash masalasi haddan ziyod qiziqtirar edi. Ana shu Katta Portlashdan keyin bizning Koinotimiz vujudga kelgan. Binobarin, Koinot mangu mavjud bo‘lgan emas, balki u shu tariqa yaratilgan. Bu uni juda ham junbushga keltirdi, negaki, u olamning yaratilishi g‘oyasini biz olimlar kabi qo‘pol matematik tarzda emas, yozuvchi sifatida poetik tarzda qabul qilardi. Bu bizning muloqotimizning bir jihati edi, men uni astronomik jihat deb atagan bo‘lardim. U bu mavzuda mulohaza yuritishni, men bilan bahs qilishni yaxshi ko‘rardi. Masalan, u shunday derdi: “Bunisi qandoq bo‘ldi? Yorug‘lik tezligidan oshib ketadigan tezlikning bo‘lishi mumkin emas! Yo‘q, bu o‘rinda sizning faningizda qandaydir bejog‘lik bor!” Uning o‘z fizik nazariyalari bor edi, lekin ular odatda, noto‘g‘ri bo‘lardi. U yozuvchi sifatida hammavaqt fizika qonunlarini o‘zgartirishni istardi, shu sababdan oramizda fan uchun befoyda gaplar ko‘p bo‘lardi, lekin ular mohiyatan juda qiziqarli bo‘lardi. Men adabiyot dunyosining emas, boshqa dunyoning vakili edim va ayni shu sifatim Leonov uchun g‘oyatda qiziqarli edi.

Muloqotimizning ikkinchi jihati esa, har qancha g‘alati tuyulmasin, xudojo‘ylik va diniy masalalar bilan bog‘liq edi. Leonov meni diniy masalalarning bilimdoni deb hisoblardi. Men uni emas, u meni shunday deb bilardi! To‘g‘ri, bu paytga kelganda mening bir qator kitoblarim chiqqan ediki, ularda gap qadimgi rus rassomligi haqida, jumladan, ikonalar san’ati to‘g‘risida borar edi. Ikonalar va nafaqat ular, balki mumtoz rassomlikning hammasi ko‘p jihatdan injil syujetlariga asoslangan, binobarin, ruhoniyat masalalari bilan jiddiyroq shug‘ullanmasdan turib, ularni tushunib bo‘lmaydi. Shuning uchun men diniy masalalarga bag‘ishlangan risolalarga sho‘ng‘ib ketdim va bu sohada bir nechta asarlar e’lon qildim. Ular Rusning cho‘qintirilishining 1000 yilligiga, Muqaddas Uchlikka va dinshunoslikda ikonalarga sig‘inish masalalariga bag‘ishlangan edi. Men Diniy akademiyaning rektori bilan yaxshi tanish edim, u menga maslahatlari bilan yordam berib turardi.

Leonid Maksimovich bundan xabardor edi, shuning uchun u mening uyimga tez-tez qo‘ng‘iroq qilib, har xil narsalarni so‘rab turardi. Masalan, u “Falon rohib falon-falon ishni qilsa, dyakon esa falonday-falonday ishlarni qilsa, nima deb o‘ylaysiz — shunday bo‘lishi mumkinmi?” Bu gaplar unga “Piramida” romani uchun zarur edi, o‘sha kezlarda u bu roman ustida g‘ayrat bilan ishlamoqda edi. “Ular shu gaplarni aytishi mumkinmi? Yoki bunaqa gap bema’nilik bo‘ladimi?” Men unga javob berardim: “Falon va falon sabablarga ko‘ra bu gaplar sira ham to‘g‘ri kelmaydi!” Yoki aksincha, “Juda yaxshi bo‘ladi-da!” derdim. “Mana bunday bo‘lsa-chi?” “O‘ylab ko‘rish kerak”, — derdim.

Xullas, biz u bilan telefon orqali juda ko‘p masalalarni muhokama qilar edik, lekin bu masalalarning badiiy mohiyatiga taqalmasdik. Men unga an’anaviy pravoslaviye qanday masalalarga yo‘l qo‘yadi-yu, qanday masalalarga yo‘l qo‘ymaydi degan muammolarda maslahatlar berib turardim, negaki, uning “Piramida” asarining qahramoni rohib, ishtirokchilari esa shayton, farishta va hokazolar edi, ya’ni u bu masalalarning hammasini besh qo‘liday juda chuqur bilmog‘i talab qilinardi, lekin uning bu sohadagi bilimlari sayozroq edi. Hatto mazasi yo‘q desam ham bo‘ladi. Bunga men juda hayron bo‘lardim. Ehtimol, u bu ishni amalda yaxshi bilar, masalan, aytaylik, cherkovga borganda o‘zini qanday tutish kerakligidan yaxshi xabardor bo‘lgan bo‘lishi mumkin. U har gal cherkovga kirish oldidan cho‘qinar va ta’zim qilardi. Uning bu ishini ko‘rib, men iyib ketardim. Ammo bundan nozikroq narsalarning, jumladan, nazariy masalalarning unga cherkovga ibodat qilgani kelganida uncha zarurligi yo‘q edi, biroq roman ustida ishlaganda bularning barini bilmaslikning iloji yo‘q edi.

Mana shu ichki sohadan tashqari u quyidagi tarzda ham mendan “foydalangan”. Uning Troitsk Lavra monastiriga juda ham borgisi kelardi. Ammo Yozuvchilar uyushmasining a’zosi sifatida, yana buning ustiga, uyushmaning kotiblaridan biri bo‘laturib uning u yerga borishi ancha noqulay edi. Bundan tashqari uning bunaqa joylarga borish-bormasligidan juda qattiq ko‘z-quloq bo‘lib turishardi. Ochig‘ini aytganda, uning bu yerga yolg‘iz borishga haqqi ham yo‘q edi. Axir, “nima deysan — atoqli yozuvchi Leonid Leonov monastirga boripti”, degan gap darrov olamga tarqardi. Bu juda yomon hol edi, lekin nima bo‘lganda ham o‘sha yillarda buning iloji yo‘q edi. Shunday qilsa, ahvoli voy bo‘lardi. Men bilan boradigan bo‘lsa, juda qulay edi, chunki men Sergiyev Posadga — o‘sha paytda Zagorsk deb atalgan joyga tez-tez borib turardim, mening boshliqlarim bunga panja orasidan qarashardi, ishlari yo‘q edi, chunki men raketalar bilan shug‘ullanardim, mafkuraviy sohaning xodimi emas edim. Shunaqa qilib, Leonov menga “qo‘shilib” oldi — u yerga rasman men boraman, Leonov bo‘lsa bamisoli menga hamroh bo‘lib borardi, go‘yo mening “mulozimim”day. Bu gap kulgili eshitiladi, lekin amalda biz ikkimiz xuddi shu tariqa qatnar edik — men-u, men bilan birga yana allaqanday, kimligi hech kimga ma’lum bo‘lmagan bir shaxs. Biz Lavraga kelganimizda ibodatxonaga kirayotganimizda yoxud undan chiqayotganimizda Leonov kishibilmas qilib cho‘qinib olardi, cho‘qinishni kanda qilmasdi. Shu yo‘l bilan u bu ishga naqadar katta ehtiromi borligini namoyish qilardi. Menga qolsa bunday qilish unga shavkat bag‘ishlar edi.

Men hamisha Ruhoniyat akademiyasidagilarni Leonov bilan birga borishim to‘g‘risida ogohlantirib qo‘yardim va bizning izzatimizni joyiga qo‘yib, hashamat bilan kutib olishardi. Buning boisi shuki, men bu yerga tez-tez kelib turardim, yana bir bora takrorlayman — bu paytga kelib, men ikona san’ati, ikonaga sig‘inish masalalari bilan, shuningdek, boshqa diniy muammolar bilan jiddiy shug‘ullana boshlagan edim, shu vajdan nafaqat akademiyaning rektori bilan, balki uning yordamchilari bilan ham juda inoqlashib ketgandim. Lekin ular menga shunaqa ajoyib odam bo‘lganim uchun iltifot ko‘rsatishmas edi, balki shuning uchun yaxshi muomala qilishardiki, bironta ham normal sovet olimi gap tegib, obro‘yi to‘kilib qolishidan qo‘rqib, bu yerga kelmas edi. Men esam aynagan, bemaza olim edim, bunaqa narsadan qo‘rqmas edim, shuning uchun qo‘rqmas edimki, mafkura sohasida xizmat qilmas edim, ikkinchidan esa, men allaqachon hayotning ancha-muncha zahar-zaqqumlarini ko‘rib ulgurgandim va qamoqxonada o‘tirishdan ortiq qo‘rqmay qolgandim. Bundan tashqari, bizning raketchilarimiz uchun men Lavriga boramanmi-yo‘qmi — mutlaqo farqsiz edi, eng muhimi — raketalar uchsa bo‘lgani edi. Shuning uchun ham men mustaqil odam edim, birovning oldida bo‘yin egib turishim shart emas edi, hech kimga hisob bermas edim. Yozuvchilar uyushmasining a’zosi esa boshqa gap — bunaqa joyga safar qiladigan bo‘lsa — barcha mansab-u lavozimlaridan mahrum bo‘lib qolishi hech gap emas edi. Shuning uchun ham Leonov men bilan birga borardi — birov gap qiladigan bo‘lsa, “ha, endi akademik ketayotgan ekan, men ham tasodifan unga qo‘shilib qoldim” deb bahona ko‘rsatishi mumkin edi. Bularning bari hozir kulgili ko‘rinadi, lekin o‘sha paytlarda chindan ham avhol shunaqa edi.

Lavra ahli taniqli yozuvchining bu yerga kelib turishidan o‘zida yo‘q xursand bo‘lishardi, meni bo‘lsa, ular unchalik ham nazarga ilaverishmas edilar, ha, endi o‘zimizning eski tanish, bir dovdir odam, raketalarga daxli bor, kelib-ketib turadi-da, deb qarashardi. Bunaqa odamning kelib turishi cherkov uchun uncha ham ahamiyatga ega emas, mashhur yozuvchi bo‘lsa, butunlay boshqa gap… Leonovni juda ham izzat-ikrom bilan kutib olishardi, bizni juda pazandalik bilan tayyorlangan taomlar bilan siylashardi, keyin biz Ruhoniyat akademiyasining rektori xonasida soatlab o‘tirar, cherkov muzeyini tomosha qilar, muzeydan chiqib, hatto ko‘chaga ham chiqmasdan to‘g‘ri rektorning xususiy uyiga o‘tardik va uning turish-turmushi bilan tanishardik.

O‘sha paytlarda rektor Aleksandr edi. Unga qadar Filaret undan keyin yana kimdir rektor bo‘lgandi. Men bu joyga ko‘p yillar mobaynida borib turganman, men borib turgan kezlarda akademiya rektorlari almashib turardi, biroq ularni yomon ishlaganlari uchun almashtirmas edilar, aksincha, yaxshi ishlaganlari uchun ularni ko‘tarishardi. Ruhoniyat akademiyasining rektori odatda arximandrit bo‘lardi, bu — yuksak lavozim edi, lekin harholda, yepiskop emas edi. Bizga tushunarliroq tilda gapiradigan bo‘lsak, rektor “general” emas edi, balki polkovnik unvonida bo‘lardi, desak mumkin. U pishib, chiniqib, general unvonini oladigan darajaga yetganda, unga akademiyani tark etishga to‘g‘ri kelardi. Bundan maqsad — yeparxiyani olish bo‘lardi, chunki yeparxiyada ishlabgina u yepiskop mansabini egallashi mumkin edi. Aleksandrni janub tomonga, allaqayerga jo‘natib yuborishdi va men uni yo‘qotib qo‘ydim. Filaret esa akademiya rektorligidan keyin hozir Belorussiyaning mitropoliti bo‘ldi.

Ularning orasida yana bir ruhoniy xizmat qilar edi.Bu odam juda ishning ko‘zini biladigan odam edi. Hozir aniq esimda yo‘q — u rektormidi yoki rektoratda boshqa biron lavozimda ishlarmidi? Shu odam yuksak mansabni egallash uchun Janubiy Amerikadagi ruslar yashaydigan bir joyda yepiskop bo‘lishga rozi bo‘ldi. Ammo u yerning iqlimi unga to‘g‘ri kelmadi, xasta yuragi bu iqlimga dosh berolmadi va ko‘p o‘tmay, u Rossiyaga qaytib, shu yerda yepiskoplik qila boshladi. To‘g‘ri, markaziy gubernalarda emas, ovloq joylarda.

Xullas, gapning indallosini aytganda, Ruhiyat akademiyasidagi amaldorlarning ko‘tarilishlari va siljishlari ko‘p hollarda mening ko‘z o‘ngimda sodir bo‘lardi, men bu siljishlarda guvoh sifatida bavosita ishtirok etardim. Bunday siljishlar va ko‘tarilishlarning bir qanchasida g‘ayriixtiyoriy ravishda “bexosdan” mening hamrohim bo‘lib qoladigan Leonid Leonov ham shohid sifatida bir necha marta ishtirok etdi. U hamon zarur bo‘lib qolgan hollarda meni ro‘kach qilardi — akademik Raushenbax bilan birga edim, tasodifan Lavraga borib qoldik deb bahona qilardi.

Leonovni ibodatxonaning ichki hayoti qiziqtirar edi, buning ajablanadigan joyi yo‘q, chunki Cherkovning ichki hayoti har qanday pravoslav odamni ham qiziqtirardi. Lekin uni hamma narsa ijod uchun material sifatida qiziqtirardi, u bu hayotni ko‘rishni, uni kuzatishni, u to‘g‘rida gapirishni istardi. U qandaydir foydali maslahatlar olgan ham bo‘lishi mumkin, chunki yaxshi esimda — u yepiskopdan “falonni falonday qilsa bo‘larmikin?” deb so‘rardi. Yepiskop esa unga bir oz ta’na ohangida “qo‘ying-e, nima deyapsiz, bunday bo‘lishi mumkin emas, chunki buning falon-falon sabablari bor” deb javob beradi.

Uning cherkov xodimlariga xos savodsizligi Leonid Maksimovichga malol kelardi, u romanda (o‘sha “Piramida” romanida) xudojo‘ylik masalalarida yoxud cherkov bilan bog‘liq boshqa biror masalada biron bema’ni gap o‘tib ketishini istamas edi. Keyinchalik biron rohib romanni o‘qib, “Nima balo, jinni-pinni bo‘lganmi yozuvchi? Shunaqa ham bo‘lar ekanmi?” deb yurmasin, derdi. Yozuvchi ayni ana shundan xavotir olardi, u ibodatxona hayotini ichidan yaxshi bilmas edi, uning hamma nozik tomonlariga o‘zi yetib borolmasdi. Bu nozikliklarning bir qismini u qo‘ng‘iroq qilib mendan bilib olardi, ayniqsa, olamning tuzilishi masalalarini va ibodatxonaning ichki tartib-qoidalarini ko‘p surishtirardi. Bundan tashqari, tabiiyki, ibodatxona bilan bevosita aloqa qilganida yanada ko‘proq narsalarni bilib olardi. Ayniqsa, shunchaki oddiy rohiblar bilan emas, Ruhoniyat akademiyasining professorlari bilan muloqotdan u ko‘p narsa olardi. Ularning saviyasi juda yuqori edi-da! Shunga qaramay, u hamisha menga “juda kam qo‘ng‘iroq qilasan, menikiga tez-tez berib turmaysan” deb ta’na qilgani qilgan edi.

O‘sha paytlarda men o‘zimning ishim bilan haddan ziyod band edim, odamlarnikiga borib turgani vaqt yo‘q edi. Hozir esa borib turmaganimga afsuslanaman, chunki juda ko‘p qiziqarli narsalardan quruq qoldim, undan ko‘p narsani bilolmay qoldim. Masalan, bir voqea esimda: uning “Skutarevskiy” degan romanidagi bir ibora miyamga o‘rnashib qoldi. Romanda aka ukasiga ilm-fan qalbimiz bilgan narsalarnigina kashf etadi, — degan gapni aytadi. G‘oyatda nozik kuzatish, bu to‘g‘rida batafsilroq gurunglashib olmoq kerak edi, ammo… yana bir narsa esimda — uning yana bir mulohazasi meni lol qoldirgan edi. U har bir odamning ikkita biografiyasi borga o‘xshaydi, bularning biri — uning amaldagi biografiyasi — mansabi, oilasi, dala hovlisi, mashinasi, kvartirasi, xizmat pillapoyalaridan ko‘tarilishi, ikkinchisi esa uning yozilmagan biografiyasidir. Ana shunday yozilmagan biografiyalar hammada bor. Mening tushunishimcha, bu biografiyasini odam o‘z ichida, xayolan yashaydi, ammo bir qator sabablarga ko‘ra uni voqelikda chindan yashab o‘tolmaydi. Bu mulohaza menga juda ma’qul tushdi. Albatta, agarda men aql bovar qilmaydigan darajada ishim bilan band bo‘lmaganimda edi, men u bilan tez-tez muloqotda bo‘lib turardim, biroq imkon yo‘q edi — men Moskvaning bir chekkasida yashar edim, u bo‘lsa shahar markazida, Nikita darvozasi degan joyda turardi, dala hovlisi esa Peredelkinoda edi. Ya’ni yo‘li uzoq, unikiga yetib borguncha, olam-jahon vaqt ketadi, ayniqsa, qaytib kelishi yanada mushkulroq edi. Mening bo‘lsa, sira-sira bo‘sh vaqtim yo‘q edi. Biz kamdan-kam muloqotda bo‘lishga majbur edik. Holbuki, Leonid Maksimovich jon-dilidan tez-tez uchrashib turishga intilardi.

Ikkovimizda ham bir-birimiz bilan ko‘rishishga ana shunaqa ishtiyoq bo‘lgani sababli, har qanaqa to‘siqlarga qaramay, yiliga bir necha marta uchrashmoqqa muvaffaq bo‘lardik. Bu to‘siqlar mafkuraviy emas, maishiy, kundalik turmush to‘siqlari edi. Uchrashganda vaqtimiz juda maroqli suhbatlar bilan o‘tardi, yoki Lavraga borardik yoxud Peredelkinoga yo‘l olardik. Biz shahardan tashqari chiqadigan bo‘lsak, u hamisha “Men sizni o‘zim olib boraman!” derdi va biz boradigan manzilimizga elektrichkada emas, mashinada yetib olardik. Aftidan, bu mashina unga Yozuvchilar uyushmasining kotibi sifatida xizmat qiladigan mashina edi.

Uning uyidagi sharoiti juda oddiy, xonaki sharoit edi. Kishini hayron qoldiradigan birdan-bir narsa — o‘simliklar edi. Gullar. Hatto shahardagi kvartirasida ham. Gullar bilan ko‘katlar juda ajoyib edi. To‘g‘ri, uning asosiy gulzori yoki gulxonasi dala hovlisida joylashgan edi. Bu to‘g‘rida hamisha gap-so‘z bo‘lib turardi. U ashaddiy gul ishqibozi, ehtirosli o‘simlikshunos edi. Bilmadim, uni bu sohada professional deb atash mumkinmidi-yo‘qmidi, lekin u juda katta havaskor edi. Shubha yo‘qki, ehtimol, ayni ana shu havaskorligi juda muhim edi. Bu masalada undan juda ko‘p narsa o‘rganish mumkin edi. Buning uchun, albatta, men gulchilik sohasiga qiziqmog‘im kerak edi. Lekin taassuflar bo‘lsinki, bu soha meni mutlaqo qiziqtirmas edi. Leonid Maksimovich menga Peredelkinodagi mashhur gulxonasini va kaktuslar kollektsiyasini namoyish qilganida, bu meni unchalik qiziqtirgani yo‘q. Holbuki, Leonid Maksimovich o‘zining gulxonasi bilan shunaqa faxrlanar ediki, qo‘yaverasiz. U yerdan o‘sib chiqadigan har bir ko‘katga alohida ahamiyat berardi.

Eru xotin Leonovlar hech qachon biznikiga kelishgan emas. Ular juda kamtarona hayot kechirishar edi va bizning ularni munosib kutib olishimizga ishonchlari komil emas edi. Mening xotinim esa ularni nomunosib kutib olishni istamasdi. Ana shunaqa vaziyat vujudga kelgan edi. Mening xotinim Vera Mixaylovna adib bilan Tarix muzeyi orqali tanish edi. U muzeyda ilmiy ishlar bo‘yicha direktor lavozimida ishlar edi, Leonov esa muzeyda ko‘p ishlar va qadimiy rus yodgorliklarini saqlash bo‘yicha turli komissiyalarning a’zosi edi. Shuning uchun biz u bilan uchrashganlarimizda har gal xotinimga salomlar yo‘llar edi.

Biz bir-birimizga juda zarur bo‘lgan hollarda qo‘ng‘iroq qilardik, ya’ni qo‘ng‘iroq qilganimizda: “Ahvollar qalay? O‘zingizni qanday his qilyapsiz? Ob-havo nechuk?” deganga o‘xshash gaplarni gaplashmas edik. Ko‘pincha u qo‘ng‘iroq qilardi, har gal biron jiddiy masalada gap boshlardi. “Menda bir savol bor: yorug‘likning tezligidan ko‘ra kattaroq tezlik bo‘lishi mumkinmi?” Men bu iborani shunchaki bir misol tariqasida keltirdim, lekin yorug‘likning tezligi nima sababdandir uni chindan-da, juda qiziqtirardi. Mening maslahatlarimdan keyin u romanida nimalarnidir o‘zgartirgan bo‘lishi ham mumkin. Lekin nima bo‘lganda ham, u “Piramida” romanini yolchitib, oxiriga yetkazmadi. Ahyon-ahyonda shikoyat qilib qolardi — bu mashaqqatli romanni butun umrim bo‘yi yozyapman, uning qahramonlaridan biri — shayton, men uni eng oliy donolik egasi sifatida ko‘rsatishni istardim, lekin buning iloji yo‘q, chunki u Xudoga zid turadigan obraz. Shuning uchun shaytonning mutakabbirligini ko‘rsatmoq maqsadida alohida nutq tartibini o‘ylab topishga, uning uchun o‘ziga xos so‘zlar tizimini qo‘llashga to‘g‘ri keladi.

Aytmoq kerakki, Leonov hamisha son-sanoqsiz parchalarni go‘yo yagona bir to‘qimaga birlashtirganday bo‘lardi. Mening fikrimcha, ba’zan u bunga muvaffaq bo‘lardi, ba’zan esa bu ishi ko‘ngildagidek chiqmas edi. Ammo u jismonan yozish jarayoniga g‘oyatda ehtiyotlik bilan avaylab munosabatda bo‘lardi, hamisha qo‘lda yozardi, fikr qo‘l orqali qog‘ozga oqib tushadi deb hisoblardi. Bularning barini u menga batafsil gapirib berardi. Shunga qarab hukm qilganda, u menga ishonardi. Lekin umuman olganda, yozish jarayonida hammadan va, ayniqsa, yozuvchi oshnalaridan anchagina masofa narida turishni afzal ko‘rardi. Uning menga ishonmaslikka hech qanaqa asosi yo‘q edi, birinchidan, shuning uchunki, mening yozuvchilarga hech qanaqa aloqam yo‘q edi va men unga hatto tasodifiy tarzda ham pand berib qo‘yolmasdim. U hech qanaqa gap-so‘z yoki g‘iybatlar bo‘lishi mumkin emasligini yaxshi bilardi. Ikkinchidan, har qanday odam kabi u ham ichidagi gaplarini birov bilan dardlashgisi kelardi. U men bilan shunaqa masalalarda dardlashar ediki, bu masalalarda unga mening foydam tegishi mumkin edi. U mening aqlim yetmaydigan narsalarni menga gapirib berib o‘tirmas edi, u men aralashishim mumkin bo‘lgan, faloni munday, faloni munday emas, bunisi yaxshi, bunisi yomon, bu to‘g‘ri, bunisi noto‘g‘ri deyishim mumkin bo‘lgan masalalarnigina menga aytar edi. Asardagi qahramonlar bir-birlariga ishq-muhabbat izhor qiladigan joylarini u menga gapirmas edi. Men nima ham deya olardim bunaqa masalalarda? Ammo masala dunyoqarashga, astronomiyaga, fizikaga, yorug‘lik tezligining nihoyasiga, koinot ibtidolariga borib taqalgan joylarda u mendan yuz foiz foydalanar edi.

Aftidan, unda bunga o‘xshash axborot manbalari ancha-muncha bo‘lgan bo‘lsa kerak, men esa tor yo‘nalishga ega bo‘lgan axborot beruvchilardan birigina bo‘lgan bo‘lsam kerak. O‘z-o‘zidan ayonki, biz hamma narsa to‘g‘risida gurunglashaverar edik, albatta, ammo axborot manbai sifatida va uning ijodining bavosita ishtirokchisi sifatida men alohida masalalar bo‘yicha maslahatchi edim. Biz u bilan tanishgan yillarimizda adabiy, badiiy ijod masalalari bo‘yicha unga maslahatchining keragi yo‘q edi, u mutlaqo o‘ziga ishongan ijodkor edi, u allaqachon o‘nlab kitoblarni e’lon qilgandi, u hayron qoladigan darajada nafis san’atkor bo‘lib, uslubi shakllanib yetgan edi, so‘zni ham nihoyat darajada nozik his qilardi. Hatto muhojir yozuvchilar ham uning tilining nihoyatda nafisligi va aniqligini ta’kidlashgan, unda noyob va nodir iboralarning serobligini aytishgan. Kimdir hatto shunday degan edi: uning jimjimador tili qadimgi rus kashtalarini eslatadi.

Ajablanarlimi? Loaqal familiyalarni olib ko‘raylik: Gratsianskiy, Shatanitskiy, Vixrov. Matn zamiridagi ma’noga qarang. Yoki mana bu iboraga e’tibor bering: “Kasbning dalillangan hasratlari — ularning eng yaxshilari eng yomon oqibatlari bilan bog‘langan”. Kasbning dalillangan hasratlari! Axir, hozir bironta odam shunday deb yoza oladimi? Axir, hozir yozuvchilardan birontasi metagalaktika muammosi bilan jiddiyroq qiziqadimi? Ehtimol, shuning uchun Leonovning asarlarini hozir shu qadar kam nashr qilishayotgandir? Ehtimol, uni shu qadar e’tiborsizlik bilan o‘qishayotgandir? Agar, umuman, o‘qishayotgan bo‘lsa…

Albatta, “Piramida” — menimcha bu roman boshlab boshqacha atalgan edi — bundan ko‘ra ta’sirchanroq bo‘ladi deb niyat qilingan edi. Biroq muallif to‘satdan bu roman ustidagi ishini o‘zi o‘ylagancha qilib tugatishga ulgurmasligini tushunib qoldi va vafotidan biroz oldinroq begonalarning yordami bilan (bu yordam hammavaqt ham yozuvchi o‘ylagan mo‘ljalga tegavergan emas) romanni ayrim-ayrim parchalardan yig‘ib, bir amallab choklarini ko‘rinmaydigan qilib, bir butun holga keltirgan. Xuddi jarroh uzilib ketgan barmoqni o‘rniga qo‘yib bo‘g‘inlarni, terini, muskullarnigina emas, eng mayda qon tomirlarigacha hammasini bir-biriga ulab tikkanidek, yozuvchi ham ayrim-ayrim bo‘laklarni bir-biriga tikishi kerak. Shunday qilmasa, tomirlarda qon aylanmaydi va barmoqqa jon kirmaydi. Badiiy asarda ham shunday bo‘ladi. Ammo shunga qaramay, harholda roman tugallanmay qolganday taassurot tug‘iladi. Bu asar Leonov niyat qilgan asar bo‘lmadi. Romanni adib boshdan-oyoq o‘zi yozganida u, albatta, boshqacha chiqar edi. Ammo hammasidan ham umri tugab qolgan odamning xohishi ustunlik qilib qoldi. U butun umri davomida bu kitobni yozishni orzu qilib kelgandi, u bu kitobini hayotlik chog‘ida tugatmog‘i kerak edi, u shuni istardi, lekin ulgurmadi, va loaqal biron-bir darajada bo‘lsa-da, nihoyasiga yetkazmoqqa qaror qildi. Bu romanning nashrdan chiqishini hamma kutgan edi, ammo u bosilib chiqqanda — asar Leonovning hayotligida nashrdan chiqdi — uni o‘qiganlarning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi. Hamma hang-mang bo‘lib qoldi.

Albatta, begonalarning aralashgani sezilib turardi. Garchi ularning niyatlari yaxshi bo‘lgan bo‘lsa-da, saviya boshqacha edi. Axir, shunday yozuvchining darajasiga mos keladigan muharrir topilarmidi? Shuning uchun “Piramida”ning taqdiri g‘alatiroq bo‘ldi — bir qaraganda roman bor edi-yu, bir qaraganda, roman yo‘q edi. Kitobxonlar uni izlab yurib, yutoqib o‘qishayotgani yo‘q, muhokamalar bo‘lmayapti, qayta nashr qilinmayapti. Ayniqsa, bizning kunlarda. Axir, hozir kitobxon asarning ich-ichiga yo kirishni istamaydi, yo kiraolmaydi, uning so‘zlarini shimib, uslubini ko‘rib lazzatlanmaydi, avtorning fikrini shoshmasdan o‘zlashtirmaydi, Leonovning niyatidan tom ma’noda ilhomlanmaydi. Hozirgi kitobxonlar peyzajga, portretga, tuyg‘ular jilosiga, xullas, rus adabiyoti, rus klassiklari jahon adabiyotiga tuhfa etgan boyliklarga mutlaqo e’tibor bermagan holda asarning syujetiga ko‘z yugurtirib chiqqanlar, xolos. Hozirgi paytda bu hatto urf hisoblanadi. Bir vaqtlar mening yoshlik paytlarimda chiroyli yozish, savodning bekamu ko‘st, mukammal bo‘lishi uyat hisoblanardi, chunki bu yozuvchining proletariat toifasidan kelib chiqmaganidan dalolat berib turardi.

Zamonlar boshqa. Tilning boyligi to‘g‘risida, prozaning aql bovar qilmaydigan rang-barangligi, uning uslublari, nozikliklari to‘g‘risida deyarlik hech kim o‘ylamaydi.

Bir baquvvatgina yozuvchi o‘tgan edi. U garchi ulug‘ yozuvchi bo‘lmagan bo‘lsa-da, o‘z vaqtida odamlar o‘rtasida shuhrati katta edi. Bu mohir san’atkor Aleksey Nikolayevich Tolstoy edi. Hozir uni kim eslaydi? Kim uning kitoblarini qidirib o‘qiyapti? Juda nari borganda, televizordan “Injener Garinning giperboloidi” yoki “Sarson-sargardonlikda”ni ko‘rishadi, xolos. Gorkiyni umuman oyoq ostiga olib, tepkilab tashlashdi. Axir, bu adolatdan emas-ku?! U yaxshi yozuvchi! Menimcha, Pushkinni ham tepkilab tashlashadi. Uni tepkilab tashlashning hojati ham yo‘q, chunki u hozirgi yosh avlodning hayotidan o‘chirib tashlanganga o‘xshaydi, chunki Pushkinni maktabda o‘rganish butkul rasmiy tus olgan, bu mavzuga dasturda juda kam o‘rin ajratilgan, faqat adabiyotni jon-dilidan yaxshi ko‘rgan besh-oltita fidoyi o‘qituvchi ayollargina bolalarni Pushkinni dasturdan tashqari ham asarlarini o‘qishga majbur qilishadi. Aytish mumkinki, Pushkin hozirgi yosh avlodning ongidan chiqib ketyapti. Lermontovni-ku, aytmayoq qo‘ya qolaylik. Shuning uchun “Piramida”ning qismatiga umuman hayron qolmasa ham bo‘ladi, bu hol qay bir tarzda qonuniy.

Menimcha, bu romandan parchalar “Novыy mir” jurnalida e’lon qilingan edi, shu e’lon qilingan parchalar, nazarimda, romanning oxirgi, uzil-kesil matniga kiritilmagan, holbuki, mening fikrimcha, ular ancha qiziqarli edi. O‘ylaymanki, romanda qandaydir syujet chiziqlari bor ediki, Leonid Maksimovich qolgan umri mobaynida ularning uddasidan chiqishga ojizlik qilib qoldi.

Shu yo‘nalishlardan biri Farishtaning tarixidir. U allaqanday Dimkov siymosida Yerga xizmat safariga keladi. Leonov buni juda yaxshi o‘ylab topgan. Ayniqsa, fanlarni o‘zlashtirmagani uchun o‘quv yurtidan haydalgan talabaga Farishta qor ustiga barmog‘i bilan chizib, koinotning qanday qurilganini hikoya qilib bergan sahnalar zo‘r chiqqan. Eng qizig‘i shundaki, adib hikoya qilib berayotganlarining hammasi chinligi uchun kafolat berolmayman, negaki, talaba o‘ta befarosat bir maxluqqa o‘xshaydi, undan tashqari koinot qurilishining tasviri barmoq bilan qor ustiga chizilgan, shuning uchun mening hikoyamda nimalardir chalkashib ketgan bo‘lishi mumkin, deydi.

Leonov koinotning tuzilishi haqidagi o‘z tasavvurini asarda ifodalab bermog‘i kerak edi, buni uning o‘zi o‘ylab topgan edi. Bu o‘ylab topgan narsasini u himoya qilmog‘i zarur edi, negaki, bu tasavvuri bilan ilmiy qarashlar o‘rtasida ziddiyat mavjud edi. Leonov “men shunday deb hisoblayman!” deya cho‘rt kesib qo‘ya olmasdi. Bu bema’nilik bo‘lardi, u kulgiga qolardi. Ammo bularning barini allaqanday bir kimsa uquvsiz talabaga hikoya qilib berayotgan bo‘lsa, hikoya esa talabaning tilidan bayon qilinayotgan bo‘lsa, muallif hech narsa uchun mas’ul bo‘lmas edi, chunki bu o‘rinda talaba hamma narsani chalkashtirib yubormog‘i mumkin edi.

Samoviy yuksakliklardan xizmat safariga yuborilgan sho‘rlik farishta sovqotib qoladi va isinib olish uchun planetariyga kiradi. Gap yo‘q — bu ham muallif tomonidan yaxshi topilgan. Romanning uzil-kesil so‘nggi variantida bu epizodni menga Leonovning o‘zi aytib bergan tarzda va keyincha e’lon qilingan parchadagi shaklda topa olmadim. Binobarin, romanda qandaydir yo‘qotishlar bor. Mening fikri ojizimcha, romanning birinchi bobini qolgan hamma matndan ajratib olib tashlash kerak, shunday qilsa, mustaqil bir qissa hosil bo‘ladi. Negaki, keyin sodir bo‘ladigan voqealarning birinchi bobga hech qanaqa aloqasi yo‘q, ba’zi bir ishtirokchilar orqali bavosita aloqalar zo‘r-bazo‘r ko‘rsatilgan, xolos. Ya’ni bu ishtirokchilar u yerda ham, bu yerda ham harakat qilishadi, lekin asosiy ish masalasida bir-biri bilan aloqaga kirishmaydi.

Albatta, romanda tasvirlangan voqea va hodisalarni Leonovning o‘zi ko‘rgan, boshidan kechirgan, ular to‘g‘risida eshitgan bo‘lsa kerak. Beriya Leonov to‘g‘risida “Mujmal odam!” deb bejiz aytmagan bo‘lsa kerak. Bo‘lmasa-chi! “Piramida”da dyakonni mutlaqo jonidan to‘ydirib yuborishadi, tursa o‘poq, o‘tirsa so‘poq bo‘lib qoladi, u sho‘rlik nima qilishini bilmay, karaxt bo‘lib qoladi, so‘ng o‘z hayotini, oilasini saqlab qolish uchun dyakonlidan voz kechishga majbur bo‘ladi, voz kechganda ham elu yurtning ko‘z o‘ngida kechmog‘i talab qilinadi. Voz kechadi ham. So‘ngra u voz kechgani haqida ma’lumotnoma olgani keladi, unga ma’lumotnoma qog‘ozi yo‘q, tamom bo‘ldi, boshqa safar kelasiz deyishadi. Bu dyakonning qalbida nimalar sodir bo‘layotganini tasavvur qilsa bo‘ladi. Bir kuni undan eshitgan “yaltoqlanishga yoki yolg‘on gapirishga toqat yo‘q” degan iborani ham tushunsa bo‘ladi. U ko‘pincha o‘zi to‘g‘risida “hamisha shiltam chiqib yuradi” degan gapni aytardi. Loaqal uning yoshlikda yozgan “O‘g‘ri” degan asari boshiga tushgan voqealarni eslang. 30-yillarning oxirida bu romanni taqiqlab qo‘yishdi, kutubxonalardan yo‘qotildi, uni Stalin vafot etgandan keyingina qayta nashr qilishdi. Kimdir 30-yillarda ko‘rgan ekan — bu roman sahifalariga qizil qalam bilan belgilar qo‘yilgan holda Stalinning stoli ustiga yotgan ekan.

Holbuki, Leonid Leonov tarjimai holining tashqi tomoni bir qarashda ancha silliq edi. Leonid Maksimovich Lenin va Stalin mukofotlarining laureati edi, ordenlari bor edi. Oliy Sovetning deputati edi, asarlari ko‘p nashr etilardi, Yozuvchilar uyushmasining rahbariyatida salmoqli o‘rinlardan birini egallardi, hayotligidayoq mumtoz yozuvchilar qatoridan o‘rin olgandi. Ayni choqda — “mujmal odam”, “hamisha shiltasi chiqib yuradi”, “yaltoqlanishga yoki yolg‘on gapirishga toqat yo‘q”. Leonovning o‘zi menga bir voqeani gapirib bergandi — kishini lol qoldiradigan voqea. Bilmadim, yozuvchilar jamoatchiligining bundan xabari bormi-yo‘qmi? Stalinga Leonovning “Untilovek”, “Bo‘ri”, “Polovchan bog‘lari” degan pesalari ma’qul bo‘lmapti. Muallif, albatta, buni darhol his qildi. “Bo‘ri” va “Polovchan bog‘lari” to‘g‘risida o‘sha vaqtlarning qarichi bilan o‘lchaganda o‘ta shafqatsiz taqrizlar e’lon qilindi. Leonov uning ishi bilan tegishli organlar shug‘ullanishi mumkinligini his qilgan. Allaqanday noma’lum belgilarga qarab, buni boshqa yozuvchilar ham payqashgan.

Hozir biz yaxshi bilamiz — Fadeevning roziligisiz yozuvchi odamni qamamas edilar, u paytlarda esa buni faqat taxmin qilish mumkin edi, xolos. Leonovning menga gapirib bergani shu bo‘ldiki, u Fadeevdan o‘zining ishlari qay darajada yomon ekanini bilmoqchi bo‘lgan, hamma ish rasvo bo‘lib bo‘lganmi yoki sal-pal umid qilsa bo‘ladimi? Fadeev uni uyiga kiritishga qo‘rqqan. Leonov bog‘da turgan-u, xo‘jayin o‘z dala hovlisining ikkinchi qavatida turib, u bilan gaplashgan. Ko‘plarning tasdiqlashicha, balkonning ostida Leonid Maksimovichning o‘zi emas, balki xotini turgan emish, ammo u menga bu voqeani aynan shunday qilib, ya’ni balkon tagida o‘zi turganday qilib gapirib bergandi. Aftidan, u san’atkor sifatida xotini kechirgan xo‘rlikni o‘z zimmasiga olgan bo‘lishi ham mumkin.

Keyinchalik Leonid Maksimovich bu epizodni “Rus o‘rmoni” romaniga kiritib yuborgan. Esimda — shu epizodni o‘qir ekanman, har gal xayolan kulib qo‘yardim va Leonovning gapini eslardim. U Fadeevning bu qilig‘ini aytar ekan, biror kimsa uni shubhali hamkasabasi bilan shaxsan muloqotda bo‘lgan deb ayblamasligini o‘ylagan degan edi.

Keyinchalik esa Stalin Leonovning uyiga qo‘ng‘iroq qilib, “nima uchundir men anchadan beri sizning pesalaringizni sahnada ko‘rmadim” degan. Go‘yoki bu narsa Leonovga bog‘liqday. Keyin Leonovning menga aytib berganiga qaraganda, shu zahotiyoq yozuvchining uyiga keladigan yozuvchilar qalashib ketipti. Tabiiyki, ularning birinchi qatorida Fadeev bo‘lgan ekan.

Adibning qizi otasining tavalludiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan juda go‘zal xotiralar kitobini e’lon qildi. Mening shu kitob uchun yozgan xotiralarim negadir juda quruq va zerikarli chiqdi. Hatto hozirgi eslayotgan voqealardan ancha-munchasi ularga kirmay qolgan. Xotira juda injiq narsa — kerak paytida u indamay qoladi va tuzukroq biror gapni aytmay yoki jo‘yaliroq biror narsa yozolmay rosa xunob bo‘lasan. Aksincha, dam olib bekor o‘tirgan kezlaringda ko‘z o‘ngingda birdan shunaqa manzaralar paydo bo‘ladiki, ular allaqachon xotirangdan ko‘tarilib ketgan bo‘lsa-da, hozir go‘yo kechagina bo‘lib o‘tgandek, hammasi yorqin va jonli bo‘ladi.

Leonov menda haddan tashqari yolg‘iz, tevaragida oilasi, xotinidan bo‘lak hech kimi yo‘q odam sifatida tasavvur qoldirgan edi. Shuning uchun u xotinining vafotini juda katta fojia sifatida qabul qildi va umrining qolgan o‘n besh yilini uylanmay o‘tkazdi. U ongli ravishda yolg‘izlikka intilgan odam edi. O‘zining dala hovlisida yog‘och minora qurib oldi, o‘sha yerda o‘tirib ishlay boshladi. Peredelkino ahli uni “fil suyagidan yasalgan minora” deb atab, adibning ustidan hazil qilib yurishdi. Bu uning o‘z qobig‘iga biqinib olishi nechog‘lik o‘tkir ekanini, jamiki keraksiz narsalarni o‘zidan soqit qilishga intilishini namoyish etardi.

O‘z-o‘zidan ayonki, u istagan odam bilan do‘st tutinishi, istagan odamni o‘ziga yaqinlashtirmog‘i mumkin edi. Ular samimiy bo‘ladimi; samimiy bo‘lmaydimi — bu boshqa masala. Har kim yozuvchi Leonov bilan yaqin bo‘lsa, buni o‘zi uchun sharaf deb bilardi. “Men Leonid Leonovning do‘stiman!” Shu gapni ayta olgan odam boshini har qancha ko‘tarib yursa arzirdi. Bundan tashqari, u juda ham maroqli odam edi, juda yaxshi suhbatdosh edi, birgina men emas, boshqa istagan odam uning suhbatiga to‘ymasdi. Ammo mening tushunishimcha, u deyarlik hech kim bilan do‘st tutinishni istamas edi.

Bundan tashqari u hayotni yaxshi bilar va o‘tkir ko‘z bilan ko‘rardi, tevarak-atrofida sodir bo‘layotgan voqealarning hammasini sinchkovlik bilan kuzatib borar, odamlar to‘satdan g‘oyib bo‘lib qolayotganlarini payqab turar, sira kutilmaganda sababsiz-bahonasiz o‘zi kattalarning ko‘ziga yomon ko‘rinib qolganidan keyin telefon go‘shagida dohiyning ovozini eshitgandi, shuning uchun men unda allanechuk xavotirlik unsurlarini sezib turardim. U paytlarda hamma qo‘rqardi. Birov kamroq, birov ko‘proq. Ayniqsa, uning ijtimoiy kelib chiqishini e’tiborga olsa, qo‘rqsa arzigulik asoslari bor edi.

Leonovning bobolari savdogar o‘tishgan. Savdogar bo‘lganda ham, mayda, xashaki savdogar bo‘lishmagan. Uning ota urug‘idan bo‘lgan bobosi Leon Leonovich Leonov kattagina boqqollik do‘koniga ega bo‘lgan. Leonid Maksimovichning ona tomonidan avlodlari Yaroslavl gubernasilik Petrovlar edi. Ona tomonidan bobosining “Petrovning savdo uyi” bo‘lgan. Leonid Maksimovich Sabashnikovning qizi Tatyana Mixaylovnaga uylangan. U paytlarda ikkita aka-uka Sabashnikovlar bo‘lgan edi — ular hozirgacha shuhratini yo‘qotmagan nashriyot barpo etishgan edi. Oktyabr inqilobiga qadar ular juda badavlat odamlar hisoblanishardi, albatta, inqilobdan keyin ularning hamma narsasini tortib olishdi, nashriyotni xonavayron qilishdi, Sabashnikovlardan birining taqdiri oxir-pirovardida fojiali ravishda tamom bo‘ldi. Bunday qarindoshlar bilan, buning ustiga o‘zi partiyasiz bo‘laturib, Leonovning sog‘ qolgani hayron qolarli holdir. Uni biron marta ham qamamadilar, holbuki, uning ustidan chaquvlar muntazam yozilib turgani haqida ma’lumotlar bor, yuqorida aytib o‘tganimdek, uning pesalari ko‘pgina teatrlarning repertuarlaridan olib tashlangan. Yana hayron qoladigan joyi shundaki, shunday sharoitda u san’atkor sifatida to‘laligicha saqlanib qoldi, o‘sha davrning adabiy qonunlariga hech narsada zarracha yon bermadi. Leonov yozuvchilar orasida uslubga e’tibor beradigan yozuvchigina emas, Katayevning iborasi bilan aytganda, “so‘zshunos” (“movist”) yozuvchi ham edi. U parodoksal tafakkurga ega edi, ammo hamisha nima maqsadda aynan shu tarzda yozayotganini yaxshi bilardi.

Qiziq bir hol: hammaga shu jumladan, menga ham uning “Evgenia Ivanovna” degan qissasi juda yoqadi. Men uni juda yaxshi qissa deb hisoblar ekanman, buning boisi — qissa chindan ham muallifning eng yaxshi asari bo‘lganida emas. Buning boisi shuki, bu qissa men uchun eng tushunarli asar. U juda sodda yozilgan, u eng oddiy, kamsuqum kitoblarga ham mos keladigan tarzda “ohangjamalar”siz yozilgan. Leonovning asarlarini ilgari qo‘liga olmagan istagan uy bekasi bu qissani juda katta qiziqish bilan o‘qib chiqadi. Holbuki, Leonov asarlarini o‘qib chiqish uchun kattagina hajmda intellektual mehnat talab qilinadi. Bu, albatta, uning ijodidan chetga chiqib qolgan asar. Bu qissa Leonovning klassik asarlariga o‘xshamaydi. U hatto bir gal menga tushuntirib bergan edi — bu hol Romen Rollanda sodir bo‘lgan holga o‘xshaydi. Romen Rollan ham uslubi og‘ir, o‘zi zalvarli “Jan Kristof”dan keyin og‘ir yukdan xalos bo‘lishga ehtiyoj sezgan va juda yorqin, har iborada aql-zakovat chaqnab turadigan “Kola Bryunon” qissasini yozadi. Bu ajoyib kitob undan avvalgi murakkab va ko‘p jihatdan toliqtiruvchi mehnatdan so‘ng biroz yengil tortishga imkon bergan.

Ha, “Jan Kristof” murakkab, kishini qiynaydigan asar, unda kompozitorning taqdiri orqali frantsuzlar va nemislarning o‘zaro munosabatlari tasvirlanadi, bu romanni Romen Rollan yana shuning uchun yoza oldiki, uning o‘zi yaxshigina muzikachi edi. “Kola Bryunon” bo‘lsa bamisoli qadimiy frantsuzchadan zamonaviy frantsuz tiliga tarjimaday gap, yengil o‘qiladi, maftunkor Lasochkaning o‘zi oshuftajon, unda dunyoviy dehqon muhabbati kuylangan.

Leonov o‘zining “Evgenia Ivanova”sini “Bo‘rsiqlar”, “O‘g‘ri”, “Skutarevskiy”, “Okeanga yo‘l”, “Rus o‘rmoni” kabi romanlar mashaqqatidan dam olishday gap deb hisoblaydi. Shunisi qiziqki, bu qissani Leonov 1938 yilda yozgan va 1963 yilda e’lon qilgan. U o‘z asarlarini e’lon qilishga oshiqmas, ularni ko‘p qayta ishlar, ko‘p silliqlar va jilo berardi. Uning o‘zi “Piramida” haqida aytganidek, butun umri bo‘yida yozardi.

U bu masalada juda ko‘p gaplarni gapirib bergan, ularning hammasini yozib borish kerak edi, lekin men bunga tuzukroq e’tibor berganim yo‘q edi, shuning uchun ko‘p gaplar unutilib ketdi, ammo “Evgenia Ivanovna” go‘yo hordiq chiqarish uchun yozilganday gap ekan, u katta yo‘ldan chetroqqa sakrab, qilingan ishlarga bir nazar tashlamoq uchun yozilgan asar ekanini u qayta-qayta takrorlar edi. Bu qissani uning yirik asarlari bilan bir qatorga qo‘yib bo‘lmaydi, bu falon va falon asarlar o‘rtasida turadigan qissa deyolmaymiz, bu shunchaki katta yo‘ldan chetga sakrashning oqibati. Nemislarda shunaqa tushuncha bor — ular “Seiten Sprung” deyishadi, ya’ni bir chetga sakradi-yu, biror boshqa ishni qildi degani.

Aytish mumkin, uning hayotidagi fojia mening ko‘z o‘ngimda sodir bo‘lgan. Bevosita emas, bavosita. Men uning xotini Tatyana Mixaylovna bilan tanish edim — biz Leonovnikiga ziyofatga taklif qilingan kezlarda u stol yonida odob saqlab, har narsada o‘zini ko‘rsatavermay o‘tirardi. Faqat u mendan biron narsani so‘ramoqchi bo‘lsa, “mumkinmi, agar…” deya gap boshlardi. Uning bunaqa tortinchoqligi menga ma’qul kelardi va jinday kulgili tuyulardi, chunki Leonid Maksimovich unga jiddiy ohangda “mumkin” deb javob berardi. U olamdan o‘tgandan keyin bu hol ikkovimizning munosabatlarimizga ham qay bir darajada ta’sir qildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, albatta. Leonov hayotining umumiy oqimi o‘zgargan edi. Bir odam bilan o‘nlab yillar yonma-yon, hamnafas yashasang, keyin u vafot qilsa, o‘z qalbingda ko‘p narsalar sinadi, parchalanadi. Ehtimol, shuning uchun bo‘lsa kerak, Grin ko‘pincha hikoyalarini “Ular bir kunda vafot etishdi” deb tugatadi. “Ular baxtiyor hayot kechirishdi va bir kunda vafot etishdi” degan gap — orzu. Menimcha, uning “Daryo bo‘ylab ellik chaqirim” degan hikoyasi shunday tugaydi.

Bir necha marta Leonid Maksimovich mashhur bashoratchi ayol Vanganing huzuriga bordi. Bolgariyada uning obro‘yi baland edi, bu mamlakat bilan sovet do‘stlik jamiyatining rahbari edi, Kirill va Mefodiy degan bolgar ordeni bilan mukofotlangan edi. Ammo o‘sha kezlarda Bolgariyaga safar qilgan yuksak martabali odamlarning hammasi ham Vanganing huzuriga boravergan emas. Vanga shuhratining cho‘qqilariga ko‘tarilmasdan oldinroq Leonov uning to‘g‘risida ko‘p eshitgan edi, shuning uchun u Vanga bilan uchrashish istagini bildirganda, Bolgariyaning rasmiy idoralari uning taklifini qabul qilishdi.Ular Vanganing har xil nozarur tashriflardan, keti uzilmaydigan jurnalistlardan, turli-tuman sarguzashttalab odamlardan avaylab-asrashlarida o‘zlaricha haq edilar, albatta. Bolgarlar uni allaqanday ilmiy-tadqiqot institutining katta maslahatchi ilmiy xodimi qilib qo‘yishgandi, biroq bu rasman qilingan bir ish, edi, albatta. Menimcha, psixologiya instituti edi, shekilli. Vanga u yerda maosh olardi, institutda o‘z maqomiga ega edi, kerak bo‘lganda uni “yopib qo‘yish” mumkin edi, uning huzuriga tasodifiy odamlarning kirishiga “yo‘l qo‘ymaslik” mumkin edi. Agar u xususiy odam bo‘lib qolishda davom etganida, davlat bunchalik avaylab asray olmas edi. Ammo u maxsus institutning ilmiy xodimi hisoblanardi va uni ehtiyot qilishardi. Lekin, baribir, har haftada u juda ko‘p odamlarni qabul qilar, lekin ularning miqdorini aql bovar qiladigan darajada tutib turishardi. Bu ishdan davlatning kissasiga biron narsa tushib turgan yoxud Vangani siqib qo‘ygan, uning faoliyatini maxsus yo‘naltirib turgan deb o‘ylamayman. Mutlaqo bunday bo‘lgan emas, shunchaki, hamma narsani aql bilan tashkil qilishga urinishgan.

Leonid Maksimovich Vanganing huzuriga uch marta tashrif buyurgan edi. Uning gaplariga qaraganda Vanga adibni larzaga solgan. Dastavval, Leonovni hayron qoldirgan narsa shu bo‘lganki, Vanga uning to‘g‘risida Leonovning o‘zidan ko‘ra ko‘proq bilar ekan. Masalan, undan singlisini surishtiribdi. “Lencha (bolgarlar Lenani “Lencha” deb atashar ekan) qani?” Leonov hayron bo‘lipti. “Qanaqa Lencha?” deb so‘rabdi. Leonov unutib qo‘ygan ekan — bolalik chog‘larida uning Lena degan singlisi bo‘lgan ekan, juda yoshligida o‘tib ketgan ekan. Shunda Vanga unga debdi: “Sen nega yolg‘on gapirasan? Ko‘rib turibman-ku, — u onasining yonida turibdi!” Shunda Leonovning esiga tushibdi. Keyin aytib berishicha, bu holdan u butunlay larzaga tushibdi — o‘tib ketgan singlisini Leonov unutib yuborgan bo‘lsa-yu, Vanga bilsa?!

Leonov mukkasidan ketgan, fikri qotib qolgan moddiyunchi emas edi, o‘sha kezlarda bizda aynan ana shunday bo‘lish talab qilinardi! U Vangaga butkul ishondi, uning gaplari adibni yana bir bor shunga ishontirdiki, Vanga shunchaki bir muttaham yoxud firibgar emas, uning shuhrati odamlarning havoyi gap-so‘zlari tufayli tug‘ilgan emas. Qo‘pol qilib aytganda, Leonov uning huzuriga bir narsaga amin bo‘lish uchun kelgan — bu ayol firibgarlik qilyaptimi-yo‘qmi? Vanganing o‘zi qanaqa ayol ekanini ko‘rmoqchi bo‘lib kelgan. Ba’zilar uning to‘g‘risida og‘zidan bol tomib gapirardi, ba’zilar uni tilga olganda, og‘ziga kelgan gapni qaytarmaydi. Unga yozuvchi sifatida bu mo‘jiza ayolning o‘zini ko‘rish qiziq edi. Axir, uning to‘g‘risida shuncha gapirishadi, shuncha yozishadi! Birinchi ko‘rishdayoq Vanga yozuvchini singlisi haqidagi gaplari bilan butunlay rom qildi. Bu bashorat emas, nazarkardalik ham emas… buni izohlab berishning imkoni yo‘q. Axir, bolalikda uning singlisi bo‘lganini, u juda kichikligida o‘lib ketganini, uning ismi ham Lena bo‘lganini bu ayol qayoqdan bilishi mumkin?

Vafot etgan xotini to‘g‘risida Vanga adibga shunday degan: “Gulni olib qo‘yganingga xotining ranjibdi. Gulni joyiga qo‘yib qo‘y”. Leonov uyida deraza tokchasida hamisha yashnab turgan gulni olib qo‘yganini bu ayol qayoqdan bildi ekan? Albatta, unga sovet yozuvchisi Leonid Leonov to‘g‘risida gapirib bergan bo‘lishlari mumkin, uning tarjimai holining qay bir tafsilotlaridan ham xabardor qilib qo‘yishlari mumkin, ammo Leonovning o‘zi unutib yuborgan hodisani bu ayol bilishi mumkin emas-ku? Leonov uyga qaytib kelishi bilanoq gullik tuvakni yana joyiga qo‘yib qo‘ydi.

Bularning bari uning vafotidan bir necha yil avval ro‘y berdi. Uning ko‘zi borgan sari zaiflashib borardi, lekin hali ko‘rardi. So‘nggi yillarda u o‘zi yozolmayotganidan zorlanar, aytib turib yozdirishga to‘g‘ri kelayotganini, bu unga juda qiyinlik qilayotganini, u avvallari hech qachon yozuv mashinkasidan foydalanmaganini, hamisha qo‘lda yozganini gapirardi. Mashinkani mexanik ijod deb hisoblar, tirik jondan mahrum deb bilar, yoddan aytib yozdirganda esa materialni his qila olmayotganini aytib shikoyat qilardi.

Men uchun eng asosiysi yozmoq, yozish imkonidan mahrum ekanman, bu menga bo‘shliq keltiryapti, hayotim maqsadsiz va ma’nosiz bo‘lib bormoqda, bu umrimni qisqartirayotganini sezib turibman deb tez-tez takrorlardi Leonov.

Zamon og‘ir edi. Leonov yolg‘izlikka intilgan ekan, yozuvchilar doirasidan biron kishi bilan do‘st tutinishni istamagan ekan, buning uchun adibni tushunish mumkin. Bir tanishim bor edi — u yaqin og‘aynilaridan zorlanib, menga qattiq pand berishdi, meni qamatib yuborishlariga sal qoldi, qamatmaganlarida ham, mening ishdan haydalishimga sababchi bo‘lishdi deb ko‘p gapirardi. Bir kuni men undan “nimalar deb valdirayapsan?” deb so‘radim. “Valdirayotganim yo‘q, — dedi u. — Mana, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring. Men, axir, eng yaqin og‘aynilarim bilangina sirlashar edim”. “Xo‘sh, — xoin yoki sotqin degani kim bo‘ladi?” deb men uning gapini qaytardim. Sotqin — eng yaqin og‘ayning bo‘ladi. Dushmanni bilasiz, undan xavotir olasiz, chunki u sizga zararkunandachilik qilishi tayin. Ammo — shunisiga e’tibor bering — sizga juda yaqin odamgina sotqinlik qilishi mumkin. Dushman dushmanchilik qonunlari asosida harakat qiladi. Sotqin esa faqat ishongan do‘stingdangina chiqadi.

Agar Leonov o‘zining qalamkash oshnalariga yuragini ochib, ular bilan ulfatchilik qilib yurganida, imonim komilki, u qamalib ketardi. Lekin u hech kimga dilidagini ochib gapirgani yo‘q va shu tufayli u omon qoldi. Uni Gorkiyning himoyasi ham asrab qoldi. Leonov yoshligida Kaprida Gorkiy unga bamisoli oq fotiha berganday bo‘lgan edi. Leonov bu voqea haqida istar-istamas, uzuq-yuluq gapirar edi, negaki, Gorkiy uni maqtagan edi, buni boshqalarga yetkazishga Leonov iymanardi. Shuning uchun u o‘zining Sorrentoga safari to‘g‘risida xohlamaygina, o‘ldan-jo‘ldan qilib gapirardi.

Ammo Gorkiy uni darhol payqagan, birinchi asarlariga qaraboq, yosh avlod orasida uni ajratib ko‘rsatgan edi. O‘sha paytda juda ko‘p odam o‘zini adabiyotga urgan edi, lekin Gorkiy Stalinga faqat Leonov to‘g‘risidagina “e’tiborga olib qo‘ying, Iosif Vissarionovich, Leonov butun rus adabiyoti nomidan gapirishga haqli” degan edi.

Oddiy ko‘z bilan qaraganda ham, yaqqol ko‘rinib turibdiki, Leonovning hayoti juda murakkab bo‘lgan. Shuning uchun u vafotidan bir oz oldinroq bejiz shunday demagan edi: “Menga bu hayotda hamma narsa ayon bo‘ldi. O‘lim — insonning dunyoni bilishidagi eng avj nuqtadir, bu shunday nuqtaki, unga ko‘tarilganda hamma narsa ayon bo‘ladi va faqat eng mubham, eng sirli narsagina qoladi”.

“Novыy mir” jurnalining 2001 yildagi 5-sonidan olindi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 11-son