“Boburnoma” ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan nodir asarlar sirasidagi dunyoga mashhur bitikdir. Bu asar G‘arbu Sharqda katta qiziqish bilan o‘rganilgan, hozir ham unga qiziqish susaygani yo‘q. “Boburnoma”ni ommaviy chop etish muallifning avlodlari bo‘lmish biz o‘zbeklardan oldin G‘arb olimlariga nasib bo‘lgan. XIX asr o‘rtalarida rus turkologi N.I.Ilminskiy, XX asr boshida ingliz sharqshunosi A.Beverij xonim o‘zlarida mavjud bo‘lgan boshqa-boshqa qo‘lyozmalar asosida nashr ishlarini amalga oshirganlar.
O‘zbekistonda o‘tgan asrning o‘rtalariga kelibgina Porso Shamsiyev va Sodiq Mirzayevlar tomonidan bu ikki qo‘lyozma bosmasi qiyosiy o‘rganilib, dastlabki o‘zbekcha nashr varianti chop etildi. Lekin bu bosma, Porso Shamsiyevning o‘zi keyinchalik e’tirof etganidek, “keyingi ishlash jarayonida ma’lum bo‘lishicha, juda ko‘p nuqsonlarga ega ekan”ligi bois, 1960 yilda to‘lig‘incha qaytadan ishlab chiqildi va chop etildi. Asarning 1989 yildagi oxirgi bosmasi hamda 2009 yili Vahob Rahmonov va Karomat Mullaxo‘jayevalar tomonidan amalga oshirilgan “Boburnoma”ning hozirgi o‘zbek tiliga tabdili uchun shu nashr asos qilib olingan. Yana shu nashr so‘zboshisida ustoz Porso Shamsiyev “…“Boburnoma”ning puxta tayyorlangan tanqidiy matni maydonga chiqmaguncha bu asarning nashrlarida noaniqlik va nuqsonlar yuz berishi tabiiydir”, deb yozar ekan, ko‘ngli to‘lmagan o‘rinlarning ko‘pligi hamda o‘zidan o‘tib ketgan noaniq va kamchiliklarning bisyorligini mardlik bilan tan olish, barobarida, ularni to‘g‘rilash, to‘ldirish, mukammallashtirish keyingi olimlar avlodi tomonidan amalga oshirilishini umid qilgan bo‘lsa, ajab emas.
“Boburnoma” ustida olib borilgan kuzatishlar, unda juda ko‘p aniqlik kiritish, tuzatish va tartibga solinishi kerak bo‘lgan o‘rinlar, jihatlar borligini ko‘rsatmoqda. Biz aniqlagan kamchiliklar sirasidagi bir jihat – asarda keltirilgan muammo janri namunalarining berilishi masalasidir. “Boburnoma”dagi muammo janriga mansub namunalar berilishidagi xato va kamchiliklarni quyidagicha guruhlash mumkin.
1. “Boburnoma”ning amalga oshirilgan dastlabki ikki nashri – Qozon va London bosmalarida mavjud bo‘lgan nuqsonlarning keyingi barcha nashrlarda takrorlanishi bilan bog‘liq xatolar. Qozon bosmasidan olib bosilgan asarning 936 yil sarguzashtlari sirasida berilgan ikki ta’rix bamisoli yechimsiz muammo, mutlaq topimsiz topishmoq, javobsiz jumboqqa aylangan: “Shayx Zayniddinkim, fuzalolarimizdan erdi, bu fathg‘a tar’ix “podshohi islom” topti va… Yana o‘shandoq ilgarigi fathlarimizdinkim, Dibalpurni fath qilduk, ikki kishi “vasati rabiul-aval” topti”. (“Boburnoma”, T. 1989. 352-bet.) Birinchi ta’rix 1527 yili Boburning Sekriyda qozongan olamshumul g‘alabasi munosabati bilan; ikkinchisi, 1524-25 yili u qozongan Dibalpurdagi zafarga bag‘ishlangan. Noshir yo muharrir tomonidan sahifaosti ilovada, mazkur ta’rixlarning hijriy va ham milodiy sharhlanmay kelinganligining o‘zi Qozon bosmasining jiddiy kamchiligidir. Ta’rixlardan sana chiqarish o‘quvchining o‘ziga qoldirilgan bo‘lsa, biz bunga urinib ko‘ramiz. “Podshohi islom”… Bir qarashda ifodaning o‘ziyoq ta’rix moddasi uchun ajabtovur, g‘alati tuyuladi. Birikmaning abjad hisobi bo‘yicha jamlanmasi yanada hayratangiz.
Turkiy va forsiy nasta’liq alifbe sirasidagi arab asliy alifbosiga qo‘shimcha ravishda kiritilgan “pe” (p) harfi “chim” (ch), “gof” (g) harflari kabi raqam qiymatidan mosuvodir. Bunda odatda “pe” (p) harfi 2 soni qiymatiga musoviy “be” (b)ga tenglashtiriladi. “Podshohi islom” tarkibidagi harflarni abjadga ko‘ra qo‘shib chiqsak, hijriy 445, melodiy 1053-54 yil kelib chiqadi. Bu Bobur zamonidan V asr burungi qoraxoniylar davri demakdir!
“Vasati rabiul-avval” ta’rixi ham boshni qotiradi. Birikmaning kirill yozuviga tabdili ham kamchilikdan xoli emas. Biz bundan ko‘z yumib, uning arabiy imloga ko‘ra to‘g‘ri yozilgan shaklini ko‘z oldimizga keltirib, ja’m ul-abjad qilib ko‘rsak, voqea hijriy 425, milodiy 1037-1038 sanada yuz bergan bo‘lib chiqadi. Boburning bu fathi o‘zi yashagan davrdan besh yuz yilcha oldin yuz bergan bo‘lib chiqayapti. Har ikkala ta’rixdan chiqarilgan hosila, eng bilimdon tarixchi yoki adabiyotshunosni ham hayron qoldirishi tabiiy. Gap nimada o‘zi? Yuqorida aytilganidek, bu Qozon bosmasidagi xatoliklar bilan bog‘liq. Eslatilgan 1989 yilgi nashrda London bosmasidan olingan aynan shu ta’rixlarning to‘g‘ri va to‘liq shakli berilmaganda, ular yechilmas jumboq bo‘lib qolaverishi mumkin edi. Ayni paytda, ular sahifaosti ilovada ham to‘g‘ri izohlangan.
Memuarning 933 yil hodisalari bayonida aynan shu parcha quyidagicha berilgan: “Shayx Zayn bu fathqa (Sekriy fathiga – ta’kid bizniki) “Fathi podshohi islom” lafzini ta(’)rix topib edi. Kobuldin kelur kishilardin Mir Gisu ham ushbu lafzni ta(’)rix topib, ruboiy aytib yiborib edi… Yana bir qatla Dibalpurni fathida Shayx Zayn “vasati shahri rabiul-avval”ni ta(’)rix topib edi. Mir Gisu ham ushbu lafzni topib edi”. (“Boburnoma”, T. 1989. 298-bet.)
Ravshanlashadiki, 936 yil voqealaridagi mavhum ifodalar aslida 933 yil sirasida keltirilgan yuqoridagi parchaning chala takrori ekan. Birinchi ta’rix moddasidan “Fathi” so‘zi tushirib qoldirilgan. Uning umumiy qiymati 488 ga teng. Bu sonni “Podshohi islom”dan kelib chiqadigan 445 ga qo‘shsak, Sekriy g‘alabasi qo‘lga kiritilgan hijriy 933, milodiy 1527 yilga to‘g‘ri keladi.
Ikkinchi “Vasati shahri rabiul-avval” (rabi’ ul-avval oyining o‘rtasi) ta’rixidan “shahri” so‘zi tushirib qoldirilgan. “Shahri” so‘zi harfiy raqamlarining umumiy qiymati 505 ga tengdir. Bu sonni “shahri” so‘zsiz yuqorida olingan 425 son qiymatga qo‘shamiz – Dibalpur jangi hijriy 930, milodiy 1523 (24) yilda bo‘lib o‘tgan ekan.
2. Ayrim muammo-ta’rixlarning arabiy yozuvdagi ifodasi to‘g‘ri idrok etilmagani bois, ularning abjad bo‘yicha hisobi butunlay noto‘g‘ri va nomuvofiq yechimga olib kelgan. 909 yil solnomasida ajoyib ta’rix san’ati diqqatni tortadi. Kobul viloyati to‘g‘risida gapira turib, Bobur o‘zi ochtirgan bir ariq haqidagi fikrlarini shunday yakunlaydi: “Bu ariqning ta(’)rixi “jo‘yi xush” topildi”. Sahifaosti izohi esa quyidagicha: “Jo‘yi xush” – … raqam bilan 925”. (Ko‘rsatilgan nashr, 125-bet.) Izohda bu sonni sana deyishdan ham tiyinilgan, uning milodiy muqobili ham ifodalangan emas. Ifodalansa, yanada tushunarsiz holat yuzaga kelardi: ariq 909 (milodiy 1503-04) yili qazilyapti, uning barpo etilish ta’rixi esa 925 yili (milodiy 1519) deb bitilmoqda. 16 yilga farq bor. Shuning uchun barcha nashrlarda bu ta’rix yo to‘la izohlanmagan, yoki umuman xuddi u nazardan qochganday e’tibordan chetda qoldirilgan. Bu nomuvofiqlikning sababi nimada? Voqeaga ta’rix noto‘g‘ri bitilganmi yoki 925 yildagi voqea bayoni qandaydir sabablar bilan adashib 909 yil tafsilotlariga aralashtirib yuborilganmi? Unisi ham, bunisi ham emas. Gap shundaki, ta’rix moddasi “Jo‘yi xush” emas, aslida “Jo‘i xush” bo‘lishi kerak. Birinchi so‘zda qiymati 6 soniga teng “yoy” (y) harfi yo‘q, “i” esa harf bilan ifodalanmaydigan harakat – kasradir. Ikkinchi so‘z (xush) “xe” (x) va “shin” (sh) harflaridan iborat, xolos, ular orasida qiymati 10 soniga teng bo‘lgan “vov” (u) yozilmasligi kerak. Shu ikki harf bilan bog‘liq xato bartaraf etilsa, 16 yillik farq o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘ladi. Agar noshirlar aniq bir qo‘lyozmaga ko‘ra shunday bergan bo‘lsalar, bu xato “Boburnoma”ni ko‘chirgan xattotga tegishli bo‘lishi mumkin.
3. Lisoniy (imloviy) hamda milliy taomillarni e’tiborga olmaslik bilan bog‘liq xatolar. Bobur Samarqandni ikkinchi bor egallashi xotiralarida quyidagi ta’rixni qayd etadi: “Bu fathda shuaro ta(’)rixlar aytib edilar. Ul jumladin bir bayt xotirda qolibtur. Bayt: Boz gufto xirad ki tarixash Fathi Bobur bahodur ast, bidon”. (Ko‘rsatilgan nashr, 77-bet.)
Arabiy yo nashta’liq matnda “Fathi Bobur bahodur” (Bobur bahodur fathi) ta’rix moddasidan 905 (1499-1500) yil kelib chiqadi. Nashrlardagi “Fathi Bobur bahodur” tarzida yozib va o‘qib kelinishi maqsadga muvofiq emas. Talaffuzda tilni burab bo‘lsa ham “Fathi Bobur bahodur” tarzida aytish balki mumkindir, ammo, tabiiyki, qiynalinadi. Yozishga kelganda, nojo‘ya muddaoni eplab bo‘lmay ham qoladi. Mohiyat mag‘zi shundaki, turkiy o‘zbek milliy tili iste’mol qonuniyatiga, asosan, “Bobur bahodur” tarkibidagi “u” tovushi cho‘ziq talaffuz etiladi. U holda, mazkur ta’rix iborasini harakat zamma bilan emas, aynan harf “vov” – cho‘ziq “u” bilan yozishga majbur bo‘linadi. “Vov” abjadda oz emas, 6 ga tengdir. Ikki “vov” ortiqcha qo‘shilgudek bo‘lsa, mo‘ljallangan zaruriy natijaviy miqdor ko‘zlangan 905 sonidan ancha o‘tib ketadi, 917 (1511-12) yilga borib qoladi. Bu Bobur Samarqand taxtining ikkinchi zabti emas, uchinchi fathi sanasidir. Kezi kelganda, aytib o‘tish kerakki, Zahiriddin Muhammadning taxallusi “Bobur” emas, aslida, “Bobir” ekanligiga adibning o‘zi yozgan muammosida aniq va tiniq ishora qilingan. Nasib qilsa, bu haqida alohida bir maqolada fikrlarimizni bayon qilamiz.
Nashrlardagi sahifaosti izohlarda bu sananing milodiy ifodalanishini ham to‘g‘rilash zarur: “Aql yana aytadiki, bilgil uning tar’ixi “fathi Bobur bahodur” bo‘lur. 905 (1499)”. (Ko‘rsatilgan nashr, 77-bet.) Bildirilayotgan e’tiroz mohiyati birmuncha jiddiy. Boburning o‘zi Samarqandni ikkinchi olishi paytini eslab, bir emas, ikki bor alohida ta’kidlaydi: “Men Samarqandni olg‘onda o‘n to‘qquz yoshta edim” (76-bet.), “ul tarixda men o‘n to‘qquz yoshta edim”. (77-bet.) 905 (1499) yili Bobur qaysi tomondan yondashib hisoblasangiz ham 16-17 yoshda bo‘lib chiqadi. Nega unda uning o‘zi: “o‘n to‘qquz yoshta edim” deb yozadi? Bu yerda murakkab sir yashirin emas. Hijriy 905 yil milodiy 1499 yilgina emas. Faqat u 1499 yil avgustidan boshlangan, xolos. 7 oydan ziyodi 1500 yilga o‘tadi. Mazkur hodisa 906 (1500-01) yil tafsilotlari tarkibida yoritilgani boisi ham ana shundadir. Aynan, mana shu hisobdagina, Bobur yilma-yiliga 18 yoshga o‘tadi. An’anaviy milliy taomilga binoan xomilalik davri ham zamlanadi – 19 yoshga yetadi. Samarqand taxtini ikkinchi bor zabt etilishi 1500 yilda yuz bergan.
4. Ayrim ta’rixlarning, umuman, izohlanmaganligi yoki milodiy sanasi ko‘rsatilmaganiligi.
Kitob nihoyasida, musavvadi avroq (ya’ni, asarni qog‘ozga tushirgan kotib) tomonidan xattot mavlono Shihob Muammoyi qalamiga mansub “Humoyun bud vorisi mulki vay” (Humoyun mazkur mulk vorisi bo‘ldi) (356-bet.) ta’rix-muammo keltiriladi. To hozirgacha nazardan o‘tkazilgan o‘zbekcha nashrlari havola ilovasida mazkur ta’rix moddasi na hijriy va na milodiy izohlangan emas. Ta’rixning ja’m ul-abjad hisobi 937 (1530) yildir.
Shahzoda Humoyun tavalludiga bag‘ishlanib ikki ta’rix bitilgan: “…zulqa’da oyining to‘rtida Oftob hut burjida edi, Kobulning arkida Humoyun mutavallid bo‘ldi. Ta(’)rixi valodatini Mavlono Say(y)idiy shoir “Sulton Humoyunxon” topib edi, Kobul shoirlaridan birov “shohi feruz qadr” topib edi, uch to‘rt kundin keyin Humoyun ismi bilan mavsum bo‘ldi”. (195-bet.)
Sahifaosti izohlarda “Sulton Humoyunxon” va “shohi feruz qadr” ta’rixlarining hijriy 913 sanaga ishora qilinishi to‘g‘ri berilgan, lekin uning milodiy 1508 yilga muvofiqligi qayd etilmagan.
5. Ayrim ta’rixlarning joriy yozuvdagi ifodasi bilan bog‘liq nomuvofiqliklar. Ularni xato deb bo‘lmaydi, lekin to‘g‘rilanishi kerak bo‘lgan kamchilikdir. Yuqorida ko‘rilgan ta’rixlarda ham bu holat kuzatiladi. Masalan, “vasati shahri rabiul-avval” ta’rixining kirilldagi ifodasini olish mumkin. Yana misol tariqasida Humoyunning Al’amon ismli o‘g‘li tug‘ilishiga bitilgan ta’rixni olaylik. “Shayx Abulvajd valodatig‘a ta’rix “Shahi saodatmand” topibtur”. (319-bet.)
Arabiy imloda “rabiul-avval”dagi “be” (b) harfidan keyin, “saodatmand”dagi “sin” (s) harfidan so‘ng son qiymati 70 ga teng bo‘lgan “ayn” yoziladi. Bu harfni joriy yozuvda unlilardan keyin “’” – ayirish belgisi (lotin yozuvida tutuq belgisi)ni qo‘yish bilan “a’”, “i’”, “u’” tarzida ifodalash ma’qul. Yo‘qsa, son qiymati bo‘lmagan harakatlar yoki boshqa son qiymatiga ega cho‘ziq unlilar shakli yuzaga kelib qoladi. Kimdir so‘zlarning arabiy shakli tiklansa, xatoga yo‘l qo‘yilmaydi deb o‘ylashi va e’tiroz bildirishi mumkin. Lekin mazkur harfni joriy yozuvda to‘la ifodalash imkoni bo‘la turib undan foydalanmaslik, bizningcha, to‘g‘ri emas.
Ushbu maqola “Boburnoma” ustida olib boriladigan ishlar miqyosi va zaruratini idrok etish uchun mushohada tarzida e’tiboringizga havola etilmoqda. Birgina janr atrofida kuzatilgan xato va kamchiliklar shu bo‘lsa, butun asar davomida tuzatilishi lozim bo‘lgan jihatlarni tasavvur qilib ko‘ring. Maqola avvalida aytganimizdek, “Boburnoma”ni ommaviy chop ettirish, dastlab, G‘arb olimlariga nasib etdi. Uning imkon qadar mukammallashtirilgan tanqidiy matnini yaratish o‘zimizda, ya’ni, uning avlodlari tomonidan amalga oshirilishi kerak.
Valijon Qodirov,
filologiya fanlari nomzodi;
Akramjon Vahobov
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 3-sonidan olindi.