Murakkab taqdir egasi Hoji Muin Milliy Uyg‘onish davri Samarqand adabiy muhitining samarali ijod etgan iste’dodli vakillaridan edi. Ismi sharifi Hoji Muin ibn Shukrullo bo‘lib, “Mehriy” adabiy taxallusidir. 1883 yilning 19 martida Samarqand shahrining Ruhobod mavzeida dunyoga kelgan. 1890 yili onasi, 1895 yili otasi vafot etib, 12 yoshida bobosi Mirsaid Muhammadsharif qo‘lida tarbiya topgan. Eski maktabda savod chiqargan. Madrasada Saidahmad Vasliydan arab nahvi(sintaksisi)ni o‘rgangan. Fors, turk, ozarboyjon tillarida erkin so‘zlasha olish va yozish salohiyatiga ega bo‘lgan. Rus tilini, Yevropa madaniyatini mustaqil o‘zlashtirgan.
1901 yildan esa o‘qituvchilik faoliyati boshlanadi. Behbudiy, Ajziy, Shakuriylar ta’sirida fikri o‘zgarib, 1903 yili o‘z mahallasida maktab ochgan. Ushbu maktab uchun 1908 yili “Rahnamoi savod” nomi bilan alifbo nashr ettirgan. 1913 yili Behbudiyning “Samarqand” gazetasida va “Oyina” jurnalida ishlay boshlaydi. Ijodkor va tashkilotchi sifatida Behbudiyning rag‘bat va hurmatini qozonadi. Masalan, 1914 yili Behbudiy “Oyina” ishlari bilan ikki oylik safarga chiqqanida jurnalning mas’ul mudirligiga Saidrizo Alizodani, muvaqqat muharrirlikka esa Hoji Muinni tavsiya etib, hukumat ruxsatini olgan edi.
Hoji Muin 10-yillardan boshlab o‘zbek va tojik tillaridagi she’r, maqolalari bilan matbuotda ko‘rina boshlaydi. 1914 yili “Guldastai adabiyot” she’riy to‘plami bosilib chiqadi. Nusratulla Qudratulla bilan birgalikda “To‘y” piyesasini e’lon qiladi. So‘ng 1916 yili ketma-ket uning “Eski maktab — yangi maktab”, “Mazluma xotin”, “Ko‘knori” sahna asarlari dunyo yuzini ko‘radi. Bu asarlar qisqa muddatda o‘lkaning bir qancha shaharlarida qo‘yiladi. “Mazluma xotin”ni V.Ya.Vyatkin rus tiliga tarjima qilgan.
1916 yili Hoji Muin ko‘plar qatori mardikorlikka olinib, o‘sha yili noyabrda taniqli ma’rifatchi Shakuriy va shoir Rojiy bilan birgalikda Minsk guberniyasining Novoborisov shahri yaqinidagi o‘rmonlarda daraxt kesish, xandaq qazish ishlari bilan shug‘ullanadi. 1917 yilning mayida, Fevral o‘zgarishidan so‘ng, ona yurtiga qaytadi va matbuot ishlariga sho‘ng‘ib ketadi. Fitratning “Hurriyat” gazetasida ishlaydi. 1918 yilning 11 iyunida “Mehnatkashlar tovushi” gazetasini yo‘lga qo‘yadi. 1920 yilning 1 yanvarida unga ilova sifatida “Tayoq” nomli kulgili jurnal chiqaradi. 1922 yildan “Zarafshon” gazetasining tahririyatida ishlaydi. 1924 yilning 1 iyunidan unga qo‘shimcha bo‘lib chiqqan “Mashrab” kulgili jurnaliga asos soladi. 1926 yili “Ovozi tojik” gazetasiga adabiy xodim va musahhih bo‘lib ishga o‘tadi. Shu orada adibning musahhihlik faoliyati bilan bog‘liq bir texnik xato yuz beradi-yu, uning taqdiri alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketadi.
Mazkur xatoga siyosiy tus beriladi. Musahhih Hoji Muin va tarjimon Saidrizo Alizoda aksilsho‘raviylikda ayblanadilar. Hoji Muin Sibirning Kansk okrugidagi Pugachan rayoniga surgun qilinadi.
Adib o‘z vataniga 1932 yili qaytib keladi. Yana gazetada ishlaydi. Jumladan, 1934-1937 yillari “Qizil yulduz” nomli harbiy gazetada faoliyat ko‘rsatadi. Uning korrektorligi yana baxtsizlik olib keladi. “Otishga hukm etilgan xalq dushmani Muralov” deganning ism-sharifi shu yillarning dovruqli arbobi Molotov nomi bilan almashib ketadi. Hoji Muinni bu ishni ongli ravishda qilganlikda ayblaydilar. “Aksilsho‘raviy targ‘ibot bilan shug‘ullangani”, “josuslik, buzg‘unchilik faoliyati”, “ingliz razvedkasiga xizmat etganligi” uchun 10 yilga hukm qilinadi va 1942 yilning 21 iyulida Perm oblastining Solikamsk shahrida vafot etadi.
Uning pokiza nomi 1963 yili oqlandi.
Zarif Bashirning “26 yillik xizmat qahramoni” (“Zarafshon” gazetasi, 1927 yil, 19 may) maqolasida Hoji Muinning 1917 yilga qadar o‘ndan ortiq gazeta-jurnalda faol qatnashgani, 10 kitob chiqargani qayd etilgan. Muallifning o‘zi 1937 yili yozgan “Ijodiy tarjimai holim” risolasida asarlarining to‘la ro‘yxatini keltiradi. Ma’lum bo‘lishicha, uning Behbudiy taqdiri haqida yozgan “Maorif qurbonlari” piyesasi hamda “Juvonbozlik qurbonlari, “Boy ila xizmatkor”, “Qozi ila muallim” kabi sahna asarlari, ikki she’rlar to‘plami, “Alfozi mutarodifa” (arabcha-forscha-turkcha-o‘zbekcha lug‘at), “Tarojimi ahvol”, “Alifbolar tarixchasi” kabi qanchadan-qancha kitoblari, to‘plagan o‘zbekcha va tojikcha maqollari, “Xulosai qavoidi forsiy” kabi forscha, Fitratning “Buxoro sayohati” asarining o‘zbekcha tarjimalari bosilmay qolib ketgan. Ular sirasiga muallifning tugallanmay qolgan “Behbudiyning tarjimai holiga oid materiallar”, “Taaddutoti zavjod” (“Ko‘p xotin olish”), “Xotiralarim” kabi asarlarini ham kiritsak, uning g‘oyat sermahsul ijodkor ekanligi ma’lum bo‘ladi. Yuqoridagi ro‘yxatning o‘ziyoq Hoji Muinning jurnalist, shoir, dramaturg, tarjimon sifatida adabiyotimiz va madaniyatimiz tarixida muayyan mavqega ega ekanligini ko‘rsatib turibdi. Gap asarlarining sonidagina emas. Bunga uning Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon bilan yaqin aloqalari dalil. Faqat ularni o‘rganish va baholash kerak.
Bugun erk va mustaqillik yo‘lida shahid ketgan sho‘ro tuzumi qurbonlarining fojiali taqdirlarini butun tafsilotlari bilan o‘rganish imkoniyatiga egamiz. Bu imkoniyatdan yetarli darajada foydalanishimiz zarur. Chunki bu istiqlolning ahamiyatini anglashda, bugungi kunning qadriga yetishda yangi avlod tarbiyasining muhim vositasi bo‘la oladi.
20-yillardagi kurash ikki o‘zaro qarama-qarshi mafkura kurashidir. Biri millatning o‘z yerida erkin, mustaqil yashashga haqli ekanligi bilan bog‘liq fikr-qarashlarni ifoda qilgan, ikkinchisi esa soxta, Sharq xalqlari turmush tarziga zid qizil shiorlarga o‘rab berilgan, aslida velikorus shovinizmi manfaatlariga xizmat qilgan mafkura edi. Dunyoda millat degan tushuncha bor ekan, uning manfaati degan gap ham, albatta, bo‘ladi. Mamlakatlar o‘z taraqqiyoti va geopolitik imkoniyatlariga ko‘ra bir xil darajada bo‘la olmas ekanlar, mafkuraviy kurashning ham intihosi yo‘qdir. Shu ma’noda 20-yillarning kurash tarixi bizga hamisha katta saboq bo‘lib xizmat qiladi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 30-31-sonidan olindi.