XX asr o‘zbek nasridagi eng e’tiborli burilish nuqtalardan biri Tog‘ay Murod nomi, uning “Yulduzlar mangu yonadi”, “Ot kishnagan oqshom”, “Oydinda yurgan odamlar”, “Otamdan qolgan dalalar” kabi bir qancha asarlari bilan bog‘liq. Zotan, badiiy adabiyotning bepoyon, nafis so‘z maydonida yuragi butun adiblar, chin iste’dod egalarigina jiddiy burilish yasaydilar.
Tog‘ay Murod o‘zbek o‘quvchilarining suyukli adibi. U bunday tabarruk rutbaga faqatgina yaxshi ijod mahsuli bilan erishish mumkinligini bir necha karra isbotladi.
Gohida adib nomi aytilmay biror asari esga olinsa, izidan shu asarlardagi asosiy obrazlari va, albatta, muallifning betakror ijodi xayolga keladi. Ziyodulla kal, Momosuluv, Dehqonqul, Aqrab, Tarlon kabi atoqli otlar o‘zbek adabiyoti tarixida Tog‘ay Murod nomi bilan parallel yashab kelayotgani hech kimga sir emas.
Agar bu adibga bir jumla tavsif lozim bo‘lsa, men Tog‘ay Murodni haq so‘zning xotibi va kotibi, degan bo‘lar edim. To‘g‘ri so‘zligi bois barcha bilan birdek til topishib, kirishib keta olmagan, aynan, ko‘plab chin iste’dodlarga xos o‘zining individual tabiati bilan boshqalardan ajralib turadigan taqdir egasi edi Tog‘ay Murod. Men uni kitoblari ichidagi o‘zining qahramonlari orasida – gavjum bir muhitda, ammo hayotda hamon ot ustida yolg‘iz yo‘l yurib ketayotgan odamdek tasavvur qilaman. Asarlaridagi qahramonlari bilan astoydil tanishgan odam uning o‘zini ham yaqindan bilib oladi. Bolalarcha samimiyatu shiddat, ichikishu mardonavarlik, to‘g‘riligu arazlar Tog‘ay Murod tabiatiga juda-juda yarashadi. Shu jumladan, Ziyodulla kalga ham.
Ko‘chirma: “Alamimdan arazlagim keldi!
Barchaga, inchunun, bakovulga eshittirib aytdim:
– Biz ketdik! Bizga qachon haq berilib edi-da, endi beriladi! – dedim o‘zimcha, ko‘pkariga qo‘l siltab jo‘nadim. Tarlonni tars-tars qamchiladim. – Ketdik, Tarlon, ketdik, odamlar biz sag‘irlarga qayishmaydi! – dedim.
To‘dadan olislab bordim. Tarlonni tag‘in tars-tars qamchiladim.
– Ketdik, Tarlon, ketdik, bizning kallamiz kal! Biz kallarga haq yo‘q! – dedim. Ketimga qayrilib qaradim. Uzangi yo‘ldoshlarim yo‘ldan qayirar, deya umidlandim. Tarlonni imillatdim. Tag‘in o‘girilib qaradim. Izimdan birov-da kelmadi!”
Yana “Yulduzlar mangu yonadi” qissasida Bo‘ri polvon davra aylanadi va xitob qiladi: “Xaloyiq! Davrada halol olishib, elga tomosha ko‘rsataylik. Haq-nohaqni men – o‘zim ajrim qilaman. Aytganim – aytgan, deganim – degan. Davradagi Bo‘ri polvon so‘zim: tarafkashlik, g‘irromlik, oshna-og‘aynigarchilikka yo‘l qo‘ymayman”.
Bu to‘g‘rilik kundasiga boshini qo‘yib, mana, kerak bo‘lsa ol, deydigan, biroq ortga bir qadam tisarilib “oh” demaydigan oriyatli yigitlarning shu kungacha jaranglab turgan eng nodir yurak so‘zidir. Bu – Tog‘ay Murodning xitobi, bu Tog‘ay Murodning haqgo‘yligi, haqiqatparastligi sadosi. Bular – adibning yashayotgan kitoblaridagi hikmat va ibratlar…
Aslida har qanday yozuvchi yuzini iymon va vijdonining ulkan haqiqatlari oynasiga solib, o‘ziga o‘zi hisobotlar berishi lozim. Pokiza adabiyot va umrboqiy asarlar shunday ochiq-oydin taftishlarni talab qiladi.
O‘zbek adabiyotini dunyoga olib chiqish uchun tarjima, targ‘ib va tashviq muhim. Meni hayratlantirgan yangi dalil shuki, o‘zbek tilini biladigan xorijdagi ayrim mutaxassislar, garchand olmon tiliga haligacha tarjima qilinmagan bo‘lsa ham, katta avlodga mansub o‘zbek adiblari qatorida Tog‘ay Murodga ham joy berishibdi. Qo‘limdagi Rudolf Radler tahriri ostida Germaniyaning Myunxen shahrida bosilgan “Kindlerning yangi adabiyot lug‘ati” (“Kindlers Neues Literatur Lexikon”, München 1998) degan entsiklopedik lug‘atning 22 jildida Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” ( Der Abend, als das Pferd wicherte) asari turibdi.
Entsiklopedik xarakterdagi bu lug‘at Yevropada juda mashhur. Bunga har kimning ham ism-sharifi yozilib, asarlari sharhlanavermaydi. Lug‘atda Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” qissasiga yaxshi ta’rif-tavsiflar berilibdi.
Maqola muallifi Zigrid Klaynmixel o‘z fikri isboti uchun qissadan to‘rtta ko‘chirma olibdi. Entsiklopedik lug‘atlar uchun bu juda katta gap, albatta. U bir o‘rinda Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” asaridagi Qoranorni Tarlonga qiyosan tilga oladi. Boshqa bir o‘rinda ko‘pkariga eskilik sarqiti sifatida qaragan qahramon fikrlari keltiriladi; keyin Abdulla Qodiriy va uning “Uloqda” hikoyalari esga olinadi.
Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” qissasi mazmunini olmonzabon o‘quvchilarga tanishtirish uchun yozilgan izohlarida xorijlik olimaning nazari – xolis, niyati – ezgu. Solishtirish aslo tasodifiy emas, menimcha.
Muhtaram jurnalxon, yaxshisi, men ortiqcha so‘zlar bilan vaqtingizni olib o‘tirmasdan, o‘sha maqolani o‘qishni tavsiya qilganim ma’qul…
Zigrid Klaynmixel
TOG‘AY MUROD
1948 yili O‘zbekiston Respublikasi Surxondaryo viloyati Denov tumani yaqinidagi Xo‘jasoat qishlog‘ida tavallud topgan.
Ot kishnagan oqshom
(Der Abend, als das Pferd wicherte)
1982 yili nashr qilingan Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” qissasida Ziyodulla kal hamda uning oti Tarlon hayotidan epizodlar o‘ta mohirlik bilan jonli tilda tasvirlab beriladi. Garchi qissa oddiy va sodda tuyulsa-da, yozuvchi matn boshidanoq ikkinchi bir ma’no qatlamini yaratishga muvaffaq bo‘lgan. Chunki turkiy xalqlar ertaklarida kalbosh (yoki qasmoqbosh) o‘z zamondoshlari jur’ati yetmagan umumqabul qilingan qoidalarni buzuvchi yoki haqiqatlarni ochiq ayta olish qobiliyatiga ega ayyor va mug‘ombir shaxs timsolida keladi. Cho‘pon Ziyodulla kal asarda o‘z “men”i nomidan hikoya qilib, muallif tomonidan boshqa izohlar berib borilmaydi.
Ziyodulla maktab davrida bitliqiligi sabab sochlarini qirdirib oldiradi va keyinchalik ushbu holatni o‘zining “men”iga aylantirib yuboradi. U hatto boshqalarga o‘zini “Ziyodulla kal” deb atashlarini, unga “o‘rtoq Qurbonov” deb boshqa aytmaslikni uqtiradi.
Kitobxon asar mutolaasi jarayonida ot va ko‘pkari o‘yinlari, qahramonlarning o‘ziga xos xislatlari haqida ham bilib oladi. SHikoyachining tushida ko‘rib, so‘ngra unga uylangan dilbar o‘rtasidagi oshiqlik munosabatlari ham asar ruhiyatiga juda mos kelgan:
“Momosuluvga ko‘rgan tushimni aytib berdim. – Sen ham shunday tush ko‘rib edingmi? – dedim. – Ko‘rib edim, – dedi. – Chiningni ayt, – dedim. – Chinim, – dedi. – Lekin, taniyolmay qolib edim, chiroq o‘chiq edi, – dedi. – O‘sha men edim! – dedim, ko‘kragimga urdim. – Siz ekanligingizni bilib tegdim-da, – dedi. – Ahay-ahay! – dedim. Birodarlar, Momosuluv tushimda Cho‘lpon edi, hushimda Oy edi, qo‘ynimda Oftob bo‘ldi!”
Ziyodullaning yashirin muhabbati kenja farzandiga alla aytish pallasida ham yaqqol ko‘rinadi. Alla orqali o‘quvchilar oradan yillar o‘tganini, farzandlar dunyoga kelganini biladi.
Yozuvchining yana bir qissasi “Oydinda yurgan odamlar” deb nomlanadi. Unda farzandsizlikdan iztirob chekkan kishi g‘am-g‘ussalari, qadriyatlarga boy hayot tarzi ifodalangan. Qahramonlar hayotiy qiyinchiliklarga duch kelsa-da, ona-tabiatdan, o‘zligidan begonalashmaydi. Muqaddas bir dunyoga boshqa bir olamning shafqatsizlarcha bostirib kirishi esa asar strukturasini yanada boyitadi.
Ziyodullaning shahardan kelgan o‘qimishli, ammo o‘z maqolalari qahramonlarining kundalik hayoti haqida hech qanday tasavvurga ega bo‘lmagan bir jurnalist bilan uchrashuvi ham kulgili tasvirlangan. Cho‘pon bilan suhbat jarayonida jurnalist eski iboralari hamda gaplari bilan omi va sovuqqon ko‘rinishda taassurot qoldiradi.
Go‘sht taqchilligi sabab otlarni go‘shtga topshirish to‘g‘risidagi topshiriq ham shafqatsiz eshitiladi. Bu yerda Aytmatovning “Oq kema” asaridagi ona bug‘uning hamda “Qiyomat” asaridagi kiyiklarning qatl qilinishi syujetlarining ta’sirini kuzatish mumkin. Ziyodullaning o‘z otini xalq og‘zaki ijodi qahramonlari bilan taqqoslashi, maqtashi, boringki, shikoyat tarzida aytgan gaplari ham o‘quvchiga kutilmagan kayfiyat beradi: “Tarlon ot emas, Jumanbulbul kuylagan “Quntug‘mish”! Fozil Yo‘ldosh kuylagan “Alpomish”! Gajak-gajak bo‘yinlar bo‘yin emas, do‘mbira, do‘mbira! “Kuntug‘mish”ni go‘shtga topshirib bo‘ladimi? “Alpomish”ni go‘sht qilib bo‘ladimi?”
Poetik ta’kidga ko‘ra, go‘sht oluvchilar milliy urf-odatlarni bilmasligi va qo‘polligi bilan ajralib turadi. Chunki ular uy egasining yangi tug‘ilgan chaqaloqning sog‘ligi va uydan ziyon-zahmatlarni quvish uchun mehmon tomonidan “sovg‘a” qilingan biron narsani isiriqqa qo‘shib tutashish uchun kiyimi uchidan bir ip berishni so‘rab qilgan iltimosini keskinlik bilan rad etishadi. Cho‘ponning muallif tomonidan Moskvaga olib borilishi, u yerda o‘z arzini ayttirishi va shundan keyin otlarni go‘shtga topshirish buyrug‘ining qaytib olinishini potentsial tanqidchilar uchun bir murosa sifatida ko‘rish mumkin.
Tinch va osuda hayotning shafqatsiz tarzda buzilishiga bir guruh jinoyatchilar sabab bo‘lishadi: Ziyodulla bozorda bir kishi o‘g‘ridan o‘z narsalarini qaytib olmoqchi bo‘lganida ayovsiz do‘pposlanganining guvohi bo‘ladi. Taqirboshdan boshqa tomoshabinlardan hech biri voqeaga guvoh bo‘lishga rozi bo‘lmaydi. Aksincha, ular Ziyodullaning o‘zini ahmoq deb bilishadi:
“Shu! Ana, oqibat, qarindoshingiz chalajon bo‘lib, kasalxonaga ketdi! Shu! Holidan xabar olib turibsizmi? Qalay endi? – Borganim yo‘q! – Iya, nega? – Men uni tanimasam, bilmasam… – Iya, hali tanimaysizmi? – Esa-da. Baliqpaz yuzimga enkayib qaradi. Gapim jiddiyligini bilib, tizzasiga urib kuldi. – E, aka-e, aka-e! Afandi ekansiz-ku! … – E, aka-e, e, aka-e! Qarindoshingiz bo‘lmasa, aqalli tanishingiz bo‘lmasa, sizga nima? Qip-qizil Afandi ekansiz! Shu! Yo undan biron nima undirdingizmi!”
Bunday xatti-harakatlar jamiyatning barcha bo‘g‘inlarida odatiy hol hisoblanadi. Ko‘pchilikning ongida yaqin kishisiga shunchaki insoniylik jihatidan yordam berish bu ahmoqlik va go‘llikdan boshqa narsa emas. Asar yakunida aybdorlar topiladi va jazolanadi. Ammo sud zalidan uyga qaytishda taqirbosh jinoyatchilarning hamtovoqlari tomonidan o‘lasi qilib do‘pposlanadi.
Asar so‘ngigacha ziddiyatlarga boy emas. Voqealar kulgili va jonli hikoya tarzida aytib beriladi. Yozuvchi ushbu qahramon orqali qadriyatlarga boshqacharoq nazar tashlashga muvaffaq bo‘ladi. Boshida kulgili va noodatiy ko‘ringan holatlar oxiriga borib aslida insoniy fazilatlar bo‘lib chiqadi. Sobiq ittifoq paytida O‘zbekistondagi oddiy sotsialistik turmush tarzi o‘quvchiga to‘satdan jo‘n va aqlga sig‘maydigan holat bo‘lib ko‘rina boshlaydi. Bir ko‘pkarida davlat idorasi xodimining gapi ham kulgili eshitiladi. Ziyodulla otdan yiqilib tushgan paytda u xuddi majlisda o‘tirgandek va’z o‘qiydi:
“… Men bundan ko‘p yillar muqaddam aytganman, ko‘pkari eskilik sarqiti, salomatlik dushmani, hayot uchun xavfli deb!..” Bunday gaplarni sotsializmning barcha davrlarida turli-tuman ko‘rinishlarda eshitish mumkin bo‘lgan.
An’anaviy yashash tarzi bilan muntazam olib borilgan siyosiy kurashlar natijasida urf-odatlar amalda qisman zamonaviy qarashlar ortiga chekindi va bu, o‘z navbatida, ushbu yashash tarziga bo‘lgan sog‘inish hissining vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. Tog‘ay Murod o‘zining a’lo darajadagi qissasi bilan mazkur sog‘inish hissini chin insoniy qadriyatlar orqali ifodalashga muvaffaq bo‘lgan.
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 2-son