Insondan dunyoda yaxshi nom, ezgu amallar meros qoladi. Bu dunyoda jamiyatning ma’naviy-ruhiy kamoloti va baxt-saodatli hayot kechirishi uchun chin dildan xizmat qilgan fidoyi shaxslarning xayrli ishlari hamisha yaxshilik bilan esga olinadi. Bugun vafotiga yuz yil to‘lgan qrimtatar xalqining atoqli farzandi Ismoilbek Gasprinskiyni yodga olganda shu donishmand ma’rifatparvarning tarix oldida naqadar ulkan ishlar bajargani xayoldan kechadi. Zero, birgina “Tarjimon” gazetasi orqali insonlar qalbiga ziyo ulashgan bu ma’rifatparvar olimning ma’naviyat va adabiyot uchun qimmatli fikrlari, ilg‘or qarashlari va jadidona mulohazalari barchaning yuragidan birdek o‘rin olgan edi. Ulkan jadidshunos, professor Begali Qosimov o‘rinli ta’kidlaganidek, “Uni Qashqardan Londongacha, Sankt-Peterburgdan Bombeygacha bilar edilar”, unga ergashar va e’zozlardilar.
Boqchasaroy farzandi, barcha jadidlar otasi, mashhur “Tarjimon”ning egasi Ismoilbek Gasprinskiy dorilfanodan dorilbaqoga rixlat qilganda ko‘pchilik qalbini mahzunlik egalladi. Zamondosh va maslakdoshlari bu ayriliq tufayli qayg‘urgan, uning naqadar tashabbuskor va tirishqoq inson bo‘lganini qayta-qayta ta’kidlagan edilar. “Millatga, xalq va jamoatga xizmat etuvchilar ehtimol har vaqt bo‘lib kelgandir, biri ilm birla xizmat etgan bo‘lsa, ehtimolki, ikkinchilari mollari va aqllari birla yordam etgandirlar. Lekin Ismoilbekning xizmati barokotli va juda foydali bo‘ldi. Ismoilbek bu millat uchun xayrli va nazirsiz bir xodim edi”[1]. Bu fikr egasi Rizzouddin Faxriddin o‘zining “Sho‘ro” jurnalida Gasprinskiy faoliyatiga nazar tashlab, uning umrining oxirgi lahzalari to‘g‘risida bir qancha qimmatli ma’lumotlar yozgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, Ismoilbek 1914 yil 9 sentyabr kuni o‘z avlodlarini, yaqinlarini yoniga chaqirib: “So‘ylayajak so‘zlarimga diqqat etingiz, holim og‘ir, buning natijasi ushbu kunlarda anglashiladi, modomiki, tug‘ildikmi, bir kun albatta o‘lajakmiz, so‘zlarimdan mutaassir bo‘lmangiz, tug‘ilish tabiiy bo‘lg‘oni kabi, o‘lmak-da tabiiydir”, degan mazmunda so‘zlagan va bir qancha vasiyatlar qiladi.
I.Gasprinskiy 1914 yil 10 sentyabr kuni kechga tomon, yuzini qibla tomonga burib, ertalabgacha shu zaylda yotadi.
1914 yil 11 sentyabr kuni ertalab soat sakkizlarda jon taslim etadi.
1914 yil 12 sentyabr juma kuni janozasi o‘qiladi.
Bu haqda fikr bildirar ekan, Ismoilbekning yelkadoshi Hasan Sabriy Ayvazov: “Ey ustoz! Sen bir quyosh eding! Sharqda asrlarcha jaholat zulmati tufayli inqirozga mahkum qolmish turk-musulmon qavmlarini tanvir (nurli qilish) uchun tulu’ etmish (chiqmish) bir quyosh eding”, deb yozdi.
Shu jumladan, o‘zbek jadid adabiyotining darg‘alari, xususan, Mahmudxo‘ja Behbudiydek yetakchi ziyolilar ham uni o‘zlariga ma’naviy padar, yo‘lboshchi va maslakdosh sanaganlari bejiz emas. Ayniqsa, Gasprinskiy vafoti munosabati bilan dunyoning turli burchaklaridan afsus-nadomat, yig‘i-yo‘qlov tovushlari eshitildi, ayni damda taqdirga tan berildi. Marhumning yaqinlariga – Boqchasaroyga yuksak odob bilan ta’ziya izhor qilingan telegrammalar, xabarlar tinimsiz borib turgani – bularning barchasi tarixiy haqiqat, albatta. O‘sha davrda dunyoning ko‘plab gazeta va jurnallarida, xususan, tatar matbuotida bosilgan maqolalarning son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Chunki birgina o‘zbek matbuotida Gasprinskiyga bag‘ishlab 1914 yilning sentyabridan noyabrigacha bo‘lgan, bor-yo‘g‘i ikki oy davomida – o‘nlab asarlar e’lon qilindi. Bu adabiy, ilmiy, ijtimoiy ruhdagi manbalarni “Marsiya-she’rlar”, “Publitsistik maqolalar va xabarlar” tarzida shartli ravishda tasniflash mumkin. Qo‘limizda jamlangan manbalar shunga asos beradi.
Endi bevosita to‘plangan manbalar tafsili va tahliliga keladigan bo‘lsak, gap avvalidayoq aytish lozimki, ularning umumpafosida bir-biriga uyg‘unlik, ma’no-mundarijasi va umummohiyatida yaqinlik mavjud. Bu umumiyat negizi achinish va iftixor, afsuslanish va orzu-umid kabi ikki qirrali his-tuyg‘ulardan iborat. Shu bilan birga dunyodagi biror tirik jon qochib qutila bilmaydigan, bandasining boshiga qachon kelishi noma’lum bo‘lgan o‘limdek sirli hodisa Gasprinskiy fenomenini atroflicha idrok etish uchun ham g‘animat bir fursat bo‘lgandek taassurot qoldiradi. Chunki yer uchun langar o‘laroq yaratilgan tog‘lar mahobati, haybati, ulug‘vorligi undan uzoqlashgan sari ko‘rinadi, anglanadi, his qilinadi, idrok etiladi. Zamondoshlari, maslakdoshlari Ismoilbek Gasprinskiy vafot etgan mahalining o‘zidayoq bu shaxsiyat millat uchun chinakam bir porlagan mayoq bo‘lganini tan olishdi, e’tirof etishdi. Oradan vaqt o‘tgan sari esa bu shaxs bayon qilgan o‘gitlar, hikmatlar, hayot uchun dasturga munosib qarashlar o‘z isbotini topdi; o‘zidan keyingilarga milliy o‘zlikni anglash borasida muhtasham fikr maydoni bo‘lib xizmat qildi. Mahobatga haqiqat va haybat qo‘shildi.
O‘zbek ijodkorlarining Gasprinskiyga bag‘ishlangan asarlari, asosan, uning vafoti munosabati bilan maydonga keldi. Ammo alohida ta’kidlash kerakki, bu o‘lim hodisasidan avval ham ayrim o‘zbek shoirlari Gasprinskiy nomi va “Tarjimon” gazetasi bilan bog‘liq bir-ikki asar yozgan edi.
Samarqandlik shoir va ma’rifatparvar Siddiqiy-Ajziy tomonidan yozilgan, Orenburgdagi mashhur “Sho‘ro” jurnalida bosilgan “Tashakkur va rijo” nomli she’rda turkiy xalqlarning barcha taniqli jadid ziyolilari, millat rahnamolari – “Anvori ittifoq, taraqqiy ziyolari”ning xizmatlari ulug‘lanadi, “Yulduz”, “Ulfat”, “Taraqqiy” kabi matbuot nashrlari tilga olinadi. Muallif o‘sha millat oydinlarining unutilmas xizmatlariga urg‘u berar ekan, albatta, Gasprinskiy hamda uning “Tarjimon” gazetasiga to‘xtalib:
“Ijro edan vazifasin Olloh lisoni ila,
Nashr etdi ma’vizasin “Tarjumon” ila,
Xalq o‘ldi oshno bu sabab jahon ila,
Hal etdi mushkuloti fununing bayon ila”[2],
misralarini yozadi.
O‘zbek matbuotidagi ilk asar – toshkentlik shoir Karimbek Kamiyning “Mo‘tabar, “Tarjumon” va Ismoilbek G‘asprinskiy janoblari haqqinda” sarlavhali she’ri “Oyna” jurnalining 1914 yil 19 fevral sonida bosiladi. Gaspralishunos Z.Abdirashidov bergan ma’lumotga ko‘ra ushbu she’rni Kamiy 1898 yili yozgan va “Tarjimon”ga yuborgan. Gasprinskiyning “Toshkandlik shoir Kamiyga” javob maqolasidagi (“Tarjumon” 1898. № 41) ma’lumotda aytilishicha, muharrir o‘zlariga tegishli bo‘lgan bu maqtov she’rni gazetada berishga istihola qilgan[3]. Gasprinskiy vafotidan ancha avval yozilgan bu she’rda “cho‘q raso, fikri fasih” deb gazeta muharriri sifatlansa, “Tarjimon”ning o‘zida esa turfa xil xabarlar, ilm-fan, “odobu maosh”ga doir nasihatlar, hatto insonni shodu xurram qiladigan latifalar chop etilishi she’riy yo‘sinda ta’kidlanadi:
“Har hurufi gul kabi, har nuqtasi g‘uncha misol,
Xush tamosho istayanlarg‘a guliston “Tarjumon”[4].
“Tarjimon” va gazeta muharririni shu zaylda gulu gulistonga qiyoslagan Karimbek Kamiy u zot vafotiga bag‘ishlab “Haqoyiqi ogoh, maorifi dastgoh, ustozi zamon, sohibi “Tarjumon”, janobi Ismoilbek hazratlarining ruhi purfutuhlarina ittihof” deb nomlangan, uzun sarlavhali ta’rix-marsiyasini yozadi. Zero, shoirning Gasprinskiyga munosabati sarlavhadayoq aks etgani aniq: ko‘pchilikning ustozi, haqiqatga oshno, maorifparvar; so‘ngra matnda “fardi zamon” ekani aytiladi.
“Jumlai islom elig‘a rahbaru ustoz edi,
Barcha shogirdonina erdi atodek mehribon.
Erdi ul zoti mukarram dinu millatga panoh,
Erdi ul zoti muazzam maqtadoi mo‘minon”[5].
Kamiy fikricha, u zotning bunday go‘zal sifatlari – “madhu avsofi”ni juda ko‘p keltirish mumkin. Eng muhimi, musulmonlar boshiga kelgan bu katta musibatni yengil ham sanab bo‘lmaydi, ya’ni “Jumlai islom elig‘a bu musibatdur kalon”.
Ta’kidlash kerakki, Gasprinskiy vafotiga bag‘ishlab marsiya-ta’ziyanoma ruhida yozilgan she’rlarda shoirlarning odamlarga, millat ahliga, musulmonlar jamoasiga murojaat uslubi kuzatiladi:
“Yig‘la, millat qon to‘kub, aylab navolar yig‘lagil,
Ismoilbek ruhina qilg‘il duolar, yig‘lagil.
Chok-chok ayla yaqong, qon to‘k ko‘zingdin tinmayin,
Alif qadding dol etib, ushlab asolar, yig‘lagil”[6].
Shunday da’vat bilan boshlangan marsiya-ta’rix she’rida shoir Tavallo Ismoilbek Gasprinskiyni nur sochib turgan yulduzlarga, zulmatli tunni yortiguvchi Oyga o‘xshatadi; oliy nasabli ekaniga urg‘u beradi. “Biz jujuqlarg‘a qo‘shul, kelg‘il otalar, yig‘lagil”, deb keksayu yoshlarning mahzunligini ifoda etadi.
Buxorolik Sadriddin Ayniy o‘z she’rida ustozidan, ya’ni “Ruhi avlodan judo, nuri musaffodan judo” bo‘lganiga faryodlar qiladi:
“Bir o‘zung biz millati isloma faryod aylading,
Bandi g‘aflatdan zavolli xalqi ozod aylading,
So‘ylading, yozding, cholishding hech ma’yus o‘lmading
Yurtu yer vayronaya do‘nmishdi obod aylading”[7].
Tahlil qilingan she’rlarda bayon etilgan yurak dardlariga, his-tuyg‘ularga hamohanglik andijonlik 16 yoshli talaba Hamidiyning “Ma’rifatparvar bobomiz Ismoil G‘asprinskiy hazratlari haqqinda ta’ziyanomamiz”, Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Marsiya”, Husaynxo‘ja Saodatiy ismli kishining “Marsiya”, Abdulla Avloniyning “Adibi shahir Ismoilbek ruhina”, samarqandlik shoir Faxriddin Rojiyning “Ismoilbek hazratlarig‘a”, Siddiqiy-Ajziyning “Ismoilbek hazratlari yodig‘a”, Vasliy Samarqandiyning tojik tilida yozilgan “Ta’rixi rixlati janob Mirzo Ismoilbek sohibi jaridai “Tarjumon” rahmatulloh rahmatan va as’atan va udxula fil jinon”, samarqandlik muallim Xatoiyning “Ismoilbek hazratlari yodig‘a”, Mulla Shamsiddin Qori Xoibning “Muhtaram fozili nuktadon va fariduz-zamon, noshiri “Tarjumon”, ahvoli zamon Ismoilbek G‘asprinskiy janoblarining ta’rixi soli favtlari” nomli ta’rix-she’rlarida ham o‘z ifodasini topgan.
Ismoilbek Gasprinskiy vafotiga bag‘ishlangan publitsistik ruhda yozilgan adabiy maqolalar ham mualliflarning ichki tuyg‘ulari, mahzun kayfiyati va ayriliqning hayajonli nadomatlari bilan yo‘g‘rilgandir.
Masalan, Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘zining “Sayohatnoma” asarida 1914 yil 20 iyun kuni Istanbulning Gulxona parkida Ismoilbek Gasprinskiy bilan uchrashib qolgani va ular yakka holda, yuzma-yuz yetti soat davomida suhbatlashganini yodlaydi. Ustoz shogird o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jiddiy suhbatning asosiy o‘rinlari shu xotirada beriladi. Behbudiy Gasprinskiyning tashqi qiyofasiga diqqat qaratar ekan, undagi betoblik alomatlari, yengilgina yo‘talishlari va ancha ozib ketganini yozadi. Suhbat juda maroqli bo‘lib o‘tganini Behbudiy shunday eslaydi: “Ustod hazratlarini Istanbulda ko‘rmoq va suhbat etmoq hech xayolimga kelmagan edi. Allohning lutfi ila ustod hazratlarining tanhoyi 7 soat suhbatlaridan u qadar fayz topib mamnun qoldimki, aytgan ila ado etolmayman. Va ul suhbatning lazzati aslo mandan ketmaydur”[8]. Albatta, bu xotirani Behbudiy ustozining o‘lim xabarini eshitgandan keyin yozgan edi. Shu bilan birga Gasprinskiy vafoti munosabati bilan “Oyna” jurnalida bosilgan “Ismoilbek hazratlari” nomli maxsus maqolasida I.Gasprinskiy faoliyatiga yuqori baho bergan holda, uning turkiy xalqlar madaniyati va san’ati rivojida turgan o‘rni haqida o‘z mulohazalarini bildiradi. Behbudiy yozishicha, “ustozi muazzam”ning olimlar, muharrirlar, muallim va o‘quvchilar toifasiga mansub millionlab shogirdlari bor.
Abdurauf Muzaffarzoda “Marhum Ismoilbek nomig‘a yodgor qoldiruv masalasi” maqolasida Gasprinskiy umumfaoliyatini turkiy millatlar tarixiga qiyoslagan holda tavsiflaydi. Ustozining tarjimai holiga, oilaviy muhitiga, boshidan kechirgan qiyinchiliklariga, fikriy salohiyatiga, ijtimoiy-siyosiy tafakkuri ko‘lami va daholigiga urg‘u beradi: “Ismoilbekda bo‘lganidek qat’iy qaror va g‘oyaviy xayolining qat’iy umidlarga o‘ralmog‘i nihoyatda nodir zotlardagina ko‘rinadi”. Shu bilan birga maqola muallifi Gasprinskiy vafoti-irtiholidan ham qiymat topib: “Ul oliyjanob orqasidan bizgina emas, butun islom dunyosi yig‘laydur. Ne baxtlidur bu ruh, ne chiroylik va go‘zaldir bu irtihol”, deb ta’sirli qilib yozadi[9].
H.H.Niyoziy ayni mavzudagi “Yavmul vafot” maqolasida Ismoilbekni: “O‘zini inson ekanligin haqiqiy ko‘z bilan ko‘rgandan beri butun Rusiya musulmonlari orasida maorif dengizini oqizmoq va toshzorlarni sabzazor etmoq murodida qarshidagi “sadd” bo‘lgan ba’zi nifoq, g‘aflat va jaholat kabi hisobsiz tizilgan eng zo‘r katta tog‘larni yolg‘iz o‘zi Farhod kabi ijtihod va g‘ayrat teshasi bilan buzib tekis qilg‘on zot-da bu marhum va mag‘fur Ismoilbek hazratlari edi”[10], deya ulug‘ladi.
Gasprinskiyga bag‘ishlangan bu yo‘nalishda yozilgan asarlardan bittasi ayol kishi qalamiga mansub. Sora Muzaffariya “Shafqatli otamizdan ayrulduk” maqolasida xotin-qizlar nomidan ta’ziya izhor etadi. “Tarjimon” gazetasiga ilova o‘laroq “Olami nisvon” (“Ayollar olami”)ni nashrdan chiqarganini yodga olib: “Muhtaram otamiz Ismoilbek xotun-qiz toifasi uchun ham ulug‘ bir homiy edi. Ul doimo bizlarni himoya qilub, ilmiy va madaniy harakatimiz uchun yo‘llar ko‘rsatdi”[11], deb ta’kidlaydi.
Yuqorida ayrim qirralari tahlil qilingan maqolalardan tashqari o‘sha davrdagi o‘zbek matbuoti “A.A.Z” (Ashurali Zohiriy)ning “Marhum Ismoilbek qandog‘ ishlar qilgan?”, “K.A.” imzoli muallifning “Ismoilbek kim edi?”, “Q.Sh.S.” imzosi bilan karkilik muallifning “Ulug‘ bobom qayg‘usi” nomli maqolalari bosiladi. “Turkiston viloyatining gazeti”da esa Gasprinskiy vafotiga oid xabar bilan birga Mirmuhsin Shermuhammad yozgan maxsus maqola e’lon qilindi.
Ta’ziya kunlarida “Tarjimon”ga dunyoning to‘rt tarafidan ta’ziya maktublari va telegrammalari yog‘iladi. Bularni yo‘llovchilar orasida turkistonlik muharrir va adiblar ham bor edi. “Tarjumon”ning “Ta’ziya telegraflari” ruknida Behbudiy Samarqanddan yuborgan: “Kadaringiza ishtirok ediyorim. Janobi Haqdan sabr va tahlil niyoz ediyorim”, degan qisqa xabari beriladi. Qo‘qonlik bir guruh muallim va yoshlar: “Sadoi Farg‘ona” idorasina sevgili Ismoilbekning irtixolina doir chekilan xabar bizlari favqulodda mungdor etdi. Ushbu ziyoi olima jumla ila biz-da ag‘layoriz. Ho‘qand genjlari va muallimlari marhumning ruhina rahmat, qolonlara sabr va tahmil tamanno aylayarak jome’da duo etdilar”, deb xabar yuboradilar. Xabar gazetaning 1914 yil 5 oktyabr sonida bosiladi. Oradan bir hafta o‘tib, gazetada “Oyna” muharrirlaridan Mirzoshoh Hafizov va Usmon Xo‘janing:“Eski Buxoro musulmonlari nurlandiriji Ismoilning vafotidan o‘tru kadarlaringiza ishtirok ediyoriz”, tarzidagi ta’ziyanomasi beriladi…
Xulosa qilib aytganda, o‘zbek matbuotida bosilgan katta hajmli she’riy asarlar va publitsistik maqolalarda ham, Boqchasaroyga yo‘llangan qisqa satrli ta’ziya maktublarida ham Ismoilbek Gasprinskiy fenomeni, turli xislatlari, yuksak insoniy fazilatlari takror va takror yodga olinadi. Zero, bu “xodimul millat” shunday hurmat-ehtiromga munosib, betakror tafakkurga ega, bir necha yuz yillarda bir marta dunyoga keladigan dono va fidoyi shaxslar guruhiga mansub edi. Uni o‘zbek adiblari samimiyat bilan eslashdi, bag‘ishlovlarini chin yurakdan juda ta’sirli uslubda yozishdi. Aslida, Gasprinskiy o‘giticha, ijod ahli qalamini ikki pullik quruq siyohdonga botirib emas, balki yuragiga botirib, yurak qoni bilan yozishi lozim, shunda boshqalarning vijdoniga yetib boradi. “Xalq birla aralashuvingiz shu ravishda bo‘lsinki, oralarida turgan vaqtingizda ular sizni sevsinlar va ayrilgandan so‘ng siz uchun yig‘lasinlar” – Ismoil Gasprinskiyning bu hikmati, falsafiy fikri o‘z hayot yo‘liga ham, ayriliq onlariga ham birdek taalluqlidir.
Bahodir Karimov,
filologiya fanlari doktori
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 9-son
[1] “Sho‘ro” jurnali, 1914 yil, noyabr soni.
[2] “Sho‘ro” jurnali, 1913 yil, 1 iyul.
[3] Qarang: Z. Abdirashidov. Ismail Gasprinskiy i Turkestan v nachale XX veka: svyazi – otnosheniya – vliyaniye. Tashkent. “Akademnashr”. 2011. str. 160.
[4] “Oyna” jurnali, 1914 yil, 19 fevral (№17).
[5] “Sadoyi Turkiston” gazetasi, 1914 yil, 7 oktyabr.
[6] To‘lagan Xo‘jamyorov (Tavallo). Adibi zamon, noshiri “Tarjumon” Ismoilbek G‘asprinskiy janoblarina ta’rix// “Sadoyi Farg‘ona” gazetasi. 1914 yil, 26 sentyabr.
[7] Sadriddin Ayniy. “Buyuk bobomizning musibatila parishon o‘lan xotirdan bir necha parishon she’rlar” // “Sadoyi Turkiston” gazetasi. 1914 yil, 30 sentyabr.
[8] “Oyna” jurnali, 1914 yil, 49-son.
[9] “Sadoyi Turkiston” gazetasi, 1914 yil, 30 sentyabr.
[10] “Sadoyi Farg‘ona” gazetasi, 1914 yil, 24 sentyabr.
[11] “Sadoyi Turkiston” gazetasi, 1914 yil, 7 oktyabr.