Mirzakalon Ismoiliy, Mirkarim Osimdan tortib, Hasan To‘rabekov, Nizom Komilovgacha yetuk va mohir tarjimonlar o‘zlarining fidokorona ijodiy mehnatlari bilan jahon adabiyoti durdonalarini o‘zbek tilida jaranglatib, xalqimizning ma’naviy xazinalarini boyitdi. O‘z o‘rnida kelgusi avlod bu an’anani sharaf bilan davom ettirmoqda. XX-XXI asr o‘zbek badiiy tarjima maktabining ana shunday ustalaridan biri Hasan To‘rabekov o‘zidan salmoqli meros qoldirgani bilan e’tiborni tortadi. Biz bu ajoyib mehnatkash ijodkor bilan talabalik yillarida tanishganmiz. U vaqtlarda (1957-58 yillar) biz O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)da tahsil olar edik. Hasan To‘rabekov tirishqoqligi, izlanuvchanligi, adabiyotga muhabbati kuchliligi bilan boshqalardan ajralib turardi. Shu bois ham u 1961 yilda a’lo baholar bilan bitirgan universitetida o‘qituvchi sifatida ishda qoldirilgan edi. Dorilfununda jahon adabiyoti tarixi fani, antik adabiyot, o‘rta asrlar, Uyg‘onish davri, klassitsizm, romantizm, ma’rifatchilik davri adabiyoti chuqur o‘qitilar edi. Shu sababli, 1962 yilda Hasan To‘rabekov O‘zdavnashrga, O‘zadabiynashrga ishga o‘tganida ham jahon adabiyotini yaxshi biluvchi muharrir sifatida hurmat qozondi. Bu dargohda u Mirzakalon Ismoiliy, Mirkarim Osim hamda Qodir Mirmuhamedov, Mirziyod Mirzoidovlar bilan birga ishlab, ulardan tarjima sirini mukammal o‘rgandi.
Buni biz frantsuz mumtoz adabiyoti daholaridan Anri Beyl-Stendalning “Qizil va qora” hamda “Parma ibodatxonasi” romanlari tarjimasida yaqqol ko‘ramiz. “Qizil va qora” romani tarjimasiga so‘zboshi yozgan atoqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Pirmat Shermuhamedov tarjimon ishi haqida bunday deydi: “Hasan To‘rabekov “Qizil va qora” romani tarjimasi ustida besh yilga yaqin ishladi. Ayrim sahnalarni necha martalab qayta tarjima qilgani va qoniqmaganining guvohi bo‘lganman. Stendal kabi buyuk san’atkorning ma’naviy intilishlarini, badiiy bo‘yoqlarini (muallif ruhida) o‘zbek tilida gavdalantirish faqat iste’dodli, adib so‘zlarining qadrini tushunadigan tarjimonninggina qo‘lidan keladi. Tarjimonlik mahoratini asardagi har bir qahramon fe’l-atvori o‘zbek tilida ifoda etilishidan aniq tasavvur hosil qilish mumkin.
De-Renal xonimning ruhiy kechinmalariga e’tibor beraylik: “Stoit mne tolko tebya uvidet, vsyakoye chuvstvo dolgo propadayet, vsya ya – odnolyubov. U menya k tebe takoye chuvstvo, kakoye tolko razve k bogu mojno pitat: tut vse: i blagogoveniye, i lyubov, i poslushaniye…” Hasan To‘rabekov tarjimasida: “Seni ko‘rgan zahotim butun burchlarimni unutaman-qo‘yaman, butun vujudim muhabbatga aylanadi… Faqat Xudoga nisbatan shunday tuyg‘uni his etish mumkin, bunda sajda ham, itoat ham bor”.
“Qizil va qora” romanida har bobning boshlanishida mashhur mutafakkirlarning hikmatlaridan epigraf keltirilgan. Romanning “Janob mer” deb ataluvchi 2-bobiga qo‘yilgan epigrafni Hasan To‘rabekov bunday tarjima qilgan: “Obro‘! Hali siz buni bo‘lmag‘ur narsa deb o‘ylaysizmi, afandim? Ahmoqlarning hurmati, go‘daklarning hayrati, boyonlarning hasadiyu donolarning nafrati”. Romanning “Yo‘qsullar mulki” deb atalgan 3-bobiga keltirilgan epigraf ham ixcham, purma’no so‘zlar bilan tarjima qilingan: “Har qanday fitnalardan xoli yuradigan shafqatli kyure (ruhoniy, imom) qishloq aholisi uchun Xudoning marhamatidir” va hokazo.
Yana o‘sha de-Renal xonimning ziddiyatli ruhiy kechinmalarini tarjimon o‘zbekchada nechog‘li nozik ifodalashga intilgani shohidi bo‘lamiz: “Endi u (de-Renal xonim) bulturgidek jur’atsiz va soddadil ayol emasdi: mash’um sevgisi va (erini, oilaviy baxtini qurbon qilganiga) vijdon azobi uning aqlini peshlab qo‘ygan edi. Erining gapini tinglar ekan, u ayriliq haqida (yigit kambag‘alligi sababli, havoyi orzularga berilishini, (yana bir aslzoda qizni sevib, iztirob chekishini) o‘ylardi… Juda dilbar yigit u! Albatta, uni sevishadi. U ham (birortasini) sevib qoladi. Eh, men baxtiqora…”
Hasan To‘rabekov sevimli adibi Stendalning “Parma ibodatxonasi” romanini tarjima qilishda avvalgi tarjimada erishgan mahorati, tajribasidan foydalanib, yanada o‘sdi.
Shunisi qiziqarliki, Stendalning o‘zi Napoleon qo‘shinida Moskvani egallashda qatnashgan, frantsuz qo‘shinini oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan ta’minlash idorasining boshlig‘i bo‘lib, Daryu, Dyuma kabi generallar bilan shtabda ishlab, qattiq sovuq va ochlikdan qiynalgan frantsuz qo‘shinlarining yong‘inda qolgan Moskvani tashlab, chekinishida barcha mashaqqatlarni boshidan kechirgan edi. Vaterloo jangi tafsilotlarini esa u omon qolgan qatnashchilarning esdaliklaridan bilgan. (Balzak shu jang asarda haqqoniy tasvirlanganini maqtagan edi.) Hasan To‘rabekov “Parma ibodatxonasi” romanini tarjima qilishda atoqli adib Anatoliy Vinogradovning Stendal haqidagi “Zamonning uch rangi” romanini, Napoleon yurishlari haqidagi tarixiy manbalarni, Stendalning 15 jildli nashrida berilgan kundaliklarini, “Napoleon hayoti”, “Napoleon haqida esdaliklar” asarlarini (11-jild) o‘qigan. Shu sababli, u Vaterloo jangida frantsuzlarning mag‘lubiyati haqqoniy tasvirlangan sahnalarning o‘zbekchada ham ravshan va jonli chiqishiga erishgan.
Hasan To‘rabekov M.Gorkiyning “Adabiy portretlar” turkumidagi asarlarini, K.Paustovskiyning “Olis yo‘llar” roman-esdaliklarini, XX asr polyak adiblarining asarlarini ham mahorat bilan o‘zbekchaga tarjima qilib, ona tilimizning boyligi, rang-barangligi, shirali va ma’nolar teranligini ko‘rsatib, xalqimiz madaniyati va ma’naviyatini boyitishga ulkan hissa qo‘shdi. Quyida e’tiboringizga havola etilayotgan Stendalning “Qizil va qora” romanidan parcha ham tarjimonning mahoratini yaqqol namoyon eta oladi.
Mahkam Mahmudov, yozuvchi, tarjimon
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 10-son