Afg‘onistonda Alisher Navoiy ijodiy merosini o‘rganish uzoq tarixga ega emas. Matbuotda ulug‘ shoir ismi ilk bor 1950-yillarda keltirila boshlandi. Unga qadar Navoiy asarlarining eski yozuvdagi nusxalari xonadonlarda va uy maktablaridagina o‘qilgan. Ayrim shoirlar tomonidan Navoiy g‘azallariga yozilgan muxammaslar yoxud boshqa ko‘rinishdagi she’rlar yaratilgan bo‘lsa-da, nashr etilmagan. Aslida Afg‘oniston tarixida o‘zbek tilida chop etilgan birinchi asar bu Sulton Husayn Boyqaroning she’riy devonidir. Afg‘onistonda ilk bosmaxona 1869 yili tashkil topgan bo‘lsa, mazkur devon, shu bosmaxona tashkil etilganidan 94 yil o‘tib, 1963 yili nashr qilingan.
Umuman, o‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab afg‘onistonlik olimlar navoiyshunoslikka o‘ziga xos hissa qo‘shib kelmoqdalar. Bular qatorida Muhammad Ya’qub Vohidiy Juzjoniy, Abdulhakim Shar’iy Juzjoniy, Abdulhay Habibiy, Abdullo Ruin, Said Muhammad Olim Labib, Said Tojuddin Toshqin Bahohiy, Nurulla Oltoy kabilarning nomini qayd etish va mazkur ro‘yxatni davom ettirish mumkin. Bu mamlakat navoiyshunosligining bosh xususiyatlaridan biri mazkur olimlarning eski o‘zbek yozuvi va dariy tili, arab yozuviga butun umr davomida ta’lim va kundalik foydalanishda yaqinliklaridir. Ya’ni Navoiy davridan beri davom etib kelayotgan eski o‘zbek tilining matn va so‘zlashuv an’anasining Afg‘onistonda saqlanib qolgani bu yurt navoiyshunoslarini Navoiyga, jumladan, arab yozuvidagi Navoiy asarlari qo‘lyozmalariga har jihatdan yaqinlashtiradi.
1968 yili Alisher Navoiy tavalludining 525 yilligi nishonlangan edi. Afg‘onistonda shu davrdan boshlab navoiyshunoslik jonlandi, dariy va o‘zbek tillarida tadqiqotlar chop etila boshlandi. Ayniqsa, Navoiy asarlari nashriga katta e’tibor qaratildi. O‘tgan asrning saksoninchi yillari boshidan Navoiy asarlari ming nusxadan kam bo‘lmagan adadda nashr qilina boshlandi. Noshirlik faoliyatida navoiyshunos Abdulla Ruin peshqamdam. 2008–2017 yillar davomida o‘zi va farzandlarini Navoiy asarlarini eski o‘zbek tilida nashr qilish ishiga jalb etib, ulug‘ shoir asarlarini chop ettirdi. Boshqa navoiyshunslar ham bu ishlarga o‘zlarining hissalarini qo‘shdilar.
Afg‘onistonda Navoiy davri an’analari hozirga qadar davom etib kelmoqda. Yoshu qari she’r yozadi, ko‘plab she’rlarni yod biladi, nutqini she’r bilan bezaydi, fikrini Sharq mumtoz adabiyoti namoyandalari qarashlari, she’rlaridan parcha keltirish bilan asoslashga intilishadi. Chunki Afg‘oniston maktablaridagi ta’lim tizimida, o‘rta asr musulmon sharqida bo‘lganidek, she’rning o‘rni beqiyos. Shu bois bu yurt shoirlari, she’r yozganda Alisher Navoiyga o‘xshashga urinadi, uning she’rlariga nazira bog‘laydi. Buning natijasi o‘laroq, Afg‘onistondagi o‘zbek ziyolilari Navoiyni ko‘p va xo‘b yodlaydi. Shunday shoirlar qatorida Domla Bedil, Muhammad Olim Labib, Mir Muhammad Amin Qurbat, Muhammad Amin Matin Andxo‘yi, Muhammad Yahyo Hafiziy Juzjoniy, Zikrilla Ishonch, G‘ulomsahiy Vakilzoda kabilarni eslash joiz. Afg‘onistonlik o‘zbek shoirlarining Alisher Navoiy she’rlariga muxammaslari, javoblari va unga ergashib yozgan she’rlarini to‘plasak bir katta kitob bo‘ldi. Ayni paytda mana shunday kitobni tayyorlash ustida ish olib boryapmiz.
1978–2021 yillarda o‘zbek tilida nashr etilgan “Yulduz” gazetasi, garchi nashri muntazam amalga oshirilmagan bo‘lsa-da, afg‘on o‘zbeklarining o‘ziga xos minbari bo‘lib kelgan. Mazkur gazetada Navoiy haqida o‘nlab ilmiy maqolalar nashr etilgan. Ushbu nashr 1991 yili Kobulda tashkil etilgan “Amir Alisher Navoiy madaniy anjumani”ning rasmiy nashriga aylangan. Shu munosabat bilan Navoiyning asarlari va ularga oid tadqiqotlar gazeta orqali kitobxonlar qo‘liga yetib bordi.
Ayni vaqtda Afg‘onistondagi Alisher Navoiy ijodi targ‘iboti bilan bog‘liq yuksak minbar sifatida shoir tavalludiga bag‘ishlab davlat miqyosida o‘tkazilgan xalqaro konferentsiyalarni qayd etish mumkin. Afg‘oniston navoiyshunosligi uchun ularning ahamiyati katta. Ulardan birinchisi Kobulda 1991 yili Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘ldi. Unda yigirmadan ziyod ma’ruza o‘qildi. Ammo, afsuski, bu maqolalar to‘plam tarzida nashr etilmadi.
Ikkinchi xalqaro anjuman bilan birinchisi o‘rtasidagi davr 25 yilni o‘z ichiga oladi. Nihoyat, 2016 yili mutafakkir shoir tavalludining 575 yilligiga bag‘ishlagan xalqaro simpozium poytaxt Kobul, Mozori Sharif va Hirot shaharlarida bo‘lib o‘tdi.
Alisher Navoiy tavalludining 580 yillik yubileyi Hirotda xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Anjuman “Alisher Navoiy tafakkurlarini o‘rganish” nomi ostida 2021 yil 7-9 aprel kunlari o‘tkazildi.
Bu konferentsiyada olti davlatdan navoiyshunos olimlar qatnashdi. O‘zbekistonlik navoiyshunos olimlar ishtiroki salmoqli bo‘ldi. Ular O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrik so‘zlari o‘rin olgan, Toshkentda nashr etilgan besh jilddan iborat eski o‘zbek yozuvida tayyorlangan Navoiy “Xamsa”sini sovg‘a sifatida taqdim etishdi.
“Alisher Navoiy tafakkurlarini o‘rganish” nomi ostida tashkil etilgan xalqaro seminar munosabati bilan 2021 yili “Ozodiy” davlat nashriyotida chop etilgan “Maqolalar to‘plami”dan qirq sakkiz nomdagi maqolalar o‘rin olgan.
Azizulloh Aral,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 23-son

