Turkman mumtoz adabiyotida “sevgi va ishq mulkining shohi”, deb tan olingan Mullanafas Maxtumquli Firoqiydan keyin boy adabiy meros qoldirgan hassos shoirlardandir. Mulla Qodirberdi o‘g‘li Mullanafas 1810 yili Turkmanistonning Saraxs mavzesida dunyoga keladi. Uning bolalik yillari to‘g‘risida ma’lumotlar saqlanmagan. Lekin Mullanafasning otasi o‘z davrining ilg‘or fikrli va savodxon kishilaridan bo‘lganligi va u farzandlarini ham o‘qimishli, bilimdon qilib tarbiyalashga intilgani ko‘plab manbalarda qayd etilgan.
Boshlang‘ich ma’lumotni qishlog‘idagi eski maktabda olgach, Mullanafas dastlab Marida, so‘ngra Sharqda islom ilmi va madaniyatining o‘choqlaridan biri bo‘lmish Buxoroda tahsil ko‘radi. U yoshligidayoq she’r yozishga va musiqa asboblarini chalib qo‘shiq aytishga moyil bo‘lgan.
Mullanafas o‘z davrining yirik shoirlari Maxtumquli, Kamina, Tolibiylarga ergashib, ulardan ijod sirlarini o‘rgangan, mahoratini oshirgan. Kelajakda turkman xalqining ardoqli farzandi, ulkan so‘z san’atkori bo‘lib tanilishida ana shu ijodiy izlanishlar muayyan ahamiyat kasb etgani shubhasizdir.
Taxminiy ma’lumotlarga qaraganda, Mullanafas 1862 yili bosqinchilarga qarshi xalq kurashida og‘ir yaralanib, vafot etgan. Uning jasadi hozirgi Mari viloyatining Vakilbozor tumanidagi Xo‘ja Abdulla qabristoniga qo‘yilgan.
Shoirdan ulkan adabiy meros — lirik she’rlar, “Zuhra va Tohir” nomli doston qolgan. Ular turkman baxshilari orqali og‘izdan-og‘izga o‘tib, bizgacha yetib kelgan. Mullanafas vafotidan oldin katta o‘g‘li Muhammadrahimga uchta kitob va ko‘plab qo‘lyozma qoldirgani to‘g‘risida ma’lumotlar bor. Bu kitoblarni Muhammadrahim o‘g‘li Xo‘jashga topshiradi. Xo‘jash bobosi va otasidan qolgan kitoblarning ba’zilarini qopga solib yerga ko‘mgan, ba’zilarini o‘zida olib qolgan.
1947 yili shoir yashagan joydan ikki qop kitob topiladi. Lekin bu joy paxtazorga yaqin bo‘lgani bois, nam tegib qo‘lyozmalar chirib, o‘qib bo‘lmaydigan ahvolda kelgan.
Mullanafas yaratgan asarlar shoirning chuqur bilimga ega bo‘lgani va o‘z davrining ijtimoiy voqealarini yuksak darajada idrok eta olgan shaxs ekanligidan guvohlik beradi. Mullanafas madrasalarda islom dinining qonun-qoidalarini o‘rganish bilangina chegaralanib qolmasdan, o‘z ustida tinimsiz ishlagan, arab, fors tillarini, Sharq adabiyoti, ayniqsa, xalq og‘zaki ijodini puxta o‘rgangan. “Zuhra va Tohir” dostoni, undagi an’anaviy obrazlar shoirning Sharq xalqlari folklori va adabiyoti bilan yaqindan tanish bo‘lganligini ko‘rsatadi.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, har bir yozuvchi o‘zidan oldin o‘tgan salaflarining ijodiy tajribalaridan foydalanib, ularning xalq mehri va mulkiga aylangan asarlaridan oziqlanadi. Shu ma’noda, Sharq adabiyotining, ayniqsa, ozarbayjon, turkman, qozoq, qirg‘iz adabiyotlarining rivojiga turkiy she’riyatning quyoshi bo‘lgan Alisher Navoiyning ta’siri beqiyos edi.
Xususan, shoir “Zuhra va Tohir” dostonini yaratish jarayonida bevosita Navoiydan ta’sirlangani, buyuk shoirning uslubiga ergashganini ko‘rish mumkin. Hazrat Navoiyning “gul” radifli mashhur g‘azali bor:
Orazingni bog‘ aro chun ko‘rdi, hayron bo‘ldi gul, Bargsiz qoldi, nedinkim, bas parishon bo‘ldi gul.Mullanafasning ham “gul” radifli g‘azali “Zuhra va Tohir” dostonidan o‘rin olgan.
Gul bilan bulbul kelib, gul ichra sayron qildi gul, Gul tamoshosin ko‘rib, o‘z bag‘rini qon qildi gul.Har ikki shoir ijodida uchraydigan bir xil radifli g‘azallar shakl va mazmun jihatdan ohangdosh. Mullanafasning ushbu g‘azali “Zuhra va Tohir” dostonidan o‘rin olganiga e’tibor qaratsak, ma’no yanada oydinlashadi. Mullanafas g‘azalidagi gul — Zuhra, bulbul esa — Tohir. Shu tariqa, Mullanafas Alisher Navoiy g‘azaliga yangi mazmun kiritgan hamda badiiy san’atlariga jilo bergan. Bu usul esa, o‘z navbatida, asarning hayotiyligini ta’minlagan.
Mullanafas Navoiy, Fuzuliy, Firdavsiydek buyuk shoirlarning o‘lmas she’riyatidan nafaqat o‘rnak olgan, balki ularning an’analarini davom ettirib, g‘azallariga naziralar yozgan, muxammaslar bog‘lagan. Shoir she’rlaridan birida:
Nizomiy, Navoiy hamda Firdavsiy Rumoning gulshani, Hindning tovusi. Yolg‘onchi dunyodan o‘tardim osiy, Sizga ko‘p hurmatlar qo‘ymasa ko‘nglim —deya ustozlariga mehr-muhabbatini e’tirof etadi.
Turkman xalqining erk va ozodlik yo‘lidagi mardonavor kurashini, vatanparvarligini, orzu-istaklarini yuksak badiiylik bilan sodda va tushunarli tilda tarannum etgan, Maxtumquli, Saidiy, Zaliliy, Kamina, Tolibiy singari ustoz shoirlar qatorida ijod etgan Mullanafas ijodida ham tengsizlik va nohaqlikka qarshi norozilik motivlari yaqqol sezilib turadi.
Shoir lirik she’rlarining mavzu doirasi keng va rang-barang. Ijtimoiy, pand-nasihat, didaktik ruhdagi she’rlar bilan birga, ishq-muhabbat, vafo-sadoqat haqida bitilgan mavzular ham xalqona ohangi, samimiyati bilan ajralib turadi.
Umuman, Mullanafas o‘z davridagi ijtimoiy adolatsizliklarni chuqur his qilib, ularni o‘z ijodida aks ettirgan haqgo‘y shoirlardan biri sifatida qadrlidir. Quyidagi ikki misraga e’tibor bering:
Kimlar g‘arib o‘tar, kimsalar-da och, Kimsa kuylaklidir, kimsa yalang‘och.Mashhur “Nor kezgin” she’ri shoirning pand-nasihat ruhidagi asarlari ichida hayotiyligi bilan ajralib turadi. Shoir mazkur she’rida o‘z-o‘ziga maslahat tarzidagi nozik usul orqali ijtimoiy davrga oid shaxsiy fikrlari, o‘ylari va qarashlarini bayon etadi.
Ko‘nglim senga nasihat, sarbasar kezgin, Bilgil do‘st-dushmaning, uyda boxabar kezgin, G‘anim bilan aytishsang, doim xabardor kezgin, Kezsang dunyo yuzida, davom toza-tar kezgin, Qirq yil moya kezguncha, butun bir yil nor kezgin.Ushbu satrlar hayotda ko‘p achchiq-chuchukni boshidan kechirgan, dunyoning yaxshi-yomonligini ko‘rgan dono, farosatli keksa odamning nasihatini yodga soladi. Uning zamirida yashiringan axloqiy qarashlar, falsafiy fikrlar bugungi kunimiz uchun ham qimmatlidir.
“Bilan”, “Nazarin solgan ko‘nglim” she’rlarida shoir “Nor kezgin” she’ridagi g‘oyani yanada rivojlantiradi:
Yomon bilan yo‘ldosh bo‘lma, Dushman bilan sirdosh bo‘lma, To‘yda tovoqdosh bo‘lma, Iflos haromxo‘r bilan.Mullanafas ijodining bosh mavzui insoniy sevgi va mehr-muhabbatdir. “Sevgilim”, “Bari gal”, “Yodimga tushdi”, “Istabki go‘zal yorni”, “Ko‘nglim”, “Kelin”, “Uyg‘otmading go‘zal yor”, “Firoqingdan” kabi yuzlab she’rlari, “Zuhra va Tohir” dostoni shundan dalolatdir. Insoniy sevgi, ishq-muhabbatni kuylashda Mullanafas Maxtumqulidan keyingi shoirlardan biri sanaladi. Buni shoirning o‘zi ham “Zuhra va Tohir” dostonida faxr bilan e’tirof etgan. “Ishq mulkining shohimen, qoshimda hamdamim yo‘q”, deb yozadi shoir. Uning lirik she’rlari hayotga muhabbat, pok sevgiga ishonch ruhi bilan sug‘orilgan.
Xalq dostonlarida qo‘llanib kelingan ko‘pgina an’anaviy usullarni Mullanafas yangicha talqin qilib, ularni badiiy jihatdan boyitdi. Chunonchi, “Istabki go‘zal yorni” she’ridagi “tutun — zulf kokillari, alif — nozik bel, shakar — sharbatli til” singari poetik tashbehlar tufayli o‘quvchi qalbida nozik va betakror hissiyotlar uyg‘onishi shubhasiz.
Dedim: “Ne tutundir bu?” Ul: “Zulfi kokilim”, dedi, Dedim: “Ne alifdir bu?” Yor: “Nozik belim”, dedi, Dedim: “Ne shakardir bu?” — “Sharbatli tilim”, dedi, Bir bo‘sa talab qildim, “Lozimdir o‘lim”, dedi, Dedim: “Meni o‘ldirgil. Yo bo‘sa muravvat qil!” Og‘zimga tirab mushtin, “Qo‘y, dedi, qabohatdir”.She’rni o‘qirkanmiz, sahna uchun yaratilgan dramatik asarlarning qahramonlari singari ikki sevishgan yoshning bir-biriga o‘tli harorati ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Voqealarni yuksak lirizm va jonli kartinalarda tasvirlay bilish Mullanafas she’riyatining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri sanaladi.
Shoirning “Hayrona qolar”, “Qiz”, “Bir go‘zal”, “Ko‘zlaring” singari she’rlari sevgi, muhabbat lirikasining ajoyib namunalaridir. Bu she’rlar xalq orasida ma’lum va mashhur. Ular tillardan-tillarga o‘tib, baland pardalarda jaranglamoqda. Zotan, ushbu manzumalarda insoniy tuyg‘ular sodda va teran talqin etilgan bo‘lib, xalqni kelajakka ishonch ruhi bilan yashashga va kurashga undagan.
Bir qush keldi, qo‘ndi tuynuk ustiga, Nazar soldi oqcha uyning ostiga. Qanot yoydi, ketdi olam pastiga, Yotgan qush uyg‘ondi, yor, uyg‘onmading.Shoir ushbu misralarda ishq-muhabbat tuyg‘usini xalqning yashash tarzi, urf-odatlari bilan bog‘lab, nozik tasvirlaydi. Mullanafas ijodida bunday haroratli, samimiy misralarni ko‘plab uchratish mumkin.
Mullanafas she’riyati mavzu jihatidan rang-barang, ma’noli, jarangdor va musiqiy. Qolaversa, shoir she’rlaridagi mazmunning hayot bilan hamnafasligi, ifoda shaklining soddaligi, oddiy xalq tiliga yaqinligi o‘quvchi qalbini maftun etadi. Shuning uchun ham uning umuminsoniy g‘oyalarni ulug‘lagan, adolatsizlikni qoralagan she’rlari asrlar osha avlodlar qalbida yashab kelmoqda.
”Zuhra va Tohir“ dostonida erkin sevgi vasf etilgan bo‘lib, ikki yoshning o‘tli muhabbati orqali turkman xalqining orzu-istaklari kuylanadi. Shoir ezgulik bilan qabohat o‘rtasidagi kurashni ko‘rsatar ekan, bunda o‘ziga xos yo‘ldan borib, Zuhra va Tohirning vafodorligini, zulmahlining subutsiz va xiyonatkorligini yorqin bo‘yoqlar orqali ifodalab beradi. Ikki yoshning yaxshi kishilar ko‘magida visolga yetishgani sodda tilda qiziqarli bayon etiladi.
Mullanafasning xalq orasida mashhur bo‘lgan va ko‘plab baxshilar tomonidan sevib kuylanib kelayotgan mazkur dostoni to‘g‘risida fikr yuritganda shuni ta’kidlash kerakki, shoir nafaqat Alisher Navoiy ijodi, balki boshqa o‘zbek mumtoz shoirlari she’riyatidan ham bahramand bo‘lgan. O‘zbek adabiyotshunosligida Mullanafasning bu dostoni XVII asrda yashab ijod etgan shoir Sayyodiyning “Tohir va Zuhra” dostoni syujetiga yaqin ekanligi qayd etiladi. O‘zbek — turkman adabiy aloqalarning yirik tadqiqotchisi, professor K.Quramboyev bu o‘xshashlikni “adabiy ta’sir samarasi”, deb izohlaydi.
Asrlar osha turkiy xalqlar folklorida og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan “Tohir va Zuhra” rivoyati turkiy xalqlar, xususan, turkman xalqi orasida ham keng tarqalgan. Kezi kelganda Sayyodiyning “Tohir va Zuhra” dostoni bilan Mullanafasning “Zuhra va Tohir” dostoni o‘rtasidagi farqni ham aytib o‘tish kerak. Sayyodiy o‘z dostoni markaziga o‘zbek folkloridagi Tohir va Zuhra haqidagi rivoyatni asos qilib olgan bo‘lsa, Mullanafas turkman xalqi o‘rtasida keng tarqalgan manbani asos qilib oladi. Aytish kerakki, Mullanafas “Zuhra va Tohir” dostonini yaratishda turkman xalqi orasida keng tarqalgan rivoyatga yuksak badiiy sayqal beradi. Bir so‘z bilan aytganda, afsonaga realistik bo‘yoqlar orqali yangi mazmun bag‘ishlaydi. Shuningdek, Mullanafasning “Zuhro va Tohir” rivoyatining faqat turkman xalqi orasida ma’lum va mashhur bo‘lgan syujet varianti bilan emas, balki boshqa xalqlarda shu mavzuda yaratilgan ertak va rivoyatlar bilan ham yaqindan tanish bo‘lganiga shubha yo‘q.
Doston asosiga turkman varianti qo‘yilgani asarning boshlanishi, detallarning o‘ziga xosligi va, eng asosiysi, dostonning romantik ruh bilan, ya’ni sevishganlarning o‘z murod-maqsadlariga yetishishi bilan yakun topishida ko‘zga tashlanadi. Mullanafas doston syujetining asosiy yo‘nalishini saqlab qolgan holda, uni turli xil voqealar bilan boyitgan, asar qahramonlari o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlarni kuchaytirgan. Bir so‘z bilan aytganda, Mullanafas doston syujetini qayta ishlab, o‘sha davr turmushini har tomonlama namoyon etgan asar yaratgan. Bu esa, shoir mahorati, uning ijodiy fantaziyasi naqadar yuksakligidan dalolat beradi.
Mullanafas she’riyati o‘lmas she’riyatdir. Uning asarlari qayta-qayta nashr etilmoqda. Shoir ijodida umumbashariy g‘oyalar keng o‘rin tutadi. Uning aksar she’rlari turkmanlar orasidagina emas, balki o‘zbek xalqi o‘rtasida ham keng tarqalgan. Shoir asarlari sodda va qardosh xalqlar tillariga yaqin bo‘lganligi bois, ularni tarjima qilishning hojati ham yo‘q.
Xorazmlik keksa baxshilarning aytishicha, Mullanafas she’rlari uning hayotligidayoq o‘zbek baxshilari va sozandalari orasida mashhur bo‘lgan. Buning yana bir sababi bor. Mullanafasning o‘zi ayni vaqtda mohir sozanda va usta xonanda ham bo‘lgan. Shu tufayli uning deyarli barcha g‘azallari osongina kuyga tushadi. Ko‘plab san’atkorlar, jumladan, O‘zbekiston, Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Komiljon Otaniyozov, Otajon Xudoyshukurov, Kenja Matnazarov, Jumanazar Bekchonov, Bobomurod Hamdamov, Bekjon Otajonov va boshqalar Mullanafas she’rlarini zavq-shavq bilan kuylab, muxlislar e’tiborini qozonishdi va qozonishmoqda.
Tavalludiga 200 yil to‘lgan, sevgi va ishq mulkining sultoni Qodirberdi o‘g‘li Mullanafas nafaqat turkman, balki o‘zbek xalqining ham ardoqli va sevimli shoiridir. Uning sodda va o‘ynoqi she’rlari, «Zuhra va Tohir» dostoni har ikki xalqning ma’naviy mulki bo‘lib qolaveradi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 9-sonidan olindi.