- Kunlardan bir kun
Mulla Zohid ota ichkari hovlisida ohista odimlar ekan, lablari beixtiyor shivirlardi:
– Aylantirgan uch jonsan,
Bir-biringga mehmonsan…
Hozir qarshisida hech kim yo‘q. Azbaroyi chuqur o‘yga tolganidan shu so‘zlarni beixtiyor takrorlayapti. Aslida uch o‘g‘il baqamti turganlarida yoki ularning oralaridan gap qochib ko‘ngilsizlikka aylanish ehtimoli tug‘ilganda aytguchi edi bu hikmatni. Otaning maqsadi bitta: farzandlari o‘zaro ahil va totuv yashasalar bas, ishqilib, dog‘u hasratlarini yana qayta ko‘rmasin-da! Isroil maxsumdan ayrilib, judolik dardini hech unutolmayotgan Hazrat domla qolgan farzandlariga salgina epkinniyam ravo ko‘rmasdi…
Mirzohid otaning to‘rt o‘g‘il va bir qizi bor. Qizini oqilu dono shogirdi Imomaliga turmushga berdi. O‘g‘illarining esa kamida o‘zi singari bilimdon bo‘lishlarini xohlaydi. Axir Sayram, Chimkent va Farg‘ona tomonlardan toliblar ilm izlab, shu inson xonadoniga kelishardi. Tevarakdagi o‘ndan ortiq qishloqlar, hatto qozoq ovullaridagilar ham farzandlarining Hazrat domla qo‘lida bilim olishini orzu qilar edi. Nafaqat ilm izlab, balki boshqa zaruratlar yuzasidan najot so‘rovchi har bir ehtiyojmand bu dargohdan noumid ketmaydi. Mirzohid ota qo‘li bilan yordam berishga chog‘i yo‘q mahallarda, hech bo‘lmasa, to‘g‘ri maslahati, shirin kalomini kelguvchilardan sira-sira ayamaydi. Oddiy odamlar, ayniqsa, beva-bechoralar saxiyqalb, bag‘rikeng bu donishmandni o‘zlarining piri sanab, etagidan mahkam tutgan edi. Buxoroi Sharifdagi Mir Arab madrasasida tahsilini mukammal ado aylagan, ham diniy, ham dunyoviy bilimlari tufayli “Hazrat domla” unvoniga sazovor bo‘lgan bu inson hamma mushkulotlarga chora topa oladi, har qanday qaltis vaziyatlardan bizni qutqarishga qodir, deb ishonardi odamlar.
Shunday dono, mo‘tabar zot qalbidan bir tashvish sira arimas, bolalari bo‘y yetib borgani sayin hadigi zo‘raygandan-zo‘rayardi. Qo‘lida yashab turgan farzandlarining to‘ng‘ichi – Ismoilning kelajagidan-ku, otaning ko‘ngli to‘q. Bu o‘g‘il xo‘jalik yumushlariga ancha ixlos qo‘ygan, tirikchilik tashvishlariga bosh qo‘shib, ro‘zg‘or tebratishga ham baholi qudrat qayishadi. Kenjatoyi Asomiddin esa hali yosh, uncha-munchaning farqiga bormaydi. Ammo Sirojiddin…
Diliga g‘ulu solib qo‘ygan o‘rtancha o‘g‘il – Sirojiddinning fe’lu atvorini Mirzohid otaning o‘zi ham tushunolmay lolu hayron edi. Jismonan ancha nozik, ushoqdekkina bu bolaning fikr yuritishlari, manaman degan fozillar aytmaydigan gaplarni topib gapirishlari, ayniqsa, bag‘oyat birso‘zliligi va o‘jarligi padari buzrukvorni doimo tashvishga solardi. Sirojiddinga sen falonni o‘qi yoki yod ol, deyish shart emasdi. U otasi bilan tinglovchi-shogirdlar orasidagi savol-javoblarni bir tinglashdayoq qulog‘iga quyib olar, yozuvni-ku, qisqa fursatdayoq o‘zlashtirgandi. Shunday bo‘lsa-da, o‘z mehnatlari natijasidan sira ko‘ngli to‘lmas, husnixat mashqlarini tinmay qaytarar, otasidan tobora hajmi kattaroq, mazmuni chuqurroq kitob so‘rab olib o‘qishni kanda qilmasdi.
O‘rtancha o‘g‘ilning bilim olishga mukkasidan ketganligidan-ku, ota shod, uning kelajagidan umidi katta edi. Ammo Sirojiddinning o‘zbilarmonligi, tutgan yeridan kesadigan odati, ota nazarida, yaxshilikka olib boradiganga o‘xshamasdi. O‘zidan kattalar – akasi va yaqin qarindosh-urug‘larining ham og‘zilaridan chiqqan gaplariyu, har bir xatti-harakati Sirojiddinning “g‘alvir”ida elanar, darhol “doni – donga, kepagi – kepakka” ajratib tashlanardi. Ko‘ngliga kelgan gapni shartta betga aytishda Sirojiddindek og‘zi botirni hali-hanuz Mirzohid ota uchratmagandi. Barcha shogirdlar, hamqishloqlar, uzoq-yaqindagi tanish-bilishlar “pirim” deb astoydil e’zozlaydigan tabarruk bu zot o‘z o‘g‘lining toshni tars yoruvchi achchiq so‘zlaridan, qilni qirq bo‘luvchi mulohazalaridan ba’zan noqulay holga tushib qolardi. “Tilingni tiy”, deya urishayin desa, Sirojiddinning hamma gaplari haq, istak-talablari o‘rinli, niyatlari xolis va pok. Indamay desa, ota qalbi sezib turibdi: shunday ketaversa, oxiri baxayr bo‘lmaydi. Chunki zamon zo‘ravonlarniki, haq gapirganlarning og‘zi oshga emas, boshi toshga tegyapti. Bu – tashvishning bir tomoni bo‘lsa, undan ham qaltisrog‘i – Sirojiddin ko‘r-ko‘rona o‘quvni yoqtirmaydi, u o‘rganayotganlarining, yod olayotganlarining mag‘zini chaqmaguncha qo‘ymaydi. Ba’zi savollari uncha-muncha domla-imomlar u yoqda tursin, Mirzohid otaning o‘zini ham shoshirib, tadbiridan adashtirib qo‘yardi. Xuddi shu masalada og‘a-inilar – Ismoil maxsum bilan Sirojiddin ikkovlari orasida chiqadigan tortishuvlar, bahs va munozaralar ba’zan achchiq-tirsiq gaplargacha borib yetardi. Shunday kunlarning birida:
– Padari buzrukvorimizning yuzlariga tik qarayapsan, tilingni tiyibroq yur, – deya ukasiga siyosat qildi Ismoil maxsum.
– Bu gapingiz noo‘rin, aka, – qizishdi Sirojiddin. – Men dadamizni sizdan ortiq hurmat qilaman. Biz axir dunyodagi eng aqlli zot – insonmiz, ilm yuzasidan suhbatlashamiz, munozara qilamiz, ba’zan tortishamiz ham. Bu – otamizning yuzlariga tik boqish yoki ul zotning hurmatlarini to‘kish, degani emas.
– Baribir, sen bilan biz doimo itoatda bo‘lmog‘imiz, dadamiz o‘rgatayotgan bilimlarga qanoat qilmog‘imiz darkor. Otadan, qolaversa, ustozdan o‘zaman deb urinish yaxshilikka olib bormaydi…
– Sizni bilmadim-u, men bul istaklarimdan voz kecholmayman, to‘ng‘ich og‘amiz o‘qigan tabarruk joylarga borib bilim olmaguncha tinchiy olmayman, – dedi Sirojiddin qat’iy.
– Unda, bu dargohlardan meros tugul bir miri ham ololmaysan, yalangoyoq-yalangbosh ketaverasan! – ukasini yo‘ldan qaytarmoq uchun so‘nggi “chora”ni qo‘llab ko‘rdi Ismoil maxsum.
Akasining mol-dunyo, meros haqida gapirishi, qalbi ayni g‘ururga to‘lgan o‘spirinning diliga qattiq ozor berdi, egnidagi eski-tuski kiyimlari bilan dangal yo‘lga tushdi. Ismoilning “qayt!” deyishiga javoban: “Menga siz aytgan bir miri ham kerak emas, otamizning boshlari omon bo‘lsa bas!” deya eshikdan shiddat bilan chiqib ketdi.
Ismoil maxsum ne qilarini bilmay, qishloq boshidagi katta masjid sari yugurdi. Peshin namozi hali tugamagan, o‘jar va tikso‘z Sirojiddin esa qishloqdan uzoqlashib borardi. Tashvishi zo‘raygan Ismoil bir joyda tura olmas, masjid eshigi oldida u yoqdan-bu yoqqa betinim borib-kelardi. Nihoyat, odamlar birin-sirin chiqa boshladi. Masjid imomi, har doimgidek, eng oxirida eshikni yopdi. Ismoil maxsum chidab turolmadi, namozxonlar bilan shoshilinch so‘rasha-so‘rasha masjid ichkarisiga kirib bordi. Salmoqli odimlar bilan o‘zi sari kelayotgan otasini ko‘rgach, ko‘zlaridan beixtiyor yosh chiqib ketdi.
– Ukangiz bilan orangizda yana gap o‘tdimi, o‘g‘lim? – voqeani bilib turgandek so‘radi dadasi.
– Siroj Toshkentga ketib qoldi!..
– Men hovlida kutaman, mulla Imomali Toshkentdan kelgan ekan, borib darrov uyimizga chorlab keling!..
Kesakqo‘rg‘on madrasasini imtiyozli tugallab, shu bilim dargohida mudarrisning yordamchisi vazifasida olib qolingan mulla Imomali shu kunlarda qishloqda edi. Ustozi yo‘qlayotganini eshitib, Mirzohid ota xonadoniga kirib kelganda Hazrat domla tashqi hovlidagi o‘rindiqda xayolchan va tashvishli qiyofada uni kutmoqda edi. Mulla Imomalini bag‘riga bosib ko‘rishar ekan, Mirzohid ota dardchil ohangda darhol maqsadga o‘tdi:
– Ko‘plarning ishonchu hurmatlarini qozonibman-u, bolalarimga yaxshi ota bo‘lolmabman, chirog‘im. Onasi bilan akasi vafotidan keyin Ismoil iningizni sal bo‘sh qo‘yib yuboribman, shekilli, keyingi ona farzandlarini, ayniqsa Sirojiddinni unchalik chiqishtirmayotgan ko‘rinadi. Bunday gaplarni birovlarga aytib bo‘lmaydi. Siz farzandlarim qatoridasiz, to‘ng‘ich o‘g‘lim o‘rnidasiz!.. – Hazrat domlaning ovozlari titrab tindi.
Mulla Imomali bir so‘z deya olmay, qattiq iztirob va sukut og‘ushida o‘tirardi. Mirzohid ota o‘zini qo‘lga olgach, so‘zida davom etdi:
– Bilasiz, Sirojiddin o‘jar, sizdan o‘zga odam uni ko‘ndirolmaydi, chamamda hozir Qirg‘izquloqqa yetdi-yov! Mayli, borsin, faqat yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, duoi fotihamizni olib hamda birodarimiz Shohmuhiddin oxund domlaga maktubimizni olib borsalar, degandim…
Mulla Imomali shu zahoti Sirojiddinning iziga tushdi. Tezlab yurib ko‘rdiki, Sirojiddin Qirg‘izquloqdan ham o‘tib ketib, naq To‘rayska (Troitsk)ga yetib qolgan ekan. Bu o‘spirin jussasi kichik va nozik ko‘rinsa-da, o‘ziga pishiq-puxta, chaqmoqdek chaqnaganlardan edi. Hayajonli bu voqealar Sirojiddinning – ya’ni mashhur ma’rifatparvar Sidqiy-Xondayliqiyning Toshkentdagi Kesakqo‘rg‘on madrasasiga bilim olish uchun jo‘nash jarayonida sodir bo‘lgandi…
- O‘jar o‘spirin Toshkentda munavvar insonga aylandi
Sirojiddin ibn Mirzohid oxund – Sidqiy Xondayliqiy Kesakqo‘rg‘on madrasasida olgan bilimi bilan kifoyalanib qolmadi. U Toshkentdagi Ko‘kaldosh va Beklarbegi madrasalarida ham tahsil oldi. Shu fursat davomida bir yo‘la Shohmurod kotib maktabiga qatnab, husnixatini ham takomiliga yetkazdi. Ilmga chanqoq qalb baribir tinchiy olmasdi. Madrasalarda olayotgan bilimlaridan qanoatlanmagach, mustaqil mutolaaga berildi. Natijada arab, fors tillarini o‘z ona tiliday o‘zlashtirdi. Dovrug‘i doston xattot Mirzahoshim Xo‘jandiydan husnixatning murakkab usullarini, muhr yasashni, kitoblarga zarvaraqlar ishlashni, hoshiyalarni tilla hal bilan bezashni o‘rgandi. Sidqiy Xondayliqiy endi shoirlar orasida ham tanilib, bu davrada o‘z o‘rni va mavqeiga ega bo‘lib qolgan edi. Madrasalarning tor doiralarini yorib chiqib ketgan Sirojiddin Sidqiy-Xondayliqiyning ixlosi hazrat Navoiy, Jomiy kabi ulug‘ shoirlar ijodiga g‘oyat balandligidan ularning juda ko‘p g‘azallarini yod bilardi.
Xondayliq otli qishloqning bog‘u tog‘larida sayr etib, yoshligidan g‘azallar bitgan, she’rlar yozgan Sirojiddin Toshkentda ta’lim olgach, ayniqsa yetuk shoirlar davrasiga qo‘shilgach, o‘zining nazm bobidagi ojiz tomonlarini tezda ilg‘ab oladi, bu boradagi kamchiliklarini bartaraf qilishga kirishadi, qizg‘in badiiy ijodga beriladi. Shoir o‘zining bu haqdagi samimiy dil izhorida: “Qachonki ilm o‘qish uchun Toshkentga bordim, olim va shoirlarga ulfat bo‘lib, alardan ma’rifat yo‘llarini va she’r yozish sirlarini ham o‘rgandim”, deb yozgan edi.
Sirojiddin chin she’riyat maydoniga kirgunga qadar ancha adashib yurgani kabi, o‘ziga taxallus tanlashda ham bir necha nomlarni qo‘llagani ma’lum. 1913 yilga qadar shoir asosan Shavkat, Shevan taxalluslari bilan ijod qildi. Ushbu imzolar bilan yozgan she’r va g‘azallarini jamlab, “Tuhfai Shavkat” (1913), “Savg‘oti Shavkat” (1914) kitoblarini nashr ettirdi.
She’riyat maydonida javlon urayotgan, iste’dodi g‘oyat tez kamol topib, davradoshlaridan har tomonlama o‘zib ketayotgan Sirojiddinning bora-bora dunyoqarashi ham keskin o‘zgara boshladi. Uning ijodida hajviyot alohida bir yo‘nalish bo‘lib ajralib turardi. Davr tengsizligi, tuzumning adolatsizliklari avval yumshoqroq yumorda, so‘ng keskin masalu matallar, she’riy qissalarda, nihoyat, o‘tkir satrlarda namoyon bo‘la boshladi. Umr inson uchun berilgan noyob imkoniyat ekanligini tushunib yetgan salohiyatli shoir tarjima sohasiga ham kirishib, arab va fors tillaridagi durdona asarlarni o‘z ona tiliga tarjima qilish yo‘lida shiddat bilan ishlaydi. O‘z navbatida shoirning sara asarlari Sharqiy Turkiston kabi davlatlarga charaqlagan nur kabi kirib bordi. “Sharq mamlakatlari sari asarlarimni ancha oshurdim”, deb yozgan edi Sidqiy. Toshkentday azim shaharda hujrama-hujra ko‘chib, sarsonu sargardon bo‘lib yurgan shoir qalbi shu og‘ir o‘n olti yil (1903–1919) davomida hijronga, alam-sitamlarga limmo-lim to‘ldi, nohaqliklar, jabru zulmlarni ko‘ra-ko‘ra toqati toq bo‘ldi. Ammo endi u emin-erkin yurgan qishlog‘iga qaytib ketolmasdi. Shu azoblar og‘ushida, darbadarliklar qo‘ynida o‘zining kunma-kun o‘sib borayotgani, ko‘zlari kattaroq ochilib tobora kamolga yetayotganini juda yaxshi his qilar, shuning uchun ham ko‘hna shahardagi nafosat olamining yetuk davralaridan, ijodidan, badiiy tarjima mashg‘ulotlaridan sira ko‘ngil uzolmasdi. Sirojiddin nafosat olamiga chuqurroq kirish, ijodkorlarning katta davralariga qo‘shilish, ulkan va mashaqqatli ijod yo‘liga bor bo‘yi bilan singib ketish uchun Toshkentga kelgandi, xuddi shu maqsad yo‘lida tog‘ kelsa kemirib, suv kelsa simirardi. Lekin jannatdek yashnab turuvchi qishlog‘i mudom ko‘z oldidan ketmas, qalbidagi hijron o‘tini tobora balandroq alangalatar, bunga davo istab shoir she’rlar bitar, qafasdagi bulbuldek azobda yurardi. 1913 yildan so‘ng tanlagan taxallusi shu tariqa tug‘ildi. Asarlariga “Sidqiy Xondayliqiy” deb imzo cheka boshladi. Shundan so‘ng shoir mazkur taxallusni umrining so‘ngigacha asarlarida qo‘llab ijod qildi. Ilhomi jo‘shib, ona qishlog‘iga bag‘ishlab, alohida she’r bitgani ham ma’lum. Unda quyidagicha hayajonli satrlar bor edi:
Vatan nadir – tuqqon yerim, turg‘on yerim,
O‘sib-unib, o‘ynab-kulib yurg‘on yerim…
Jonim Vatan, tanim Vatan, ko‘zim Vatan,
Esdan chiqar oni ko‘rg‘och ko‘rg‘on yerim…
Sidqiy Xondayliqiy bor-yo‘g‘i ellik yil (1884–1934) umr ko‘rdi. Shoir qisqa umr ko‘rganiga qaramay, adabiyotning ko‘p janrlarida qalam tebratdi. Yozgan she’rlari, dostonlari, hajviy asarlarini jamlab 1913-1917 yillar davomida to‘qqizta kitob nashr qildirishga muvaffaq bo‘ldi. Arab va fors tillaridan o‘nga yaqin sara asarlarni o‘zbekchalashtirdi. “Ming bir kecha”, “Bo‘ston”, “Rahimo” tarjimai “Karimo”, “Shavkatus salom tarjimai Futuh al-Shom”, “O‘g‘ri va qozi”, “Ajoyib ul-maxluqot”, “Mirzo Hamdam”, “Qissai shahzoda Bahrom” kabi nodir asarlar shular jumlasidandir. Tarjimachilik bobida Sidqiy bag‘oyat ulkan zahmatlar chekar, bu boradagi mashaqqatlardan chekinmasdi. Arab va fors tillarini o‘z ona tilidek o‘zlashtirgan iste’dodli adib, bu imkoniyatlarning juda noyobligini, o‘zining zo‘r berib ishlashi kerak ekanligini qalb-qalbidan his etib, tarjimalar ustida uzluksiz qalam tebratardi (Sidqiy Xondayliqiy tomonidan o‘zbekchalashtirilgan durdona asarlarning bugungi kungacha qayta nashr qilinmay, Sharqshunoslik institutida hamon qolib kelayotgani juda achinarli holdir. Biz ba gal 1998 yil “Ma’naviyat” nashriyotida chop qilingan, Begali Qosimov va Ramida Javharovalar tayyorlagan Sidqiy Xondayliqiyning “Tanlangan asarlar” to‘plamiga kiritilgan Shayx Sa’diyning mashhur asarlari tarjimalaridan namunalarni o‘quvchilar diqqatiga havola etayotirmiz).
Sidqiy Xondayliqiy mohir xattot sifatida ham adabiyotimiz namoyandalarining o‘nlab asarlarini qayta-qayta ko‘chirdi, ularni zarhallar, chiroyli bezaklar bilan bezadi, ustozlarga bo‘lgan chin ixlos va sadoqatini amalda shu tariqa isbotladi.
Sidqiy Xondayliqiy o‘z imkoniyatlarini yuqori darajada ishga solganligi uning serqirra ijodida aniq ko‘rinadi. Sidqiy – shoir, tarjimon, noshir, xattot bo‘lib tanildi. Uning bu jihatlari ko‘pchilikka ma’lum; bosilgan yoki bosilmagan, tugallanmagan asarlari, tarjimalari va qayta-qayta ko‘chirib nashr ettirgan kitoblari haqida matbuotda ko‘plab ma’lumotlar berilgan. Ammo hamon ko‘pchilikka noma’lum qolib kelayotgan va namunalari Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan ijod mahsullari borki, ularni ham kitobxonlar ommasiga yetkazish bu soha mutaxassislarining muhim burchidir. Xususan, Sidqiy tomonidan to‘plangan xalq maqollari, qadimiy o‘zbek so‘zlari lug‘ati, shoirlar, xattotlar, turli kishilar bilan yozishmalarini – hali-hanuz qo‘l tekkizilmagan xazina deyish mumkin…
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, Sidqiy Xondayliqiyning ijtimoiy mavzulardagi she’rlari, 1914 yilgi urushga bag‘ishlangan “Muhoraba”, inqilobiy voqealar tasvirlangan “Rabochilar namoyishi”, ayniqsa, davrning taloto‘pli voqealariga javoban yozilgan “Rusiya inqilobi” dostoni ayni vaqtda ham dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Tadqiqotchilar Begali Qosimov, Ramida Javharovalarning yozishicha, ushbu she’rlar “voqealar issiqligida”, hali Rossiyada yuz bergan inqilobiy hodisalar Jahon afkori ommasi tomonidan to‘la idrok qilinmasdan turib bu voqealarga o‘zbek ziyolilar qatlamining munosabat bildirib yozganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Sidqiy Xondayliqiy Toshkentga kelishining dastlabki yillaridayoq uni elga tanitgan, oddiy xalq hurmatiga sazovor etgan, shuning barobarida o‘z boshiga katta sitam va kulfatlar solgan haqgo‘ylik va hajvgo‘yligi shoir ijodida alohida bo‘rtib turadi. Shoirning o‘zi ham “Holoti Sidqiy” deb nomlangan tarjimai holida: “Oshiqona g‘azallarim ko‘p bo‘lsa, aksar ta’bim hajviyotga moyil edi” deb ochiq-oydin yozgan edi. Sidqiy hajviy asarlarini ham to‘plab, kitob holida nashr ettirgandi.
- Qishloqda nima gaplar? Viloyatda-chi?
To‘g‘ri so‘zni aytishda hatto otangdan ham tortinma, degan aqidaga amal qiluvchi jigargo‘shasi Sirojiddinning qalam “nayza”sini qoziyu mingboshilarga, katta-katta amaldorlarga ayovsiz sancha boshlagani mulla Imomalini qattiq tashvishga solib qo‘ydi. Mirzohid ota o‘g‘li taqdirini unga ishonib topshirgandi, ko‘z-quloq bo‘lib yurishni tayinlagandi. Agar shu alfozda ketaversa, Sirojiddin biror falokatga duchor bo‘lishi va mulla Imomalini ustoz oldida yuziqaro qilib qo‘yishi hech gap emasdi. Qanday yo‘l tutsa ekan, Xondayliqqa chiqib yuz berayotgan voqealarni ustoziga bildirsamikan? Bu ish chaqimchilikka yotmasmikan, Sirojiddin maxdum eshitsa xafa bo‘lmasmikin?..
Mulla Imomali boshi berk ko‘chalarga kirib, hardamxayol bo‘lib yurganida yana bir ko‘ngilsiz voqea sodir bo‘ldi. Sirojiddinning shamshirdek o‘tkir satirasi besaranjom qilib qo‘ygan qoziyu mingboshilar Toshkent amaldorlari bilan til biriktirishib, shoirni “Sibirg‘a surgun, ovoq (turma) ichra turg‘un” qilmoqchi bo‘ldilar. Xayriyat, amaldorlar davrasi ichida ham shoir ijodiga ixlosmandlar borligi bu balolarning oldini olishga imkon yaratdi. Toshkentning Sebzor dahasi qozisi G‘ulomxon tayyorlanayotgan fitnadan shoir va uning do‘stlarini ogoh etdi. Vasliy, Abdulla Avloniy, Rizoiy, Xislat, Kamiy, Miskin, Murodxo‘ja, Asiriy kabi hamfikr qadrdonlar maslahatlashib, Sirojiddinni Toshkentdan vaqtincha bosh olib ketishga ko‘ndirdilar. Shoir tarjima uchun mo‘ljallagan “Alif laylo”, “Hikoyai latifa” kabi kitoblarni qo‘ltiqlab, 1910 yilda andijonlik do‘sti Mirzakarim panohiga yo‘l oldi. Farg‘ona vodiysida yashab yurgan kezlarida “Hikoyai latifa”ni to‘liq tarjima qilib, Toshkentga jo‘natdi. “Alif laylo” (“Ming bir kecha”)ning esa yarmini o‘zbekchalashtirishga ulgurgan edi…
Bundan buyon ham indamay yuraverishga endi mulla Imomalida iloj va toqat yo‘q edi. Mirzohid ota yuz bergan va bo‘layotgan voqealarni sukut saqlab tingladi, chuqur xayolga toldi. Nihoyat, qarshisida bosh egib, faromush holda o‘tirgan mulla Imomaliga yuzlanib, shu bahonada o‘ziga ham tasalli bera boshladi:
– Bu qodir Allohning irodasi, bo‘tam. Ko‘p tashvish chekavermang, sizda ham, bizda ham ayb yo‘q. Sirojiddinning zuvalasi o‘zi shundoq yaratilgan ekan. Fahmimcha, o‘g‘limiz qo‘limizdan chiqib, endi xalq farzandiga aylanib ketibdir, inchunin, taqdirida borini ko‘raverar… Ammo biz ham qarab o‘tirmay, qo‘limizdan kelgan chora-tadbirlarni ko‘ravermog‘imiz darkor. Og‘irlik yana sizning zimmangizga tushadi, bo‘tam. Bir iloj aylab, Farg‘ona sari bormoqqa va Sirojiddinni qaytarib olib kelmoqqa jazm etib ko‘ring. So‘nggi chora sifatida biz uning boshini ikki qilib qo‘yish tadorigini ko‘ramiz. Shoyad, shundan so‘ng o‘g‘limiz shu tevaraklarda aylanishib qolsa.
Ham qaynota, ham ustozning bu iltimosini mulla Imomali sira og‘rinmay qabul etdi va zudlik bilan poyezdda Farg‘ona sari otlandi.
Sirojiddin yashab turgan hujraga azonda kirib borgan mulla Imomali boshini xontaxtaga qo‘ygancha uxlab qolgan jafokash shoirni ko‘rib va endigina yozilgan she’riy duoi salomni o‘qib, beixtiyor ko‘zlari yoshga to‘ldi.
G‘urbat ichra, sizdin ey, mag‘mumdurmen ayrilib,
Suhbatingizdan ajab mahrumdurmen ayrilib.
Vaslingiz gulzorida chu bulbul erdim nag‘masanj,
Ushbu kun vayronalarda bumdurmen ayrilib.
Ko‘p zamonlardan beri bir qadrdonim san eding,
Sharbati hajring totib masmumdurmen ayrilib.
Hamdamim ham munisim, jonu jahonim san eding,
Bir kishim yo‘q so‘rg‘udek, mazlumdurmen ayrilib.
Borlig‘imni istamangiz kim nishonimning mani
Safhai ma’lumdin ma’dumdurmen ayrilib.
Hazratingda erkanimda erdi ko‘p qadrim baland,
Emdi sorig‘ rang ila marsumdurmen ayrilib…
Hasta Shevan ushbu matla’ni tilidan solmag‘ay,
G‘urbat ichra Sizdan-ey, mag‘mumdurmen ayrilib.
“Addoi faqir Sirojiddin sohibi Shevan. Tahrir o‘lindi, fursat ziq erdi, ya’ni kechasi soat o‘n ikki erdi. Ro‘zi odina uchinchi safarda. Ushbuning javobig‘a mutassardirmen”.
Imomali she’rni o‘qib, ko‘ngli buzilib turgan bir paytda Sirojiddinning ko‘zlari ochildi va eng yaqin qadrdonini qoshida ko‘rdi. Ular so‘zsiz-sadosiz quchoqlashdilar. Mulla Imomalining kelishdan maqsadini eshitgan shoir chehrasida yana xomushlik pardasi paydo bo‘ldi.
– Borishim hamono ul qozi dalolati birla meni hibsga olurlar va Sibirga surgun qilurlar, – dedi Sirojiddin g‘amga botib.
– Garchi o‘limni gapirmoq quvonch bo‘lmasa ham, ul zolimning yaqinda tobutga tortilganini sizga aytishim kerak! – dedi mulla Imomali Sirojiddinni yupatib.
– Unday bo‘lsa, “yo Haq!” deb hoziroq yo‘lga chiqamiz! Yoru birodarlarni, padari buzrukvorimizni yana ko‘rar kun bor ekan-da! – dedi shodlanib shoir. Sirojiddinning quvg‘inda darbadar yurishlariga, g‘aribona ahvoliga achingan mulla Imomali yo‘lga chiqishlari oldidan:
– Maxsum, bir narsa so‘rasam, ko‘nglingizga og‘ir olmaysizmi? – dedi ko‘pdan xayolida aylanib yurgan ishtibohni domlasining o‘g‘liga ochiq aytishga botinolmay.
– Bemalol, Imomali og‘a, – unga yuzlandi Sirojiddin.
– O‘zingizni shunday azoblarga otgandan ko‘ra, to‘ra-amaldorlarga qattiq tegmayoq, domlachilik qilib, rohat-farog‘atda ijodingizni qilib yurganingiz ma’qul emasmi? Axir bilimingiz boshqalarnikidan o‘tkir, barcha el sizni ulug‘ alloma deb e’zozlaydi. Eng muhimi, padari buzrukvoringiz keksayib qolgan bir paytda g‘am-anduhlardan qutularmidilar…
Sirojiddin yarq etib suhbatdoshiga qarab qo‘ygach, o‘ychan nazarini yerga tikdi. Qo‘yilgan masala ancha murakkab edi. Sirojiddin nihoyatda hozirjavob bo‘lgani bilan bu savolga shart-shurt javob qaytara olmadi. Bil’aks, unga murojaat etayotgan odam anoyilardan emas: otasining eng sevimli shogirdi, Kesakqo‘rg‘on madrasasida yigirma besh yil tahsil ko‘rgach, mudarris domla Mavlono Shohmuhyiddin oxundga yordamchi etib olingan hurmatli inson. Qolaversa, o‘zining pochchasi, mudom rahnamolik qilib kelayotgan mehriboni. Ancha xayolga tolib qolgan Sirojiddin achchiqroq bo‘lsa ham to‘g‘ri javobni lozim topdi:
– Sizni tug‘ishgan og‘amdan ham a’lo ko‘raman, taqsir, – dedi u odatdagi jangari va keskirligiga nomuvofiq tarzda yumshoqlik va mehribonlik bilan. – Ammo, rostini aytsam, sizning yo‘rig‘ingiz bilan mening yo‘lim boshqa-boshqa ekan. Men faqat madrasalarga bog‘lanib umr o‘tkaza olmayman. Men qalbim buyurganini yozishim kerak. Men qalamim birla, hajviyotim tig‘i bilan rishvaxo‘r zolimlar, tekinxo‘r firibgarlarning dodini berishim, sitamdiyda bechoralarning jarohatlangan qalblariga malham qo‘yishim lozim. Bu yo‘ldan qaytuvimni sira iloji yo‘q, zero u mening ixtiyorimdagi imkon emas. Otam masalasiga kelsak, qaytib borgach, tabarruk ul zotning ko‘ngillarini shod etmak yo‘lida jon boricha tirisharman…
– Uzr, maxsum, bu haqda ortiq gap kavlashtirmaymiz, – dedi unga javoban mulla Imomali.
- Jonajonsan, Toshkentimning og‘ushi…
Sirojiddin so‘zida turib, dadasini ranjitmadi, Mirzohid ota taklif etgan qizga uylandi. Ammo, avvalgilari yetmagandek, bundan bu yog‘ida ham kulfatlar qatorlashib turgan ekan: avval dadasi, keyin umr yo‘ldoshi, Omonulla va Fatxulkarim ismli o‘g‘lonlari birin-ketin vafot etdi. Yurak-bag‘ri ayriliq azobida o‘rtanib ketgan Sidqiy Xondayliqiy o‘zini yana ijod bilan ovuntirdi, madrasalarning hujralarida, shoir Xislatning mehmonxonasida, Chorsuda, Shayxontohurdagi ijaraga olingan uylarda kechayu kunduz tinimsiz ijod qildi. Lekin, baribir, oxir-oqibat Toshkentday shahri azim ham unga torlik qilib qoldi… 1919 yildan boshlab tug‘ilgan qishlog‘i yaqinidagi Pargiz degan yerda uy-joy tiklab, sokin hayot kechirishga o‘tdi. Shoir qalbida ona qishlog‘i – Xondayliqda yashash orzusi doimo jo‘sh urib turardi. Ammo shu davrlarda bunga sira imkon yo‘q edi: yigirmanchi yillarda, o‘ttizinchi yillarning boshlarida Xondayliqda do‘ppisini olib kel desa, birato‘la boshini kesib keltiruvchi, har bir narsa ko‘ziga xurofot bo‘lib ko‘rinuvchi shaxslar izg‘ib qolgandi. Ular hatto Sidqiyning akasi Ismoil maxsumni ham tutqun etib, sarsonu sargardon qilishdi. Qishloq xalqining talabi bilan Xondayliqqa qaytib, talabalarga bilim berib yurgan mudarris domla Imomali ham o‘sha “yangi zamon yaratuvchi”lar qutqusidan qochib, Toshkentga ko‘chib ketdi.
Shunday voqealar sodir bo‘layotgan kunlarning birida Sidqiy Xondayliqiy ola biyasini minib, Iskandar qishlog‘i bozoriga kelib qoladi. U paytlarda bozor Iskandar qishlog‘ini kesib o‘tuvchi Xonimariq bilan Kenasariq oralig‘idagi maydonda (hozirgi yakka quvur o‘rnida) bo‘lardi. Bir zarurat yuzasidan rasta oralab yurgan shoir xondayliqlik qarindoshlaridan bo‘lmish usta Bo‘raboyni uchratib qoldi. Ular omonlashib, bir chekkaga chiqib suhbatlashib o‘tirdilar.
– Ha, jiyanim, nega juda xomushsan? – so‘rab qoldi sinchkov shoir.
Bo‘raboy boshiga tushgan tashvishlar, qishloqdagi hangomalarni bildirmoqchi emasdi. Shoirning dardchil ohangdagi bittagina so‘roviyoq uning qalb tugunini yechib yubordi. Bo‘raboy diydasi bo‘shab ketib, o‘zining ham boylar ro‘yxatiga tirkalib qolganligi, bor-yo‘q ro‘zg‘orini, tikuv mashinalarini tortib olib qamaganlari, sarson-sargardon qilganliklarini so‘zlab berdi. Qishloqqa shu kunlarda aslo qadam bosmaslik kerakligini shoirdan o‘tinib iltimos qildi. Sidqiy Xondayliqiy hushyorlikda, zehnda ham juda o‘tkir edi. U o‘zining tashvishga tushganini sezdirmadi-yu, Bo‘raboyga taskin berib, bir oz koyigan ham bo‘ldi:
– Yanglishmasam, hozir yigirma yetti yoshga kirding-a? – dedi shoir jiyanining ko‘zlariga tikilib. Tasdiq javobini olgach, o‘sha shiddatli ohangda davom etdi: – Avvalo, bular hammasi o‘tkinchi ishlar, vaqti bilan joy-joyiga tushadi. Qolaversa, qo‘lingda guldek hunaring bor, mol-dunyo – qo‘lning kiri, o‘rni to‘lib ketar. Darvoqe, sen qo‘li gul ustasan-ku, mening asal haydaydigan mashinam buzilib qoldi, tuzatib berolmaysanmi?
– Jonim bilan, tog‘a! – dedi Bo‘raboy quvonib. – Hozir uyga chiqaman-u, novshadil, qalay, javhar olib tushaman. Ungacha siz primus topib qo‘ying.
Usta Bo‘raboy shu kuni kechga yaqin Sidqiy Xondayliqiyning Pargizdagi hovlisiga kirib bordi. Keyinchalik Bo‘raboy ota Sidqiy Xondayliqiy yashab turgan hovlini shunday ta’riflagan edi: “Tog‘amning uyi Chirchiq daryosiga olib boruvchi yo‘lning o‘ng tarafida joylashgan edi. Uy oldida bir tup tog‘ archasi gurkirab o‘sib turibdi. Yo‘l chekkasi bo‘ylab kattagina ariq oqib o‘tarkan. Ariq yoqasidagi kallaklangan ulkan tol daraxti boshida laylak bola ochgan edi. Hovliga kirgach, angrayib qoldim: hammayoq gulzor. Gullarning ko‘pi menga notanish. Ularga qarab hayron qolasan kishi: go‘yo odam bolasi tikilib turgandek – ko‘zlari, burunlari, og‘izlari ham borday…”
Shoir usta Bo‘raboyni yaxshilab mehmon qildi, tuni bilan turli mavzularda suhbatlashdilar. Ertasi kuni apparatni tuzatib, asal chiqardilar. So‘ng shoir sovg‘a-salomlar bilan Bo‘raboyni uyiga kuzatdi. Munavvar yuzli shoirning ruxsori tabassumli edi-yu, ammo qalbi chok-chokidan so‘kilib iztirob chekardi: “Xondayliqqa qaytishdan umid uzsam ham bo‘lar ekan…”
Jigargo‘sha hamqishloqlar diydorlashuvi 1928 yilda sodir bo‘lgan edi. Yuz yoshdan ziyod umr ko‘rgan Bo‘raboy ota hayotining oxirigacha mudom iztirob bilan gapirib yurdi: “Shu uchrashuvdan so‘ng har xil tirikchiligu tashvishlar bilan o‘ralashib, Sirojiddin tog‘amnikiga uzoq vaqt bora olmadim-a! Ko‘p o‘tmay vafot etib ketishlarini bilganimda edi, har kuni xabar olmasmidim!..”
- Mangulik yo‘lida
Beayov o‘lim Sirojiddin Sidqiy Xondayliqiyni 1934 yilning kech kuzida hayotdan olib ketdi. Tavalludiga bir yuz o‘ttiz yil to‘layotgan shoir xotirasi Mustaqilligimiz sharofati tufayligina yuksak e’zoz topib bormoqda.
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 7-son