Hamidjon Homidiy. Maqsud muallim

Men davrimizning buyuk adibi Maqsud Shayxzodadan bevosita tahsil ko‘rganman, ilmiy tad­qiqotim bo‘yicha ko‘p saboq olganman. 1958 yildan umrlarining oxirigacha ustod Shayxzoda bilan ko‘p hamroh yurganman, uylarida bo‘lib, Sokina opa pishirgan, «ozarcha holvayu oshlarini» yeganman. Ustod shogirdlariga o‘ta mehribon, g‘amxo‘r, homiy edilar. Aksariyat paytlari bizlarga tushlik olib berib, choychaqa ehson qilib yurardilar. U kishi haqidagi shirin tuyg‘ular hamisha go‘shai xotiramda. Ulardan bir nechasi qog‘ozga tushdi.

Amri ma’ruf

Institut ko‘pnusxali gazetasining yumushi bilan ustozimiz Sharifa opani qidirib o‘zbek adabiyoti kafedrasiga kirsam, bir yosh shoir o‘tirgan ekan. Salom-alikdan so‘ng:
– Keling, og‘ayni, qaysi shamol uchirdi? – dedim.
– O‘zim, shunday. Bir Maqsud muallimni ko‘rib kelay devdim, – javob berdi u.
O‘qishdan, ijoddan suhbatlashib o‘tirdik. Shu orada Maqsud muallim ham kirib keldilar (Shoir Shayx­zodani ko‘pchilik ziyolilar donishmand ustod sifatida shunday atashardi). Hamma bilan samimiy ko‘rishgach, ozarbayjonchasiga mutoyiba qildilar:
– O‘zlaridan so‘rasak, mulla Abdulhamid, o‘qishlari qalay?
– Rahmat, muallim, durust, – iymanib javob berdim.
– Xayriddin Salohni ko‘rib turibsizmi?
– Ha, o‘qishga kelayapti.
– Aytmoqchi, bugun amri ma’ruf o‘tkazmoqchimiz. Mar­hamat qilsinlar, – ta’kidladilar xonadan chiqib ketayotib.
Kechqurun fakultetdagi adabiyot ixlosmandlari yig‘ildik. Qudrat, Hikmat, Xayriddin Saloh, Yusuf Shomansur, Pirmat Shermuhamedov kabi yosh ijodkorlar o‘z mashq­laridan o‘qib berishdi. Maqsud muallim ijodiy ish­lardagi yutuq va kamchiliklarni aytib, qalamkashlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdilar, badiiy ijod to‘g‘risida suhbat o‘tkazdilar.

O‘sha kezlari Maqsud Shayx­zoda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida adabiyot tarixidan dars berardilar. Filologiya fakultetining kechki bo‘limi qoshidagi adabiyot to‘garagiga rahbarlik qilardilar. To‘garakning har bir mashg‘uloti chinakam ijod bahsiga, ustozning bilim berish, saboq aytish onlariga – amri ma’rufga aylanardi.

Men Maqsud muallim suhbatidan, o‘git va maslahatlaridan ko‘p fayz topganman. U kishining nurli qiyofasi hamisha ko‘z o‘ngimda. Domlaning Natan Mallaev, Abdulla Boboxonov, Malik Murodov kabi adabiyotshunos shogirdlari, Sharifa Abdullaeva, Tesha Salimov, Hakim Homidiy singari kasbdoshlari davrasida bo‘lganimda ularning ustoz haqidagi xotiralarini jon-dilim bilan tinglaganman. Maqsud muallimning aspirantlar bilan o‘tkazgan har bir suhbati ham, yor-do‘stlari bilan bo‘lgan mehmondorchiligi ham haqiqiy amri ma’rufga aylanardi. Atoqli kimyogar, biolog olimlarimiz – Hamdam Usmonov va Yorqin To‘raqulov ham muallimning ana shunday gurunglaridan bahra topgan.

Maqsud muallim barchaga bir xil, dilkash muomalada bo‘lardilar. Har qanday kasb sohibi bilan ham tez til topishib, iliq suhbatlashib ketardilar.

Domlaning so‘zga boyligi, hamisha xalq jonli tiliga mehr bilan qarashi haqida ko‘p naqllar bor. Kunlardan bir kun Shayx­zoda cho‘ponlarga mehmon bo‘ladi. Hamma o‘tovda davra qurib o‘tirardi. Maqsud muallim poygakroqda – eshik oldida o‘tirgan ekan, mezbon «Domla, ichkariroqqa o‘ting, u yer yelvizak», – debdi.

Odatda o‘tov eshigi ro‘parasida darcha bo‘ladi. G‘uvillab esgan shamol xona havosini tozalab turadi. Shoir she’rlarida qo‘llaniladigan «elvizak» so‘zining tarixi ana shunday. Maqsud muallim bu kashfiyot uchun cho‘ponga ko‘p tashakkur aytibdilar.

Yashasin tabassum!

Kunlardan bir kun institut hovlisidagi tamaddixonada choyxo‘rlik qilib, chaq-chaqlashib o‘tiruvdik. Maqsud muallim ko‘p gurung berdilar, Fuzuliydan g‘azallar o‘qidilar. Nafis lutf, mutoyiba bilan hammamizni xushnud etdilar. «Mini amri ma’ruf» o‘tkazdilar.

Some’lardan fors tili donishmandi Latifxon domla:

– Maqsud muallim, Siz bilan bir soniya o‘tirsak ham olamjahon halovat olamiz. Fuzuliyning Siz o‘qigan g‘azalini devonida uchratmovdim. Men uchun kashfiyot bo‘ldi, bisyor tashakkur, – dedi.

– Mulla Abdullatif, maslakdoshlarning dilkash davrasida faqat xursandchilik, shodlik haqida, ma’rifat xususida gapirmoq zarur. O‘tmish g‘ussalariyu hasrat-nadomatlariga bunday joylarda o‘rin yo‘q. Ha aytmoqchi, «Yashasin tabassum, yo‘qolsin qayg‘u!» demishlar mashoyixlar, ta’kidladilar Ustod.

Keyinchalik bu ibora adibning she’rlariga ko‘chgan, hikmatga aylanib ketgan.

Ustozlarga izzat ko‘rsating!

Maqsud muallim o‘zaro suhbatda, mushoira soatlariyu ilmiy maslahatlarda bizga adabiyot nazariyasi, madaniy merosga munosabat bo‘yicha saboq berardilar, axloq-odob, muomala madaniyati, yoshi ulug‘larga, xususan, ustozlarga izzat borasida o‘gitlar berardilar. Jumladan, «bir begona kishi siz bilan uchrashib, so‘rashsa, sizni suhbatga tortsa, tomdan tarasha tushgandek «Men sizni tanimay turibman», demang. Musohaba jarayonida uning kim ekanligi o‘z-o‘zidan ma’lum bo‘lib qoladi. Kattalarga, ayniqsa, ustozlarga gap orasida «Unday emas, mana bunday bo‘ladi», deb tanbeh berguvchi, aql o‘rgatuvchi bo‘lmang», – der edilar.

Bir kuni tabiiyot-geografiya fakultetiga akademik Yunus aka Toshpo‘latovni ziyorat qilgani bordim. Xonalarida bir oz suhbatlashib o‘tirgach, hamroh tushlik qilishni taklif etdilar. Hovliga chiqib, oshxonaga qarab ketayotuvdik, professor Madaminjon ro‘para kelib qoldi. Salom-alikdan so‘ng Yunus aka:

– Xo‘sh, Madaminjon aka, bola-chaqa yaxshimi, ishlaringiz durustmi, sog‘liqlar qalay? – deb so‘rab qoldi.

– Yaxshi, domlajon. Lekin men sizdan o‘n yosh kichikman-u, «aka» deysiz. Meni xijolatga qoldirib bunday demang, – dedi qat’iy bir ohangda.

– Shundayku-ya, lekin bu yerda yosh emas, mehr-e’tibor, bolam, mehr-e’tibor, – ta’kidladi ustoz.

Haligi professor «churq» etolmay qoldi. Yodimga Maqsud muallimning nasihati tushdi. «Inson qalbiga ozor yetadigan bo‘lsa, rost gapni, haq so‘zni aytmaslik ham savobdir» deganlari haq ekan.

«Rustami doston madadkor bo‘lsin!..»

Aspirantlik yillarim edi. O‘zbek adabiyoti kafedrasiga kirib borsam, to‘rdagi stolda Maqsud muallim og‘izlarida papirosu «Kazbek»ning orqasiga allanima yozib o‘tirgan ekanlar. Stol ustida esa gazetaga o‘rog‘lik bir narsa. Salom-alikdan so‘ng:
– O‘zlaridan so‘rasak, mullo Abdulhamid? «Shohnoma» nima bo‘layapti, Natanni ko‘rayapsizmi? – deya so‘rab qoldilar.
– Rahmat, muallim. «Shohnoma»ning dastxati katta ekan, o‘qiyapman. Kecha Natan Mallaevning huzurlarida bo‘luvdim.
– Firdavsiy – buyuk zot. Yaxshilab uqib oling. Bizning ham yana bir ko‘rgimiz bor. Darvoqe, Moskvadagi «Nauka» nashriyoti Rudakiy asarlarining yangi tarjimasini asli bilan nashr etibdi. «Shoirlar Odam Atosi»ning mahorati haqida Braginskiyning durustgina tad­qiqoti ham bor emish.
– Ha, shunday, muallim. Men u kitobni xarid qilganman. Lozim bo‘lsa, keltiraman.
– Albatta, albatta!

Suhbat orasida ustodning betoqatlanayotganliklari sezilib turardi. Aniqlanishicha, domlalardan biri soat ikkida kafedrada uchrashishga va’da bergan ekan. Vaqt esa beshga yaqinlashmoqda edi.
– Maqsud muallim, qanday yumush bor edi, biz bajara olmaymizmi? – tortinib so‘radim.
– Mana shu hujjatlarni (stol ustidagi o‘rog‘lik qog‘ozga ishora qilib) VAKka jo‘natish lozim ekan.
(Chunki o‘sha kunlari ins­titut ilmiy kengashi ustozga «professor» unvoni berish haqida qaror qabul qilgandi. Bu olamning ishlari qiziq. Shunday zabardast donishmand­ga «markaz» bu unvonni munosib ko‘rmadi).

Men tugunni olib, ustoz bilan Beshog‘och bozori tomon piyoda suhbatlashib ketdik. Bozordan quti sotib olib, ilmiy asarlarning ayrim nusxalari bo‘lmish haligi hujjatlarni unga joylab, jo‘natdik. Ustoz aloqa xodimlari bilan o‘zlariga xos hazil-mutoyiba qildilar. Pochtadan chiqib ko‘chalari tomon suhbatlashib borarkanmiz:

– Muallim, Bahromjonni bog‘chadan bugun men olishim lozim edi, – dedim izn so‘ragandek.
– E, shundaymidi? Rustami doston sizga madadkor bo‘lsin.
Maqsud muallim bilan xayr-xo‘shlashib, bog‘chaga yo‘l oldim.

Men ustozning turmushdagi achchiq-chuchuklardan, ayrim munofiq kimsalaru hamkasblardan yetgan aziyatlardan aslo shikoyat qilmasliklarini, umuman, badxohlarni va badxohlikni tilga olmaslikka intilishlari haqida ko‘p eshitganman. Mana bugun ham, falonchi va’da berib kelmadi-ya, degan fikrni hatto yuzlaridan ham uqolmadim.

Universitetda Maqsud Shayx­zoda tug‘ilgan kunni har yili nishonlash an’anaga aylangan. Ikkinchi qavatdagi o‘quv muzeyi talabalar, Shayxzoda shogird­lari bilan liq to‘la. Bir tomonda shoir asarlarining turli nashrlari qo‘yilgan ko‘rgazma. To‘rda esa nuroniy Maqsud muallim ko‘zoynak ostidan ma­yin tabassum bilan nigoh tashlab «O‘zlaridan so‘rasak», deb turibdilar.

“Ma’rifat” gazetasidan olindi.