O‘quvchilik yillarimiz qishloq oqsoqoli Abdullajon buva mahalla yoshlariga Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanidan parchalar o‘qib berardi. Buning evaziga biz u kishining ekin-tikinlariga qarashib turardik. O‘shanda bizni ikki kundosh o‘rtasidagi janjal emas, Homid boshliq jinoyatchilarning qilmishi, Otabekning bir o‘zi uch kishini yer tishlatishi ko‘proq qiziqtirgan. Keyinchalik universitetda talabchan domlalarimizga imtihon topshirish uchun romanni tezob o‘qib chiqqanman. Oradan yillar o‘tib, adabiyot gazetasida ishlayotgan kezlarim uni o‘zim uchun astoydil o‘qib chiqdim. Bu – chinakam o‘qish bo‘ldi. “Uchinchi o‘qish” sarlavhali maqola yozdim. Bugun karantin bois uyda o‘tirar ekanman, asarni yana qo‘limga oldim. O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning: “Otabek, ketdingiz, ayta-ayta, bek, Bu millat yaraldi qayta-qayta, bek. “O‘tkan kunlar”ni-ku, o‘qib turibmiz, O‘tmagan kunlari qayda, qayda, bek?”, degan satrlari turtki berdimi, qo‘limga qalam olib, asarning to hanuz o‘tmagan, o‘tmaydigan, hech qachon xira tortmaydigan tiliga qiziqdim.
“Sharq” NMAK Bosh tahririyatida chop etilgan to‘plamga adibning ikki romani – “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” hamda kichik asarlari jamlangan. Yozuvchining tili o‘quvchini o‘ziga ohanraboday tortadi. Har bir so‘z, ibora, qiyos, qochirim, tagdor fikr uzukka ko‘z qo‘yganday ishlatilgan. Tilimizning boyligidan faxrlanging keladi. Qodiriyshunoslik ilmiga hissa qo‘shish qiyin, ammo bugungi o‘quvchilar, ayniqsa, yosh ijodkorlar adibning badiiy ifoda mahorati, so‘z tanlash san’atidan bahramand bo‘lsalar, degan maqsadda alohida daftarga o‘zim uchun qaydlar qilib, o‘qishda davom etaman.
“O‘qush – o‘rganish” sarlavhali maqolada muallif Chexovning kichik asarlar yozganda so‘zni ortiqcha isrof qilmaslik haqidagi fikrini keltiradi va bu xususiyatni “Buqalamun” hikoyasi asosida ko‘rib chiqadi. Uning fikricha, “Chexovning so‘zga xasisligi o‘quvchiga malol kelmaydi, aytmoqchi bo‘lgan fikrining tushunilishini og‘irlashtirmaydi”. G‘oyat nozik kuzatuv. Faqat shu hikoyaga emas, Chexov domlaning barcha asarlariga xos xususiyat bu. Qodiriy fikrini davom ettiradi: “Hikoyani “ser suv” (ko‘p so‘zli) qilaturg‘an narsalardan biri – ko‘rsatish o‘rniga so‘zlab berishdir. Agar Ochumilovning “Buqalamun” ekanini uning so‘zlari orqali ko‘rsatilmasa, avtor tomonidan ta’riflansa, dunyo-dunyo so‘z ketar edi. Chexov buni o‘zi aytib bermasdan, Ochumilovning o‘z so‘zi bilan ko‘rsatadi”.
Hikoyadan bir parcha:
“Ochumilovning dastlabki fikri: “Itni o‘ldirish kerak, quturg‘an bo‘lsa ham ajab emas”.
It generalga qarashli, deyilganidan keyin: “It nozik, sen ho‘kizday, bo‘yningni qara!”.
Yana, it generalniki emas, deyilgandan keyin: “Generalning itlari qimmatbaho narsalar edi. Bu bo‘lsa, egasiz daydi itga o‘xshaydi Epaqalik yungi ham yo‘q. Shunday bema’ni itni ham saqlaydimi kishi!”.
Yana, it generalniki, deyilgandan keyin: “Balki qimmatbaho zotli itdir”.
Oshpaz, it generalniki emas, degandan keyin: “Bu egasiz daydi it”.
It generalning akasiga qarashli ekani ma’lum bo‘lganda: “Yaxshig‘ina it ko‘rinadi. O‘lguncha yugurdak ko‘rinadi”.
Qodiriyning yozadi: “Bu dialoglarga avtorning hech qanday izohi kerak emas. Ular ham voqeani siljitadi, ham hikoya qahramoni Ochumilovni xarakterlaydi”.
“Sovet adabiyoti” jurnalining 1936 yil 3-sonida e’lon qilingan bu muxtasar maqola so‘nggida muallif Lev Tolstoyning “Tabi’atni tasvir qilg‘anda mayda bo‘laklar olish va bularga shunday tartib berish kerakki, o‘qib ko‘zingni yumganingda ko‘z oldingga bir manzara kelsin”, degan fikrini keltiradi va “Buqalamun” hikoyasidan biron so‘zni chiqarib tashlash yoki unga biron so‘zni qo‘shish mumkin emasligini urg‘ulaydi. Yuqorida keltirilgan iqtibos buni yaqqol isbotlab turibdi.
To‘plamning 4-sahifasida “Yozg‘uchidan” sarlavhali kichik izoh so‘zi bor. Undagi “Moziyg‘a qaytib ish ko‘rish xayrlik deydilar. Shunga ko‘ra mavzu’ni moziydan, yaqin o‘tkan kunlardan, tariximizning er kirlik, qora kunlari bo‘lg‘an keyingi “xon zamonlari”dan belgiladim”, degan jumlalar kitobxonga yod bo‘lib ketgan. Ammo ushbu so‘zboshining ikkinchi xatboshisidagi “Yozmoqg‘a niyatlanganim ushbu – “O‘tkan kunlar” yangi zamon ro‘monchilig‘i bilan tanishish yo‘lida kichkina bir tajriba, yana to‘g‘risi, bir havasdir”, degan kamtarlik hammaning ham yodida bo‘lmasa kerak. Lev Tolstoy, Chexov kabi zabardast adiblar ijodi va badiiy ifoda mahoratidan boxabar bo‘lgan adib, o‘zining fikricha, “kichkina bir tajriba”ni qog‘ozga shunday tushiradiki, “Buqalamun”ga o‘xshab, unga ham biror so‘z qo‘shish yoki matndan biror so‘zni olib tashlashning iloji yo‘q. Asar voqeligi asta-asta yorishib boradi, muallif o‘quvchini bo‘lajak xush-noxush holatlarga ehtiyotkorlik bilan tayyorlaydi. O‘zi ham, o‘quvchi kabi, goh quvonadi, goh adoqsiz iztirobga tushadi.
“O‘tkan kunlar”da bugun iste’moldan chiqqan yoki kam ishlatiladigan, ma’nolari yodimizdan ko‘tarilgan g‘oyat ko‘p so‘z va iboralar tilimizning naqadar boy, nafis va latofatli ekanidan dalolat beradi. Iste’dodli adib Xayriddin Sultonov bu muazzam asarning har bir satri haqida bittadan hikoya yozish mumkin”, deydi. Ha, shunday, adibning ba’zi so‘z va iboralari jiddiy tadqiqotga asos bo‘la oladi. Taniqli olim Nurboy Jabborovning Yusufbek hoji tilidan aytilgan bir jumladagi “ham” bog‘lovchisi xususida nozik kuzatuvi bor. Filologiya fanlari doktori Bahodir Karimovning “Boburnoma”dan “O‘tkan kunlar”ga” sarlavhali tadqiqot maqolasida Abdulla Qodiriy romanlarining “betakror jozibasi, tilidagi go‘zallik, obrazlilik, aniqlik, tasviriylik kabi fazilatlar hozirgacha o‘quvchilarni hayratga solishi, adibning badiiy mahoratini, asarlari umrboqiyligini barcha birdek e’tirof etishi” haqida gap boradi. Men esa asarda ishlatilgan noyob so‘z va iboralar, go‘zal tashbehlar, o‘xshatishu qiyoslarga havaslanib qarayman. “O‘tkan kunlar”ning o‘tmagan tili” deganda bu mashhur asar voqeligi o‘tgan asrda qolib ketgan bo‘lsa-da, tili qolib ketgani yo‘q, u bugun ham bor jilosi bilan yashamoqda, milliy adabiyotimiz, badiiy tafakkurmiz rivojiga xizmat qilmoqda, demoqchiman. Bunga hamma beistisno ishonch hosil qiladi. Mana, o‘sha qaydlar.
“Hasanalining Otabeklar oilasida qullikda bo‘lg‘anig‘a elli yillar chamasi zamon o‘tib, endi Otabeklar oilasining chin bir a’zosi bo‘lib ketkan. Xo‘jasi Yusufbek hojiga, ayniqsa, xo‘jazodasi Otabekka toat va ixlosi tom bo‘lib, buning evaziga ulardan ham ishonch va hurmat ko‘rar edi (B.6).
Ziyo shohichinikida Otabekni mehmon qilish uchun uyushtirilgan ziyofat. “Ahli majlis Otabekni ko‘klarga ko‘tarib maxtar edi, lekin Homid bu maxtashlarg‘a ishtirok etmas va nimadandir g‘ijing‘andek ko‘rinar edi. Shu orada qutidorning “uylang‘anmi?” deb Hasanalidan so‘rashi Homidga yana boshqacha holat berdi. Hasanalining so‘rag‘uchiga bekning qiz yoqtirmasligini sabab ko‘rsatib, shu kungacha uylanmay kelganligini tafsili bilan hikoya qilib berishidan so‘ng ul toqatsizlang‘andek bo‘ldi:
– Balki begingizning ta’malari xon qizidadir,– dedi istehzo bilan Homid, – bundog‘ yigitlar uylanganlarida ham kishi qizini umr bo‘yi azob ichida o‘tkazadirlar…
Sababiga tushinish qiyin bo‘lgan bu istehzoga qarshi Hasanali sukut qilmadi.
– Men uning xon qizini olish maqsadi borlig‘ini bilmayman, – dedi kulimsirab,– biroq u xon qizini olsa arzimaydirgan yigit emas… Hatto zarxarid quli bo‘lganim holda menga ham qattig‘ so‘z aytishdan saqlang‘an bir yigit o‘z nikohida bo‘lgan ozod bir qizg‘a, albatta, zahmat bermas, deb o‘ylayman. Ba’zi xotin uradirgan, xotin ustiga xotin olib, xotinlariga zulm qiladirg‘an hayvonsifat kishilardan bo‘lib ketishi, menimcha, ehtimoldan juda uzoqdir, inim mulla Homid…
Hasanali o‘tkan faslda Homidning o‘z og‘zidan xotinlariga qarshi qamchi ishlatganini eshitkan edi. Shunga binoan uning bu oxirgi jumlasi Homidni yerga qaratib, lom deyishka majol bermay qo‘ydi. Ziyo shohichi qaynisi Homidga “Tuzlatildingmi?” degandek qilib qaradi va Hasanalidan afu so‘radi:
– Kechirasiz, ota, – dedi, – Bizning Homidboy shunaqa qo‘lansa gaplar uchun yaratilg‘an odam” (B.15).
Kitobxonning Kumushbibi bilan ilk tanishuvi: “Shu vaqt ko‘rpani qayirib ushlagan oq nozik qo‘llari bilan latif burnining o‘ng tomonida, tabi’atning nihoyatda usta qo‘li bilan qo‘ndirilg‘an qora xolini qashidi va boshini yostiqdan olib o‘lturdi. Sariq rupoh atlas ko‘ynakning ustidan uning o‘rtacha ko‘kragi bir oz ko‘tarilib turmakda edi. Turib o‘lturgach, boshini bir silkitdi-da, ijirg‘anib qo‘ydi. Silkinish orqasida uning yuzini to‘zg‘ig‘an soch tolalari o‘rab olib, jonso‘z bir suratka kirgizdi. Bu qiz suratida ko‘ringan malak qutidorning qizi – Kumushbibi edi” (B.22).
Jon o‘rtovchi, azob beruvchi ma’nosidagi “jonso‘z” iborasi asarning o‘rtasida ham (B.131) uchraydi: Kumushbibi Otabekning tilidan yozilgan soxta taloq xatini o‘qir ekan: “…ul bu maktubni o‘zining so‘ng tomchi kuchi bilan o‘qub tamom qildi-da, jonso‘z bir tovush ila “uyatsiz!” deb qichqirdi va yerga yiqilib o‘zidan ketdi…” Bu jumladagi ta’sirchan “qichqirdi” so‘zidan avval adib “jonso‘z”ni ishlatib, Kumushbibining nogahoniy zarbadan keyingi holatini aniq tasvirlagan.
“Kumushbibining sezilar-sezilmas kulimsirashidan yoqutdek irinlari ostidagi sadafdek oq tishlari ko‘rinib ketdi ersa-da, biroq uning bu holi tezlik bilan tundliqqa alishindi (B.24).
Oftob oyim Otabek haqida: “O‘zim ko‘rmadim, ammo ko‘rguchilarning so‘zlariga qarag‘anda o‘xshashsiz ko‘rkam, tengsiz aqlli bir yigit emish (B.40).
Otabek Kumushbibining lablari ustidagi qora xolig‘a ishorat qilib: “Shu yerdan bir o‘pish bersangiz siz ham katta esdalik hozirlagan bo‘lur edingiz, – dedi. Kumushbibi qizarindi (B.47).
“…Bu kun soat o‘n ikkida Otabek va qutidorning isyonchilik gunohi bilan dorga osilishlarini jarchi shaharga xabarlab yurar va xalq og‘zida Otabeklarning emish-memish hikoyalari edi… Qo‘rboshi nimanidir so‘zlamoqchi bo‘lsa ham, negadir uning tili osonlik bilan harakatga kelmas va o‘zi ham bir turlik o‘ng‘aysizlikda edi. Nihoyat qo‘rboshi o‘ziga bir turlik jasorat berdi: “Bobolar: “Dunyoniki miri kam ikki” deganlar,– dedi, – to‘g‘risi ham shundog‘: o‘zingni yuz yoqqa ursang ham tiriklikning yana bir boshqa yamog‘i chiqib turadir… (B.69).
Otabek bilan qutidor isyonchilikda ayblanib, jallodning qo‘liga topshirilgan paytda Kumushbibi qaynotasining o‘g‘liga yozgan maktubini topib, uni o‘rdaga olib keladi. Har ikkisini dor tagidan qaytaradilar. Otabek qushbegidan so‘raydi: “Qo‘lingizdagi maktub bilan ehtimol biz oqlang‘an chiqarmiz?– Qushbegidan tasdiq ishorasini olib davom etdi: – Hozir biz sizning adolatlik hukmingizdan bir narsani so‘raymiz: ul shuldurkim, bizning to‘g‘rimizda yomon maqsad bilan sizga chaqimchilik qilguchi e’vogar va g‘arazgo‘ylar bu majliska hozirlansinlar-da, o‘zlarining mash’um kashflarini va yo ko‘rgan-eshitkanlarini isbot qilib, bizni qayta boshdan dor ostig‘a yuborsinlar. Bil’aks, isbot qila olmas ekanlar, bizga qazig‘an chuqurlarig‘a o‘zlari yiqitilsinlar…”
– Talabingiz o‘rinlik,– dedi qushbegi, ammo xasmingizni bu majliska hozirlash uchun vaqtimiz ozdir va lekin bu kun uni qo‘lg‘a olarmiz va birisi kun beshovingizni bir yerga jam’lab o‘z hukmimizni berarmiz,– dedi” (B.79).
Ushbu jumladagi “xasm” so‘ziga Qodiriyning izohi: dushman, raqib. “Qiz bola – birovning xasmi”, degan maqolimiz bor yoki uni shunday aytamiz. Taniqli adib Komil Avaz qalamiga mansub kitobchada ko‘rdim: “Qiz bola – birovning xasmi” emas, xasbi. Xasb – omonat”. Demak, “Qiz bola – birovning xasbi” deyish ham mumkin.
Romanning “Ota-ona orzusi” bo‘lagi muallifning O‘zbek oyimni kitobxonga tanishtirishdan boshlanadi. O‘quvchi ko‘p hollarda ularga jiddiy e’tibor bermay, o‘qishda davom etaveradi. Asardagi asosiy fojia ayni shu xarakter bois yuzaga kelgani keyinroq ma’lum bo‘ladi: “O‘zbek oyim elli besh yoshlar chamaliq, chala-dumbul tabiatlik bir xotin bo‘lsa ham, ammo eriga o‘tkirligi bilan mashhur edi… O‘zga xotinlar uning soyasiga salom berib, to‘ylarida, azalarida, qisqasi, tiq etkan yig‘inlaridag‘i uylarining to‘rini O‘zbek oyimg‘a atagan edilar. Bir bugina emas, qiz chiqaraturg‘an, o‘g‘il o‘ylantiradirg‘an, sunnat to‘yi qiladirg‘an xotinlar o‘z to‘ylarini O‘zbek oyim kengashidan tashqari jo‘nata olmas edilar… “O‘zbek oyim shundoq buyurdilar” degan so‘z erlar uchun ham farz kabi eshitilib, O‘zbek oyimning aytkanicha hozirlik ko‘rila boshlanar edi…” (B.98)
Romanning yakunrog‘ida O‘zbek oyimning o‘zi haqidagi fikri bundan-da balandligi aytiladi. Oftob oyim qizini olib qutidor bilan birga Toshkentga keladi. Kunduzi mehmondorchilik avjiga chiqadi. “Shomga yaqin mehmonlar tarqalishdilar. Mehmonxonada hoji, qutidor, Hasanali va Otabek qolg‘an edilar. Ichkarida O‘zbek oyim mehmonlarni kuzatib bo‘lib, Kumush bilan onasidan ho‘ppak olar edi: “Men sizlardan juda xafa bo‘lg‘an edim. Sizlarni churuk lattaga tugib, toqchaga tashlash darajasiga yetgan edim. Nahotki uch yil bo‘lsa-yu, bir yo‘li o‘z bilgularingizcha kelmasalaringiz… Axir manim ham o‘zimga yarasha obro‘m bor. Toshkandda kimsan Yusufbek hoji deganning ko‘chiman. Xudoyorxon ham bir kun kechasi kelib bizga mehmon bo‘ldilar…. Qushbegining uy ichlari bo‘lsa, bir ishni manim kengashimsiz qilmaydilar… (B.258).
“Kimsan Yusufbek hoji deganning ko‘chiman” degan jumlaga qaytamiz. Bahodir Karimov yuqorida zikr etilgan maqolasida “ko‘ch” so‘zining ko‘lamini izohlaydi: “Adabiy asar o‘qilib, badiiy matnga evrilar ekan, undagi semantik elementlar – tovush, bo‘g‘in, so‘z kabi uvoq unsurlar poetik g‘oya va mantiq vositasida birlashib muhtasham semantik maydonni bino qiladi. Matn ichida so‘z tiriladi, tovushlar jonlanadi; so‘zning qadr-qiymati ortadi va ma’nosi kengayadi. Turli zamonda yashagan ikki adib qo‘llagan nodir, ochqich-kalit so‘zlarning o‘xshashligi, takrori va ma’no uyg‘unligi tipologik-intuitiv taqqosga asos beradi… “Boburnoma”da qo‘llangan bir qancha nodir so‘zlarni Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar”da ishlatadi; o‘z o‘rniga tushgan jonso‘z romanga joziba bag‘ishlaydi… Esga olamiz: Otabekning qutidor eshigidan quvilib, Toshkentda nisbatan uzoq qolib ketgan kunlarining birida Hasanali undan Marg‘ilonga ketmay yurishi sababini so‘raydi: Otabek: “Havsala yo‘q”, degach: “Qayin otangiz ko‘nsa, ko‘chingizni olib kelsangiz ham ma’qul edi qatnab yurg‘andan”, deya taklif aytadi. Bu o‘rinda “ko‘ch” – xotin, oila ma’nosida… “Boburnoma”da ham “ko‘ch” so‘zi “oila, xotin” ma’nosida keladi: Bobur 1497-1498 yillar voqealarida yozadi: “Beklar va ichkilar va yigitlarkim, meni bila qolib edilar, aksarining ko‘chlari Andijonda edi”.
O‘zbek oyimning tarifi davom etadi. Bu ayol, aslida chala-dumbul bo‘lsa-da, hukmfarmolik cho‘qqisini egallab, “kovshim ko‘chada qolg‘an emas”, deya uncha-muncha joyga bormaydi, o‘zidan boshqa hech kimni mensimaydi. Xalq tilida shunga o‘xshash: “Qozoni zang bosganlardan emas”, “Yirtig‘ining yamog‘ini ipak bilan tikadiganlardan”, “Osh yemasa ham mo‘ylovidan yog‘ arimaydi” kabi sifatlashlar bor. Roman asosida suratga olingan har ikki filmda O‘zbek oyimning chala-dumbulligi uncha ko‘rinmaydi. Ota-bola qipchoqlar qirg‘ini xususida bahslashib qolganda, Yusufbek hoji o‘g‘liga: “Ba’zi yengil muhokamalaring onangnikidan qolishmaydir, Otabek”, deydi (B.230). Shunga qaramay, muhtaram aktrisalarimiz O‘zbek oyimni aql-farosat bobida yetuk qilib tasvirlaganlar. Balkim, shunday bo‘lishi kerak bo‘lgandir. Negaki, chala-dumbullarning baland mavqega ega bo‘lishi o‘tmishda qolib ketgan hodisa emas. Bundaylar (xoh xotin, xoh erkak), ajabki, mansab va mavqe pillapoyalaridan juda tez ko‘tariladilar. Bunisiga chidasa bo‘ladi, ammo chala dumbulliklari o‘zlariga ayon bo‘lgani holda, aqli rasolarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishlariga dosh berish qiyin.
Otabek onasining qistovi ostida uylanishga rozi bo‘ladi va to‘ydan oldin Marg‘ilonga jo‘naydi. “Har gal Marg‘ilon borg‘anida olib boraturg‘an nafis sovg‘alari bu gal juda zaharlik, ortiqcha alamlik bir sovg‘aga aylangan, Kumushbibi bu sovuq kundash sovg‘asini ko‘rganda ehtimol… nimalar bo‘lar va qandog‘ hollarga tushar edi” (B.105). Bu jumladagi “kundash” so‘zida bugungi o‘quvchi uchun odatdagi “o” harfi o‘rniga “a” ishlatilgan. Ilmiy manbalardan birida, “kundash” (hasadgo‘y, g‘ayirlik qiluvchi) deb yozilishi to‘g‘ri deyiladi. “Kundosh”da bir kunlik hamroh degan ma’no ham bor.
Otabek Marg‘ilonga qaytadi. Adib ko‘klam paytini Tolstoy bobo ta’kidlaganidek, o‘qib ko‘zni yumsangiz ham xayolingizda aniq manzara hosil bo‘ladigan darajada, mo‘yqalam ustasi kabi tiniq tasvirlaydi: “…qirlar, tog‘lar, soylar; ko‘k-qizil, oq-qora, sariq-zangor, pushti-go‘las va tag‘in allaqancha ranglik chechaklar bilan ustlarini bejab, qishi bilan to‘nggib, arang yetishgan oshiqlarig‘a yangi hayot, yangi umid beradilar. Qish bo‘yi allaqaysi go‘r ostlarda junjib chiqqan qush zotlari: chumchuqlar, chittaklar, to‘rg‘aylar, sa’valar va boshqa allaqancha qush durkumlari o‘z to‘plari bilan vijir-vijir, chug‘ur-chug‘ur sayrab kuladirlar, yer yuzini tutgan chechak gilamlari ustini o‘pib yalaydirlar, yotib cho‘qiydirlar, sapchib uchadirlar… (B.105-106).
Muallif “qulog‘i qushlar nag‘masida bo‘lgan” Otabekning holatini shu qadar mohirlik bilan tasvirlaydiki, kitobxon unga mahliyo bo‘ladi: “Hov ana bir qaldirg‘och, to‘g‘riga qarab o‘qdek otilib boradir… Baxtli qaldirg‘och: olg‘an sovg‘asi ham qo‘rqunch emasdir, ota-onasining ham orzu-havasi yo‘qdir. Ularning turmush qonunlari juda yengil, ikav-ikav suygan-suyganni oladirlar-da, tog‘larda, yerlarda, ko‘klarda uchib yuruyberadirlar… Uning qaldirg‘ochlik qanoti ota-ona mukofoti bilan qayrilgan. Unga uchkali erk bermaydirlar” (B.106).
Yusufbek hojining Mirzakarim qutidorga yozgan maktubida oilada yuzaga kelgan muammo mohiyati qutidorga o‘zaro hurmat maqomida sipolik bilan tushuntiriladi. Hoji qudasidan Otabekni uylantirishga izn so‘rar ekan, qizlarini Toshkandga yubormaganliklaridan ozroq gina qiladi, ayni chog‘da, tarozi pallasini o‘zi tomonga ko‘p og‘dirmaydi: “Kaminalari bu xususdagi aybni sizning ustingizga butunlay yuklay olmaymiz, zeroki, bizning boshimizda bo‘lg‘an “yolg‘iz tuyoqlik” savdosi sizning ham boshingizda bordir (B.110).
Romanning “Isitma orasida” bo‘limi Marg‘ilonning shimol tarafidagi mahallalardan birining “tomonlari buzilib-yorilib yotqan xaroba imoratlari” tasviri bilan boshlanadi: “Havlining o‘rta yerida pakanagina baliq tut o‘sib, ostig‘a kul va boshqa axlatlar to‘plangan edi…” (B.137). Bunday navli tutni bilmas ekanman. Lug‘atlarga qarayman: “Shotut (qora tut), Balxi (oq) tut, Marvarid tut, Majnun tut (erga qarab o‘sadigan tut), Qo‘noq (yovvoyi) tut. Baliq tut haqida ma’lumot topa olmadim. Balkim xalq tilida shunday aytilar.
Ishi fisq-fasoddan iborat ko‘rimsiz Jannat puchuqning tavsifi: “Ul yerdan bichib olgandek pak-pakana, burni yuzi bilan barobar deyarlik tep-tekis, ko‘zi qoqqan qoziq o‘rnidek chup-chuqur, og‘zi qulog‘i bilan qoshiq solishar darajada juda katta, yuzi qirq yilliq og‘riqlarnikidek sap-sariq, qirq besh yoshlar chamasida bir xotin edi” (B.131).
“O‘tkan kunlar” voqeligida ishtirok etadigan har bir kishining mukammal “portreti” ijodkorlarimiz uchun noyob tajriba maktabidir. Ulug‘ adib “shunchaki tajriba tarzida” boshlayotgan ishiga katta tayyorgarlik ko‘rgani, asar qahramonlarini hayotda mavjud real insonlar (mahalladoshlar, yo‘lchi-yo‘ldoshlar) kabi aniq tasavvur qilib, xuddi ular bilan har kuni, har kech muloqotda bo‘ladigan tanishlariday tasvirlagani, chindan ham o‘quvchini hayratlantiradi. O‘zbek oyimni aytib o‘tdik. Yusufbek hoji: “To‘la ko‘rkam yuzli, katta malla ko‘zli, uzun mosh-guruch soqollik mullanamo bir zot”, Zaynab: “O‘n yetti yoshlar chamaliq, kulcha yuzlik, oppoqqina o‘rtacha husnlik”, Homid: “Uzun bo‘ylik, qora cho‘tir yuzlik, chag‘ir ko‘zlik, chuvoq soqol… ko‘rimsiz bir kishi”.
Ko‘z ta’rifi bir-biriga o‘shamaydi: Yusufbek hoji malla ko‘zli, Otabek va Hasanali qora ko‘zli, Homid chag‘ir ko‘zli, Usta Alim qo‘y ko‘zli, O‘tabboy qushbegi og‘ir qaraguchi ko‘zlik, Rayimbek dodxoh ichiga botiqroq, ammo qon quyilg‘ansimon ko‘zlik…” Bahodir Karimov bu ro‘yxatni “Boburnoma”dan olingan misollar bilan yanada boyitadi: Umarshayx mirzo – qo‘ba ko‘zlik, Boysung‘ur mirzo – ulug‘ ko‘zluk. Xalq tilida ko‘z bilan bog‘liq yana ko‘plab o‘xshatmalar bor: g‘ar ko‘z, o‘g‘ri ko‘z, sinchi ko‘z, qiyiq ko‘z, ilon ko‘z, pista ko‘z, mosh ko‘z, chachvon ko‘z va hokazolar.
Otabek Toshkentda uzoq turib qolgach, Kumushbibiga sovchilar kela boshlaydi. Qutidor bilan Oftob oyim ularga qizlarining ko‘ngliga qarab javob berishadi. Kumushning holati: “Burung‘i to‘lalig‘i ketib, ozg‘inlag‘an, va lekin bu ozg‘inlik uning husniga kamchilik bermay, bil’aks yuqorilatqanlar. Kamon qoshlari ortiq mavj urib o‘zini ko‘rsatkan, biroz bota tushkan shahlo ko‘zlar tag‘in ham tim qoraliq.., biroq… burung‘idek o‘ynab turmas va so‘ng chekdagi bir og‘irlik bilan harakatlanar edi…”
Otabek usta Farfidan Homidning jamiki iflos ishlari haqida, jumladan, soxta taloq hatini Qutidorning uyiga kirgizganini bilib olgach, o‘zini qo‘yarga joy topa olmay qoladi, “hayotidagi fojialarning manba’i bo‘lg‘an bir habisni (nopokni) nihoyat birinchi marta tanib turar edi”.
Oradan vaqt o‘tib, Homid muammosi hal bo‘lgach, Otabek Kumushga bo‘lgan voqealarning tafsiloti bilan xat yozadi. Hamma sirlar, kimning kimligi oshkor bo‘ladi. “Eru xotin (Qutidor bilan Oftob oyim) ma’noliq qilib, bir-birlariga qarashib olg‘ach, orada uzoqqina sukut boshlandi… “Qizing har qaysi yerda bo‘lsa ham sog‘ bo‘lsin,– dedi xotiniga qutidor. – Eriga topshirib, sen bilan manim tinchkina duo qilib o‘lturganimiz ma’qul o‘xshaydir.
– Endi qizingizning bir kami kundash balosi edimi? – dedi sapchib Oftob oyim. Qutidor xotiniga kulib qaradi:
– Eri yaxshi bo‘lsa, kundash balosi nima degan gap?”
Qutidor xotiniga emas, bizningcha, jamiyatga, chirkin davrning chirkin illatiga munosabat bildirmoqda. Shu boisdan ham xotinining, baribir kundash kundashligini qiladi, degan so‘zlariga: “Hamma vaqtga emas, qo‘rqma”, deb javob qaytaradi. Bu bilan u “Nima deysan, xotin, taomilda bor-da, axir”, demoqchi bo‘ladi.
Romanning uchinchi bo‘limi Musulmonqul istibdodiga xotima berish voqeasidan boshlanadi. O‘quvchilar yaxshi bilishadiki, Yusufbek hoji uch-to‘rt munofiqni deb qipchoqlarga qarshi qirg‘in boshlash taklifini ma’qullamaydi: “Hoji o‘zini tutolmay, ko‘z yoshisini oq soqoliga quyib, davom etdi: “Mana birodarlar! Siz o‘z qipchog‘ingiz uchun qabr qazigan bir fursatda, sizga ikkinchilar tobut chopadir. Biz qipchoqqa qilich ko‘targanda, o‘ris bizga to‘p o‘qlaydir. Siz dunyoda o‘zingizning yagona dushmaningiz qilib qipchoqni ko‘rsatsangiz, men boshqa yovni har zamon o‘z yaqinimg‘a yetkan ko‘raman! – dedi va ro‘ymoli bilan ko‘z yoshisini artib o‘rnidan turdi. – Agarda dunyodan o‘tayozgan bir keksangizning maslahatiga quloq bersalaringiz, bu fikringizdan qayting, burodarlar! Illo Yusufbekni o‘ldiga chiqarib, bu shum ishingizdan meni tashqarida hisoblangiz!– dedi va majlisning o‘lturing, to‘xtang so‘ziga quloq solmay, o‘lturishni tashlab chiqdi. Hoji darbozadan chiqmag‘an ham edi, Niyoz qushbegi xoxolab kulib yubordi:
– Voy vahming qurg‘ir, hoji! Bu kun ko‘knori ichkan ekan, shekillik! – dedi.
Boshliqdan kulgiga ruxsat berilgach, boshqalar ham kulishib, orada ola-g‘ovur boshlandi.
– Yo‘q, – dedi Qambar sharbatdor, – hoji akaning yoshi qaytib, ko‘ngli juda bo‘shashib ketibdir!
– Voy xuvari hoji, – dedi Niyoz qushbegi, – oldidag‘i ovni ko‘rmay, uzoqdagi yovni ko‘radir!” (B.219).
Abdulla Qodiriy Niyoz qushbegining so‘nggi so‘zlari bilan aslida kim ko‘knori ichganligini ko‘rsatmoqda.
Latifalardan birida aytilishicha, ota-bola ko‘knorixo‘rlik qilib o‘tirishgan ekan, bir juft tovuq kelib, dasturxondagi mayizlarni cho‘qilay boshlabdi. Otasi: “O‘g‘lim, kisht deb qo‘ying, sekin bo‘sayam kisht deng”, desa, o‘g‘li: “Tashvish qilmang, ota, yeb tugatsa, kisht demasangiz ham ketadi”, degan ekan. “Och tovuqlar” Oqmachitga yaqinlashib qolganida ham parvo qilmaganimizga ishora emasmi bu?! Majlis ahli bo‘lsa hojini “Kecha biroz xomsigan (ikkilangan, shubhalangan) edi deb ustidan kulishadi.
Otabek Toshkentda, Kumushbibi Marg‘ilonda. Oradan ancha vaqt o‘tgan. Bahor keladi. “Bu kun quyosh ochiq havoda kezishi uchun jim-jim tovlanib, yer yuziga kulib qaradi. Ikki kundan beri quyosh betini qoplab, turli yerlarga jon suvi sepish ila charchag‘on bahor bulutlari burchak-burchakka tarqalib borar edilar. Uyalaridan chiqish bilanoq chumchuqlar chirqillashib, musichalar ku-kulashdilar. Anovi ar-ar terakka uya qo‘yishg‘a o‘ylag‘an bir juft karruklar ham vijdir-vijir qilishib kengash ochdilar. Podachining tovshini eshitib, dalag‘a oshiqqan onasig‘a ergashib qashqa buzoq ham mag‘rab yubordi. Modasiga tegishkani uchun tomdagi kaptar bo‘qog‘ini chiqarib, raqibining tevaragida yag‘rin bera boshladi…” (B.225).
So‘nggi jumlada Marg‘ilon sog‘inchi bormi? Bor, albatta.
Romanda tasvirlangan mudhish voqealardan biri qipchoq qirg‘inidir. Shu yerda birinchi marta “shaytanat” so‘ziga duch kelamiz. Yusufbek hoji qatliomning oldini olishga ko‘p harakat qiladi. Qushbegiga, hech bo‘lmasa, bu xunrezlikni ertadan boshlashni taklif etadi. Bu bilan u ko‘plab begunohlarning umrini saqlab qolishni o‘ylaydi. Ammo Qayum ponsod hojining niyatini tushunib, bunga qarshi turadi. Bu to‘g‘rida o‘g‘liga tushuntirish berayotgan hoji Qayumning so‘zlari “menga hamma shaytanatni ochib berdi va o‘zimning iblislar tomonidan aldanganimni bildim”, deydi (B.231)
Boshqa bir holatda ham ota-o‘g‘il o‘rtasidagi so‘zlashuv g‘ayrioddiy tus oladi. Yusufbek hoji Otabekning Marg‘ilonda qilib kelgan ishlaridan xabar topgach:
– “Odam o‘ldirish uchun seni kim zo‘rlab majbur qildi? – deydi o‘g‘liga.
– Hali bilmaysizmi?
– Bilmayman, – dedi hoji, – aytishlariga qarag‘anda, seni hech kim majbur qilmag‘an.
– Meni zo‘rlag‘an va majbur qilg‘an edilar, dada, – dedi zaharxanda bilan. – Yo‘qsa sizning o‘g‘lingiz bo‘lg‘an bir yigitning sha’niga, albatta, odam o‘ldirish uyat va nomusdir.
– Kim seni majbur qildi, axir?
– Siz, onam!
– Esing o‘zingdami, yigit?
– O‘zimda, – dedi o‘g‘ul. – Siz o‘zingizning orzu-havasingiz yo‘lida meni majbur qildingiz va dushmanlarimg‘a yo‘lni katta qilib ochib berdingiz. Men bu jonivorliqni xoh-noxoh ishlashga majbur qoldim (B.234).
Romanning uchinchi qism, beshinchi bo‘lagida Kumushbibining Otabekka yozgan gina-anduhli maktubini o‘qiymiz. Aytish o‘rinliki, “O‘tkan kunlar”dagi maktublarning o‘zi bir dunyo. Badiiy adabiyotda maktub janrida yozilgan son-sanoqsiz asarlar bor. Bu janr, ayniqsa, sharq adabiyotida mashhur. Abdulla Qodiriy bundan yaxshi xabardor bo‘lgani aniq. Uning Moskvadan “Mushtum” jurnaliga yozgan xatlari fikrimizga dalil bo‘la oladi. Mana, ulardan bir parcha: “Mushtum! Huzuringdan chiqar chog‘imda manga bergan vakolating hamon bo‘ynimda tumordir. Biroq, siporishingni (tapshirig‘ingni) qaysi yo‘sun bilan bajarishka hayronman. Chunki Maskovning barcha ishlari olipta, sanga yararliq yerini tutib berish qiyin; ko‘z tinib bosh aylangan, miya ishlamaydir. Sen bundagi uzoq-yaqindan bir oz chaq-chaq qilmoqchi eding shekillik? Lekin bir oz yangishkan ekanmiz; negaki, Maskovning o‘zi juda serchaq-chaq odamlar emas. Ozgina aybingni tutib kulaboshlaydilar. Ishtoni yo‘q tizzasi yirtiqdan kulgan… bu to‘g‘ri gap: bir chorak upa, o‘n paysa elik, bir plakun atir, bo‘yningga paytava, otasi g‘ij-g‘ijdan, onasi jim-jimdan kelgan, shovdirama engil kiyib, dovdirama bo‘lib ko‘chaga chiqmasang ish kashal (chatoq). Aks holda moyliq kiyimingni modmozelga, qadoqlik qo‘lingni baringa tegizib bo‘lmaydir. Ishchi xalq ustida chaq-chaq bo‘lishi mumkin emas. Chunki, ul san aytmasang-da zavod ham fabrik, tutun va chiriklari bilan hozirga qorayg‘an, vaqtincha kayfu safoni bu oxirat kishilariga topshirib, o‘zi shu go‘rso‘xtalarga qabr qazish bilan ovora”,
Mutaxassislar epistolyar janr mahsuli bo‘lmish yozishmalarni taniqli siyosatdonlar, jamoat arboblariga ochiq xat tarzida yozilgan murojaatlar, ijtimoiy yukli tahliliy maktublar, jamiyat hayotiga oid biror muammo, holat yoki biror xavf-xatardan ogoh bo‘lishlikka chorlovchi kuyunchak mushohadadar, talabnoma, raddiya va ishqiy nomalarga bo‘lishadi. Bundan tashqari, jahon adabiyotida, shuningdek, o‘zbek adabiyotida ham maktub shaklida yozilgan, qahramonlarning bir-birlariga dil izhorlari asosida bitilgan asarlar bag‘oyat ko‘p.
Behbudiy o‘zining “Xat yozmoq shartlari” maqolasida badiiy asar yozishda bo‘lgani kabi, xat yozishda ham ma’lum qoida va shartlarga amal qilmoqlik lozimligini uqdiradi: “Xat borib tegadurgon odamni mulohaza qilib, oni fahm va bilishig‘a muvofiq yozmoq lozim. Xatni kamso‘z, ser’mano yozmoq kerak. G‘azab va xafalik va yo nihoyat xursand va behushlik vaqtinda xat yozmay, holoti daraji e’tidolg‘a kelganda maktub yozmoq avlodur”.
G‘aybulla Salomov va Saydi Umirovning “Tolibnoma” kitobida quyidagilarni o‘qiymiz: “Maktubnavislik o‘zi bir san’at. Insho, munshaot ham ijod. Abdurahmon Jomiy hamda Alisher Navoiylarning bir-birlariga va boshqa aziz insonlarga yozgan maktublari nihoyatda nozik va zarif, nuqtadonlik va mehribonlik tuyg‘ulari bilan sug‘orilgan. Biz bu singari insonlardan ular yozib qoldirgan benihoya go‘zal badiiy asarlari uchungina emas, balki bir-birlariga yozgan noma’i amol hamda xatlari, bularni jamlab borganlari va maxsus majmua holiga keltirib, biz avlodlarga tuhfa etib qoldirganlari uchun ham toabad minnatdor bo‘lishimiz darkor. Sababi, yuksak badiiy ijod sohiblari xatda yozib bo‘ladigan narsalarni boshqa biron vosita bilan ayta olmas edilar. Ijod qanchalik ijod bo‘lsa, ijodning sirlari, ijodxona mo‘jizalari, iqror va inkor, tasdiq va raddiya, muhabbat va nafrat… bular bari, aksariyat, shu xatlarning qatiga bitilgan bo‘ladi”.
Maktublarda ishlatiladigan so‘z va iboralar, gina, anduh, nozlanish, o‘pkalanish, umidvorlik yoki buning aksi – yozg‘uchining ruhiy holatini g‘oyat aniq ifodalaydi. Kumushbibining xati: “Siz – qochqoqsiz, nari-beri til uchida menga bir narsa yozgandek bo‘lib qochqansiz, ikki yil bo‘yi Marg‘ilon kelib yurishlaringizni men o‘zimcha yeshdim, lekin topib yeshdim: sizning barcha mashaqqatlaringiz – dushmanlaringizdan o‘ch olish uchun bo‘lg‘anini ongladim. Yo‘qsa, meni ko‘rar edingiz, ko‘rgingiz kelmaganda ham boshqalar ko‘rar edilar, to‘yar edilar… Men kabi baxtsiz, men kabi g‘ovg‘asi ko‘p sizni zeriktirib, jondan to‘ydirg‘an bo‘lsa ajab emaski, qocha boshlag‘ansiz… Qochsangiz qochib ko‘ringiz, ammo men bu kundan boshlab biravlarni quvishqa bel bog‘ladim: otam bilan onam rafoqatlarida (hamrohligida – adib izohi) xizmatingizg‘a – cho‘rilig‘ingizg‘a erta-indin yuraman, suyganingiz kundashim oldida qadru qiymatimning nima bo‘lishini ham bilaman… Siz oliyjanobsiz: eski qadrdonliq hurmatiga ko‘ngil uchun kulib boqarsiz… Loaqal shugina bilan ham baxtsizni ma’suda qilarsiz. Ammo… suyganingiz – kenjangizning jekirishlaridan, qarg‘anishlaridan behad qo‘rqaman… Xatim oxirida shuni ham aytib qo‘yay: o‘ch qaytib, men ham ko‘chadan haydalmasam edi, degan xavf hamisha ko‘nglimda. Agar xudo yarlaqab eshikingizda o‘rinlashib olsam, uyog‘ini o‘zim bilar edim…” (B.236-237).
Roman voqealarining yana bir hayajonlisi – Toshkandda marg‘ilonlik qudalarni, tabiiiyki, bosh kelin Kumushbibini kutib olish. “Hasanali yo‘lakka qarab imladi. Qip-qizil qizarg‘an holda Kumush ko‘rindi: paranjisi qo‘lida, qora atlas ko‘ylak egnida, zangor latta mursak ustida, oq shohi ro‘ymol boshida edi. Shahlo ko‘zlari kulimsirashga yaqin holda uyatlik edilar.
Hasanali tanitdi:
– Mana bu kishi qayin onangiz bo‘ladirlar.
Kumush salom berdi va qo‘lidag‘i paranjisini yerga tashladi, yugirib kelib o‘zini O‘zbek oyimning quchog‘iga oldi. O‘zbek oyim ham uni mahkam siqib quchoqlab olg‘an, yuzidan shap-shap o‘pib, aylanib, o‘rgular va tikilib-tikilib nima uchundir yig‘lar edi…. Kutib turgan xotinlar, Mohira oyim, Xushro‘y va Hanifalar Kumushni ko‘rgan on bir-birlariga qarashib lablarini tishladilar” (B.246).
Bu parchada eng muhimi va muallifning yuksak badiiy mahorati shu “lablarini tishladilar”da ko‘rinadi. Adib “Kumushga ko‘zi tushgan ayollarning og‘zi lang ochilib qoldi”, deb ham yozishi mumkin edi, hech kim buni qusurga yo‘ymasdi. Yo‘q, yozuvchi kimning kimligini aniq, borlig‘icha ko‘rsatishning yagona to‘g‘ri yo‘lini topa olgan.
Yusufbek hojining miarg‘ilonlik kelini bilan ko‘rishishi. “Qani, bek otasi, ko‘rmanani bering-chi! – dedi O‘zbek oyim Kumushni imlab. Kumush uyalib zo‘rg‘ag‘ina salom berdi va Yusufbek hojining yaqinig‘a kelib bo‘yin egdi. Hoji qo‘li bilan Kumushning yelkasiga qoqib suydi va Kumushning manglayig‘a tekizib olgan o‘z qo‘lini o‘pdi:
– Bizning Marg‘ilonda ham shunday kelinimiz bor ekan-ku, biz bilmay yurgan ekanmiz-da, – deb tevaragiga qarab kulindi va qo‘lini duoga ochdi…”
Bu parchada muhim ikkita detal mavjud. Birinchisi “Marg‘ilonda” so‘zidan keyin kelgan “ham” bog‘lovchisi. Hojining iqroridagi “ham” ni tushirib qoldirib o‘qisak nima bo‘ladi? Ma’no butunday buzilib ketadi, asar syujeti pand yeydi. Qudalarni kutib olish marosimida Zaynab ham bor. U ham kelin, orzu-havas bilan tushirilgan. Shunday paytda hoji boboning “Bizning Marg‘ilonda shunday kelinimiz bor ekan-ku, biz bilmay yurgan ekanmiz-da”, deyishi mumkinmi? Yo‘q, aslo.
Ikkinchisi qaynota va kelinning ko‘rishuvi. O‘zini kitobxon, ma’naviyatchi, murabbiy deb hisoblaydigan hech bir kishi “O‘tkan kunlar”ni o‘qimaganman, kinolarini ko‘rmaganman, demaydi. Hamma o‘qigan, ko‘rgan. Turli tashkilot va idoralarda ma’rifat darslarini o‘tar ekanman, tinglovchilardan hoji va kelinning ko‘rishuvi qanday bo‘lganini so‘rayman. Aksariyat kishi “Hoji Kumushning peshonasidan o‘padi”, deb javob beradi. Yusufbekning o‘z qo‘lini o‘pishi milliy ma’naviyatimizning buzilmagan, aynimagan, ohori to‘kilmagan, ayrim to‘ylarda kelin bilan qaynota, kuyov bilan qaynona valsga tushishidek sharmandali “udum” kashf etilmagan paytdagi noyob namunasi ekanligini tushuntiraman.
Kumush va Zaynabning dastlabki munosabatlarida mavqe uchun yashirin kurash boradi:
– Necha yoshqa kirdingiz, Zaynab opa?
– O‘n to‘qquzga shekillik.
– Hali siz bola ekansiz, – dedi Kumush.
– Siz nechaga kirdingiz?
– Meni so‘ramang, men endi qarib qoldim…
Zaynab unga hasadlanib qaradi va kuchlanib aytdi:
– Hali yoshqa o‘xshaysiz-ku?
– Necha yoshqa kirgan deb o‘ylaysiz?
Zaynab Kumushning to‘lib yetmagan gavdasiga va o‘n olti yoshlar chamaliq g‘ubor tegmagan husniga hayron bo‘lib, mulohazasini aytishdan qo‘rqdi. Zaynabka qolsa, ehtimolki, Kumush o‘zidan ham yosh chiqar edi.
– Men qayoqdan bilay…
– Yigirmaga kirdim.
– Mendan bir yosh katta ekansiz.
– Sizdan albatta kattaman, – dedi Kumush” (B.261).
Kumushning “Men endi qarib qoldim” deganidan kuchlangan Zaynabning so‘zlariga Kumushning “Sizdan albatta kattaman” deyishi zamirida kuchli ma’no bor. Yozuvchining o‘ziga so‘z bersak, “Yozuvchilikda bir qonun bor: hammadan ilgari ma’no, undan so‘ng shu ma’noni – fikrni ifoda qilish uchun so‘z qurish, so‘z emas – san’atkorona, ya’ni shundog‘ so‘zki, aytmoqchi bo‘lgan fikringizni ifodasi uchun maxsus yaratilgan bo‘lib, yasama bo‘lmasin”, deydi adib. Ustoz Umarali Normatov o‘tmishda yaratilgan talay asarlardagi, jumladan “Boburnoma”dagi realistik xususiyatlarni kamsitmagan holda “O‘tkan kunlar”da o‘zbek xalqi hayoti ilk bor o‘zining to‘laqonli realistik ifodasini topganini e’tirof etadi.
Romanni o‘rganishda davom etamiz. Qudalar Marg‘ilonga qaytmoqchi bo‘lganlarida O‘zbek oyim: “Nega bundoq shoshmoq, yov quvladimi, aqalli bir oy bo‘lsin… Marg‘ilon degan yurtdan ot-otlab, tuya qo‘mlab (tuya egarlab – adib izohi) kel emish-da, bir oyg‘ina turmay ket emish”, deydi. Kumushni ham koyiydi: “Uyat emasmi, kelin? Kecha kelding surilib, bugun ketgin burilib”. Oftob oyim ichidagi dardini oshkor qiladi: “Kumushingizning fe’li-xo‘yi o‘zimga ma’lum: erka o‘skan, lavzi tez, kundashlikka chidaydirgan siyoqi yo‘q, har kun Zaynabingiz bilan (“Zaynab bilan”emas) g‘idi-bidi qilaberib sizni qiynab qo‘yarmikin deyman… Tana buzoqning turqi tuqg‘anig‘a tamg‘a deganlaridek, albatta, menga ravshan”. O‘zbek oyim bu gaplarga “O‘z bolasini yomonlag‘uchini umrimda birinchi martaba ko‘rdim” deydi. Oftob oyim nima desangiz ham shu, deganday fikrini yakunlaydi: “Qozonimdag‘ini sizga suzib qo‘ydim…”(B.277)
Ona – ona-da, Oftob oyim shunday desa-da, Kumushni pishiqlaydi: “Kundashingni ko‘rinishi bayovg‘a o‘xshasa ham, ammo o‘zi pismiq ekan… Bunday odamdan albatta hazar kerak…” (B.279)
Ushbu maqola ustida ishlar ekanman, “O‘tkan kunlar” bilan bog‘liq bir qancha tadqiqotlarni, jumladan, Umarali Normatovning “Qodiriy mo‘jizasi”, Sobir Mirvaliyevning “Abdulla Qodiriy kashfiyoti” kitoblarini, adibning suddagi nutqini (“O‘zAS”, 1989, 1 dekabr) o‘qib chiqdim. Ammo… hamma yozilganlardan xabardor bo‘lish, yodda tutishning iloji yo‘q. Balkim ko‘rmagandirman, nazarimda “O‘tkan kunlar” bilan bog‘liq bir muhim jihatga e’tibor kam bo‘lganmi, deyman-da. Nega deysizmi? Negaligi shundaki, qaysi davrada “O‘tkan kunlar” xususida gap ochilsa yoki bahs boshlansa, Otabek, Kumush, Zaynab, Homid, undan keyin Yusufbek hoji, O‘zbek oyim, Mirzakarim qutidor, Hasanali va boshqa qahramonlarning nomi tilga olinadi. Asar syujetining favqulodda ta’sirchanligini ta’minlagan, Kumushnigina emas, ikki oilani zaharlab, yer bilan yakson qilgan Xushro‘y negadir chetda qoladi. U Zaynabning oddiygina opasi emas edi-ku, axir.
Xalqimizda “Bir palakda – ming xomak”, degan maqol bor. Abdulla Qodiriy shaddod Zaynabni o‘quvchiga boshqa qahramonlarga nisbatan ancha chuqur tanishtiradi: “Garchi bu ikki egachi-singil bir qorindan talashib tushkan bo‘lsalar ham, sajiya – xarakterda tanib bo‘lmaslik darajada bir-birlaridan farqlik edilar… Xushro‘y uzun bo‘ylik, qotmaroq va zarcha tanlik edi.., ko‘zi o‘ynab, har sekuntda o‘n yoqqa alang‘lar edi.., (unga) bolalik chog‘idayoq uy ichi va qo‘ni-qo‘shni “shaddod” deb ism berganlar, chunki ul kimdan bo‘lsa-bo‘lsin, aytkanini qildirmay qo‘ymas, agar birarta ish uning tilagiga teskari ketsa shovqin-suronni xuddi boshig‘a kiyib olar edi. Shuning uchun Xushro‘yning ra’ini bilmasdan qozon osilmas, unga yoqmag‘an gapka og‘iz ochilmas, ul bor joyda qadam ham sanalib bosilur edi”(B.281).
Xushro‘y Nusrat ismli bekka ikkinchi xotin bo‘lib turmushga chiqadi. Birinchi kuniyoq “choy tashib xizmat qilib yurgan kundashiga kesatuq bilan hujum boshlaydir. Ikkinchi va uchunchi kunlarda to‘ppa-to‘g‘ri kundash ustiga sapchiydir… Ikkinchi va uchunchi haftalarda o‘choqboshini o‘z qo‘liga olib, kundashini ikkita bolasi bilan tomoq vajidan ham siqa boshlaydir… Ikkinchi oylardan boshlab Xushro‘y kundashini bo‘g‘ib urish odatini chiqaradir va o‘rim-o‘rim kundash sochini alafdek yulib olishdan ham tortinmaydir…” (B.283).
Xushro‘y haqidagi ma’lumotlar shu bilan tugamaydi. U farzandsiz, eri: “Olti yildan beri tug‘maysan, ko‘rsatmagan tovuping qolmadi. Endi nima qilamiz?” deb kulganida (masalani qat’iy qo‘yganida emas, shunchaki aytganida), Xushro‘y erining maqsadini payqab: “Bolasiz kishi dunyoda turolmaydirg‘an bo‘lsa, bir oz zaharni boshlab sizga beraman, undan keyin o‘zim yeyman!”, deydi. Zaynab bilan suhbatlashganida uning mog‘or bosgan ichki dunyosi ochiladi: “Men yig‘lashni bilmayman! Kishilar yig‘laganda, manim kulgim qistaydir… Sening yeringda (o‘rningda) bo‘lsam, bilasanmi, nima qilar edim, Zaynab, – dunyosini ost-ust qilar edim, bir tomchi yoshimni yuz tomchi zahar bilan qo‘shib tashlar edim…” (B.286)
Bir qarashda, Xushro‘yga me’yoridan ortiqcha qora bo‘yoq sarflanayotgandek. Ammo bunday emas. Yozuvchi o‘zini ham, o‘quvchini ham asarning mudhish yakuniga tayyorlamoqda. Lev Tolstoy Anna Karenina o‘zini poyezd g‘ildiraklari ostiga tashlaganidan o‘pkalanib, “Men Annadan buni kutmagan edim”, deganiday, adib Kumush zaharlanganida uyga sig‘may, ko‘chaga chiqib ketish, adoqsiz hijron zulmatiga yengilroq botish uchun shunday qilmoqda.
Asar nihoyasiga yetdi. “Yusufbek hoji xatmi qur’on qilib, yurtka osh berdi, O‘zbek oyim qora kiyib ta’ziya ochdi”. Odatda, bunday paytlari charchagan ko‘zlarga dam beriladi, uvishgan tana a’zolarini harakatga keltirasiz, katta bir kitobni o‘qib bitirganingizdan, o‘tmishga xos katta bir hikoya vujudingizga singganidan mamnun bo‘lasiz. Ammo menda butunlay boshqacha holat yuz berdi. Maqsadim nima edi? Ulug‘ adibning badiiy ifoda mahoratini o‘rganishga bel bog‘lagandim, niyatimga yeta oldimmi? Yo‘q, aslo. Hayqirib oqayotgan daryoning muzdek suvi shabadasidan ozroq bahramand bo‘ldim, xolos. Adib asarlari tilini o‘rganish bir haftalik, bir kishilik yoki bir mavsumlik ish emasligiga amin bo‘ldim. Bu xususda yozuvchi do‘stlarim, adabiyotshunos olimlar, tanqidchilar bilan fikrlashdim. Ko‘pchilik bu ulug‘ ishga hanuz to‘laqonli qo‘l urilmaganini e’tirof etishdi. “Juda mushkul ish, turli nashrlar bois, noaniqliklar, o‘zgachaliklar mavjud”, deyishdi. Bir vaqtlar adib tilini “o‘nglash” harakatlari bo‘lganini, “O‘tkan kunlar” g‘aroyib “tahrir”lardan o‘tganini eslashdi. Demak, shuning uchun ham bu ishga zudlik bilan kirishish kerak, degan xulosaga keldim. Bu ish adabiyotimizning buguni va ertasi uchun bag‘oyat zarur. Abdulla Qodiriy ushbu romanni yozish maqsadida necha bor Marg‘ilonga borgani, ma’lumot to‘plagani, Xudoyorxonning o‘sha paytlari hayot bo‘lgan xotinlaridan biri Roziyabegim bilan uchrashgani ma’lum. Mashhur raqqosa Tamaraxonim birgina xorazmcha raqsni o‘rganish uchun Xivaga borib, shu yerda bir necha yil yashagan, xorazmlik hofizlar Farg‘onaga kelishgan va shu yerda muqim qolib ketishgan. Abdulla Qodiriy asarlari tilini mukammal o‘rganish, maxsus lug‘at tuzish yosh ijodkorlarga, yiliga besh-o‘ntadan “asar”ni peshma-pesh dumalatayotgan lag‘monchi adiblarimizga, bundaylarni havolantirib, ishtaha tegirmoniga suv quyayotgan shitobli noshirlarimizga asl adabiyot, boqiy umrli asar qanday yozilishini o‘rgatish, shu asnoda ulug‘ adibga yana bir bor hurmat-ehtirom ko‘rsatish uchun ham zarur.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 7-son