Abdurasul Eshonboboyev. Navoiy tarjimai holiga doir yangilik

Alisher Navoiy tarjimai holini ilmiy o‘rganish borasida akademik Vasiliy Vlidimirovich Bartoldning “Mir Alisher va siyosiy hayot” nomli risolasi alohida ahamiyatga egadir.

Bartold o‘z risolasida Mirzo Boburning “Bilmon, ne jarima bila Sulton Abu Said Mirzo Hirotdin ixroj qildi” degan so‘zlariga asoslanib, Navoiy Abu Said tomonidan Samarqandga surgun qilingan deb yozgan edi. Boshqa bir muarrix Mirxond “Rafzatus-safo”da: “Amir Alisher Abu Said Mirzo Sultonning zamonasida Xuroson dorussaltanasig‘a borib, bir necha kunini ul iqbol uyi ostanasining mulozamatida o‘tkardi, ammo o‘zining xolig‘a yarasha rioyat va tarbiyat topolmadi. Shul vajh bila Xurosondin behisht monand Samarqandga bordi” deb ma’lumot beradi. Ko‘rinib turibdiki, har ikki manbada ham voqea sodir bo‘lgan yillar aniq ko‘rsatilmagan. Shuningdek, Mirxondda surgun haqida gap yo‘q. Bartold Abu Said davrida Samarqandga o‘qish uchun kelmas edilar va mintaqa madaniy tanazzulga yuz tutgan degan mulohazadan kelib chiqib surgun talqiniga moyil bo‘lgan. Biroq Navoiyning o‘zi “Majolis un-nafois” asarida “Faqir tahsil uchun Samarqandga borg‘anda…”, “Faqir ikki yil aning qoshida sabaq o‘qub erdim” deb qayd etadi. Yana olim Navoiy Samarqandda Abulays Samarqandiy qo‘lida o‘qigan degan ikkinchi bir fikrni ham aytgan edi. Shoirning Samarqand safarini mantiqiy asoslash maqsadida turli xil talqinlar bildirilgan. Olim Sharafutdinov “Alisher Navoiy” kitobida yozgan edi: “Alisherdan gumonsiragan Abu Said Mirzo 1467 yili uni Samarqandga surgun qildi”[1]. Lekin shoirning Samarqandga kelgan yili aniq emas, Hirotga qaytgan yili esa aniq.

Ushbu masalani maxsus o‘rgangan akademik Vohid Abdullayev 1948 yili “Alisher Navoiy” to‘plamida chop etilgan “Alisher Samarqandda” nomli risolasida bir qator e’tiborga molik mulohazalarni bayon etgan: birinchisi, Bartoldning Abu Said davrida Samarqand madaniy tanazzulda edi degan fikriga e’tiroz bildirib, Samarqand Mirzo Ulug‘bek vafotidan keyin ham uzoq davrlarga qadar o‘z madaniy mavqeini saqlab qolganini (“Majolis un-nafois”ga tayanib) isbotlaydi; ikkinchisi, shoirning Samarqandda yashagan davrini 1465-1469 yillar deb yangi farazni ilgari suradi; uchinchisi, Mirzo Bobur so‘zlariga asoslanib, Navoiy Samarqandga surgun qilingan degan fikrga qo‘shiladi va uning sabablari xususida o‘z mulohazalarini bayon etadi.

Navoiyshunos Abduqodir Hayitmetov “Navoiyning Sayid Hasan Ardasherga she’riy maktubi” maqolasida asarni chuqur tahlil etib, yozilish sabab­lariga to‘xtalib o‘tadi. Uning fikricha, maktub Samarqandda yozilgan bo‘lib, shoirning Hirotdan ketish sabablarini oydinlashtiradi. Biroq bizni uning mavzuga aloqador jihatlari ko‘proq qiziqtiradi va u bu haqda shunday yozadi: “Aslida esa Navoiy rasmiy ravishda surgun qilinmagan, balki o‘z boshiga tushishi muqarrar bo‘lgan kulfatlarning oldini olib, ziyraklik bilan o‘ziga-o‘zi podshohning ko‘zidan uzoqda turishni ma’qul ko‘rgan”.[2] Olimning fikricha, shoir Samarqandga 24-25 yoshlarida borgan. Demak, Abduqodir Hayitmetov mulohazasiga ko‘ra, Navoiy Samarqandga o‘z ixtiyori bilan borgan.

Akademik Izzat Sulton “Navoiyning qalb daftari” kitobida shoir asarlaridan kelib chiqib, qolaversa, tarixiy manbalarga tayanib ushbu masalaga oid fikrlarni ilgari surgan; birinchidan, u surgun versiyasini ma’qullaydi; ikkinchidan, shoirning o‘z qaydlaridan kelib chiqib Navoiy Samarqandga bilimini oshirish maqsadida kelgan deb yozadi. Shuningdek, “Munshaot”dagi maktublaridan birini tahlil etib xat Samarqanddan Sulton Boyqaroga yo‘llangani xususida shunday yozgan edi: “Navoiyning bu davrda har doimgidek Husayn Boyqaroning hayoti va ishlaridan xabardor turganini, uning muhim ishlarida bevosita ishtirok etganini, unga maslahatlar berib turganini va hatto taxt olishga faol rag‘batlantirib borganini, o‘z do‘stining g‘alabaga erishuviga astoydil ishonganini ushbu xatdan fahmlash qiyin emas”.[3] Navoiy, albatta, Husayn Boyqaroning hokimiyatni egallashidan manfaatdor edi. Biroq yuqoridagi talqin maktub matniga asoslangan tarixiy manbalarda bu xususida ma’lumot mavjud emas. Bundan tashqari, maktub 1496 yili Badiuzzamonga yo‘llangani navoiyshunos Suyima G‘aniyeva tomonidan isbotlab ko‘rsatilgan.[4] Olimning quyidagi mulohazalari yetarli darajada asoslanmagan va munozaralidir: “Bu kitobda bundan keyin keltirilgan hujjatlardan Navoiyning shu davrda Samarqandda bo‘lmasdan, kelib va ketib turgani ayon bo‘ladi”.[5]

Keyingi yillarda Alisher Navoiy tarjimai holi borasidagi tadqiqotlar ichida Shuhrat Sirojiddinovning “Alisher Navoiy” nomli monografiyasi shoir biografiyasini o‘rganishda muhim o‘rin tutadi. Olim Navoiyning Samarqand safari o‘z ixtiyori bilan amalga oshgan degan fikr­ga qo‘shiladi va manbalarga asoslanib bir qator mulohazalarni ilgari suradi. Monografiyada, ayrim munozarali o‘rinlar ham yo‘q emas.

Yuqoridagi mulohazalarni umumlashtirib yagona bir maxrajga keltiradigan bo‘lsak quyidagicha manzara hosil bo‘ladi: “Navoiy Abu Said tomonidan Samarqandga surgun qilingan”, “o‘z ixtiyori bilan yo‘l olgan”, “Samarqandga tahsil uchun borgan”. Bunday talqinlarning yuzaga kelishiga, birinchidan, tarixiy manbalarda (shoirning o‘z asarlarida ham) bu xususidagi ma’lumotlarning kamligi va boz ustiga ziddiyatlar mavjudligi bo‘lsa, ikkinchidan, masalaga yondashgan har bir tadqiqotchi imkoniyati doirasida mantiqiy yechimga intilganidadir. Biz buni muayyan bir fan tarixidagi tabiiy hol deb bilamiz.

Ayni shu masalaga Ergash Rustamov 1963 yili rus tilida e’lon qilingan “Stranitsы iz biografii Alishera Navoi” nomli maqolasida to‘xtalgan.[6]

Olim Navoiyning o‘z so‘zlaridan kelib chiqib hamda Mirzo Boburning Samarqandga ketish sabablarini ko‘rsatmaganini e’tiborga olib surgun talqinini qat’iy ravishda rad etadi va yangi mulohazalarni ilgari suradi. Uning fikricha, Navoiy Samarqandda ikki marta bo‘lgan. Dastlabki safar 1458-1459 yillarda tahsil maqsadida amalga oshirilgan. Bunda sharqshunos olim shoirning “Majolis un-nafois” asaridagi ikkinchi majlisida keltirilgan quyidagi so‘zlariga asoslanadi: “Ul jamoati azizlar zikridakim, faqir alardin ba’zining mulozamatig‘a kichiklikda yetibmen va ba’zining suhbatig‘a yigitlikda musharraf bo‘libmen”. Ushbu majlisda shoir yoshligida uchrashgan Sharofiddin Ali Yazdiy, Abulays Samarqandiy, Shayx Sadriddin Ravosiy, Kamol Turbatiy, Mavlono Lutfiy va u Samarqandda tanishgan shoirlar zikr etilgan. Bundan tashqari, Sulton Husayn Boyqaro 1458 yili Astrabodni egallab, Abu Said bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatgan va uning nomi bilan tilla tanga zarb qilgan. Muarrix Abdurazzoq Samarqandiy esa Abu Said tomonidan elchi bo‘lib, Astrabodga Husayn Boyqaro huzuriga borgan.[7] Bu davrda shoir 18 yoshlar atrofida bo‘lib Abu Said uchun hech qanday xavf tug‘dirgan emas. Ushbu dalillardan kelib chiqib, olim Navoiy Samarqandga dastlab 1458-1459 yillari tahsil uchun borgan degan yangi mulohazani bildirgan edi.

Biz yuqoridagi fikrlarga qo‘shimcha ravishda ayrim dalillarni keltirmoqchimiz. Bartold yuqoridagi risolasida 1457-1469 yillar voqealari xususida so‘z yuritib, Alisherning otasi G‘iyosiddin kichkina tarixchi Mirxondning otasi va boshqalar bilan birga 1458 yili temuriyzoda Mirzo Ibrohim tomonidan Balx shahriga Abu Said huzuriga elchi sifatida borgan deb yozgan edi.[8] Holbuki, navoiyshunoslikda G‘iyosiddin kichkinaning 1452-1453 yillari vafot etgani ko‘p bora ta’kidlangan. Masalan, “O‘zbek adabiyoti tarixi”da o‘qiymiz: “G‘iyosiddin kichkina Navoiy taxminan 12 yoshlarda ekanida hayotdan ko‘z yumadi. Otasidan yosh yetim qolgan Alisher Abulqosim Bobur xizmatiga kiradi”.[9] Bartold G‘iyosiddin kichkina bilan bog‘liq ma’lumotni Xondamirning “Habib us-siyar” tarixiy asaridan olgan. O‘sha davr tarixchisi Abdurazzoq Samarqandiy esa kitobining “Islom mashoyixlarining sulh tuzish uchun Balx tomonga borganliklari zikri” qismida voqeaga batafsil to‘xtaladi, biroq nima uchundir Alisherning otasi ismini ko‘rsatmaydi.

Yuqoridagi mulohazalarni umumlashtirib aytish kerakki, Alisher ota­si hayotlik chog‘ida va uning ko‘magi bilan Samarqandga tahsil uchun yo‘l olgan. Ergash Rustamov fikrlariga ikkinchi qo‘shimcha sifatida shuni aytish mumkinki, G‘iyosiddin kichkina Abu Saidning mulozimi bo‘lgan. Bu haqda “Latoyifnoma” muallifi Faxriy Hirotiy shunday yozadi: “Mirning tarjimai holidan xabardor mo‘ysafid tarixchilar va to‘g‘ri so‘zli dunyo ko‘rganlar o‘z asarlarida shunday keltiradilarkim, Mirga amirlik mansabi merosiydir. Uning otasi Amir kichkina Sulton Abu Saidning xizmatida edi. Garchi muhru mansabi bo‘lmasa ham katta hurmatga ega edi. Ona tomonidan bobosi Amir Shayx Abu Sa’id Chang Mirzo Boyqaro xonadonida amir ul-umaro edi”.[10] Aynan shunday ma’lumotni ikkinchi bir manba, Som Mirzoning “Tuhfai Somi” asarida ham uchratamiz.

Sharqshunos Ergash Rustamov so‘zlariga ko‘ra, Navoiyning Samarqandga ikkinchi safari 1467-1468 yillarda amalga oshgan. Bu davrda Sulton Abu Said Badaxshonni egallab, hukmdor La’liy va uning o‘g‘lini o‘ldiradi. Navoiyning ular bilan munosabati yaxshi bo‘lib, Abu Saidda shubha uyg‘otmaslik maqsadida hamda yoshlik yillari mehr-muruvvat ko‘rgan shaharga panoh izlab boradi. Olimning mulohazalariga qo‘shimcha sifatida ayrim dalillarni keltiramiz. Birinchidan, 1460 yildan so‘ng Abu Said bilan Husayn Boyqaro munosabatlari g‘oyat keskinlashgan, Alisherning tog‘asi Mir Said Husayn Boyqaroning ishonchli kishilaridan biri edi. 1461 yili Abu Saidning buyrug‘i bilan Saraxs viloyatida o‘ldiriladi. Har ikki tomon o‘rtasida afv etish bo‘yicha shartnoma bo‘lishiga qaramay faqat Mir Saidgina qatl etiladi. Tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy shunday yozadi: “Onhazratning ko‘zi Sayid oqog‘a tushgach humoyun xotirda ilgari undan ranjish bo‘lganligi tufayli darhol uni qatl etishga farmon berdi. Boshqalarga nisbatan shafqat ko‘rsatdi”.[11] Keyinchalik Mir Saidni o‘ldirgan Abu Sa’id uning ukasi Muhammad Alini ham o‘ldiradi.

Ikkinchidan esa, Mirzo Bobur Navoiyning Samarqanddagi hayoti xususida: “Mir Alisher Navoiy Hiriydin Samarqandga kelgan fursatlar Ahmad Hojibek bila bo‘lur edi… Ahmad Hojibek murabbiy va muqavviysi erdi”, deb yozgan. Ahmad Hojibek 1464 yili Samarqand hokimi etib ta­yinlanadi, bundan 10 yil muqaddam esa (1455-1464) u Hirot shahri hokimi bo‘lgan. Demak, shoir Ahmad Hojibekni homiy bilib Samarqandga yo‘l olgan. Bundan tashqari, Navoiyning Sayid Hasan Ardasherga yozgan maktubidagi quyidagi baytlarni yodga olsak, shoirning bu davrda tushkun ahvolda bo‘lganligi oydinlashadi:

Ki bo‘lmoq vatan ichra dushvor edi,
Ko‘ngulga jalo daf’i ozor edi.
Safar tushti olimg‘a beixtiyor,
Qazo amrida elga ne ixtiyor.

Bildirilgan mulohazalardan ko‘rinib turibdiki, Ergash Rustamov ilgari surgan fikrlar asoslidir. Biroq masalani uzil-kesil hal qilish uchun esa izlanishlarni manbalarga tayanib davom ettirish lozim. Tarixiy manbalarning birortasida ham Navoiy haqidagi ma’lumotlar tartib bilan izchil berilmagan.

Xulosa qilib aytganda, Navoiy hayoti, umuman ijodi xususida so‘z yuritganda, mantiq ila birlamchi manbalarga qaytib ish ko‘rish har taraflama samaralidir.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 1-son

__________________

Abdurasul Eshonboboyev 1963 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. Respublika matbuotida o‘ttizga yaqin maqolalari e’lon qilingan.

[1] Sharofutdinov A. Alisher Navoiy, T., 1948 y., 37 b.

[2] Hayitmetov A. Navoiy dahosi. T., 1970. 62-b.

[3] Sulton I. Navoiyning qalb daftari. T., 1969. 210-b.

[4] Qarang: O‘zbek adabiyoti tarixi. 2 t. T., 1976. 407-b.

[5] O‘sha kitob. 157-b.

[6] Rustamov E. Stranitsы iz biografii Alishera Navoi//Kratkiye soobщeniya INA, vыpusk 63, Moskva, 1963, 80-86 s.

[7] Qarang: Abdurazzoq Samarqandiy. Matlai sa’dayin va majma ul-bahrayn. T., 2008 y.

[8] Bartold V.V. Yuqoridagi kitob. 223 s.

[9] O‘zbek adabiyoti tarixi, 2 tom, T., 1978., 44-b.

[10] Iqtibos Sh. Sirojiddinovning yuqoridagi kitobidan olindi. 33-b.

[11] Yuqoridagi kitob 519-b.