Abduqayum Yo‘ldoshev. Adabiy innovatsiya ehtiyoji

http://n.ziyouz.com/images/book.jpg

Insoniyat tamaddunining ibtidosidayoq vujudga kelgan adabiyot zamonlar o‘tishi bilan o‘z mohiyatini yo‘qotmagan, bil’aks, tobora qadri ortayotgan, bani basharning mislsiz ma’naviy xazinasini yanada ­boyitayotgan buyuk mo‘jiza bo‘lib qolmoqda. Va bu jarayon abadul-abad davom etajak.

Zero, o‘z vaqtida ilmiy-texnika inqilobining ayrim ommabop yutuqlari bois so‘z san’atining intihosini bashorat qilganlar ham bo‘ldi. Ammo odam aqlini lol etishga qodir texnika ajoyibotlari juda qisqa fursat ichida ma’nan eskirdi, yosh bolani ham hayron qoldirolmaydigan kundalik oddiy jihozga aylandi. Adabiyot esa insonshunoslikning yuksak cho‘qqisi sifatida yanada yuksalaverdi.

Shubhasiz, ilm-fan yangiliklari qachonlardir fantastik va utopik asarlarda qalamga olingan tasavvurlarini ­voqelikka aylantirmoqda, odam hayotini, yashash tarzini yengillashtirmoqda. Shu sababli bugungi kunimizni yangi texnikalarsiz, yangi texnologiyalarsiz tasavvur ham etib bo‘lmaydi. Yashab turganimiz XXI asrni bejiz intellektual qudrat, tafakkur asri deb atashmayapti. Ayni paytda ­taraqqiyotning jadal sur’ati dunyoqarashimizga, ong-shuurimizga yangidan-yangi islohlarni kiritmoqda. Bugun dunyoning rivojlangan mamlakatlari innovatsion iqtisodni o‘zlarining asosiy strategik maqsadlari sifatida e’lon qildilar. Agar jo‘nroq tilda ifodalaydigan bo‘lsak, bu doimiy ­innovatsiyalar oqimi, uzluksiz mukammallashib boradigan texnologiyalar va shu asosda jahon bozoriga raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishdir.

Mutaxassislar rivojlanishning innovatsion yo‘li yagona va unga muqobil taraqqiyotning o‘zi bo‘lishi mumkin emas, deb hisoblashmoqda. ­Boshqacha aytadigan bo‘lsak, kelajak – innovatsion texnologiyalarni egallagan, uni amaliyotga tatbiq eta olgan davlatniki.

Yurtimizda bu sohaga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Jumladan, innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasida qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilangan. Unga ko‘ra har yili poytaxtimizda innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi o‘tkazib kelinmoqda. Bunday tadbirlarda ko‘plab yangi ishlanmalar namoyish etilmoqda va ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha shartnomalar imzolanmoqda. Yaqindagina, may oyining oxirida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan yurtimizdagi ilmiy tadqiqot institutlari hamda oliy o‘quv yurtlarida tayyorlangan innovatsion ishlanmalarning hududiy ko‘rgazmasida ham yuz ellikdan ziyod texnologik loyiha va ishlanmalar namoyish etildi. Bundan tashqari respublikamizning inqirozga qarshi va sarmoyalar kiritish dasturlarida ham innovatsion texnologiyalarni joriy etishga, ishlab chiqarishni texnik yangilashga, modernizatsiya hamda diversifikatsiya qilishga kata e’tibor qaratilgan.

Xo‘sh, bu yo‘nalishning adabiyotga nima daxli bor, dersiz? Gap shundaki, mutaxassislar bu jarayonda innovatsion taraqqiyotning uzviy qismi bo‘lgan “ijod iqtisodiyoti”ga alohida e’tibor qaratishmoqda. “Kreativ iqtisodiyot” deb ham ataladigan bu tushuncha aynan ijodning, iste’dodning ilmiy-texnologik sohadagi o‘ziga xos va mos o‘rnini bildiradi.

Ha, ijod mahsulotlari milliy va jahon iqtisodiyotining muhim hamda ajralmas tarkibiy qismiga aylanib bormoqda. Zero ijod jarayonida ham mahsulot (asar) ishlab chiqariladi, tarqatiladi. Bu sohaning o‘ziga xosligi shundaki, unda foyda olish manbai ob’ekti sifatida salohiyat, iqtidor e’tirof etiladi. Mutaxassislar aynan ushbu sohada yangi g‘oyalar, kashfiyotlar ko‘proq uchrashini ham alohida qayd etib o‘tishgan (moziyga qaytib, asarlardagi “uchar gilam” shaklidagi samolyot, “oynai jahon” ko‘rinishidagi televizorlarni yoinki G. Uelsning fantastik asarlaridagi farazlarning to‘qson foizi bugun reallikka aylangani eslang). Bu ham hali hammasi emas. Ijodiy faoliyat bozorga olib chiqiladigan va savdo ob’ektiga aylanadigan yangi mahsulotlar hamda xizmatlar manbaidir. Olimlar bu voqelikni “kreativ mahsulotlar va xizmatlar” (inglizcha creative products and services) deb atashmoqda.

Albatta, kreativ iqtisodiyot zamirida bilim ko‘rinishidagi intellektual kapital bilan bir qatorda iqtidor potentsiali yotadi. Shu sababli ham mutaxassislar zamonaviy iqtisodiyotning taraqqiyoti asosini bilim va ijod tashkil etishini bot-bot ta’kidlashadi.

Yana bir e’tiborga molik holat. Rivojlanishning keyingi o‘n yillik tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, aynan kreativ soha jahon iqtisodiyotining eng jadal taraqqiy etayotgan tarmog‘iga aylanmoqda. Jumladan, rivojlanayotgan davlatlarda kreativ mahsulot va xizmatlar hajmi bu davr ichida deyarli 40 foizga o‘sgan. Rivojlangan mamlakatlarda esa birgina kitob mahsulotlarining eksporti bu sohadagi jami eksport hajmining 80 foizini tashkil etadi.

Shubhasiz, iqtisodiyot sohasi uchun ijod tushunchasi yangilik emas. Ijodiy faoliyat mahsulotlarida hamma zamonlarda ham u yoki bu darajada iqtisodiy munosabatlar vositasi sifatida foydalanilgan. Barcha davrlarda ham kitoblar yozilgan, chop etilgan, musiqa yaratilgan, suratlar chizilgan, ular sotilgan. Ammo ijod sohasining umumiy iqtisodiyotga bu qadar keng ko‘lamli ta’siri hali kuzatilgan emasdi. Tom ma’noda ijod ham rivojlangan, ham rivojlanayotgan mamlakatlar savdo-iqtisodiy munosabatlarida muhim o‘rin egallash bilan bir qatorda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik, integratsiya jarayonlariga ta’sir o‘tkazuvchi muhim omilga aylandi.

O‘zingiz tasavvur etib ko‘ring, AQShda “ijodiy qatlam” jami ish o‘rinlarining 30 foizini band qilib turibdi, bu esa hatto ishlab chiqarish sohasidan ham kattaroq miqdordir. Zamonaviy tadqiqotchilar esa aynan innovatsion texnologiyalar sharofati bilan keyingi o‘n yil ichida iqtisodiyotning “ijodiy sohasi” yiliga o‘rta hisobda 8,8 foizga o‘sayotganini qayd etishadi, bu esa jahon yalpi ishlab chiqarish mahsulotlari o‘sishi sur’atidan deyarli ikki barobar ko‘pdir.

Butunjahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, mualliflik huquqi bilan himoyalangan ijodiy mahsulotlar hissasi ko‘plab mamlakatlar YaIM miqdorining sezilarli qismini tashkil etmoqda. Masalan, Singapurda ijodiy sohaning mamlakat YaIMda hissasi deyarli 6 foizni tashkil etadi, Vengriyada 7 foizni, Kanadada 5 foizni va hokazo.

Darvoqe, ijod sohasida innovatsion texnologiyalarni shakllantirish faqat mablag‘ va iqtisodiy resurslar hisobiga amalga oshadi, deb o‘ylash xato. Mutaxassislar bunday texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etishning bosh shartlaridan biri sifatida innovatsion madaniyatni qayd etishadi. Bunday madaniyatga yangilikka intilishdagi ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarning o‘zaro uyg‘unligida erishiladi. Bularning jamlanmasi o‘z navbatida innovatsion potentsialni yuzaga keltiradi. Inchinun, yangi asrning eng muhim strategik resursi — innovatsion madaniyatdir. Aynan innovatsion madaniyat yordamida ham iqtisod, ham ijod sohasida yangi texnologiyalar va yangi kashfiyotlarga erishish, shaxs-ijodkor imkoniyatlarini yuzaga chiqarish mumkin bo‘ladi. Zero, rus filosofi P.I. Novgorodtsev ta’kidlaganidek: «Shaxs – cheksiz imkoniyatlar va sarhadsiz istiqbollardir”. Shu sababli ham innovatsion madaniyat fuqarolarning ijodiy imkoniyatlari hamda kreativ potentsiallarini yuzaga chiqarish jarayoni bilan bevosita hamda bilvosita bog‘langan.

Shu o‘rinda Singapur innovatsion siyosatining me’mori bo‘lgan doktor Filipp Yoning bir o‘gitini eslab o‘tish o‘rinli: “Agar siz buyuk davlat qurmoqchi ekansiz, o‘zingizning iste’dodlaringiz lashkarini (armiyasini) tuzing”. Innovatsiyani zaruratgina emas, balki jamiyat ehtiyoji sifatida ham talqin etadigan doktor Yo o‘ziinng vatani Singapurda tabiiy resurslar yo‘qligini ta’kidlab o‘tarkan, Buyuk Britaniya mustamlakasidan ozod bo‘lgan mamlakat faqat inson omili, inson ijodkorligi tufayli qisqa davr ichida mo‘jizalarga erishganini e’tirof etadi. Jumladan, bugungi kunga kelib Singapurday kichik davlatning yillik eksport hajmi 200 milliard AQSh dollariga teng. “Innovatsiya faqat jihozlaru texnologik ishlanmalarga, mablag‘ga emas, eng avvalo odamlarga bog‘liq, — deydi doktor Yo. — Biz olib borayotgan ishlar nimadir yangilik yaratishga urinayotgan, ijod qilayotgan iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat, xolos”.

O‘tgan qisqa fursat Singapur iste’dodlarga e’tibor qaratib, ularga g‘amxo‘rlik qilib to‘g‘ri yo‘l tanlaganini ko‘rsatdi. Dunyoning yirik-yirik kompaniyalari ham aynan shu davlatdagi salohiyatli mutaxassislarga, ijodkorlarga o‘zgacha ishonch bildirayotgani ham shundan shohidlik berib turibdi.

Aftidan, taraqqiyotni inson omili va zamonaviy texnologiyalarda ko‘rgan Javoharla’l Neru har tomonlama haq bo‘lgan. O‘z vaqtida va izchil qo‘llab-quvvatlaniladigan ijodkorlik, izlanuvchanlikning ijobiy samaralar keltirishidan yana bir dalolat: Butunjahon intellektual mulk tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, yil davomida kashfiyot sifatida ro‘yxatga olinib, patent beriladigan yangiliklarning 95 foizi AQSh, Yaponiya, Germaniya, Frantsiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Gollandiya, Shveytsariya, Xitoy fuqarolariga tegishli bo‘larkan. Demak, aynan mazkur mamlakatlarda ijod, ixtiro va kashfiyotlar yaratish uchun rag‘bat, qiziqish, mualliflarning huquqiy himoyasi va, o‘z-o‘zidan ayonki, moddiy manfaat tizimi ko‘ngildagiday yo‘lga qo‘yilgan degan xulosaga kelish mumkin. Aytaylik, mashhur adiblarning ijodiy mulkini dunyo bo‘yicha himoya qilib yuradigan adabiy agentlar haqida kim eshitmagan? Bu borada o‘zimizda ham huquqiy tizim yaratilgan. Jumladan, o‘tgan yilgi «Intellektual mulk agentligini tashkil etish to‘g‘risida»gi Qarorda mazkur muassasani tashkil etishdan maqsad «iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash jarayoniga innovatsiyaviy texnologiyalar hamda ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni keng tatbiq etishni rag‘batlantirishni kuchaytirish, shuningdek intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqni ishonchli muhofaza qilish» ekani alohida ta’kidlab o‘tilgan. Agentlikning Nizomida esa «innovatsiya texnologiyalari va ixtirolarni, ilmiy-texnika va sanoat ishlanmalarini, selektsiya yutuqlarini, badiiy-konstruktorlik va ijodiyot ishlarining boshqa turlarini ishlab chiqarishga keng joriy etishga har tomonlama ko‘maklashish» hamda «intellektual mulkni muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish» agentlikning asosiy vazifalari sifatida ko‘rsatilgan. Inchinun, xalqaro doirada ijodkorlarimizning huquqlarini internet tarmog‘idagi yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday bodrab chiqayotgan, istagan oldi-qochdi, gohida «tanqiddan tuban», voqelikka tuhmatdan iborat «asar»larni paydar-pay chop etayotgan shubhali saytlar emas, tegishli vakolatga, huquqiy maqomga ega muassasa himoya qilishini unutib qo‘ymaylik. Axir, amaldagi huquqiy me’yorlarimizga ko‘ra aynan agentlik Jahon intellektual mulk tashkilotida hamda intellektual mulk sohasidagi boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasi nomidan vakillik qiluvchi vakolatli organ hisoblanadi. Bu aslo iddao bo‘lib tuyulmasin, ammo keyingi yarim yil ichida «Bizga barcha yozganlaringizni ishonib topshiravering, biz ularni internetda chiqaramiz-da, keyin birgalikda rosa pul ishlaymiz!» qabilidagi quyuq va’dalarni yog‘dirgancha ko‘krak kerib kelgan uch-to‘rt mahalliy «agent» bilan suhbatlashish, imkoniyatlarini so‘rab-surishtirish asnosida ularning asosiy maqsadi asarlar yordamida o‘zlarining saytlarini targ‘ib-tashviq qilishdan va shu yo‘l bilan nari borsa reklama beruvchilarni jalb etishdan boshqa narsa emasligiga iqror bo‘ldik.

“Jahon adabiyoti” jurnalining aprel oyi sonida professorlar Umarali Normatov va Hamidulla Boltaboyevning “Bugungi adabiyotda estetik ideal va qahramon muammosi” mavzuidagi suhbati e’lon qilindi. Suhbat davomida Umarali aka kuyunchaklik bilan aytgan mulohazalardan birini iqtibos sifatida keltirib o‘tay: “Nihoyat, o‘zimizda “Alkimyogar” tipidagi asarlarga hamohang, tasavvufning sirli-sehrli ruhi bilan yo‘g‘rilgan “Isyon va itoat”, “Musulmon”, “Xayyom”, “Boqiy darbadar”, “Suvdagi kosa”, “Ozod”, “Mezon” singari hikoya, qissa va romanlar yaratildi. Bu asarlar ustida qizg‘in bahs-munozaralar ketyapti… “Alkimyogar”dan aslo qolishmaydigan bu asarlarimiz hozircha nega jahon orbitasiga chiqa olmayapti? Shu savol kishini o‘yga toldiradi”.

Darhaqiqat, yaxshi asarlarimizga ham an’anaviy qarashlar va usullarning tortish kuchini yengib, “jahon orbitasiga” ko‘tarilishi qiyin kechayapti ekan, mazkur voqelikning o‘ziyoq bu borada yangicha nuqtai nazarlar, yangicha texnologiyalarga, boshqacharoq aytganda, adabiy innovatsiyalarga ehtiyoj paydo bo‘lganini ko‘rsatmaydimi?

Olam tez o‘zgarmoqda. Bizning dunyomizda o‘rtacha olganda har 18 oyda axborot miqdori ikki barobarga osharkan, ularning kattagina qismi eskirib ham ulgurarkan. Demak, fursat kelib, bugun o‘ta zamonaviy bo‘lib ko‘ringan innovatsion texnologiyalar ham oddiy voqelikka aylanar. Ammo har qanday zamonaviy yangilik aslini olganda ijodkor uchun o‘z mahsulotini iste’molchiga (o‘quvchiga) tez va sifatli yetkazish vositasi, xolos. Birgina internet tarmog‘i imkoniyatlarini oling. Favqulodda yaxshi asarni favqulodda tezlik bilan dunyoga tanitishning bunday tengsiz vositasi aslini olganda ijodkor uchun dunyoga olib chiqadigan imkoniyatlar eshigining keng ochilgani emasmi? Bugun o‘z uyimizda xotirjam tarzda Paulo Koeloning “Alkimyogar”ini yoinki Milorad Pavichning mutlaqo yangi texnologiya asosida yozilgan “Xazar lug‘ati”ni internetdan olib, o‘qib o‘tirganimizning o‘zi bizning adabiyotdagi innovatsiya jarayoniga ham bevosita, ham bilvosita qo‘shilganligimizni, bu jarayonning oddiy kuzatuvchisi emas, ishtirokchisiga aylanganimizni ko‘rsatib turmayaptimi?

Ma’lumot uchun eslatib o‘taylik. Elektron kitoblar bugun qog‘ozdagi kitoblar bilan jiddiy raqobatgga kirishgan. AQShdagi Simon & Schuster nashriyoti ma’lumotlariga qaraganda, 2011 yili elektron kitoblarning kitob bozoridagi hissasi 20 foizdan oshgan. O‘tgan yil mobaynida Yevropada elektron kitoblar savdosi uch barobarga ortgan. Dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiladigan mamlakatlardan biri bo‘lgan Germaniyada yil davomida ikki million dona elektron kitob sotilgan. Bestseller kitoblarning haftalik reytingini e’lon qilib boradigan The New York Times gazetasi bu yil elektron kitoblar uchun alohida reyting tashkil etdi. Inchinun, bunday imkoniyatlardan samarali foydalanish, jahon ma’naviyat bozoriga o‘zimizning xaridorgir mahsulotimiz bo‘lgan asarlarimizni olib chiqish, alal-oqibat (qisqa fursat ichida) dunyo e’tirofiga sazovor bo‘lish esa, nazarimizda, eplasa bo‘ladigan yumush. Illo, o‘zbek adabiyotida keyingi yillarda yaratilgan, yaratilayotgan ayrim asarlar, adabiyotimizga ko‘rsatilayotgan katta e’tibor, xususan, “Ijod” fondining tashkil etilishi shunday qat’iy ishonch paydo bo‘lishiga olib keldi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 23-son