Roman badiiy adabiyotning navqiron, izlanishdagi janri. Jahon adabiyotida u drama, doston singari tayanch janrlardan ancha keyin paydo bo‘ldi. O‘zbek romanchiligi yana-da yangi, salkam bir asrlik tarixi bor, xolos. Abdulla Qodiriy yetuk namunalarini yaratib bergan o‘zbek romanchiligi tez rivojlandi, o‘sdi, izlandi – adabiyotimizning asosiy janrlaridan biriga aylandi.
O‘zbek romanining ruhi poeziyaga, dramaturgiyaga ta’sir etdi: she’riy romanlar, romanga monand dramalar yaratildi. O‘zbek adabiyotida tarixiy, tahliliy, biografik, mistik, sarguzasht, fantastik, detektiv, satirik, maishiy romanlar paydo bo‘ldi. O‘zbek yozuvchilari romanchilik mashqini mukammal egallamoqdalar: roman-dialogiya, roman-trilogiya, roman-tetrologiya, hatto turkum-romanlar yaratilyapti. Roman izlanishga imkon beruvchi janr: so‘nggi 10-15 yil ichida “Lolazor”, “Boburiynoma”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Ming bir qiyofa”, “Bozor”, “Fano dashtidagi qush”, “Kapalaklar o‘yini” singari janr imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga yo‘naltirilgan asarlar yartildi. Ayni bu vaqtda bu asarlar roman tarixi, tadriji haqida mushohada yuritishga undaydi. Jahon adabiyotida, masalan, romanning taraqqiyot yo‘li ravon bo‘lmagan: “Urush va tinchlik”day romanni I.Turgenev dastlab tushunib yetmagan. J.Joysning “Uliss”i hanuz xoslar romani, mohiyati o‘ta sirli, murakkab asar hisoblanadi. Jozef Prustning “Yo‘qotilgan vaqt izidan…”, Uilyam Folknerning “Koshona”, “Rivoyat” falsafiy romanlariga har kimning ham tishi o‘tavermaydi. Bu asarlar ong oqimi tarzida yaratilgan Xurshid Do‘stmuhammad, Asad Dilmurod, To‘xtamurod Rustamlarning yuqorida nomlarini keltirganimiz – romanlari ham ongda kechayotgan o‘ylarning murakkab, tabiiy oqimi tarzida yozilgan. Lekin nega bu asarlarning o‘z kitobxonini topishi qiyin kechyapti? Avvalo, har bir milliy adabiyot romanchilikdagi izlanishlarni bosqichma-bosqich o‘tab bormog‘i joiz. Bizda millat qadriyatiga aylangan romanlar hali ko‘p emas. Mazkur jumlani tugatar-tugatmas kitobxonning e’tirozi qulog‘imga kiradi:
– Kechirasiz, hozirgi globallashuv zamonida, har bir millat adabiyotini alohida, sof holda talqin qilish qanday bo‘larkin? Qolaversa, qirg‘iz adabiyoti romanchilikda qaysi cho‘qqilarni egallagan ediki, Chingiz Aytmatov ularni davom ettirgan bo‘lsin?
To‘g‘ri, ulkan iste’dodlar shakllanib qolgan qarashlarni hamisha buzib yuboradilar. Garsia Markes, Chingiz Aytmatov, Paulo Koelo singari san’atkorlar jahon kitobxonlari qarashlarida o‘zgarish yaratdilar. Gap faqat asarning keng tarqalishi, ommaviy ravishda o‘qilishidagina emas. Agar shunday o‘lchov bilan yondoshsak, “Garri Potter” asarining muallifi Rouling xonim dunyodagi eng mashhur yozuvchi bo‘lib qoladi. Uning Garri Potteri allaqachon kitobdan “chiqib” ekranga (kinoga, televideniyega) o‘tib olgan. Garri – sehrgarlar sehrgari, jodugarlar jodugari. U bir yoshligida Volan de Marta (o‘lim devi)ni yenga olgan. Bir gal saxiy sehrgar Mister Uizli Garrini yoniga o‘tqazib oladi-da, unga oddiy odamlar (lapashanglar) haqida savollar bera boshlaydi. Garri unga telefon, elektron pochta haqida gapirar ekan, Mister Uizli: “Voy bechoralar-ey, voy landovurlar-ey, sehrsiz, jodusiz shuncha narsalarni o‘ylab topganlarmi?” – deya yoqa ushlaydi. “Garri Potter” asarida sehrgar bo‘lmaganlarni magli (mide-less) bangi, landovur, lapashanglar deydilar. Rouling xonim asarida sehrgarlik ulug‘lanadi. “Garri Potter” kitobini o‘qigan, filmini ko‘rgan odam borki, sehrgarlik tufayli vayron bo‘lgan uylarni, es-hushini yo‘qotgan odamlarni kuzatib vahimaga tushadi, ertangi kunga mutlaqo ishonmay qo‘yadi.
Rouling xonimning “Garri Potter”i aslida antiertakdir. Xalq ertaklari zaminida insoniylik ulug‘lanadi, ezgu, savob ishlar madh etiladi. “Garri Potter” singari asarlarda odamovilik, hiyla-nayrang, laqillatish asosiy xislat hisoblanadi. Demak, kitobning ko‘p o‘qilishiga ko‘ra uni baholash mumkin emas ekan.
Endi jahonda ko‘p o‘qilayotgan, 118 tilga tarjima qilingan “Alximik”, “Beshinchi tog‘” romanlari haqida qisqagina to‘xtalamiz. Braziliyalik yozuvchi Paulo Koeloning romanlari hajman o‘ta siqiq, tasvir oddiy, jo‘n: ularni sira qiynalmasdan o‘qish, mohiyatini anglab yetish mumkin. Har ikkala asarda bitta muhim g‘oya ilgari surilgan: olamni, odamni xudo yaratgan. Olamu odam shunday murakkab, mukammalki, uning asrorini Yaratganga shirk keltirmaydigan, bandalik farz, burchlarini sidqidildan amalga oshiradigan kishilargina anglab yetadilar. Yaratuvchi insonga umr-imkoniyat, aql-muammolar kalitini, shijoatni – bunyodkorlik kafolatini, orzuni – Ollohga yondashish yo‘lini bergan. Xudo har bir insonni o‘z taqdiri bilan yaratadi, odamning olam bilan aloqasini – imo-ishoralar “tili”ni mukammal holda tavsiya etadi. “Alximik” romanida Santyago ismli o‘spirin – bo‘z bolaning taqdir yo‘lidagi intilishlari tasvirlanadi. Boshqacha aytganda, Santyago vositasida Kitobxon Olam va Odam sirlaridan ogoh bo‘ladi. Aniqrog‘i, Olamning mo‘jizalari, undagi azaliy tartibotlar birma-bir namoyon bo‘la boshlaydi.
“Beshinchi tog‘” romanining qahramoni Santyagodan 8-10 yoshgina katta, 23 yoshli Ilyos payg‘ambar: u ro‘y beruvchi ofatu quvonchlardan odamlarni ogoh etadi. Xudoning rasuli hamisha xavf-xatarda yashaydi, kofirlar tazyiqidan panoh izlaydi. Ilyos alayhissalom xudoning amri bilan urushda vayron bo‘lgan shaharni tiklaydi. Boshqacha aytganda, vayronalarni qayta obod qilar ekan, insonlar qalbida ezgulik urug‘lari qaytadan unib chiqa boshlaydi, hayotga muhabbat yangitdan qulf uradi. “Beshinchi tog‘” “Shunday yashar odatda odam” degan naqlning badiiy isbotidir.
Paulo Koelo romanlari ixcham, sodda, qahramonlari samimiy, ezgu niyatli. Lekin mana shu soddalik, samimiylikka erishish uchun yozuvchi qancha zahmat chekkanini, izlaganligini tasavvur etish qiyin emas. Ayniqsa, Paulo Koelo romanlaridagi global muammolar, umuminsoniy holatlar jamuljami kishini rom etadi.
Romanning hozirgi jahon adabiyotida keng rivojlanayotganligi bundan 40-45 yil muqaddam ro‘y bergan bahslarni, romanning janr sifatida o‘la boshlaganligini “isbotlovchi” o‘nlab maqolalarni yodga soladi. Xo‘sh, romanning istiqbolsizligini bashorat, targ‘ib qilib bitilgan maqolayu tushkun, asl mohiyatidan yiroq bahslar boisi ne edi? Ma’lumki, 50-yillarning oxiri, 60-yillarning boshlarida sotsialistik realizm metodining soxta, asossiz ekanligini isbotlovchi ko‘plab maqolalar nafaqat sotsialistik tizimdagi, balki ko‘plab kapitalistik mamlakatlar matbuotida uzluksiz chop etila boshlandi. Sotsrealizm metodida yozilgan romanlarning yildan-yilga sayozlashib, badiiylikdan yiroqlashib, hayot haqiqatiga zid borib yaratila boshlanganligi misollar, dalillar bilan ko‘rsatila boshlandi. Chindan ham, rus romanchiligi F.Dostoyevskiy, L.Tolstoy, I.Goncharov, I.Turgenev singarilarning mashhur asarlaridan keyin sezilarli darajada kambag‘allasha boshladi. Sovet davrida, sotsrealizm metodi hukmronligi yillarida avvalgi, dovruqli rus romanlariga teng keladigan asarlar yaratilmadi, hisobi. Natijada, tushkunlik kayfiyati, romanning inqirozi haqidagi qarashlar kuchaya bordi. Ajabki, roman, tirik vujud misoli, o‘zini-o‘zi davoladi, kasalliklardan nafaqat qutuldi, balki rivojlanishning yangi tamoyillarini vujudga keltira boshladi. A.Soljenitsin, V.Astafev, B.Vasilev, V.Aksyonov, Vl.Voynovich singari san’atkorlar rus romani shuhratini tikladilar. Hozirgi paytda rus romanchiligida yangidan-yangi izlanishlar diqqatni jalb etmoqda. Boltiq bo‘yi, Lotin Amerikasi, yapon adabiyotida yangi ruh, yangi shakldagi romanlar paydo bo‘lmoqda.
O‘zbek romanchiligi jahon adabiyotida ro‘y berayotgan holat, izlanishlarni o‘zida aks ettirmoqda. Globallashuv san’at, adabiyotda ham ko‘zga tashlanayotganini inkor etmagan holda romanning o‘zligini, betakrorligini milliylik, betakror qahramonlar belgilashini zinhor unutish mumkin emas. O‘zbekona mohiyati aniq ko‘rinib turgan “O‘tkan kunlar”, “Kecha va kunduz”, “Qutlug‘ qon”, “Navoiy”, “Sarob”, “Ufq”, “Jannat qidirganlar”, “Me’mor”, “Ulug‘bek xazinasi”, “Yulduzli tunlar”, “Ikki eshik orasi”, “Lolazor”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Boburiynoma” singari romanlar xorijiy yurtlarga “kirib bormoqdalar”. Yusufbek hoji, Miryoqub epaqa, Solih maxdum, Mirzakarimboy, Murodxo‘ja domla, Ikromjon, Saidakbar hoji, Najmiddin Buxoriy, Normurod Shomurodov, Husan duma, Nazar Yaxshiboyev, Dehqonqul singari yorqin xarakterlarni hech ikkilanmasdan “Jahon adabiyotining mashhur qahramonlari” qomusiga kiritish mumkin.
- Tarix va roman
Tarixni tungi osmon, undagi yulduzlarni nurli siymolarga mengzash mumkin. Yulduzlar tun osmonining ko‘rki, fayz-tarovati. Yulduzli tun hamma yerda bor. Ammo yorqin siymolarga boy tarix hamma xalqda ham topilavermaydi. Chindan ham, tariximiz qadimiy, boy. Tarix kitoblarimiz ham juda ko‘p. Mashhur siymolar – podsholar, nabiylar, valiylar, olimlar, san’atkorlar, adiblar haqida ko‘plab tarix kitoblari bitilgan. Professor Begali Qosimov “Ulug‘ saltanat sirlari” maqolasida: “Sohibqiron hazratlarining 660 yillik to‘ylari kunlarida matbuotda bir ma’lumotga ko‘zim tushgan edi. U kishi haqida G‘arbda 400, Sharqda 900 dan ortiq asar yozilgan ekan”, – deya qiziqarli ma’lumotga diqqatimizni jalb etadi (“Xalq so‘zi” gazetasi, 2003 yil, 18 mart). Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Bobur, Husayn Boyqaro singari podsholar, Forobiy, Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamahshariy singari olimlar, Ahmad Yassaviy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror valiy, mashhur Termiziy, Nasafiy, Shoshiylar haqida qanchadan-qancha asarlar yaratilmagan deysiz?!
Roman – tarixning tiniq oynasi. Tarixiy siymolar ertami-kechmi badiiy romanga qahramon bo‘lib o‘tadilar. Romanchiligimizning qisqagina tarixiga razm solsak, yigirmaga yaqin tarixiy shaxslar roman qahramoni bo‘lganligini kuzatish mumkin. Oybekning “Navoiy”si – o‘zbek tarixiy romanchiligining Odamotasi. Ulug‘bek, Ibn Sino haqida Odil G‘qubov, Bobur va Bobur avlodlari haqida Pirimqul Qodirov, Xayriddin Sultonovlar romanlari paydo bo‘ldi. Mashrab, Mahmud Tarobiy, Nodira, Oxunboboyev, Akmal Ikromov, So‘fizoda, Hamza haqidagi romanlar yozildi. Tarixiy asarlarning aksariyati so‘nggi o‘ttiz yil ichida yaratildi. Avvallari o‘zbek xalqi tarixi, tarixiy siymolar haqida roman yozish, beozor qilib aytganda, ma’qul kelmas, asar yozishga jazm qilganlarning kosasi oqarmas edi. Lekin Temur haqida S.Borodinning “Samarqand osmonida yulduzlar”, Anna Almatinskayaning “Zulm”, Mixail Sheverdinning “Bo‘ri izidan”, “Sanjar botir”, S.Kalmikovning “Qur’on va mauzer”, N.Nikitinning “Voqea Qo‘qonda bo‘lgan edi”, Komil Ikromovning “Mahmud dorboz” singari asarlari yaratildi, targ‘ib-tashviq qilindi. Bu asarlarda voqea-hodisalar kommunistik mafkuraga moslab yozilgan yoxud tarix va o‘tmish siymolar xarakteri soxta, buzib tasvirlangan edi. Xorazm Ma’mun akademiyasining katta ilmiy xodimi Matnazar Abdulhakim “Tazarru yoxud Komil Ikromovning “Mahmud dorboz” qissasi haqida ayrim mulohazalar” (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2003 yil, 16 may) maqolasida quyidagilarni yozadi: “Mahmud dorboz” asari ma’lum davrda yozuvchilarimiz yo‘l qo‘ygan xatolardan guvohlik beruvchi tarixiy bir hujjat sifatida ham ahamiyatlidir. Chunki “Mahmud dorboz” qissasining haqiqiy Pahlavon Mahmud hazratlari shaxsiga daxli yo‘q ekanligini bugun hamma biladi. Shu ma’noda ham bu va bu qabildagi asarlarning hozir tishlari tushgan, tirnoqlari to‘kilgan, binobarin, endi ular ham xavfli emas”.
Kommunistik mafkura, sho‘ro siyosati o‘tmishning ishonarli hujjatlarini zinhor oshkor qilmadi. Natijada, chin tarix asarlari o‘rnini haqiqatga xilof, soxtaliklarga serob badiiy asarlar egalladi. Xalq o‘tmishi, haqiqiy tarixni biluvchilar ta’qib ostiga olindi. Masalan, Oybek iste’dod bilan yaratgan “Navoiy”si, Mirkarim Osim ajdodlarimiz haqida yozgan haqqoniy qissalari uchun ur kaltak-sur kaltak qilindi.
Yana bir mulohazani aytib o‘tish joizdir. Sho‘ro davrida yaratilgan tarixiy asarlarda nafaqat ma’no-mohiyat, balki badiiylik ancha g‘arib bo‘lib qoldi. Sho‘ro mafkurasiga moslab asar yozganlar tarixiy qadriyatlarimiz shakliga, tarkib-mag‘ziga yetarli e’tibor bermaganlar. Vaholanki, o‘tmishda yaratilgan nasriy asarlar – xoh ular ilmga, tarixga, elshunoslikka oid bo‘lsin, xoh memuar, safarnoma, hasbi hol, tazkira yo‘sinda bo‘lsin, hech qachon badiiylikka begona bo‘lmaganlar. Maqsud Shayxzoda “Ustozning san’atxonasida” tadqiqotining birinchi maqolasida qiziq dalilni keltiradi: “…Nasr qoidalari haqida yagona nazariy asarni, ya’ni nasrning ilmi bade’ qoidalarini XIII-XIV asrlarning buyuk shoiri hindistonlik Amir Xusrav Dehlaviy (1253-1325) yozgan. “E’jozi Xusraviy” deb atalgan bu asar 3 jilddan iborat bo‘lib, nasriy ijodga doir bir necha ming san’atlarni (usullarni) o‘z ichiga oladi”. Bu “bir necha ming san’atlar” tarixiy, memuar, etnografik, safarnoma, hasbi hol singari asarlarga ham taalluqli bo‘lgan. Muhimi, mumtoz fanimizda nasriy asarlar umumlashma xususiyatga ega bo‘lgan. Ya’ni bitta asar ham tarix, ham safarnoma, ham hasbi hol, ham tazkira, ham elshunoslik maqomini o‘zida aks ettirgan. Fikrimizning yorqin misoli “Boburnoma”dir. Lekin Sharafiddin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh, Mirxond, Xondamir, Abdurazzoq Kirmoniy kabi muarrixlar asarlari ham badiiy san’atlar bilan go‘zallashtirilgan, estetik qadriyat darajasiga ko‘tarilgan edi. Sharafiddin Ali Yazdiy Temur askarlarining hind jangchilariga qarshi mardonavor xatti-harakatini tiniq o‘xshatish orqali ko‘rsatgan edi: “Hinduston dilovarlari turib mardonalik ko‘rsatur erdilar. Ammo chibinning na toqati bo‘lg‘aykim, pil qoshinda turg‘ay yo kiyik sherga muqobala bo‘lg‘ay” (207-bet).
Ibn Arabshoh “Amir Temur tarixi” asarida Sulton Boyazid xazinasidan olingan sitora – qimmatbaho ashyolar ustiga tashlanadigan yopinchiqni bunday tasvirlaydi: “Sitora xilma-xil naqshlar bilan naqshlangan bo‘lib, … suvratlar alvonli bo‘yoqlar bilan bezalganki, ular bekamu ko‘stlik va yetuklikda o‘ta kamolga molik edi. (Ular shunday mahorat bilan ishlanganki) go‘yoki suvratlari harakatga tushib, sen bilan suhbat qurayotgandek va quyi egilib turgan mevalar esa o‘zini terishga seni chorlayotgandek tuyuladi. U sitora dunyo ajoyibotlaridan biri bo‘lib, u haqda (boshqalardan) eshitish ko‘z bilan ko‘rgandek emasdir” (307-308-betlar).
Tarix kitoblaridagi nozik kuzatishlar, badiiylikka yot bo‘lmagan tasvirlar, tarixiy siymolar tasvir-tafsifi, fitratlaridagi holatlar ifodasi yozuvchi mas’uliyatini oshirdi, ayni vaqtda tarix mavzuiga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirdi.
So‘nggi 10-13 yil ichida “Qur’oni Karim”, to‘rt jildli “Xadis”, Ollohning rasuli Muhammad s.a.v. haqida turli zamon, turli makonlarda yaratilgan hasbi hollar Rabg‘uziy, Alisher Navoiy, Boburlarning diniy asarlari, tazkiralari chop etildiki, ma’naviy hayotimizdagi bo‘shliq to‘ldirildi. Ahmad Yassaviy, Abduholiq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror valiy singari Islom dini siymolari asarlari, ular ijodi haqidagi tadqiqotlar chop etildiki, bu ham xalq ruhiyatini boyitdi. Badiiy adabiyotda tarixiy shaxslar xarakteri ko‘p, muhimi, xo‘b yaratiladigan bo‘lib qoldi. 2002 yilning o‘zida beshta tarixiy asar yaratildi. O‘zbek kitobxoni Sa’dulla Siyoyevning “Yassaviyning so‘nggi safari”, Muhammad Alining “Ulug‘ saltanat”, Rajabboy Raupovning “Ustun”, Olimjon Xoldorning “Mirkomilboy”, Qo‘zi Davlatning “Xusumat” romanlarini o‘qidi. G‘zuvchi Ulug‘bek Hamdamning hozirgi kun haqidagi “Muvozanat” romani ham zo‘r qiziqish bilan qarshi olindi. Tarixiy mavzudagi yangi asarlarning orasida tesha tegmagani yoxud avvallari qalamga olinmaganlari yo‘q, hisobi. Ahmad Yassaviy va Amir Temur – olamshumul siymolar. Birlari haqida to‘qqiz, ikkinchilari to‘g‘risida yetti asrdan buyon ilmiy, badiiy asarlar yaratilmoqda. Sa’dulla Siyoyev va Muhammad Ali bila-ko‘ra turib zimmalariga jiddiy mas’uliyatni oldilar: yassaviyshunoslik, temurshunoslikning hay va qayyumlik jo‘sh urib turgan maydoniga dadil qadam qo‘ydilar. Ikkinchidan, har ikki yozuvchi tomirlarida oqayotgan qonda Yassaviyu Temurdan o‘tgan yaqinlik, qarindoshlik bor ediki, o‘sha ruhni, tabiiy holatni aks ettirishlari joiz edi. “Ustun”, “Mirkomilboy”, “Xusumat” romanlarining qahramonlari yangi tariximizning o‘ziga xos siymolari. Akademik Habib Abdullayev XX asr ilm-fanining baquvvat ustunlaridan edi. U yer osti boyliklarining paydo bo‘lishi, tarkiblashuvi haqida shunday kashfiyot yaratdiki, u insoniyatning so‘nmas intellektual mulkiga aylandi. H.Abdullayev nazariyasi bora-bora ijtimoiy hayotga kirib kelishi, falsafiy yo‘nalish sifatida e’tibor qozonishiga shubha yo‘q. Mirkomilboy savdo, tijorat sohasining bilimdoni, XIX va XX asr oralig‘ida dovruq taratgan shaxs. Bu inson haqida ko‘p yozilgan, qanchadan-qancha gap-so‘zlar tarqalgan. Xalq orasidagi gaplarga sinchkovlik bilan quloq tutgan, bilgan-eshitganlarini matbuotga olib chiqqan. Abdulla Qodiriy Mirkomilboy haqida bevosita quyidagilarni yozgan edi. “Kalvak maxsumdan xat. Toshpo‘lat tajang nomlig‘ haramzodaning kufri bayonida”: “Ammo u go‘dagikim to‘qqiz yoshda she’r ijod aylab ag‘niyoni haqorat qilibdur, albatta, tavba qilsa az jihati sag‘rligi maqbul bo‘lg‘ay”. “Chichora” taxallusi bilan “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1925 yil 7 iyunida bosilgan maqolaga tahririyat quyidagi izohni bergan: “Shoir Cho‘lpon to‘qqiz yoshida ulamolarni va andijonlik Mirkomilboyni ziqna va zolimligini tanqid qilib gazetaga she’r yozgan ekan. Muallif shunga shama qilyapti”.
Mirkomilboy haqida xalq orasida qo‘shiq paydo bo‘lganligi, yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad 1996 yilda Mirkomilboy haqida “Qazo bo‘lgan namoz” tarixiy hikoya yozganligi ham ma’lum.
Nihoyat, o‘tgan asrda Qo‘qon, Buxoro, Xorazm xonligining so‘nggi hukmronlari Xudoyorxon, Amir Olimxon, Isfandiyor, Said Abdullo va ularning avlod-ajdodlari haqida ko‘p yozildi. So‘nggi xonlar, xonzodalar taqdiriga qiziqish hamon kuchli. G‘zuvchi Qo‘zi Davlat “Xusumat” romanida Muhammad Rahimxon Feruz farzandlari Isfandiyor, ayniqsa, taxtda ozgina muddat omonatgina o‘tirgan Said Abdullo va uning farzandlari, yaqin xeshlarining fojiaviy taqdirlari haqida yozgan. Xullas, 2002 yilda yaratilgan beshta yirik asar tarixiy roman, romaniy tafakkur, yozuvchi va asosiy qahramon falsafasi xususida mushohada yuritish imkonini berdi – ushbu maqolaning yozilishiga turtki bo‘ldi.
- Romaniy tafakkur yoxud hamma roman yozishi shartmi?
Roman milliy adabiyot ko‘rki, yozuvchi ijodidagi alohida voqea. Lekin hech kim, hech qachon iste’dodli yozuvchi, albatta, roman yozishi shart degan talabni qo‘ymagan. Roman yozmagan, lekin nomi jahon adabiyotidan o‘chmas o‘rin olgan yozuvchilar ko‘p. Belorussiyalik mashhur adib, 2003 yil 22 iyunda sakson yoshida vafot etgan Vasil Vladimirovich Bikov (1924) ijodi davomida asosan Ikkinchi jahon urushi mavzusida yigirmadan ortiq qissa yozdi. Adabiy hayotda bayram bo‘lgan kichik-kichik qissalarda ulkan-ulkan insoniy fojialar odam bolasi chidashi amri mahol bo‘lgan dramatik voqealar aks ettirilgan. Mo‘jaz qissalar yozuvchi obro‘sini osmon qadar ko‘tardi. V.Bikovning deyarli tengdoshi Chingiz Aytmatov ijodini aytmaysizmi?! Bu buyuk yozuvchi hali romanga qo‘l urmay turib, qissalari bilan mashhur bo‘ldi. Uning “Asrga tatiguvchi kun”, “Qiyomat”, “Kassandra tamg‘asi” romanlari 80-yillardan boshlab chop etila boshlandi. Romanlari bilan Ch.Aytmatov XX asrning buyuk mutafakkir yozuvchilari qatoridan o‘rin oldi.
Hozir o‘zbek adabiyotida asarlari eng ko‘p o‘qiladigan adib kim? Tohir Malik. Bu adib hozirgacha 20 dan ortiq qissa yozdi. Qissalari tarkibi, tuzilishi, yo‘nalishi nuqtai nazaridan har xil. G‘zuvchi o‘z ijodi bilan qissa janri imkoniyatlarini uzluksiz kengaytirib, kashf etib bormoqda. “Shaytanat”ning ikkinchi, uchinchi kitoblari chop etilgach, biz, tanqidchilar shoshib qoldik: uch, to‘rt kitobli qissalarga o‘rganmaganmiz-da, o‘ylamay-netmay “Shaytanat”ni romanga chiqarib qo‘ydik. Xayriyatki, yozuvchining o‘zi “Shaytanat” to‘rt kitobdan iborat qissa ekanligini aytdi. Ko‘rinadiki, qissa yozib ham elda azizu mashhur bo‘lish mumkin ekan.
Bir qancha hikoya, o‘nga yaqin qissa yozgan Normurod Norqobilov bilan gurunglashib qoldim.
– Qachon roman yozasiz?
– Roman yozishga shoshilmayapman. Ruhimda roman shakllanayotganday, yuki sezilayotganday bo‘lyapti… Ko‘rarmiz…
G‘zuvchi gaplariga ishondim, undan xursand bo‘ldim. Chala-chulpa, sonsiz romanlar yozib tashlayotganlar ozmi? Mutaxassislar yaxshi bilishadi: bir emas, ikki emas, o‘nga yaqin romani bo‘la turib unutilib ketayotganlar talaygina. Tog‘ay Murod-chi? U adabiyotga birdan kirib keldi. G‘nib ijod qildi.
Aksincha, “Qaytar dunyo” romani bilan qalblarga nurday kirib borgan G‘qubjon Yakvalxo‘jayevni, “Tutash olamlar” fantastik-mistik roman-trilogiyasini tugatishi bilan bu dunyoni tark etgan Hojiakbar Shayxovni yoddan chiqarib bo‘ladimi?
Roman tafakkuri hayotiy tajriba, e’tiqod, olamu odam haqidagi teran o‘ylarning samarasi o‘laroq paydo bo‘ladi, shakllanadi. Mavzu, adabiy qahramonlar roman tafakkurini aniq o‘zaniga yo‘naltiradi. Roman tafakkurida yozuvchi uslubi, tabiati aks etadi. Tabiiyki, roman tafakkurining yetilishida iste’dod hamda teran mushohadakorlik asos. Ruscha maqolda aytilganidek, tog‘ning sichqon tug‘ishi qanchalik kulgili bo‘lsa, qarqunoqdan bulbul chiqishi shunchalik g‘alatidir. Bu fikrlar, tabiiyki, roman tafakkuriga taalluqli. Sho‘ro davrida yaratilgan o‘nlab, yuzlab romanlarning unutilib ketishiga yuzaki buyurtmalaru mafkuraviy chaqiriqqa “labbay” deya javob berish sababchi bo‘ldi. Baquvvat romaniy tafakkur olam va odamaro uzviy birlikni inson tabiatidagi mangu tuyg‘ularni teran anglashdan paydo bo‘ladi. Nihoyat, roman tafakkurining tez shakllanishida kuchli muhabbat yoxud g‘azabning hissasi katta.
“Yassaviyning so‘nggi daftari” romanida “vahiy payg‘ambarlarga, ilhom avliyolarga, farosat so‘fiy-darvishlarga berilishi” aytiladi. Sa’dulla Siyoyev romaninning tafakkuri “ilhom avliyolarga beriladi” degan asosdan unib-o‘sganday. Ahmad Yassaviy faoliyati va ijodi, misoli et bilan tirnoq. Ulug‘ avliyo faoliyatiga shunchalik berilganki, uni ilhom deya, shunday jo‘shib ijod qilganki, buni faoliyat samarasi deya bilish joiz. Ahmad Yassaviy hech bir yumushga (hatto qoshiq yo‘nishga) shunchaki yondoshmaydi. U raqiblari bilan shunday bahsga kirishadiki, o‘z-o‘zidan mustahkam mantiq, ishonch bilan aytilgan so‘zlar uni jo‘shtiradi.
Muhammad Ali Amir Temur obraziga ancha ilgari murojaat qilgan yoxud Temur haqidagi roman tafakkuri yozuvchi ruhida ilgaridan tug‘ilgan, rivojlana boshlagan edi. Tabiatan Muhammad Ali sinchkov, tartibni yoqtiradigan, yetti o‘lchab bir kesadiganlar toifasidan. “Ulug‘ saltanat” romanida yozuvchi Temur hayotining qisqagina, lekin ziddiyatlar bisyor davrini tanlab oldi. Ulug‘ Temur saltanatining asosiy ustunlarini aniq, lo‘nda ko‘rsatib berishni maqsad qilib qo‘ydi. Yana ham aniqroq qilib aytganda, Temurning katta o‘g‘li Jahongirning yulduzday bir chaqnashini, yashinday nur taratishini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan. Roman tafakkurining joriy etilishi, asarning yozilishida Jahongir Mirzoga taalluqli gaplar biroz cho‘zilib, haroratini yo‘qotib qo‘yganday seziladi. “Ulug‘ saltanat”da xos odamlarning xos munosabatlari, xatti-harakatlari Saroymulkxonim, Xonzoda begim, Oqqiz singari obrazlarda namoyon bo‘ladi. Muhammad Ali roman yozishga chog‘lanar ekan, Amir Temur poytaxtining jannatmonand bog‘-rog‘larga, muhtasham binolarga, ravon yo‘llarga, pishiq ko‘priklarga ega bo‘la borganligini tasvirlashni niyat qilib qo‘ygan. Bir so‘z bilan aytganda, “Ulug‘ saltanat”da Temur davlatining asoslarini yoritib berish maqsad qilib qo‘yilgan.
“Mirkomilboy”, “Ustun”, “Xusumat” romanlarida asosli romaniy tafakkur ko‘zga tashlanmaydi. San’atkor o‘z ruhidagi ko‘tarinki holatlar ma’no-mohiyatini anglab yetganidagina roman predmeti yoxud aniq g‘oya, tafakkur namoyon bo‘ladi. O‘tmishda ulug‘ bobolarimiz, momolarimiz yaratgan intellektual, ruhoniy-ma’naviy qadriyatlar o‘z qimmatini yo‘qotgani yo‘q. Ammo badiiy asarda, xususan, romanda masalani umumiy tarzda, ruhiy holat sifatida qo‘yib bo‘lmaydi. Afsuski, ajdodlar haqida yaratilayotgan ko‘pchilik asarlarda umumiy gaplar, g‘urur, maqtanish kabi holatlar yetakchilik qilib qolmoqda. Hozir zamon tadbirkorniki, ishbilarmonniki. O‘tmishda Mirkomilboyga o‘xshagan boy-badavlat, tijoratda dong taratgan millatdoshlarimiz ko‘p bo‘lgan. Sho‘ro davlati siyosati boylar, tadbirkorlar haqida yozishni ma’qullamas edi. Lekin sho‘ro zamonidayoq “Qutlug‘ qon” (Oybek), “Jannat qidirganlar” (Shuhrat) romanlarida tijorat kishilarining mohiyati ishonarli yoritilgan edi. Saidakbar hoji savdo-tijorat ishining shavq-zavqi haqida og‘zidan bol tomib gapiradi: “… savdo hayotning jon ozig‘i. Bu o‘zi zo‘r san’at. Undan keyin gashti ham bor! Savdo yurishib turgandagi kayfiyatga nima yetsin!.. Pul bo‘lsa-yu, jinday idrok bilan ish tutilsa, bu yog‘i moylangan gumbur aravadek silliq ketaveradi. Ko‘ribsizki, pichoq ham moy, cho‘mich ham!” Mirzakarimboy, Saidakbar hoji xarakteri mohiyati, o‘ylab ko‘rilsa, roman tafakkuri shakllanayotgan paytdayoq namoyon bo‘la boshlagan. Demoqchimizki, yozuvchi ruhida shakllanayotgan roman tafakkuri nur misoli ham hodisalarni, ham xarakterlarni, ham ziddiyatlarni, ham yozilajak asar tarkibi tartibini yorita boshlaydi, umumiy ohangni belgilaydi. Olimjon Xoldorning “Mirkomilboy” asarida hamma narsa bor, ammo roman tafakkuri yo‘q. Shu narsa mohiyati, asosini yo‘qqa chiqargan. “Mirkomilboy”dagi asosiy qahramon pulni o‘ngu tersiga qaramay sochuvchi Hotami Toyga aylanib qolgan. Mantiqsizlikning eng baland cho‘qqisi shundaki, Mirkomilboy o‘z xizmatkori uylanganini bilib, Moskovday joydan– surgun manzilidan ming azoblarni yengib, kelin salomga yetib keladi. Kelinga katta ko‘rmana berib, yoshlarga baxt tilagach, qiyofasini o‘zgartirib zudlik bilan yana surgun joyi – Moskva atrofidagi qishloqqa jo‘nab ketadi. Olimjon Xoldor Mirkomilboyning ijtimoiy-siyosiy munosabatlari mantig‘ini ham buzib yuborgan. To‘g‘ri, Mirkomilboy pandavaqi, sobiq o‘g‘ribacha Bidilinni bir pulga olmasligi tayin. Lekin o‘sha bachkana, chillasi chiroq ko‘rmagan Bidilin dahshatli mustamlaka boshqaruvining vakili. Shunday ekan, Mirkomilboyday aqli raso odam egasining hurmati tufayli laychasiga suyak tashlashi – Bidilin bilan o‘ynashmasligi lozim edi.
Romanda Mirkomilboyning Bidilin bilan olishishi, uni masxara qilishi bachkanalikdan o‘zga narsa emas.
Rajabboy Raupovning “Ustun” romani, garchi Habib Abdullayevni bosh qahramon qilib tanlagan bo‘lsa-da, ozginagina adadda chop etildi: uning yozilganini birov bilib, birov bilmay qoldi. Qolaversa, “Ustun” Habib Abdullayevni yaqindan bilgan kishilar – geologlar, shogirdlar, hamyurtlar xotiralariga o‘rab-chirmab chop etildi. So‘nggi yillarda ijtimoiy buyurtma bilanginamas, hamkasb, hamjamoa, o‘g‘il-qiz, qarindosh-urug‘ buyurtmasi bilan asar yozish urfga kirmoqda. O‘ylab ko‘rilsa, bunday yo‘riqning yomon tomoni yo‘q. Deylik, Habib Abdullayev hamkasblari, shogirdlari ulug‘ olim haqida roman yozilishini istaganlari, bu yumushga bosh-qosh bo‘lganliklari tahsinga sazovor. Lekin hamma gap shundaki, asar yozadigan odamda romaniy tafakkur, qahramon ruhi, ongiga yaqin keladigan qarashlar paydo bo‘ldimi yoki yo‘qmi? Habib Abdullayev haqida roman yozishga chog‘langan odam kamida T.Dolimov, T.Shoyoqubov, M.Ahmedov darajasida o‘sha inson ruhini, fanga olib kirgan kashfiyoti mohiyatini anglab yetishi lozim edi. Insoniyat, masalan, Isaak Nyuton, Albert Eynshteyn, Ilya Prigojin singarilarning tortilish, nisbiylik, termodinamika sohasida kashfiyot yaratganlarini, fandagi bu yangiliklar falsafiy yangilik sifatida ijtimoiy hayotga tatbiq etilayotganligini anglaydi. “Ustun” romanida Habib Abdullayev asarlari nomi goho tilga olinadi, lekin ularning ma’no-mohiyatiga kirish yozuvchining xayoliga kelmaydi. Vaholanki, Habib Abdullayev xarakterini, uning o‘zagini ilmiy asarlari ma’no-mohiyatisiz anglash mumkin emas. Geolog-faylasuf Habib Abdullayev, oddiy odamlardan farq qilib, zamon, makon xususida keng miqyosida fikr yuritganini, tabiat va inson aro bog‘liqlikni juda teran anglaganini his etish mumkin. Yana Habib Abdullayev kashfiyoti N.Vavilov, I.Prigojin, N.Vinger singari olimlar kashfiyotlari bilan yaqin fursatda amalga oshdi. O‘sha paytlarda haqiqiy fandagi taraqqiyot bilan soxta, siyosiy-ma’muriy qarashlararo kurash davom etayotgan edi… Tanqidchilikda yozilmagan bir qonun bor: asarda yozilmagan narsalar haqida fikr yuritish to‘g‘ri emas. Lekin R.Raupov vaqti soati bilan shu mavzuga yana qaytib qolishi mumkin degan umidda ba’zi mulohazalarni aytishni lozim topdik. “Ustun” romanida millatparvarlik, odamoxunlik, onaga, oilaga, do‘stlarga sadoqat Abdullayev obrazida ko‘rsatilgan. Bosh qahramon partiyaning chizgan chizig‘idan chiqmaydigan, amal-obro‘ uchun muqaddas tuyg‘ularni arzimas pulga sotib yuboradigan mayda kaslar bilan ko‘p to‘qnashadi. Lekin bu voqealar, afsuski, xarakter mohiyatini yoritishga ojizlik qiladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ustun bor-u, ammo u nimani suyab turgani sezilmaydi…
Qo‘zi Davlatning “Xusumat” (Nukus. “Qaraqalpog‘iston” – 2001) asari – mohiyatiga ko‘ra fojeiy-sarguzasht roman. Asar jurnalist tekshiruvi, chigal hayotiy material mohiyatini yoritib berish asosiga qurilgan. Xorazmning so‘nggi, birov bilib, birov bilmagan xoni Said Abdullo, uning farzandlari, yaqin qarindoshlarining sho‘ro hukumatining g‘ayriinsoniy, zo‘ravonlikka asoslangan siyosati qurboniga aylanganliklari ko‘rsatiladi. “Xusumat” romani muallifining tayin, kontseptsiyasi sezilmaydi. Bir qarasangiz, muallif so‘nggi xon farzandi – mo‘nkillab qolgan Abdurasul to‘raning Xorazmga kelishi, kindik qoni to‘kilgan yerni tavof qilishini tasvirlaganday tuyuladi. Ikkinchidan, voqealar maromi shundayki, sho‘ro hukumati o‘ziga dushman bo‘lgan kishilarni (sinfni, avlodlarni) ayovsiz ezgan, xorlagan, xo‘rlagan degan fikr kelib chiqadi. Uchinchidan, kishida xorazmlik xonu xonzodalarga nisbatan ham achinish, ham alam tuyg‘usi paydo bo‘ladi. XX asrga qadam qo‘ygan xonzodalar shaxs sifatida shakllanmaganliklari, o‘zlarining haq-huquqlarini zinhor himoya qila olmaganliklari kishini o‘yga toldiradi. Xon va xonzodalar podaday haydab Moskvaga, undan Ukrainaga keltiriladilar. Qamoqxona azoblari, jismoniy, ma’naviy azoblar xon avlodlarini g‘ururdan, o‘zlikdan mosuvo qiladi: ular o‘lib qolmaslik uchun harakat qiladilar, tahqiru xo‘rliklarga chidaydilar. Roman muallifi xarakterlarni tahlil qilish, syujetni izchil rivojlantirish yo‘lidan bormaydi. Asarda 1920 yildan 1990 yillargacha bo‘lgan voqealar qahramonlar biografiyasiga bog‘liq holda rivojlantiriladi. “Xusumat” romani kitobxon qalbida ayanch, alam, zo‘ravonlikka nafrat tuyg‘usini kuchaytiradi. Xullas, Qo‘zi Davlat o‘z romani bilan jiddiy janrga xos teranlikni, xarakterlar tahlilini, insonga xos jiddiy masalalarni yoritib berolmagan.
3.Roman falsafasi
Uslub – yozuvchining adabiyotdagi betakror qiyofasi, o‘zligi. Uslub – ijodkorning fikrlash tarzi, olamu odam haqidagi qarashlari, iymonu e’tiqodi. Uslub – yozuvchi falsafasi in’ikosi. San’atkor falsafasi bus-butun, teran namoyon bo‘ladigan janr – roman. Boshqacha aytganda, roman – yozuvchining olam va odam, zamon va makon haqidagi falsafasi, ijodkor borlig‘ida rosa yetilgan tafakkur, dunyoni anglash kontseptsiyasi ko‘rsatkichi. Roman – yozuvchining ruhiy-ma’naviy-intellektual darajasi ifodasi.
Tarixiy romanlarda yozuvchi falsafasi, roman tafakkurining aks etishi murakkabroq kechadi. Aniqrog‘i, bosh qahramon – asosiy xarakterlar falsafasi yozuvchi kontseptsiyasi, tafakkuri bilan uzviy birlik, bog‘liqlikda o‘z ifodasini topadi. “Yassaviyning so‘nggi safari” romanining qahramoni Ahmad Yassaviy mutasavvuf alloma – o‘z falsafasi, tariqatiga asos solgan. Ayni vaqtda, ijodkor siymo. Romanni o‘qigan kitobxon zinhor: “Yassaviy qarashlari qanday edi?”, “Bosh qahramon xarakteri yuzaki tasvirlanibdi”, “Romanda asosiy qahramon falsafasi va ijodiy-amaliy faoliyati aro soxtalik, nomutanosiblik paydo bo‘libdi”, – demaydi. Aksincha, unda ham estetik, ham fikriy-mantiqiy qoniqish paydo bo‘ladi. Sa’dulla Siyoyev nafaqat bosh xarakter, balki Hakim ota, Bobo Mochin, Abduholiq G‘ijduvoniy singari xarakterlarni to‘la namoyon eta olgan. Romandagi eng muhim, dramatik xarakterlardan biri muridi sodiq, ayni vaqtda shahzoda Qutbiddindir. Bu xarakter Ahmad Yassaviy tariqati qudratini to‘laligicha namoyon etgan. Qutbiddin Sulton Mahmudning yolg‘iz o‘g‘li, ertami-indinmi taxtni egallaydigan odam. Bu qahramon ikki yo‘l orasida turibdi: qalban, ruhan u piri murshidga yaqin: zikr tushganda butun borliqni unutadi, shavq-zavq, jo‘shqinlik bilan tariqat mohiyatini tuyadi, bemisl huzur-halovat oladi. Podsho yakka o‘g‘lini saroyga qaytarish, dunyo lazzatlariga oshno qilish chora-tadbirlarini ko‘radi. Qutbiddin nozik-nihol yorini nikoh to‘shagida bokiraligicha qoldirib, piri izidan ketadi. Mana shu o‘rinda yozuvchi falsafasi uch ko‘rsatadi. Kitobxon Qutbiddinning saroyga qaytishini, adolatli podsho bo‘lib, el-yurt hurmatini qozonishini istaydi. Lekin mantiq Qutbiddinning Yassaviy izidan ketishini taqozo qiladi. G‘zuvchi shu mantiqqa zid borolmaydi. Ammo Qutbiddin tirikchilik o‘tkazish uchun yo‘niqchilik qilayotganini, uzzu-kun 5-6 ta qoshiq yo‘nganini kuzatgan kitobxon xayolidan yana bir gap o‘tadi: “Saroyga qaytsang, otang boshlagan ishni halollik bilan davom ettirsang bo‘lmasmidi?” Shu fikrda yozuvchi pozitsiyasi ham seziladi. Ammo u o‘z qarashini zo‘rlab o‘tkazmaydi: kitobxonga vaziyatni baholash imkonini beradi. Ahmad Yassaviyning falsafiy qarashlari, mustimahkam e’tiqodi ochiq bahslarda, mantiqiy jangu jadallarda namoyon bo‘ladi. Shahobiddin Xoja, Ashrafxon qozi, Mavlud qori, A’moq Marvaziy singarilari Ahmad Yassaviy payini qirqishga, uni el aro sharmanda qilishga hamisha shay turadilar. Ahmad Yassaviy kuchli ilmi, mustahkam irodasi, bukilmas e’tiqodi bilan hamisha raqiblaridan ustun keladi. U o‘z qarashlarini tasdiqlash yo‘lida tinimsiz harakat qiladi:tasavvufiy falsafasini tasdiqlab boradi. Xo‘sh, romanda yozuvchi kontseptsiyasi, falsafasi qanday aks etgan? Ahmad Yassaviy har qancha mutasavvuf bo‘lmasin, tabiat farzandi, onadan tug‘ilgan inson. G‘zuvchi o‘z falsafasini mana shu yo‘nalishda davom ettiradi. Ahmad Yassaviy boqiy dunyoni foniy dunyodan a’lo ko‘radi. Ammo u o‘jar, o‘ylovsiz, ko‘r-ko‘rona ish tutadiganlardan emas. Shayx avvaliga o‘g‘li Ibrohimni o‘zi bilan muqaddas Haj safariga olib ketmoqchi bo‘ladi. Ammo “zavjalik xizmatini beminnat ado etgan” ayolining mantiqli mulohazalaridan keyin nafaqat o‘z o‘g‘lini, balki muridi Abduraufni ham Haj safaridan qoldiradi. Ahmad Yassaviy bu dunyo deb u dunyoni arzimas havaslarga almashtiradiganlardan emas. Lekin romanda Ahmad Yassaviyning Turkiston, Isfijob, Iyqonga farzandlik mehri tasvirlangan o‘rinlarda yozuvchi qarashi ko‘zga yarq etib tashlanadi. Romanda zardushtiylik diniga e’tiqod qiluvchi Kaffor qarluq, Kashmiriy devona obrazlari berilgan. Qanchadan-qancha kishilar bu insonlarning e’tiqodlari uchun xo‘rlaydilar, xorlaydilar. Ammo islom ustunlaridan bo‘lgan Yassaviy o‘zga dindagi bu insonlarga shafqat qiladi.
Bu o‘rinda ham yozuvchi falsafasi, insonparvarlik tushunchasi aniq namoyon bo‘ladi. Asar xotimasida yozuvchi falsafasi zo‘r mahorat bilan o‘z ifodasini topgan. Shayx o‘z muridlari bilan Mavrni tark etish arafasidaligida vabo ofati paydo bo‘ladi. Qaltis vaziyatda Shayx xudodan madad kutish, duoyu zikrga zo‘r berish yo‘lini tanlamaydi. U aqlli, tadbirli inson sifatida hokim Sulton Sanjar bilan bir tan, bir jon bo‘lib nogahoniy ofatga qarshi kurashga kirishadi. E’tibor bering, Shayx jamoa bo‘lib, masjidlarda namoz o‘qishni taqiqlaydi, bozorlarni vaqtinchalik bekitish taklifini kiritadi. Qilday nozik vaziyatda Shayxul-mashoyix dunyoviy inson sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Muhimi shundaki, mana shu fidoyiligi, odamparvarligi tufayli u ajr – buyuk savobga dohil bo‘ldi: “Ikki kundan keyin Shayxul-mashoyix subhi sodiqda sergak tortib uyg‘ondi. Tepasida Xizr bobosi turardi.
– Ayo Ahmad! Birodarim Jabroil mujda keltirdi. Miskinlarni balodin qutqarib, haj savobini olding. Bay’ating qabul bo‘ldi. Endi Turkistonga qayt. Turkistonda seni Ollohning savobi kutadi…”
Shunday nurli xotimada yozuvchi falsafasi, roman tafakkuri ko‘zga yarq etib tashlanadi, borlig‘ingizni qamrab oladi.
“Ulug‘ saltanat” romani haqida gap borar ekan, mavzu mas’uliyati, bosh qahramoni miqyosi, salobati masalasi kishini o‘ylatadi.
Xullas, roman-fikr-mulohazalar, falsafiy-siyosiy, ijtimoiy-ma’naviy bahs, mushohadalarning jonli xarakterlarda ifoda etuvchi janr. Bu janr kitobxonni o‘ylashga, mushohada yuritishga undaydi, ruhiy-ma’naviy jihatdan boyitadi.
- Zamonaviy roman imkoniyatlari
Kuzatganmisiz, suvratga tushgan odam rasmiga bot-bot qarayveradi, o‘zini o‘zi endi ko‘rayotganday, nimalarnidir anglayotganday bo‘laveradi. Muhrlangan – ortda qolgan vaqtga boqishning sinoati, ichki bir ma’nosi bor. Hozirgi kun, yon-verimizdagi odamlar haqida yozilgan jonli asarni o‘qish, uqish, u haqda fikrlashish, bahslashish – o‘ta maroqli yumush. Ulug‘bek Hamdamning “Muvozanat” romanining “Jahon adabiyoti”da chop etilganiga uncha ko‘p bo‘lgani yo‘q. Lekin roman qo‘ldan-qo‘lga o‘ta boshladi, tildan-tilga ko‘chdi, dillardan joy olib, aks-sado bera boshladi. Asar haqida hozirgacha bildirilgan fikrlarni (maqola, taqriz, munosabat, qutlov, mulohaza, bahs, tahlil, talqinlarni) alohida kitob qilsa bo‘ladi. “Muvozanat” yoshlarning diqqatini tortganligi, qizg‘in bahslarga sabab bo‘layotganligi diqqatga sazovor. “Shaytanat”dan keyin bunday o‘qishli asar yaratilmagan ekan-da…
“Muvozanat” nimasi bilan tilga tushdi, bahslarga sabab bo‘ldi? Uni badiiy barkamolligi ulug‘ladi desak, matbuotda asardagi jo‘n jumlalar, syujet, kompozitsiyadagi baland-pastliklar qayd etildi. Asarni zamonamiz falsafasi, ruhiy-ma’naviy qarashlar jamuljami desak ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ehtimol, “Muvozanat” qaysi yo‘ldan borishimiz zarurligini badiiy jihatdan isbotlab bergandir?!
Ulug‘bek Hamdam romani hozirgi o‘zbekning o‘ylari, izlanishlari, ruhiy-ma’naviy iztiroblari haqidagi asardir. “Muvozanat”ning eng katta yutug‘i shundaki, unda jonli, tirik, izlanuvchi, xom sut emgan bandalar timsoli tiniq tasvirlangan. “Muvozanat”da yaxlitlik, birbutunlik ruhi bor. G‘dingizdami, uch o‘rtoq – Yusuf, Said, Mirazim to‘qlikka sho‘xlik qilishadi. Ko‘chaga chiqib olib qizlarga gap otishadi, o‘tgan-ketganga tegajoqlik qilishadi, mushtlashishadi, to‘daga tushib qolib, rosa kaltak yeyishadi. O‘yindan o‘q chiqishiga bir bahya qolganida, uch o‘rtoqning taqdiri xavfli chiziqqa o‘tib qolayotganida o‘rtaga Yusuf bilan mushtlashgan rus yigiti tushadi: hech kim aybdor emasligini jon-jahdi bilan isbotlaydi, hozirgina o‘zi bilan mushtlashgan o‘zbekni balodan qutqarib qoladi. Yana bir misol. Mirazim, Said o‘z yo‘lini topib olgan, ular qiyinchilik nimaligini bilmaydilar. Ularning xotinlari bugungi boyvuchchalar: ular bilan uncha-buncha odam gaplasha olmaydi. Lekin boyvuchcha Zuhra kambag‘al Yusuf bilan talabalik yillarini, donishmand Tal’at aka ma’ruzalarini nurli tushday eslaydilar. Yusuf bilan Amirning hayotga qarashi, munosabati boshqa-boshqa. Lekin ular aka-uka: birining dardi ikkinchisining armoniga aylanadi. Xullas, roman qahramonlari bir zamon, bir muhitning odamlari. Ular uchun boylik, kambag‘allik hayot-mamot masalasi emas. Asar qahramonlari hozirgi hayot, pastu balandliklar, notekisliklar, halolu haromliklar, insofu noinsofliklar haqida dildan mulohaza yuritadilar. “Muvozanat” o‘zining ruhi bilan barchani birlashtirdi, boshini qovushtirdi. To‘g‘ri, ayrim erudit intellektuallar muvozanat falsafasi haqidagi qarashni inkor etdilar, romanning ta’sir doirasi tor ekanligini bildirdilar. Lekin “Muvozanat” bugungi kishilar o‘ylari, qarashlari sifatida e’tibor topti. Romandagi Yusuf, Amir, Odil aka, Said, Zuhra, Manzuralarning o‘z qarashlari, hayotiy munosabatlari mavjud. To‘g‘ri, ular ishongan qarashlarni ertangi kun inkor etishi mumkin. Lekin, muhimi shundaki, ular bugun o‘ylayaptilar, izlanyaptilar. “Muvozanat” romanida qahramonlar o‘ylari, tushunchalari, hayotga qarashlari bilan tezoqar vaqt aro bahs bo‘layotganligi ochiq-oydin seziladi. Zahro bugun hayotdan lazzat olishni, Manzura eri ustidan hukmronlik qilishni maqsad deb bildilar va xato qilayotganliklarini sezib qoldilar. Yusufning xotini ham yengiltaklik qilganligi va bu qilmishi uchun darhol jazolanganligi ma’lum bo‘ladi. Asarda qahramonlar aro azaliy muammolar bo‘yicha bahs bo‘ladi. O‘ylab ko‘rilsa, Amir ko‘p masalada haq. Lekin u zinhor zamon bilan kelishishni xayoliga keltirmaydi. Odil aka aqlli, hushyor odam. Ammo hayot uni kelishuvchan, zamonga boqib ish qiluvchi qilib qo‘ygan. Amirni tavakkalchiligi, e’tiqodi yo‘lida toymasligi zarbalarga duch kela boshlaydi. Shunday xulosa paydo bo‘ladiki, amirlar avval ham bo‘lgan, jamiyatdan ajratib, chetga surib tashlangan. Jinnixonadagi ahvol, soppa-sog‘ “jinni”lar taqdiri ko‘p narsa haqida o‘ylashga undaydi. Amir tutgan yo‘l: “Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq”, degan maqol bekorga paydo bo‘lmaganini uqtiradi. “Muvozanat” romani milliy o‘zligimizda o‘zgartirilishi lozim bo‘lgan ko‘p narsalar borligini ko‘rsatadi. Yusuf, masalan, ko‘pincha to‘g‘ri yo‘lni topib oladi. Lekin o‘sha yo‘lni izchil davom ettirishga irodasizlik, kelishuvchilikdan ko‘ra teranroq allanima borligi sezilib qoladi. Yusufni Amir yozgan she’rlar hamisha sergaklantiradi, o‘g‘lining o‘limiga sabab bo‘lgan voqea-hodisalar qalbini o‘rtaydi. Lekin sergaklik, qalbning o‘rtanishi shaxsning qayta shakllanishi, yangi yo‘lni uzil-kesil tanlagani emas. Yusuf xarakteridagi kamchiliklar, afsuski, ko‘pchilik millatdoshlarimizda ko‘rinadi.
“Muvozanat” romani an’anaviy yo‘sinda yozilgan asar. Lekin o‘ylab ko‘rilsa, unda modern romanning ko‘p xususiyatlari ko‘zga tashlanadi. Birinchidan, Yusuf – bosh qahramon qarashlari zinhor yozuvchi kontseptsiyasini aks ettirmaydi. Romanda o‘ta nozik harakat qiladigan roviy obrazi ko‘zga elas-elas tashlanadi. U voqea-hodisalarni zimdan boshqaradi, qahramonlarning emin-erkin harakat qilishlarini, o‘zlarini namoyon etishlarini ta’minlaydi. Modern romanlarda yozuvchi kontseptsiyasi – voqea-hodisa, qahramonlar faoliyatining eng ostki qismida anglashiladi. “Muvozanat”da yozuvchi falsafasi va bosh qahramon funktsiyasi bir nuqtaga tutashganki, roman haqidagi bahslar, tanqidiy qarashlar shu o‘ringa kelib taqalmoqda. Yusuf muvozanat falsafasi haqida shunday mulohaza yuritadiki, go‘yo yozuvchi shunday qarashni quvvatlayotganday tuyuladi. Vaholanki, yozuvchi kontseptsiyasi Yusuf, Amir, Said, qishloqdagi ishsiz yigitlar qarashlarida aks etadi. Yanada aniqrog‘i, yozuvchi kontseptsiyasi o‘sishda, o‘zgarishda, harakatda ekanligi bilan tansiq va qimmatli.
Bosh qahramon xarakteri, unga yuklangan g‘oyaviy vazifa – romanning o‘qildizi. “Muvozanat”da bosh qahramon shahardagi ijara-uyidan, oilasidan, ish joyidan ajraladi, ruhiy tanholik azobini his eta boshlaydi. U sayoq, betayin odam bilan hamxona bo‘ladi; mog‘orlab, suvaraklar iniga aylanib qolgan buxanka-nonni yutoqib chaynaydi; mardikor bozoriga chiqadi. Romandagi bunday tasvirlar kitobxonga qattiq ta’sir etadi, u o‘zini Yusufday his eta boshlaydi. Yana savol tug‘iladi: Yusuf qarshisida bironta najot yo‘li qolmagan edimiki, u shunchalar tubanlashsa..? Aqlli odamlar eng chigal vaziyatlarda ham yo‘l izlaydilar, irodalarini bir nuqtaga jamlaydilar. Qolaversa, murosa-madora degan gaplar bor. Yusufning mana shunday holati yozuvchi kontseptsiyasi nuqtai nazaridan qanday baholanyapti? To‘g‘ri, badiiy asar holat, vaziyatni tasvirlaydi, yechimni berishi shart emas. Ammo yozuvchi qahramon taqdiriga munosabat bildirishi kerak-ku… Yusuf, kutilmaganda, murosa-madora yo‘liga burildi, aniqrog‘i, yashash tarzi, halollik tamoyiliga zid ish qila boshladi. Mana shu nuqtada muhim bir haqiqat yuz ko‘rsatadi: Yusuf toifasidagi odamlar soxta munosabatlar girdobida yashay olmaydilar.
Romanda kitobxonni to‘lqinlantirib yuboradigan, yuksak mahorat bilan yaratilgan holat, vaziyatlar bor. Masalan, kichkinagina bolakay – Abdullaning o‘limi odamni larzaga soladi: Yusuf, Oygul, ota-onalar, munofiq vrachlar borlig‘i “yarq” etib ko‘rinadi. Amirning dard-hasratlari uning she’rlarida shunday aks etganki, hali tanqidchilik qahramon qalbi va she’rdagi hasrat ifodalari qirralarini yoritgani yo‘q.
“Muvozanat”da juda teran umuminsoniy masalalar ham yuksak maqomda tasvirlangan. Dunyoda gunoh, savob degan tushuncha bor. Gunoh ham, savob ham insonga qaytadi. Amirga jismoniy azob bergan betavfiq cho‘pon, uning o‘g‘illari jazolarini oladilar. Ular hamma narsani bilib, ko‘rib turuvchi Ollohning g‘azabiga uchraydilar.
Ulug‘bek Hamdamning “Muvozanat” romani hozirgi kunning eng o‘qishli, qiziqarli asaridir. Lekin bu roman garchi tirik, jonli, ichki ziddiyatlarga boy bo‘lsa-da, yozuvchi ijodining bosh kitobi emas degan ishonch bor. Badiiy asar, xususan, roman, nazarimizda, zamonaviy, milliy, umuminsoniy bo‘ladi. “O‘tkan kunlar”, “Kecha va kunduz”, “Qutlug‘ qon”lar milliy roman sifatida yashayapti, yashaydi. “Shoh Edip”, “Kassandra tamg‘asi”, “Kichik shahzoda”, “Don Kixot”, “Jinoyat va jazo”lar umuminsoniy asarlar sifatida yashayapti, bundan keyin ham yashayveradi.
Ulug‘bek Hamdam, shubhasiz, umuminsoniy qadriyatlar qatorida turadigan asar yaratishiga ishonamiz.
* * *
O‘zbek romani XXI asrga dadil qadam bilan kirib keldi. U jahon romanchiligida o‘z o‘rni, qiyofasi, yorqin san’atkorlari bilan bo‘y ko‘rsatishini umid qilamiz. Roman xalqning ruhiy-ma’naviy izlanish, iztiroblarini betakror usul, uslub, yo‘sinlarda ko‘rsatib beruvchi imkoniyati keng, hamisha tirik janrdir.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 9-son