Umarali Normatov. Maftunkor ishq mujdalari (2006)

«Dunyoning siri», «G‘ulomgardish», «Qog‘oz gullar», «Saodat sohili», «Yozning yolg‘iz yodgori», «Ko‘ngil ozodadur» kabi hikoya, qissalari; «Andisha», «Shoirona, darveshona bir ma’no», «Boburning tushlari» singari badialari o‘tgan asr oxirgi choragi milliy adabiyotimiz taraqqiyotida munosib o‘rin egallaydi. Bu asarlar shaxs jumbog‘i, inson ruhiyatidagi sirli-sehrli xususiyat, holatlarni alohida bir nazokat bilan teran anglash hamda nafosat tuyg‘usiga yo‘g‘rilgan holda ifoda etish san’ati bilan milliy nasrimizda o‘ziga xos hodisaga aylandi.

Ular tanqidchilikda ozmi-ko‘pmi bahosini olgan. Biroq adibning ko‘pyillik ijodiy izlanishlari mahsuli – eng salmoqdor asari «Boburiynoma» hali yetarli tahlil-tadqiq etilgani yo‘q. Yetti yil burun «Boburiynoma» kitob holida chiqqanida uni ishtiyoq bilan o‘qib, u haqda biror narsa yozishga jazm etib edim. Turli andishalar sabab bu niyat amalga oshmay qolib ketdi. Nihoyat, Xayriddin tug‘ilgan kunning ellik yilligi arafasida kitobning qayta mutolaasi chog‘ida ko‘ngilda tug‘ilgan ayrim o‘y-mushohadalarni Siz, aziz o‘quvchilar bilan baham ko‘rishga jazm etdim.

Xayriddin Sulton 1992 — 1996 yillari «Boburiynoma» asari ustida ishladi. Aslida unda Bobur shaxsiyati, hayoti, ijodiga qiziqish bolalikdan boshlangan. Muallif e’tirofiga ko‘ra, olis qishloq maktabi devoriga osilgan bu siymo suvrati va unda muloyim tabassum ila boqib turgan, shohona sallasiga ukpar jig‘a qadalgan ulug‘sifat insonning bori-borlig‘i maktab o‘quvchisi Xayriddinning murg‘ak qalbida bir umrga o‘rnashib qoladi. Suvrat ostidagi «Tole yo‘qi…» deb boshlanuvchi mashhur ruboiyning sodda, hazin, mardona misralarini bir o‘qishdayoq yod olib, uyda, ko‘cha-ko‘yda, dala-dashtlarda betinim takror aytib yuradi. Ruboiyning ma’yus-shikasta ohangi diliga qattiq ta’sir qilar, o‘z-o‘zidan yig‘lagisi, uzoq bir joylarga bosh olib ketgisi kelardi o‘sha kezlari.

«Shu yo‘sin, — deb yozadi adib keyinchalik, — Bobur Mirzoning mardlik va muruvvatda, zakovat va matonatda tengsiz shaxsiyatiga maftun bo‘lib qoldim.
Men uni otamday, onamday, farzandimday yaxshi ko‘rib qoldim.

Qariyb yigirma yildirki, shu maftunkor ishq bilan sarmast yashayman».

Yozuvchining chorak asrlik ijodi namunalarining teng yarmini Bobur shaxsiyati, hayoti, ijodiga bag‘ishlangan qissa, hikoya, badia, suhbat, ocherklar tashkil etadi. «Yo‘lbarsning tug‘ilishi» deb atalgan ilk kinohikoyasini mustasno etganda, «Oy botgan pallada», «Saodat sohili», «Panoh», «Tavba», «Boburning tushlari», «Nuqta» kabi Bobur mavzuidagi asarlari o‘z vaqtida matbuotda e’lon etilgan, ular adabiy jamoatchilik orasida qiziqish uyg‘otgan, ayrimlari tevaragida qizg‘in bahs-munozaralar ham bo‘lib o‘tgan. «Saodat sohili» qissasi esa, mana, o‘n besh yildirki, maktab adabiyot dasturi, darsligidan muqim o‘rin olib keladi.

1992 yili mustaqil mamlakatimizda boburshunoslikning yangi bir sahifasi ochildi: andijonlik fidoyi Zokirjon Mashrabov boshchiligida Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiya Bobur Mirzo va uning avlod-ajdodlari izidan olis safarga otlandi. Boburparvar safar qatnashchilari safida ustoz adib Pirimqul Qodirovdan keyin Bobur va Boburiylar haqida eng «ko‘b va xo‘b» yozgan navqiron ijodkor Xayriddin Sulton ham bor edi. Ekspeditsiya oltmish kechayu oltmish kunduz yo‘l yurib o‘n sakkiz ming kilometrdan ziyod masofani bosib o‘tdi. Yozuvchi aytganidek, bu unutilmas safar O‘zbekiston tarixida o‘ziga xos bir voqea bo‘lib qoldi. Bobur va uning ajdodlari hayotini o‘rganish, bugunga qadar barhayot zuryodlarini qidirib topish, ular bilan aloqa o‘rnatishdek muhim tadbirlarda adib faol ishtirok etdi. Qisqasi, «Boburiynoma»da 1992 yilgi safar xotiralaridan 1996 yilga qadar Bobur bilan bog‘liq voqea-tadbirlar — barchasi xuddi «Boburnoma» uslubiga xos tarzda aniq, lo‘nda, ixcham va haqqoniy gavdalantirib berilgan.

Kitobda Bobur Mirzo shajarasi, Amir Temurga borib taqaluvchi ulug‘ ajdodlari, farzandlari, xususan, o‘g‘li Humoyun, nabirasi Akbardan Bahodirshoh Zafarga qadar 300 yildan ortiq buyuk saltanat taxtida o‘tirgan mashhur avlodlari, tug‘ishgan singil, qiz-nabiralari, kelinlari haqida ishonchli manbalarga tayangan holda boy ma’lumotlar keltiriladi. Humoyun bilan Komron Mirzo she’riy ijodi, ota-bolalar she’riyatidagi mushtarakliklar haqida qiziqarli mulohazalar yuritiladi. Xususan, Shoh Jahon bilan Mumtoz Mahalning benazir sevgi va vafo qissasi, Bahodirshohning saltanat himoyasi yo‘lidagi mardona janglari, halokati tafsilotlari maroq bilan o‘qiladi. Kitob Bahodirshoh Zafarning evarasi bo‘lmish Pokiza Sulton Begim hikoyasi bilan yakunlanadi.

«Boburiynoma»dagi safar xotiralari, Bobur avlodlari haqidagi hikoyalar qanchalik qiziqarli bo‘lmasin, oxir-oqibat, asar asosida muallif tasavvuri va talqinidagi Mirzo Bobur fenomeni turadi.

Milliy adabiyotimiz tarixida hech qaysi adib o‘zi haqida bu qadar «ko‘b va xo‘b» yozgan, haq gapni mardona turib baralla aytgan emas. Buni Boburning o‘zi ham yaxshi bilgan, oshkora e’tirof etgan:

Har vaqtki, ko‘rgaysen mening so‘zumni,
So‘zumni o‘qub anglag‘aysen o‘zumni.

Afsuski, sho‘ro davrida, totalitar mafkuraviy, adabiy siyosat hukmronlik qilgan sharoitda bu hayratomuz benazir siymo to‘g‘risidagi haqiqatni yuzaga chiqarish nihoyatda qiyin kechdi. Boburning shaxsiyati ham, ijodi ham mustabid mafkuraning «sinfiy yondashuv» qolipiga mutlaqo sig‘mas edi. Bobur haqidagi bor gapni aytish, yozish bamisoli jallod kundasiga boshni qo‘yib berish bilan barobar edi o‘sha yillari. Boburparvar – haqiqatparvar adiblarimiz ana shunday havotirni bilgan, to‘la anglagan holda bu o‘ta qaltis mavzuda qalam tebratishga jur’at eta oldilar. P.Qodirovning «Yulduzli tunlar» romani boshiga tushgan ne-ne savdolardan yaxshi xabardor holda Xayriddin Bobur mavzuidagi turkum hikoya, badialarini yozishdan to‘xtamadi. «Boburiynoma» matnining deyarli uchdan bir qismini tashkil etuvchi bu asarlarning dunyoga kelish tarixi, ular tevaragidagi mojarolar kitobda batafsil yoritilgan. Ayniqsa, «Oy botgan pallada» hikoyasining yuzaga chiqishida «ulug‘ inson, ulug‘ adib, shafqatli murabbiy» Asqad Muxtor bosh bo‘lgan «mustabid bir tuzumdagi erkin fikr orolchasi» sanalmish «Guliston» jurnali ijodiy jamoasi saxovati alohida ehtirom bilan qalamga olingan.

«Boburiynoma» muallifi Bobur shaxsiyati ustida o‘ylar ekan, unga xos qomusiy faoliyat va xislatlar haqida hayrat bilan qalam tebratadi. «Agar uning o‘n ikki yoshli bola chog‘idan shiddatli saroy kurashlari girdobida qolib, loaqal biron-bir madrasani ham tugatishga imkon va fursati bo‘lmaganini hisobga olsak, bu ulug‘ fenomenning chindan ham naqadar buyukligiga iqror bo‘lamiz. Shu bois bu timsoli yo‘q insonning ichki dunyosi, ma’naviy olami g‘oyat jozibador, ayni vaqtda shu qadar sirlidir», deb yozadi muallif.

Avvalo, Bobur Mirzo qismatining o‘zi bir tilsim, uni moddiyuncha tafakkur orqali tushunish, tushuntirish mushkul, unda g‘oyibona ilohiy bir ma’no mujassam. G‘oyat tahlikali vaziyatda taxtga o‘tirgan kundan boshlab saltanat himoyasi yo‘lida ona yurtida olib borgan samarasiz kurashlari, nihoyat, Hind elida buyuk imperiya tiklagunga qadar chekkan zahmatlari — bir inson bolasi dosh berishi mumkin bo‘lmagan mislsiz ko‘rgiliklardir. O‘zi aytmoqchi, charxning u ko‘rmagan jabru jafosi, xo‘rliklari qolmagan. Kurashlar, olishuvlar davomida necha bor hayoti jar yoqasiga kelib qoladi. Ajab, bu g‘aroyib siymo ana shu qaltis vaziyatlarning barchasidan omon chiqib keta olgan omadli g‘olib, Olloh karamiga sazovor xosiyatlik shaxsdir. «Boburiynoma»da ta’kidlanganidek, bularning barchasi bu mumtoz shaxs umrining ilmi g‘ayb hikmatlari bilangina sharhlanishi mumkin bo‘lgan sirli sahifalaridir.

Muallif «Boburnoma»ni «Ibrat kitobi», «Mardona kitob», «Donishmandlik kitobi» sifatida ta’riflar ekan, ayni paytda uni «Buyuk sirlar kitobi» deb ataydi. «Boburnoma»ni sahifama-sahifa varaqlab ko‘rsangiz, — deb yozadi muallif – uning qatlarida o‘nlab g‘aroyib tilsimotlarga duch kelasiz… Dunyoda ilmi g‘ayb deb atalmish mo‘jiza mavjudligiga «Boburnoma»dek haqqoniyat kitobini mutolaa qilgan kishi, shubhasiz, imon keltiradi».

Muallif uqtirib o‘tganidek, Bobur o‘z davrining peshqadam vakili sifatida xurofotdan, taraqqiyot yo‘liga g‘ov tashlaydigan bid’atlardan yiroq bo‘lgan, kezi kelganda, xurofot, bid’atlarni fosh etgan, hurofot bilan haqiqat chegarasini juda nozik farqlagan. Ayni paytda «Boburnoma»ni ko‘ngil ko‘zi bilan mutolaa qilgan adib asar sahiflarida insonni lolu hayron etadigan tilsim pinhon ekaniga iqror bo‘ladi. Boburning Xo‘ja Ahror bilan bog‘liq tushlaridagi bashoratlar haq bo‘lib chiqishi – iskanjada qolgan Mirzoga tolening kulib boqishi chindan-da hayratomuz hodisa! XX asrning buyuk ruhshunosi Z.Freyd agar «Boburiynoma»ning Bobur tushlariga oid sahifalari bilan tanishganda edi, tush ta’birlari to‘g‘risidagi tadqiqotiga, ehtimol, yangi bir bob qo‘shgan bo‘larmidi.

Muallif Eduard Xoldenning «Bobur insonlar ichida eng botiridir» degan ta’rifiga qo‘shimcha qilib «Bobur insonlar ichida eng rostgo‘yidir», deb ataydi. Bularga ilova tariqasida, «Bobur ijodkorlar ichida eng samimiysidir», deb aytsak xato bo‘lmas. Darhaqiqat, «Boburiynoma»da bitilganidek, Bobur tarixiy voqealar, tarixiy siymolar, tabiat hodisalari haqida qanchalar aniqlik va haqqoniyat bilan mulohaza bildirsa, o‘z shaxsiyatidagi nomarg‘ub xususiyatlar haqida ham mardonalik bilan so‘z yuritadi, fe’l-atvoridagi juz’iy va ulug‘ nuqsonu ayblarni yashirmay so‘ylaydi, iztiroblari, ruhning ichki, og‘riqli ziddiyatlarini kitobxondan pinhon tutmay, ajib bir samimiyat bilan izhor etadi; she’riyatida, «Boburnoma» sahifalarida haqiqat Bobur hayotining bosh mezoni, asl mohiyati sifatida ko‘rinadi. Boburning axloqiy nuqtai nazari, ma’naviy tahlili g‘oyat beshafqat, ayovsiz. U o‘zgalarning faoliyati, xatti-harakatlarini qanday talablar asosida baholasa, bu talablarni eng avvalo o‘ziga qo‘yib ko‘radi, ya’ni pichoqni oldin «o‘ziga uradi». Bu jihatdan «Boburnoma»dagi mayxo‘rlikka, chog‘ir suhbatiga oid sahifalar g‘oyat ibratlidir. «Tavba» badiasida ular sinchiklab o‘rganilgan, teran tahlil etilgan. Esini tanigandan buyon islom shartlari ruhida tarbiyalangan, butun umri davomida Ollohni diliga jo qilib o‘tgan alloma nega Qur’oni Karimda man etilgan mayxo‘rlikka bu qadar ruju qo‘yadi, degan savolga javob axtaradi. Boburdek barkamol siymo ham bandasiga xos bu xil ojizliklardan xoli emasligi muallif qatori sizu bizni ham o‘yga toldiradi. Biroq, eng ahamiyatlisi, Bobur boshqa bandai mo‘minlardan farqli o‘laroq, vujudidagi shu ojizlikka qarshi jang e’lon qiladi va bu jangda ham g‘olib chiqadi! Hazrat Navoiy aytganlaridek, to‘qaydagi yo‘lbarsni yenggan kimsa bahodir emas, balki o‘z nafsini yenggan kimsa bahodirdir.
Bobur mayxo‘rlikdan voz kechib, Olloh oldida tavba qilib, ikkinchi bor uni og‘ziga olmaslikka ont ichar ekan, muallif «Boburnoma»ning o‘sha tantanali voqealar tasviridan so‘nggi sahifalarini hadik bilan varaqlashda davom etadi, biror sahifada Boburning samimiy e’tirofi ila bu tantanali ta’birni buzib qo‘yadigan dalolat chiqib qolmasmikan, degan ishtiboh uni xavotirga soladi. Ming shukurki, bunday hol qayta yuz bermaydi. Bobur o‘z ahdida qat’iy turadi. Bu qaror ijrosi uning uchun g‘oyat qiyinchiliklar bilan kechganligini rostgo‘ylik va samimiyat ila e’tirof etadi. Mana u nimalar deydi: «Filvoqi’, bu o‘tgan ikki yilda chog‘ir majlisining orzu va ishtiyoqi behad va g‘oyat edi, andoqkim, chog‘ir ishtiyoqidin borlar yig‘lamoq sirhadig‘a yetar edim. Bu yil, alhamdulliloh, ul dag‘dag‘a tamom xotirdan raf’ bo‘ldi… Siz ham tavba qiling…»

Faqat millat tarixi emas, jahon tarixida siyrak uchraydigan qomusiy fazilatlar sohibi Mirzo Bobur shaxsiyatining bu kabi sirli-sehrli xislatlari teran tadqiq etilgan «Boburiynoma» asari ustidagi muxtasar mulohazalarimizni shu bilan yakunlasak bo‘lardi. Ammo «Boburiynoma»dan joy olgan suhbatdagi adabiyotshunos Murtazo Qarshiboyning «Hazrati Boburga xos fazilatlardan qaysi birini alohida qadrlaysiz?» degan savoliga muallif bergan javobni eslatib o‘tmasak, kitob haqidagi tasavvurimiz chala bo‘lib qolar edi. «Bu benazir shaxsning hayoti va faoliyatini o‘rganib, shunday xulosaga keldimki, — deydi adib, — u zot nasl-nasab jihatidan qanchalik aristokrat bo‘lgan bo‘lsa, kundalik turmush va ijodda shunchalik demokrat bo‘lgan… Bu zoti buzurgning demokratligi avvalo shunda ko‘rinadiki, u hamisha, hamma joyda, turli ijtimoiy sinflar, diniy-milliy oqimlar, turli xil saviyadagi kishilar bilan hamjihatlik qilishga intildi. Yaxshilik tuyg‘usi dunyoning ma’naviy asoslaridan biri ekanini umr bo‘yi uqtirib o‘tdi… Bobur hayotda ham, ijodda ham xalqona bir yo‘lni og‘ishmay tanladi, o‘zi mansub bo‘lgan ijtimoiy tabaqa an’analariga qarshi borgan holda «xonbop emas, hammabop» bo‘lishga (Abdulla Qodiriy ta’biri) intildi…»

Nihoyat, Bobur ijodidan o‘zingizga eng ma’qul bir misrani aytib bering, degan so‘rovga muallifning javobi bu o‘ktam siymo shaxsiyati jozibasini yanada ochib yuboradi:
«Davlatqa yetib mehnat elin unutma». Nazarimda, bu purhikmat satrni har bir inson o‘z qalbiga naqsh etib qo‘ysa, aslo ziyon qilmaydi».

Umarali Normatov,
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 3-sonidan olindi.