Nemis faylasufi Iogann Volfgang Gyote Frankfurt shahrida tug‘ilib o‘sdi. U 17 yoshida huquqni o‘rganish maqsadida Leyptsig shahriga jo‘naydi. Keyin Stasburgda tahsil oladi. 21 yoshida Iogann Gotfrid Gerder (1744-1803) bilan uchrashadi.
1775 yilning 7 noyabrida yosh daho Gyote gertsog Karl Avgust taklifiga binoan Veymarga keladi. U gertsogning maxfiy maslahatchisi lavozimini ado etib, ma’muriy boshqaruv san’atiga doir mo‘jizalarni namoyish etishga muvaffaq bo‘ladi. Qisqa vaqt ichida mukammal tartib-intizom o‘rnatib, davlat xazinasini boyitadi.
Gyote bashoratchilik qobiliyatiga ham ega edi. U ko‘p voqealarni oldindan aytib bergan va hech qachon adashmagan. Gyotening tabiatida beqarorlik, jizzakilik, yengiltaklik kabi xususiyatlar ham bo‘lganidan atrofdagilar uni badfe’l odam deb hisoblashgan.
Gyote 3000 dan ziyod she’rlar muallifi. Uning Veymarda chop etilgan asarlar to‘plami 143 jilddan iborat. Quyida ularning eng asosiylarini sanab o‘tamiz:
«Tavrida ifigeniyasi» (1787), «Rim elegiyalari» (1788), «Torkvato Tasso» (1796), «Nabotot evrilishi» (1790), «Faust» (1808), «Sehrli sibizg‘a», «Rang haqida ta’limot».
1797-1817 yillarda Gyote Veymar teatrini boshqargan. 1794 yili Iogann Fridrix Shiller (1759-1805) bilan tanishgan. 1808 yilda Napoleon bilan uchrashgan. Gyote og‘ir sil xastaligi bilan og‘rigan. Shunday vaqtlar bo‘lganki, tomog‘idan qon quyulib kelgan, ammo shunga qaramay, u 83 yillik umrini mutlaqo sog‘lom odamdek yashab o‘tgan. Salomatligini mustahkamlash va tabiatidagi nuqsonlarni yengishda yuksak irodasini, sabot-matonatini namoyish etib, zamondoshlarini hayratga solgan.
Gyote haqidagi ma’lumotlarning bizga to‘laligicha yetib kelishida uning xonadonida yordamchi-kotib bo‘lib ishlagan yosh adabiyotshunos Iogann Peter Ekkermanning xizmatlari katta.
Manbalarga ko‘ra, Gyote qo‘l urmagan kasb bo‘lmagan: u portretnavis, manzaranavis rassom, haykaltarosh, me’mor, tanqidchi, xotiranavis, publitsist, aktyor, rejissyor, teatr direktori, muqovachi, zargar, kimyogar, anatom, botanik, fizik, geolog, optik, faylasuf, falakshunos, muarrix, san’atshunos, davlat arbobi, moliyachi, kutubxona mudiri ham bo‘lgan.
* * *
Insonning tavba-tazarruga bo‘lgan ehtiyoji hech qachon yo‘qolmaydi.
* * *
Mayda odamlar orasida maydalashasan. Katta odamlar orasida esa o‘zing ham o‘sasan.
* * *
Inson kurashchi demakdir.
* * *
Yashashga va erkinlikka har kuni ular uchun kurashuvchi odamgina loyiqdir.
* * *
O‘zim to‘g‘rimdagi bilimsizligim lahza sayin oshib bormoqda.
* * *
Aytishlaricha, ikki qarama-qarshi fikr orasida haqiqat yotar emish. Aslo bunday emas, ularning orasida muammo yotadi.
* * *
Nafrat faol norozilik tuyg‘usi, hasad esa, aksincha, sust norozilik hissidir. Shu bois hasadning qisqa fursatda nafratga aylanishidan hayratlanmaslik kerak.
* * *
Hammaga birdek yoqish istagi eng kulgili istakdir.
* * *
Chorak soat davomida tovlanib turgan kamalakni payqamay qo‘yadilar.
* * *
Aql bilan muhabbat o‘rtasida hech qanday umumiylik yo‘q!
* * *
Yaxshilikni yo‘qotish – kam yo‘qotish, nomusni yo‘qotish – ko‘p yo‘qotish, mardlikni yo‘qotish – hamma narsani boy berish demakdir.
* * *
Yashash uchun g‘alaba qozonishni o‘rgan.
* * *
Dadil fikrlar shashka o‘yinidagi oldingi qator donalari vazifasini bajaradi: ular halok bo‘lsa-da, g‘alabani ta’minlaydi.
* * *
Vaqt nafaqat odamlar, balki yodgorliklar ustidan ham hukmronlik qiladi.
* * *
Inson uchun faqat birgina baxtsizlik mavjud. U ham bo‘lsa, hayotga hech bir foydasi tegmaydigan yoki mehnatdan chalg‘itadigan g‘oya bilan band bo‘lish.
* * *
Hamma narsani zudlik bilan qaytadan boshlash istagi insonning o‘ziga xos xususiyatidir.
* * *
Har bir faoliyatni u uzoq davom etishi va hatto orzuga, hayot tarziga aylanishi kerak bo‘lgan taqdirda ham bayram bilan boshlamaslik joiz. Faqat eson-omon nihoyasiga yetkazilgan ishnigina bayram qiling. Ishni tantana bilan boshlash ishtiyoqimizni oshiruvchi va keyingi sa’y-harakatlarimizda yo‘ldosh bo‘luvchi g‘ayrat hamda kuch-quvvatimizni so‘ndiradi.
* * *
Eng qiyin narsa nima? Bu siz uchun eng oson tuyuladigan ish: ya’ni shundoqqina ko‘z oldingizda turgan narsalarni ko‘rishdir.