Ingliz faylasufi Uilyam Okkam Londonning janubi-g‘arbida joylashgan Okkam shaharchasida tug‘ilib o‘sdi.
U Oksford dorilfununining ilohiyotchi olimi Dus Skott (1266-1308) qo‘lida ta’lim oldi. Uilyam 1324 yilga qadar Oksford dorilfununida tahsil oldi va o‘qituvchilik qildi. Bu ilm dargohida tez-tez ilmiy munozaralar, mubohasa, himoyalar o‘tkazib turilardi. Ilmiy bahslarda odatda talabalar o‘zlarining muayyan fikrlarini o‘rtaga tashlashar, boshqa qatnashchilar esa unga e’tiroz bildirishardi. Talaba o‘z fikrini qat’iy himoya qilib, ularga munosib javob berishi munozaralarning asosiy sharti hisoblanardi. Bunday bahslar odatda keskin, hayajonli bir vaziyatda o‘tar va ko‘pincha… mushtlashuv bilan tugardi.
Uilyam ilohiyot magistri darajasiga erishgan olim. U fan tarixida yangi uslubiy qoidalar muallifi sifatida nom qoldirdi. Faylasufning bu qoidalari keyinchalik «Okkam ustarasi» deb nom olgan. Okkamning mashhur «ustarasi» o‘simlikning ortiqcha navdalarini kesib tashlovchi tokqaychi kabi bilish, anglash daraxtidagi tekinxo‘r atamalarni yo‘qotishga xizmat qilgan. Okkam ilmiy bilish uslubida oddiylik, soddalik tamoyillariga rioya etishni afzal hisoblagan. Okkam 1323 yilda Oksford dorilfununi kantsleri bilan janjallashib qoladi. Kantsler faylasufga qator ayblar taqab, papa Ioann XXII ga xabarnoma yo‘llaydi. 1324 yilda Okkam papa Ioann XXII ning Avinondagi qarorgohiga jo‘natiladi. U Avinon ibodatxonasining turmasida to‘rt yil sud hukmini kutib yotadi va 1328 yilning may oyida olmon imperatori Lyudvig IX Bavarskiy huzuriga qochib boradi. Faylasuf umrining oxirigacha Olmoniyada yashaydi. 1349 yili Uilyam Okkam Myunxen shahrida vabo bilan og‘rib, vafot etadi.
* * *
Ozgina vosita yordamida ham bajarish mumkin bo‘lgan ishga ko‘p chora-tadbir qo‘llamoqlik behudadir.
* * *
Xudoning har narsaga qodirligini mukammal isbotlash mumkin emas. Bunga faqat e’tiqod yordamida erishish mumkin.
* * *
Bizning bilimimiz sezgilar tufayli hosil bo‘ladi.
* * *
Harakatdagi jism va harakat mushtarakdir.
* * *
Hokimlikni odamlarning o‘zlari o‘ylab topishgan, hukmronlikni o‘z istaklari bilan maydonga keltirishgan.
* * *
Birlamchi moddiyat yaralish va buzilishga mahkum har qanday narsaning yagona asosidir.
* * *
Axir menda va senda, odamlarda va eshakda o‘sha birlamchi moddiyat aynan bir xil emas-ku!
* * *
Agar bir moddiy narsa ikkinchisidan nimasi bilan farq qiladi, degan savol tug‘ilsa, ular bir-biridan o‘z-o‘zicha farqlanadi, deb javob bermoq joiz.
* * *
Garchi har qanday fan alohida bir narsani o‘rganish tufayli kelib chiqsa-da, aslida birgina narsani o‘rganuvchi fan bo‘lishi mumkin emas. Menimcha, ana shu alohida narsalarni belgilovchi umumiy tushunchalar haqidagi fan mavjuddir.