Turk adabiyotining yirik vakillaridan biri bo‘lgan, shoir Yusuf Nabiy 1678 yil, karvon bilan birga haj ziyoratiga chiqdi. Karvonda eng obro‘li davlat generallari ham bor edi. Karvon muborak Hijozga yaqinlashgach, Hazrati payg‘ambar (s.a.v.)ni ziyorat qilishga bo‘lgan ishtiyoq Nabiyning qalbida yanada jo‘sh urdi. Vujudi ajib sururga to‘lib, uyqusi qochdi; uxlay olmadi. Kechqurun karvon payg‘ambar shahri – Madinai Munavvaraga yaqinlashdi. Karvondagilardan Ayyubli Rami Mehmed shu payt, qibla tomonga oyog‘ini uzatib uxlab qoldi. Rasulullohning(s.a.v.) muzofotlariga kiriladigan bir paytda, bu manzara shoir Nabiyga yoqmadi. Generalni uyg‘otish uchun, shunday baytlarni o‘qiy boshladi:
Saqlan, tarki adabdan sen,
Ko‘yi mahbubi Xudodir bu,
Nazargohi ilohiydir,
Maqomi Mustafodir bu.
Murooti adab birla,
Kirgin Nabiy, bu dargohga.
Matofi qudsiyodir bu,
Bo‘sagohi anbiyodir bu.
Baytning ma’nosi shunday edi: “Beadablikdan saqlan! Zero, bu – Alloh taolo habibining shahridir. Bu – Haq taolo nazar soladigan maskandir; Muhammad Mustafoning (s.a.v) maqomidir. Ey, Nabiy, bu dargohga odob qoidalariga rioya qilgan holingda kir! Zinhor, odobga beparvo bo‘lma! Bu yer katta farishtalar atrofida parvona bo‘ladigan, payg‘ambarlar egilib eshigini o‘padigan, muqaddas qadamjoydir”.
Bu misralarni eshitgan gineral sergak tortdi. She’r nima maqsadda o‘qilganini fahmlab, darhol oyoqlarini yig‘ishtirib oldi. Va shoir Nabiyga qarab:
– She’ringni qachon yozding? Uni mendan boshqa ham eshitganmi? – deb
so‘radi. Yusuf Nabiy:
– Bu misralarni oldin hech qayerda aytmaganman. Sizni bu ahvolda ko‘rgach,
beixtiyor baland ovozda aytib yubordim. Ikkimizdan boshqa hech kimning xabari yo‘q, – dedi.
– Unda, bu sir oramizda qolsin, –deya iltimos qildi. Nabiy sukut bilan
yo‘lida davom etdi. Bomdodga yaqin, karvon Rasulullohning (s.a.v.) masjidiga yaqinlashdi. Vo ajab! Masjid minoralaridan azondan ilgari Yusuf Nabiyning: “Saqlan tarki adabdan…” baytlari yangramoqda…
Nabiy va gineral hayratdan dong qotdilar. Masjidga kirib, namozlarini o‘qigach, darhol muazzinning yoniga borishdi.
Nabiy hayajon bilan:
– Xudo va payg‘ambar haqqi ayt, menga. Azondan ilgari o‘qigan baytni
qayerdan, kimdan, va qanday qilib o‘rganding? – deb so‘ray boshladi. Nabiy qayta-qayta iltimos qilgach, nihoyat muazzin javob berdi:
– Janobi payg‘ambarimiz Rasululloh (s.a.v.) ushbu tun barcha
muazzinlarning tushlarini sharaflantirib: “Ummatimdan Nabiy ismli shoir ziyoratimga kelmoqda. Menga bo‘lgan muhabbati – hamma narsadan ustun. Turinglar, azondan oldin menga atagan baytlarini o‘qib, uni qarshi olinglar, masjidimga kirgan poy qadamlarini qutlanglar”, – deb buyurdilar. Biz esa, ul zoti muborakning amrlariga bo‘ysundik.
Beixtiyor Nabiyning ko‘zlarida yosh xalqalandi. Qalbi jo‘shib, qayta muazzindan:
– Ul ikki jahon sarvari, chindan ham meni Nabiy dedilarmi? U mening
ummatimdan deb aytdilarmi? – deya so‘radi.
– Ha, “Mening ummatimdan bo‘lgan Nabiy” deb aytdilar, – deganida Yusuf
Nabiy, bu iltifotdan hushini yo‘qotdi va yerga yiqildi.
– Uyg‘onganida esa, yonida gineral va muazzinning yig‘layotganini ko‘rdi…
(“Aks-sado” ilmiy-adabiy jurnaldagi maqola asosida tayyorlandi)
“Sirli, ibratli va hayotiy voqealar” kitobidan.