Bir kuni Abdurahmon Jomiy Xoja Ahror Valining ziyoratiga otlandi. Yo‘lda enlikkina ariqqa duch keldi. Sakrab o‘tayotib, cho‘ntagini ushladi. Uning cho‘ntagida sakkiz tillosi bor edi.
Xoja Ahror Valining mol-dunyosi behisob edi. Yaylovlarda uning minglab moli o‘tlab yurar, bular muridlar tarafidan hazrat eshonga nazr qilingan jonzotlar edi.
Xoja Ahror “Xalqdan kelgani – xalqqa!” degan e’tiqodda bu mollarning bir qismini yetim-esir, g‘aribu g‘uraboga ehson qilib turar edi. Buni Jomiy ham bilardi, lekin, baribir, suhbat chog‘i tili qichib, Valiyga ta’na qildi:
– Taqsir, dunyoga o‘ta berilib ketayotir ekansiz, deb eshitamiz, Sizdek piri komilning molu manotga bu qadar hirs qo‘yg‘oni ajab hol erur…
Xoja Ahror Valiy kuldi.
– Mavlono, bizning mol-dunyoga o‘chligimiz siznikidan ortiq emas. Huzurimizga kelayotib, ariqdan sakradingiz. Kissangizda sakkiz tillo tushib qolmasin, deb joningizni hovuchlab o‘tganingizni ham ko‘rib turdik. Nafs o‘zlarida ham bor ekan, mavlono…
Jomiy kulib yubordi.