Xurshid Do‘stmuhammad. Aqlli kulgi yoxud kulgili aql

Kasaldan turgan bemor o‘zini shifokor hisoblaydi.

* * *

Bir donodan bir dono yetishgunicha, yuz nodondan ming nodon urchib ulguradi.

* * *

Hozirgi zamon qarg‘alari pishloqni yeb bo‘lgachgina tulki bilan gaplashadi.

* * *

Ko‘p narsani bilsang qarib qolasan, deyishadi, yo‘q, ko‘p narsaga aqli yetgan odam qarib ulgurmaydi…

* * *

Daryolar, okeanlar, osmono‘par tog‘lar na nomini biladi, na o‘ziga bitilgan maqtovlarni tushunadi — lekin yashayveradi, kamayib qolmaydi.

* * *

Tor xonada o‘tirsang ham dunyoqarashing keng bo‘lishi mumkin.

* * *

O‘tkir mulohazalarni miyangdan avaylab chiqarib olmasang, boshingga shikast yetkazishi mumkin.

* * *

Har nafas bir hikmat.

* * *

Yilning yangilangani yaxshi, odam eskiligicha qolgani chatoq.

* * *

Ayrim kimsalarning qo‘lini yechib yuborsang, senikini bog‘lashga tushadi.

* * *

Odam o‘zini nodonroq ko‘rsatish uchun ham aql kerak.

* * *

Oromkursi ham shimni teshadi.

* * *

Jumlasini o‘qisang tiling chigallashib ketadi.

* * *

Baliq terlab ketdi.

* * *

Vaysaqining tili jiqqa terga botdi.

* * *

O‘rdak — g‘ozning pakanasi.

* * *

Yo‘lda roman o‘qib yurma, hayotga turtinib ketasan.

* * *

Vujud va ruh o‘rtasidagi uyg‘unlik muhabbatli erkak va ayol munosabatlariga o‘xshaydi.

* * *

Aqlli ish qilish uchun aqlning o‘zi ojizlik qiladi.

* * *

Komediya yo‘qligining o‘zi komediya.

* * *

Inson yaralganidan ilgari to‘tiqushlar qaysi tilda gapirgan?..

* * *

Yangi odamlar bilan eski yo‘ldan yurguncha, eski odamlar bilan yangi yo‘ldan yurish afzalroq.

* * *

Nochorlik halollikning do‘sti.

* * *

Katta gaplar aytish uchun katta xonalarda o‘tirish kerak.

* * *

Fikring qanchalik o‘tkir bo‘lsa, tilingni shunchalik yomon kesadi.

* * *

To‘ppa-to‘g‘ri yo‘ldan ham turli yo‘nalish topadilar.

* * *

Hayotiy tajribang ortgani sayin juda oz narsani bilishingni anglayverasan.

* * *

Elkamga qoqib qo‘yishdi deb boshim osmonga yetgan edi, bilsam — changimni qoqishgan ekan.

* * *

G‘arq bo‘layotgan odamga qutqaruv kamerasini irg‘itib, uning kallasini po‘la qilishdi.

* * *

Suhbatdoshing vaysaqi bo‘lsa quloq berib, uning kasalini zo‘riqtirma.

* * *

Yomg‘ir tindi, osmonda kamalak tovlandi, ho‘kiz kavsh qaytarib yotaverdi.

* * *

Ma’qul ko‘rgan kitobingni duch kelgan odamga aytaverma — kimligingni bildirib qo‘yasan.

* * *

Sahnadan tushmay o‘ynalayotgan maynavozchilikni komediya deb atashganidan kulging qistaydi.

* * *

Ajralishni rasmiylashtirguncha ancha vaqt tinch-totuv yashashdi.

* * *

Haddan tashqari sevish qo‘lingga qanot, oyog‘ingga halqa bog‘laydi.

* * *

Vijdon odamni ko‘p hollarda tang ahvolga soladi, vijdonsizlik esa eng tang holatlarda ham xalos etadi.

* * *

Qalbi ko‘rning ko‘zi ochiqligiga ishonish qiyin. Qalbi so‘qirning ochiq ko‘zi to‘g‘ri yo‘lga boshlamaydi.

* * *

Ob-havo — tabiatning samimiy dil izhori.

* * *

Ertalabki tumanda quyosh arang ko‘rinayotgan edi, besh yoshli Jamshid, «Qarang, ada, quyosh tuxumning sarig‘iga o‘xshaydi» dedi.

* * *

Qari daraxtning mevasi maydalashib ketadi. Odam qarigani sayin mayda gap bo‘la boradi.

* * *

Ko‘zi ojizni yetaklab olgan odam yon-atrofga undan ko‘ra ko‘proq xavotirda alanglaydi.

* * *

Bo‘g‘zigacha asalga botirilgan qoshiqqa azob!..

* * *

Hidsiz gul — soqov.

* * *

Ota-bobongizdan qolgan toshoynaga razm soling — ular sizga qarab turgan bo‘lishadi.

* * *

Tabiat adolatsizlik qilmaydi, adolatsizlik tabiatning tabiatini tushunmaslikdan kelib chiqadi.

* * *

Nega qulog‘imiz ikkita, og‘zimiz bitta? Oz gapirib, ko‘proq tinglash uchun.

* * *

Yaxshiyamki aroq shishasining bo‘g‘zi tor…

* * *

Supurgi keksaygani sayin qattiqroq va tirnab supiradi…

* * *

Qarmoqqa ilinmagan baliq ilinganidan kattaroq tuyuladi.

* * *

Olimning siyohi yovuzning qonidan qadrli.

* * *

Tanqidiy mulohaza aytish uchun bor jasoratingizni sarflab qo‘ymang, chunki tanqid eshitish uchun ham jasorat kerak bo‘ladi.

* * *

Yoyni ixtiro qilgan sho‘rlikni yog‘ochni bukishda ayblab sazoyi qilishgan.

* * *

Bilimsizlikdan faqat bilimlilar aziyat chekadilar.

* * *

Ko‘z moshday ochilganda xijolatdan ko‘zing yumilib ketadi.

* * *

O‘z fikrida qat’iy qolish — fikri bilan yolg‘iz qolish demakdir.

* * *

O‘zining fikri bo‘lmagan odam o‘zga fikrlar ichida kun kechiradi.

* * *

Boshqalarning fikri, taklifi do‘kon rastasida turgan buyumday narsa: uni tosh-taroziga qo‘y, narx-navosini surishtir — chog‘ing kelsa olasan, yo‘qsa — yo‘q.

* * *

Pul tanqisligida aql ishga tushadi.

* * *

Tasodifiy omad ham boyga kulib boqadi.

* * *

Charchash ham gunoh.

* * *

Yaxshi odam bo‘lguncha, kerak odam bo‘l.

* * *

Bayroq — boyroqlarda.

* * *

Qonunni yaxshi bilgan odamning do‘sti — qonun.

* * *

Vahshiylar orasida yuvvoshlari ham bor.

* * *

Kambag‘alning boyligi — sabr.

* * *

Aqlli bo‘lguncha, omadli bo‘l.

* * *

Jurnalistning tili uzun, qo‘li qisqa.

* * *

Aqlli odamni aldash oson.

* * *

Olim, bo‘lsang — alam seniki.