Aziz Nesin. Inson faqat gapirgani emas, jim turgani oldida ham mas’uliyatlidir

Eng go‘zal she’r matematikadir. Yer yuzida hozirgacha “ikki karra ikki to‘rt”dan ham go‘zal misra yozilmagan.

* * *

Barmoqlarimiz orasidagi bo‘shliq – biz uchun yaratilgan inson kelib uni to‘ldirishi uchun mavjud.

* * *

Tog‘lar qulamasin deb oh chekmayman. O‘zimni buzaman, dunyoni buzmayman.

* * *

Turk erkaklari dunyoning eng rashkchi erkaklari hisoblanishining sababi sevgilisiga emas, o‘ziga ishonishmaganidandir.

* * *

Ehtimol, quchoqlaydigan sevgilimiz yo‘qdir, ehtimol, yolg‘izdirmiz. Biroq bilib qo‘yingki, odamdek sevganimiz tufaylidir bu tanholigimiz.

* * *

Harbiy sohalarga sarflangan pul dunyodagi ochlik muammosining tamoman hal qilinishi uchun lozim bo‘lgan puldan yuz baravar ko‘p.

* * *

Xaritalarga qaradim, hech birida uying yo‘q.
Entsiklopediyalarni titdim, hech birida surating yo‘q.
Lug‘atlardan izladim, hech birida isming yo‘q.
Ko‘zgudagi aksimga boqdim, seni ko‘rdim.
Bildimki, sen mensan.

* * *

Dangasalarning ish kuni “ertaga”dir.

* * *

“Hech kimga ishonmayman” degan tushuncha yo‘q, “vaqtida unga ishondim, endi hech kimga ishonmayman” bor.

* * *

Hayot imtihon bo‘lsa, sira aziyat chekma, ismingni yoz va chiq. Balki o‘tolmassan, biroq isming ostida yap-yangi sahifa qoldirib ketasan.

* * *

Sovuq qotsang – bu iliqlik, qorong‘ulik cho‘ksa – bu nur yo‘qligidandir. Agar har tomon qorong‘u, sen sovuq qotayotgan bo‘lsang, bu uning yo‘qligidandir.

* * *

Bir urug‘ berding, chechagingni ol.
Bir don berding, daraxtingni ol.
Bir butoq berding, chamaningni ol.
Dunyomni senga berdim, favat menda qol.

* * *

Tor joydan chiqqanlar keng joylarga sig‘ishmaydi.

* * *

Orzuyim bir bolakayga “Qanchalik yaxshi ko‘rasan?” savolini berganida qo‘lini ikki tomonga ochib “Mana shuncha” deydigan o‘sha mas’um sevgini topish edi…

* * *

Qambag‘alning yagona quroli – mehnatdir.

* * *

Yolg‘izligingni olib yonimga kel. Qo‘rqma, zerikmaymiz. Sening yolg‘izliging mening yolg‘izligim bilan suhbatlashadi, bizlar esa bir chetda jim turamiz.

* * *

Hayotim davomida bo‘yim qadar kitob yozdim, biroq meni yoqtirmaydiganlar bunga ham bir bahona topib – shusiz ham uning bo‘yi kichkina edi deya olishdi, xolos.

* * *

Inson faqat gapirgani emas, jim turgani oldida ham mas’uliyatlidir.

* * *

Bilasan, erkak uncha-munchaga yig‘lamaydi, biroq u yig‘lasa, ko‘zyoshlari hech qachon sohta bo‘lmaydi.

To‘plovchi va tarjimon: Rahmat Bobojon