Aslida quyida sanalgan har bir kitob o‘z yo‘nalishida eng yaxshi uchtalikka kiradigan kitoblardan. Ro‘yxatdagi kitoblarning har biri haqida ikki og‘iz gap bilan bo‘lsa ham izoh berishga, fikr-mulohazalarim va xulosalarimni aytishga harakat qildim.
- Mortimer Adler. How to read a book (Kitob qanday o‘qiladi?)
Kitobxon bo‘lishni istagan har bir odam bu kitobni o‘qishi shart. Kitob prosto super qo‘llanma. Undan chiqargan ikkita xulosam: 1) yaxshi kitobni kamida uch marta o‘qish kerak; 2) odam o‘zining intellektual darajasidan yuqoriroq kitoblarni o‘qishi kerak, ya’ni bu kitobga tishim o‘tmadi deb tashlab qo‘ymaslik kerak, aks holda odamda o‘sish bo‘lmaydi. Bu ko‘nikma esa turnikda tortinishni ko‘paytirish uchun har kuni mashq qilinganidek asta-sekin mashq bilan shakllantiriladi.
- Evgeniy Tarle. Napoleon.
Yaxshi kitob har o‘qiganingizda o‘zingiz uchun nimadir yangi narsa oladigan, kashf etadigan kitob. Bu kitobni har o‘qiganimda taassurotlarim yangilanavergan, o‘zim uchun yangi kashfiyotlar qilganman. Kitobda Napoleon Bonopart shaxsi, xarakteri, hayoti, davrning ijtimoiy-siyosiy vaziyati juda yaxshi ochib berilgan. Muallif tarixchi akademik bo‘lgani, kitobni yozishda ko‘p manbalardan foydalangani, yozish tajribasi katta bo‘lgani bois kitob har qanday o‘quvchini boshidanoq ichiga tortib kirib ketadi. Albatta o‘qishni tavsiya qilaman.
- Mohandas Karamchand Gandhi. The Story of My Experience with Truth (Haqiqat bilan tajribalarim).
Ajoyib avtobiografik asar. Mahatma Gandining bolaligi, Londonda o‘qigan yillari, Janubiy Afrika Respublikasida va u yerdan qaytib Hindistonda ishlagan yillari, hayotiy tajribalari ajoyib uslubda yozilgan. Gandining shaxs sifatida shakllanish jarayonini kuzatish mumkin kitob orqali. Asar rus va o‘zbek tillariga tarjima qilingan. Asar nomi o‘zbekchaga “Mening hayotim” deb tarjima qilingan. O‘zbekcha tarjima yaxshi chiqmagan. Yumshoq qilib aytganda tarjimon va muharrir asar tilini silliqlashga erinishgan. Inglizchadagi uslub, so‘z o‘yinlari, ma’no nozikliklari tabiiyki tarjimada sezilmagan. Inglizchasini o‘qishni tavsiya qilaman.
- Vladimir Pozner. Proщeniya s illyuziyami.
Muallif shaxsiga qiziqqanim uchun o‘qib chiqqanman. Asar avvaliga inglizcha yozilgan ekan. Keyinroq ruschaga o‘girilgan, aniqrog‘i qayta yozib chiqilgan. Buni Pozner o‘zi asarda aytib o‘tgan. AQSh, Germaniya, Frantsiya va Rossiyada yashash imkoniyatiga ega bo‘lgan muallif bu mamlakatlardagi va o‘zi borgan boshqa davlatlardagi ijtimoiy-siyosiy hayotni yaxshi tahlil qila olgan. Madaniyatlardagi farqliliklar yaqqol misollarda ochib berilgan. Muallifning voqea-hodisalar haqidagi shaxsiy tajribasidan kelib chiqib yasagan xulosalari men uchun qiziq tuyulgan. Asardan o‘zim uchun ko‘p narsa olganman.
- Gadamer. Istina i Metod.
Kitob muallifi XX asrning yirik faylasuflaridan. Germenevtika – talqin nazariyasi juda yaxshi tushuntirilgan. Sof ilmiy asar, ko‘pchilikka qiziq bo‘lmasligi mumkin, lekin ijtimoiy fanlardagi ilmiy tushunchalarni qayta idrok qilishda katta yordam beradi. Tarix, filologiya, sotsiologiya yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqot qilayotganlarga o‘qishni tavsiya qilaman.
- Steven Pinker. The Language Instinct (Til instikti).
Stiven Pinker bugungi kunda AQShda asarlari eng ko‘p o‘qiladigan mualliflardan. Boshqa kitoblari ham mashhur. MIT professori. Asosiy yo‘nalishi lingvistika. Kitobning nomidan ko‘rinib turganidek muallif tilga tabiiy instinkt sifatida qaraydi va bu fikrni isbotlashga harakat qiladi. Til va tafakkur munosabati juda yaxshi tahlil qilingan. Bolalar qanday qilib gapirishni o‘rganishi masalasi yoritilgan. Pinkerning asosiy yutuqlaridan va yozish uslubidagi o‘ziga xos jihatlardan biri shuki, fikrlarini asoslashda jonli tildan olingan misollardan juda unumli foydalanadi. Matnlarni bir tildan boshqa tilgan tarjima qilish masalasini ham qiziqarli qilib tahlil qilgan. Asar keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan. Ruschaga tarjima qilingan.
- Murod Muhammad Do‘st. Lolazor.
Keng qamrovli badiiy asar. Prosto shedevr. O‘zbek tili imkoniyatlariga shubha bilan qaraydigan “aqlli”lar bir o‘qib chiqishini tavsiya qilardim. Muallifning yozish uslubi va o‘ta ravon tili hayratlanarli darajada zo‘r.
- Adeeb Khalid. Making Uzbekistan: Nation, Empire, and Revolution in the Early USSR
Adib Xolid men o‘qigan mualliflar ichida juda chuqur tahlil qobiliyatiga ega bo‘lgan olimlardan. Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston tarixi, madaniyati, tili, siyosati haqida chuqur bilimga ega odam deb bilaman. Bu asar muallif katta hayotiy va ilmiy tadqiqot tajribasiga ega bo‘lgandan keyin yozilgani uchun ham ahamiyatlidir. Asarda ilgari surilgan asosiy fikrlardan biri shuki, zamonaviy O‘zbekiston davlati va o‘zbek millati bu XIX oxiri va XX boshlarida shu hududda yashab faoliyat yuritgan intellegentsiyaning g‘oyasi va mehnatlari mahsulidir degan fikrdir. Muallif bu fikrni asoslay olgan. Asar 8 ta qismdan iborat har birida alohida katta bir mavzu yoritilgan va tahlil qilingan.
- Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Xislatli hikmatlar sharhi.
Asar beshta jilddan iborat. Arab olamida mashhur Misrlik tasavvuf shayxi Atoulloh Sakandariyning (Iskandariyadan olingan) hikmatli fikrlariga shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tomonidan yozilgan sharhlar. Bu asarni o‘qish o‘quvchidan ma’lum tayyorgarlik talab qiladi. Ya’ni ungacha diniy mavzuda kitoblar o‘qigan bo‘lishi kerak. Masalan, kam deganda ayni muallifning “Hadis va hayot” turkumidagi kitoblari va “Ruhiy tarbiya” asarini o‘qigan bo‘lsa, bu kitobni o‘qib tushunishi osonroq kechadi.
Ochig‘ini aytish kerak, shu kungacha o‘zbek tilida yozilgan kitoblar tilining murakkab yoki osonligi nuqtai nazaridan darajalab chiqilmagan. Ya’ni badiiy asarlar ham, ilmiy va ommabop kitoblar ham darajalarga ajratib tasniflangan emas. Ingliz tilidagidek kitoblarning adaptatsiya qilingan variantlari ham yo‘q. Agar tilimizda yozilgan kitoblar murakkabligi bo‘yicha darajalansa, men “Xislatli hikmatlar sharhi” kitobini eng yuqori darajaga qo‘ygan bo‘lardim.
- Sahihul Buxoriy. Imom Buxoriy to‘plagan sahih hadislar jamlanmasi.
Hozirgacha “Hilol Nashr” nashriyotida “Oltin silsila” turkumida “Sahihul Buxoriy” to‘plamining 8 ta juzi nashrdan chiqqan. Har biri 672 yoki undan ko‘proq betdan iborat. Bu to‘plamning ikkinchidan boshqa hamma juzlari o‘qiganman. Birinchi va oltinchi juzlarini alohida mehr bilan o‘qiganman. Birinchi juzning boshida hadis ilmi haqida, Imom Buxoriyning hayoti, Islom olamida, hadis ilmida tutgan o‘rni haqida ko‘p foydali ma’lumotlar berilgan. Undan keyin u kishi to‘plagan hadislarning arabcha matni va o‘zbekcha tarjimasi, zarur o‘rinlarda izohlar ham berilgan. Oltinchi juzda “Tafsir kitobi”, ya’ni Qur’on sura va oyatlari bilan bog‘liq hadislar berilgan. Ular oyatlar ma’nolarini chuqurroq tushunishga yordam beradi.
Nima uchun bu kitobni birinchi o‘ringa qo‘ydim? Avvalo, kitobni o‘qib chiqqan odam o‘zi buni tushunadi. Buxoriyning ushbu to‘plami “Jome’us sahih” ham deyiladi, ya’ni unda barcha mavzulardagi hadislar jamlangan. Islom dini ta’limotlarining asosi Qur’on va undan keyin hadis bo‘lsa, bu kitob butun Islom olamida hadis to‘plamlarining eng ishonchlisi sanaladi. Buxorodan chiqqan olim zot to‘plab, mavzular bo‘yicha boblarga ajratib chiqqan ushbu hadislar to‘plamiga yuzlab sharhlar yozilgan ekan. Mana shu faktning o‘ziyoq bu to‘plam qanchalar ahamiyatli va mashhur ekanini ko‘rsatadi. Afsuski, bu sharhlarning birortasi hali bizning ona tilimizga o‘girilmagan.
Butun insoniyat hayotini yangi o‘zanga burib yuborgan Islom dinini tushuntirib beradigan, o‘sha davr muhitini mayda detallarigacha ochib beradigan manba mana shu hadislar to‘plamidir. Bu kitob o‘zbekchaga to‘liq tarjima qilinishining o‘zi ham xalqimiz uchun katta yutuq. Tilimizda yozilgan, chop etilgan matnlar qancha ko‘p bo‘lsa, millatimiz, xalqimiz uchun shuncha foyda.
Yorqinjon Haydarov, “Hilol Nashr” nashriyoti muharriri