Uragan bilan quyun o‘rtasida nima farq bor?

Bo‘ronning turlari ko‘p bo‘lsa-da, ular bir xil yo‘sinda, ya’ni havoning bir joydan ikkinchi bir joyga tez sur’atlar bilan ko‘chishi natijasida hosil bo‘ladi.

Yomg‘ir yog‘ib, chaqin chaqib, yashin turgan vaqtdagi bo‘ron momaqaldiroq deb yoki momaqaldiroq bo‘roni deb ataladi. Agar shamol yo‘l-yo‘lakay ko‘p miqdordagi changni havoga ko‘tarsa, bu chang to‘zoni yoki bo‘roni deb ataladi. Dengizdagi bo‘ron shtorm (to‘fon) deb ataladi. Bo‘ronning eng xavfli va halokatli turlari dovul (uragan) va quyundir.

Dovul tropik kengliklarida boshlanadigan bo‘rondir. Masalan, ular Shimoliy Amerikada, Meksika ko‘rfazida sodir bo‘ladi, so‘ngra qit’aning sharqiy qirg‘og‘i bo‘ylab harakatlanadi. Xuddi shunday bo‘ronlar Uzoq Sharqdagi sohillarda va Xitoy dengizida ham qo‘zg‘aladi, biroq ular tayfun deb ataladi. Ikki xil bo‘ronning umumiy nomi tropik bo‘ronidir.

Odatda, dovul 150—600 km diametrli hududni qamrab oladi. Dovul turganda shamolning tezligi soatiga 120-200 km.gacha yetadi. Dovulning o‘ziga xos xususiyati dovul ko‘zi deb ataladigan markazda sokin bir zona bo‘ladi. Uning diametri 5—20 km.ni tashkil etadi. Mabodo, odam shu zonaga tushib qolsa, u dovul to‘xtadi, deb o‘ylashi ham mumkin. Ammo dovulning «ko‘zi» nariroqqa siljishi bilan kuchli shamol turadi va u oldingisiga teskari bo‘lgan yo‘nalishda esa boshlaydi. Negaki, dovul halqasimon bo‘rondir. Dovul oldga siljib borgani sayin shamol aylana bo‘ylab esa boshlaydi.

Halqasimon bo‘ronning yana bir turi quyundir. Uning dovuldan dastlabki farqi diametrining hech qachon 2,5 km.dan oshmasligidir. Odatda, quyun momaqaldiroq gumburlayotgan, bulut esa quyuq va voronkasimon (suyri) bo‘lgan hududda boshlanadi. Quyun uzunligi bir necha kilometr va kengligi bir necha yuz metr bo‘lgan maydonni bosib o‘tishi mumkin. Ammo u yo‘lida uchragan neki bo‘lsa, hammasini yer bilan bitta qilib, tekislab o‘tib ketadi.