Tarixdan avvalgi davr hayvonlari nega yo‘qolib ketgan?

Bugungi kunda ham hayvonlarning ayrim turlari yo‘qolib bormoqda yoki yo‘qolish chegarasiga kelib qolgan. Hozirgi paytda muayyan hayvonning yo‘qolishi sababini aytib berish oson, ammo hayvonlarni muhofaza qilish va ularning Yerda hayoti davom etishi uchun shart-sharoit hozirlab berish ancha qiyin.

Ammo gap qadim zamonlar haqida bormoqda, u yoki bu jonivorning yo‘qolishi, boshqa biriga o‘rnini bo‘shatib berishini har xil tadqiqotlar o‘tkazish yo‘li bilan aniqlash mumkin. Ammo tarixdan avvalgi davr hayvonlarining yo‘qolib ketishi haqida olimlar chiqargan xulosalar qazilma organizmlarni o‘rganishga asoslangan faraz va taxminlar, xolos.

Bunda sovuq tushish jarayoni payti iqlimning o‘zgarishi katta o‘rin tutgan. Ustiga ustak, Muz davrida Yerning kichik bir parchasigina yashash uchun yaroqli bo‘lgan va bu yerda turli hayvonlar behad ko‘payib ketgan.

Pirovardida har bir jonzot yeyishi kerakli ozuqa turlari keskin kamaygan. O‘zgarayotgan iqlimga tez ko‘nikkan va ochlik davrini yenga olgan hayvonlargina tirik qolishgan.

Bunday sharoitda hayvonlarning o‘lchami katta ahamiyat kasb etgan. Bahaybat hayvonlar yetarlicha ozuqa topishi uchun yerning kengroq qismini egallab olishiga to‘g‘ri kelgan.

Ammo buning hamma vaqt ham iloji qolmagan, ozuqabop o‘t-o‘lan o‘sadigan maydonlar keskin qisqarib borgan. Natijada esa hayvonlar ham ozuqa yetarli emasligidan nobud bo‘la boshlagan.

Ayni davrda yangi sharoitga yaxshi moslashgan yirtqichlar ko‘payib ketdi, chalaqursoqligidan zaiflashgan hayvonlar ularga osongina o‘lja bo‘lardi. Mana shu sababdan Yevropa, Osiyo, Afrika va Yangi Dunyo (Amerika)da qopchiqli hayvonlar yo‘qolib ketgan. Ularni yirik yirtqichlar — sherlar, bo‘rilar, qoplonlar va yo‘lbarslar qirib bitirgan.

Hozirgi paytda qopchiqli hayvonlar sovuq yetib bormagan Avstraliyadagina saqlanib qolgan.

Hayvonlar turining kamayib ketishiga insonning xo‘jalik faoliyati ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Misol tariqasida, fillar, suv otlari va karkidonlarning kamayib borishini ko‘rsatish mumkin. Ular sonining qisqarib borishi yashash joyidan mahrum etilayotgani va odatdagi ovqatlaridan mahrum bo‘layotgany bilan izohlanadi.