Suv qachon muzga aylanadi?

Agar muzlayotgan hovuz, ko‘l yoki daryoga e’tibor bergan bo‘lsangiz, dastlab suvning yuzasi muzlay boshlaganini ko‘rgansiz, albatta.

Agar hovuzlar, ko‘llar, dengizlar tubidan muzlay boshlasa, hayotimizda ko‘p narsalar o‘zgarib ketishi mumkinligini hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Unda Yerdagi iqlim o‘zgaribgina qolmasdan, suvda yashaydigan ayrim mavjudotlar butunlay qirilib ketishi mumkin edi.

Endi hovuzdagi suv qanday qilib muzga aylanishini ko‘zdan kechiraylik. Suv ustidagi havo sovigach, u suvning yuqori qatlamini ham sovitadi va sovuq quyi iliq qatlamga nisbatan og‘irlashib, pastga tusha boshlaydi. Bu jarayon butun hovuzdagi suvning temperaturasi Selsiy shkalasi bo‘yicha 4 gradusga yetgunga qadar davom etadi.

Ammo havo temperaturasi pasayaveradi. Suvning ustki qatlamlari 4 darajadan pastroq temperaturaga yetgach, pastga tushmaydi. Chunki 4 darajadan quyi temperaturagacha sovigan suv yengilroq bo‘lib qoladi.

Shunday qilib, suvning yuqori qatlamlari muzlashga tayyor holga keladi. Temperatura muzlash nuqtasi — 0 darajaga yetgach yoki undan ham quyi tushgach, o‘ta mayda kristallchalar paydo bo‘la boshlaydi.

Bunday har bir kristallning olti nuri bo‘ladi. Ular o‘zaro birlashib, suv yuzasida muz po‘stlog‘ini hosil qiladi. Muz ba’zan shaffof bo‘ladi. Ba’zida esa bunday bo‘lmaydi. Nega? Suv muzlayotganda, undan o‘ta mayda pufakchalar ajralib chiqa boshlaydi. Ular muz kristallari nurlariga yopishib oladi. Qancha ko‘p muz kristallchalari hosil bo‘lsa, shunchalik ko‘p pufakchalar paydo bo‘ladi. Bu esa tiniq bo‘lmagan muz paydo qiladi.

Agar muz ostidagi suv oqar bo‘lsa, havo pufakchalari bir joyga yig‘iladi va shaffof muz hosil bo‘ladi. Suvning, boshqa ayrim moddalar qatori suyuq holatdan qattiq holatga o‘tganda, hajmi toraymaydi. U muzlaganda, o‘z hajmining to‘qqizdan bir qismi qadar kengayadi, ya’ni to‘qqiz litr suv muzlaganda, undan 10 litr qattiq muz hosil bo‘ladi. Qishda avtomobillar radiatori va suv quvurlari suv muzlashi oqibatida kengayib, yoriladi.