Uylarning tomidan osilib turgan sumalaklar qanday hosil bo‘lishini hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Ular qachon hosil bo‘ladi: eruvgarchilik paytimi yoki sovuq paytmi? Agar eruvgarchilik paytida bo‘lsa, nega suv noldan yuqori darajada muzlab qoladi? Agar sovuq payt bo‘lsa, tomda suv qayerdan paydo bo‘ladi?
Demak, bu savolga javob berish unchalik oson emas. Sumalaklar hosil bo‘lishi uchun bir vaqtning o‘zida ikki xil: erish uchun noldan yuqori, muzlash uchun noldan past temperatura kerak.
Aslida ham shunday. Quyosh nuri tushishi bilan uylarning tomidagi temperatura noldan yuqori ko‘tarilib, u yerdagi qorni qizdiradi, oqib tushayotgan suv tomchilari esa tomning chetiga, tunuka tarnovlarga tegib, muzlab qoladi, chunki bu yerdagi temperatura o‘sha payt noldan past bo‘ladi. Erigan suv tomdan oqib tushayotib, uning chetiga osilib qoladi. U tom ostidagi temperatura noldan past bo‘lgani uchun muzlab qoladi. Muzlagan tomchi ustiga yana bir tomchi yetib kelib, muzlab qoladi va h.k.; shu tariqa kichik muz bo‘rtigi hosil bo‘ladi. Boshqa bir kuni boshqa tomchilar qo‘shilib muzlab qolishi natijasida bo‘rtik yanada uzayadi va alal-oqibat yer osti g‘orlaridagi ohaktosh stalaktitlari (oqiq tomchilari)ga o‘xshash sumalak hosil bo‘ladi. Shunday qilib, saroylar va, umuman, isitilmaydigan binolarning tomlarida sumalak paydo bo‘ladi.