Stalaktitlar g‘orlarda hosil bo‘ladi. Ular qanday hosil bo‘lishini bilib olish uchun g‘orlardan birini — Nyu-Meksiko shtatidagi Karlsbad g‘orini tadqiq qilib ko‘raylik. Karlsbaddagi tog‘ jinsi ohaktoshdir. Ohaktosh kuchsiz ishqorda ham erishi mumkin bo‘lgan yumshoq tog‘ jinsidir. Ohaktoshni eritadigan ishqor yomg‘ir suvi tarkibida uchraydi. Yomg‘ir tomchilari yerga o‘zi bilan birga havodan uglerod ikki oksidini olib tushadi. Uglerod ikki oksidi yomg‘ir suvini karbonat kislotasiga aylantiradi.
Bundan million yillar chamasi burun yomg‘irning bir tomchisi yerga tommasdan shiftda ushlanib qoldi. Suv bug‘lanib ketgach, ohakning mayda halqasi shiftda kristallga aylandi. Undan keyin ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi va h.k. tomchilar ham o‘sha yerda ohakni qoldiraverdi. Vaqt o‘tishi bilan ohak halqalari mayda bo‘rtik — «sumalak» hosil qildi. U cho‘zilib boraverdi…
Boshqa bir suv tomchisi esa g‘or yeriga tomdi. Bug‘lanib ketgach, uning o‘rnida ham ohak qoldi. Vaqt o‘tishi bilan o‘sha joyga minglab tomchilar toma bordi. Ohak zarralari yo‘g‘on tosh shamga o‘xshash bir narsa hosil qildi. «Sham» o‘sib boraverdi…
G‘or shiftidagi tosh sumalak stalaktit, yerdagi «sham» esa stalagmit deb ataladi. Stalaktit va stalagmitlarning turlicha kattalikda bo‘lishi g‘ordagi namlik darajasi, g‘or ustidagi ohaktosh qatlamining temperaturasi va qalinligiga bog‘liq. Ayrim stalaktitlar yiliga 2 sm cho‘zilib boradi. Boshqa stalaktitlarga esa buning uchun yuzlab yillar kerak.
Ko‘pincha o‘sayotgan stalagmitlar cho‘zilayotgan stalaktitlar bilan qo‘shilib, ustun hosil qiladi. Karlsbaddagi eng katta ustunning balandligi 30 metrdir. Ayrim g‘orlarning shiftlari shokilaga o‘xshab ko‘rinadigan qisqa stalaktitlar bilan qoplangan. Boshqa g‘orlar devoridagi tosh ignalar esa yarqirab ko‘rinadi. Ayrim stalaktitlar past va balandga o‘sishi bilan bir qatorda yonga qarab ham o‘sadi.
G‘orga suv tushmay qolgach, stalaktitlar ham o‘sishdan to‘xtaydi. Bunday g‘orlar esa o‘lik g‘orlar deb ataladi.