Skotland-Yard nima degani?

Detektiv kitob o‘qigan yoki televizor ko‘radigan har qanday kishi ham, albatta Skotland-Yard to‘g‘risida eshitgan bo‘lishi shubhasiz. Bu so‘zni aytar ekansiz, albatta ko‘z oldingizga, jinoyatchilarga ayovsiz kurash olib boruvchi politsiyachining viqorli qiyofasi namoyon bo‘ladi.

Skotland-Yard bu Metropoliya Politsiyasining shtabi, u Buyuk Britaniyadagi mazkur sohaga aloqador muassasalarning eng kattasi hisoblanadi. Bu bo‘limda 27 000 kishi xizmat qiladi. Ular Londonda va uning tevaragida istiqomat qiluvchi 6 750 000 kishiga ega, umumiy maydoni 787 kv.km bo‘lgan hududda sodir bo‘ladigan voqea hodisalar uchun javobgar shaxslardir. Poytaxtni politsiyachilar va tergovchilar bilan ta’minlashdan tashqari, Skotland-Yard yana boshqa vazifalarni ham ado etadi. U Londondagi transport harakatini nazorat qiladi, haydovchilik guvohnomalarini beradi, taksi va avtobus parklarini, shuningdek haydovchilarni nazorat qiladi. Shuningdek, Skotland-Yard fuqarolar mudofaasi bilan, binolarni tasarruf qilish xizmati bilan shug‘ullanadi, yo‘qolgan narsalarni qidiradi, chet elliklarni ro‘yxatga oladi. Skotland-Yard mamlakat bo‘yicha olib borilayotgan barcha tergov ishlarini protokollashtirib boradi, biroq muzofot politsiyasining maxsus ruxsatisiz boshqa rayonlardagi sudlov ishlariga aralashmaydi.

Skotland-Yardning tarixi juda qiziq. Taxminan ming yillar avval Angliya qiroli Edgar Shotlandiya qiroli Kennetga Londondagi Vestminster qasri yonidan yer ajratib beradi. Va u Kennetdan mazkur yerga rezidentsiya, ya’ni qarorgoh qurishni va har yili shu yerga kelib Shotlandiya nomidan Angliya qirolligiga minnatdorchilik izhor qilishni talab qiladi.

Qirol Kennet u yerda o‘zi uchun qasr bunyod etadi va har gal Angliyaga kelganida shu yerda yashaydi. Mazkur qasr Shotlandiya qirollarining mulki bo‘lib, Shotlandiya hududi hisoblanardi.

1603 yilda qirolicha Yelizaveta vafot etgach, Shotlandiya qiroli Jeyms 6 Angliya va Shotlandiyaning qiroli bo‘ldi va qasr o‘zining dastlabki mohiyatini yo‘qotdi. Uni ikki qismga ajratdilar: birinchi qismini «Katta Skotland-Yard», ikkinchi qismini esa «Kichik Skotland-Yard» deb atay boshladilar. Keyinchalik ulardan hukumat binosi sifatida foydalana boshladilar.