Qushlar nima uchun sayraydi?

Qushlarning tovush chiqarish a’zolari biznikidan sal ajralib turadi. Odamning tovushlog‘ich paychalari nafas chiqaradigan bo‘g‘zi ustidagi hiqildoqda joylashgan. Qushlarning oddiy membranalari nafas olish naychasining quyi qismida joylashgan bo‘lib, quyi bo‘g‘iz deb ataladi. Bu membrana pirpirab turadi.

Aynan quyi bo‘g‘izning shakli, membranalarni harakatga keltiradigan mushaklar sonining har xilligi qushlarning turlicha sayrashiga sabab bo‘lgan.

Qushlar sayrashdan tashqari boshqa tovushlar ham chiqaradi. Ular bir-birini tushunadigan qichqiriqlar, signallar, bezovtalik tovushlari beradi.

Agar uyasi yonida ilon paydo bo‘lib qolsa, qush bezovtalik signalini beradi. Mana shu signalga qarab, qushlar galasi ko‘mak bergani uchib keladi. Qushlar yil bo‘yi turli signal va tovushlardan foydalanadi, ko‘payish payti esa sayraydi.

Qushlar sayrog‘i jarangdorligi, ohangi va sifati bilan ajralib turadi. «Rosmana» kuylash borasidagi birinchilikni qorayaloq hech qaysisiga bermaydi.

Qushlar sayrog‘i yordamida yaqinlashayotgan dushmanlarini bu yerning xo‘jayini o‘zlari ekanidan ogohlantirib qo‘yadi.

Agar xo‘jayinlarini quvib haydamasa, boshqa bironta qush ularning joyiga egalik qilolmaydi. Bosqinchini qo‘rqitish uchun sayroq kuchayadi, bu ham foyda bermasa, hujumga o‘tadi.

Ayniqsa, na odam, na hayvon yaqinlasha oladigan uyalar atrofi diqqat bilan qo‘riqlanadi.

O‘z uyasini yoki parrandalarini qo‘riqlayotgan qush o‘zidan bir necha hissa katta bo‘lgan hayvonlarga, hatto odamlarga ham hujum qilishi mumkin. Uyasidan tashqari, o‘zlari ovqatini topib yeydigan ulkan hududni ham himoya qiladi.

Ammo qushlar boshqa ma’nolarda ham sayraydi. O‘ziga uya topgan nar qush o‘ziga xos sayrog‘i bilan makiyonini chorlaydi. Sayroq va yorqin patlar uyg‘unlashib, juftining diqqatini tortadi. Tabiiyki, narlar chiroyli makiyon topish uchun jon-jahdi bilan tirishadi.

Boshqa qushlar ham tumshug‘ini ochib, sayrashga tushib ketganida bu sayroq muhim ahamiyat kasb etadi. Ular ham makiyonini o‘ziga chorlashga harakat qiladilar.

Xonish qanchalik yaxshi, patlar qanchalik yorqin, kuy qanchalik diqqatni tortsa, qushning g‘alaba qozonishiga shunchalik imkoni bo‘ladi.

Nar chiroyli makiyon topish uchun kurashadi, chunki u raqobat sharoitida yashay olishi mumkin bo‘lgan yaxshi nasl qoldirishiga ishonch hosil qilishi kerak. Tabiiy saralanish qonuniyati ana shunday shafqatsizdir.