Bu savolga javob berish oson emas, sababi, bu haqda hech kim o‘ylab ko‘rmagan. Odatda yirik jonivorlar: bo‘rilar, sherlar, yo‘lbarslar ko‘p ovqat yeydi, deb o‘ylashadi. Eng mechkay hayvon ninachidir. O‘simliklar ustida taralla-bedod qilib yuruvchi zohiran bu chiroyli mavjudotning biror payt ovqatlanayotganini ko‘rmaysiz.
Ninachilarning nuqul yallo qilib yurishi Krilovning masalida ham insho etilgan. Esladingizmi? «Ninachi sho‘x kuylab chaldi soz, Sayrlarda o‘tdi go‘zal yoz. Tomoshadan bo‘shay demadi, Qish g‘amini sira yemadi…» Chumoliga o‘xshab qishni o‘ylash qayerda deysiz, ninachi uni ham yeb qo‘yadi, yeganini esa bilmaydi. Gap bu yerda ninachilarning bir turi — ninachi-so‘zanak haqida bormoqda. U bir soatning ichida yigirmatacha chivinni paqqos tushiradi. Ninachi-so‘zanak chivin tutish maqsadida kun bo‘yi uchib yuradi, tutganini yeb, yana o‘lja qidiradi. Bir soat ichida u taxminan yuz chaqirim yo‘l bosadi, buning uchun chiroyli yorqin qanotlarini 1600 marta qoqsa kifoya.
Ninachi-so‘zanak kimlargadir hakalakchi bo‘lib tuyulishi mumkin, chunki u hech qachon to‘g‘ri uchmaydi. U g‘iz etib yuqoriga ko‘tariladi yoki pastga tushadi, shu on keskin buriladi, alqissa, chivin undan qochib qutulolmaydi. Ninachi-so‘zanakning ko‘zlari o‘tkir. Uning ko‘zi juda g‘ayrioddiy tuzilgan. Uning boshqa hasharotlarnikiday ikkita, ammo har bir ko‘zi 30 mingta alohida ko‘z-faset (hasharotlarning sodda ko‘zdan iborat ko‘rish a’zolari)dan iborat. Shu bois u birvarakayiga oldidagi, ortidagi, yoni va orqasidagi narsalarni ko‘ra oladi. Ustiga ustak uning ko‘z-fasetlari har xil ravishda ko‘radi. Biri olisda turgan narsani, boshqasi yaqinda turgan narsani, uchinchisi esa, ba’zi hayvonlarga xos bo‘lmagan ranglarni ajratadi.