Qahva daraxti Efiopiyadan kelib chiqqan, degan fikr bor. U Afrika, Osiyo, Amerika tropiklari va subtropiklarida o‘sadi. Qahvaning doni — urug‘i yashil yoki sariq, pishib yetilgach esa qizil tusda bo‘ladi. Ular qovurilgandan so‘nggina malla tusga kiradi.
Qahva daraxti kesib turilmasa, 15 metrgacha o‘sadi. Ammo bu uning mevasini terib olishga imkon bermay qo‘yadi. Qahva doni yashil tusdagi ko‘rakda yetiladi. Pishishi bilan qizil tusga kiradi. Har bir ko‘rakda ikki bo‘lakdan iborat don bor va u et bilan qoplangan bo‘ladi.
Qahva urug‘idan kofein (tibbiyotda ishlatiladi) hamda hammaga ma’lum qahva olinadi.