Qadimgi yunonlar qanday yashashgan?

Evropaliklar Uyg‘onish davridan boshlab, besh yuz yil mobaynida Qadimgi Yunoniston tarixini «insoniyatning oltin asri», deb atab kelmoqdalar. Chindan ham, antik madaniyatda hozirgi zamon kishilarini ham rom etayotgan ko‘plab jozibali jihatlar bor. Bular — jamiyatning oqilona tuzilganligi, inson va tabiat uyg‘unligi, kuchli diniy hissiyotdir.

Yunonlar g‘oyat dindor bo‘lishgan. Ularda xudolar ko‘p sonli bo‘lib, bu xudolarga, misrliklardan farqli o‘laroq, insoniy xususiyatlar baxsh etilgandi. Bu xudolar mag‘rur va hasadgo‘y, sadoqatli va do‘stparvar bo‘lishgan. Bir so‘z bilan aytganda, ular o‘zlarini o‘ylab topgan odamlarga o‘xshash bo‘lishgan. Yunonlar ilmiy bilimlarni g‘oyat qadrlashgan, bu holat hatto ularning avlodlarini ham hayratga solgan. Yunonlar, ayniqsa, astronomiya bilan qattiq qiziqishgan.

Eng mashhur yunon olimlaridan biri Arximed bo‘lgan. U jismlarning suzish qonunini kashf etdi va bu qonun keyinchalik uning nomi bilan «Arximed qonuni» deb yuritila boshlagan. Pifagor (sharqda — Fisog‘urs) eng yirik matematik, yoki o‘sha davr tili bilan aytganda, geometr bo‘lgandi.

Eramizdan avvalgi butun beshinchi asr davomida yunonlar orasida bilimga chinakam intilish mavjud bo‘lgan. Geometriya va perspektiva qonunlaridan ibodatxonalar qurilishida foydalanilgan. Shuning uchun ham keyinchalik yashab o‘tgan me’morlar ularning ishlarini klassik, ya’ni namunali ish deb e’tirof etishgan.

Qadimgi yozuvchilar — Esxil, Sofokl va Yevripidlarning ham asarlari mashhurdir. Ular o‘z pesalari bilan shuhrat topishgan. Buyuk yunonlar orasida tarixchi Gerodot ham bor edi. Avlodlar unga «tarix fanining otasi» deb nom berishgan.

Qadimgi yunon faylasufi Suqrot (Sokrat) insoniyatga o‘z-o‘zini anglab yetishni tavsiya etgandi. Uning tadqiqotlarini shogirdi Aflotun (Platon) davom ettirgan. Arastu (Aristotel) ham qadimgi davrning Buyuk faylasufi bo‘lgan.