Protoplazma nima?

Fanda turli kashfiyotlar qilingan. Ayrim tabiat hodisalari laboratoriya sharoitlarida takrorlanmoqda. Ammo protoplazma takrorlab bo‘lmaydigan yoki sun’iy ravishda qayta hosil bo‘lmaydigan moddadir. Protoplazma barcha jonivorlar va o‘simliklarning tirik qismidir.

Barcha o‘simlik va jonivor organizmlari hujayralardan tarkib topgan. Ayrim mavjudotlar, jumladan, odam tanasida millionlab hujayralar bor, ammo boshqa bir mavjudotlar, masalan, protozoa faqat bir hujayradan tarkib topgan. Kit, odam va atirgul organizmi hujayrasida bir xil modda — protoplazma bor.

Hujayra protoplazmasi, asosan, ikki qismdan iborat. Markaziy, zichroq qismi — yadro, ikkinchi, nisbatan yumshoq va suyuq qismi tsitoplazma deb ataladi.

Protoplazmaning tarkibi har xil. Har bir tirik organizm turi o‘ziga xos protoplazma shakliga ega. Ammo bir organizmning o‘zida ham turli hujayralar o‘ziga xos protoplazma turlariga ega.

Ammo, tafovutlarga qaramasdan, protoplazmaning 99% uglerod, vodorod, kislorod va azotdan, shuningdek, ayrim kimyoviy elementlarning qo‘shimchalaridan tarkib topgan.

Organizmga tushgan ovqat hazm bo‘ladi yoki suyuqlikka aylanadi. So‘ngra hazm bo‘lgan ovqatni protoplazma yutadi va ovqat uning tarkibiy qismiga aylanadi. Bunday jarayon assimilyatsiya deb ataladi. Qizig‘i shundaki, protoplazma bu jarayonda o‘lik moddani tirik materialga, ya’ni begona moddalarni o‘ziga o‘xshash moddaga aylantiradi.

Protoplazma, shuningdek, o‘simliklar yoki jonivorlar organizmida energiya yig‘adi va uni ajratib chiqaradi. U tashqi ta’sirga o‘ta sezgir, kuchli yorug‘lik va issiqlikdan nobud bo‘ladi. Kimyoviy elementlar uni tortishi yoki itarishi mumkin. Elektr toki uning fe’l-atvoriga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Ammo hali fanga protoplazma va uning faoliyati to‘g‘risida ko‘p narsalar ma’lum emas.