Balki siz qaysi bir daryo bo‘yida kichkinagina kulrang-qo‘ng‘ir qushchaning shiddatli oqim o‘rtasida toshdan toshga sakrab yurgani, keyin to‘satdan suv tagiga cho‘mib ketganini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Agar siz uning nima qilayotganini ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, suvga boqing, u cho‘kib ketmagan, tirnoqchalari bilan toshlarga tirmashib, qanotlari bilan surilib, o‘zicha yurganini payqaysiz.
U suv tagida chopgani chopgan va bir qancha vaqtdan so‘ng qirg‘oqqa sakrab chiqadi. Qushcha daryo ichida 20 sekundcha tura oladi. Uni olyapka deyishadi, yana bir oti esa suv chumchug‘idir. Olyapka faqatgina tashqi tomoni bilan chumchuqqa o‘xshamaydi, u chumchuqning yaqin qarindoshidir. Olimlar tili bilan aytganda, u chumchuqsimonlar oilasiga mansubdir.
Olyapka daryo tubida shunchaki yurmaydi. U suv tagida suv hasharotlarini izlaydi va topib yeydi. U qishni Rossiyada o‘tkazadigan kam sonli qushlarning biridir. Olyapkalar sovuqdan cho‘chimaydi, chunki ularning patlari juda qalin va mustahkam, ustiga ustak yog‘ bilan to‘yingan, bu uning sovuqqa chidamliligi va suvning qush tanasiga yetib bormasligini ta’minlaydi.
Olyapkalar qishda ham muzlamaydigan daryolar tagidan ovqat qidiradi. Gohida olyapkalar huqqalar ichiga kirib oladi, agar muz yupqa bo‘lsa, ularning daryo tubida qanday chopib yurganini, yog‘ga to‘yingan patlari ustida suv tomchilari yaltirab turganini ko‘rish mumkin.