Okeanlar qanday paydo bo‘lgan?

Er tarixida haligacha yechilmagan jumboqlar ko‘p. Shulardan biri okeanlarning paydo bo‘lishidir.

To‘g‘risi, biz ular qachon paydo bo‘lganini bilmaymiz. Ammo Yer endi paydo bo‘lgan kezlar ular bo‘lmagani aniq. Balki ular dastlab Yer atrofida aylanayotgan ulkan bug‘ bulutlari ko‘rinishida mavjud bo‘lgandir. Keyinchalik esa Yer yuzasining soviy boshlashi bilan suvga aylana borgandir. Olimlarning okeanlardagi mineral tuzlar miqdoriga oid ma’lumotlar asosidagi hisob-kitoblariga qaraganda, ular bundan 500 000 000 — 1 000 000 000 yil muqaddam hosil bo‘lgan.

Ayrim zamonaviy nazariyalarning shahodat berishicha, bir zamonlar butun Yer yuzi dengizdan iborat bo‘lgan. Yerning ayrim mintaqalarini ko‘p marta suv bosgan. Biroq okean tubidagi bunday yerlar quruqlik bo‘lgan-bo‘lmagani noma’lum.

Ba’zi quruqlik yerlar u yoki bu davrda unchalik teran bo‘lmagan suvliklar bilan qoplangani isbotlangan. Quruqlikdan topilgan ohaktosh, qum va loyli slanetslar (tog‘ jinsi)ning aksariyati cho‘kindi jinslar, ya’ni dengiz tubida millionlab yillar davomida hosil bo‘lgan mineral tuzlar cho‘kindisidir. Oddiy bo‘r ham bir zamonlar dengizda yashagan mayda jonivorlar chig‘anog‘ining presslangan to‘plamidir.

Bugungi kunda okeanlar Yer yuzining to‘rtdan uch qismini egallagan. Garchi inson qadami okean tubining hamma yeriga yetmagan bo‘lsa ham, biz uning ko‘rinishi qanday ekanini, taxminan, bilamiz. U materiklar yuzasi kabi rango-rang bo‘lmasa-da, tog‘ tizmalari, tekisliklar va chuqur botiqliklardan tashkil topgan.