Okean ulkan suv kengligidir. Yer yuzida jami to‘rtta okean bor: Tinch, Atlantika, Hind va Shimoliy Muz okeanlari.
Shuni unutmangki, Tinch okeanining g‘arbiy chekkasi Osiyo, sharqiy chekkasi Amerika bilan tutash. Amerikaning sharqiy va Yevropa va Afrikaning g‘arbiy sohillari Atlantika okeani bilan, Afrikaning sharqiy, Osiyoning janubiy va Avstraliyaning g‘arbiy sohillari Hind okeani bilan chegaradosh.
Okeanlar ichida eng kichigi Shimoliy Muz okeanidir. U Osiyo, Yevropa va Amerikaning shimoliy sohillaridadir.
Okeanlar ancha chuqurdir. Ularning o‘rtacha chuqurligi 5000 metrgacha yetadi. Ammo ularda bundan ham chuqurroq joylar, botiqlar bor. Marianna botiqligining chuqurligi 11 022 metrdir. U Yerdagi eng chuqur joy hisoblanadi.
Dengizlar ham ikki turga bo‘linadi: ichki va tashqi dengizlar. Ichki dengiz qit’aning ichkarisida, tashqi dengiz esa qit’a bilan tutash bo‘ladi.
Shimoliy dengiz Atlantika okeaniga tutashdir, demak u tashqi dengizlar sirasiga kiradi. Ichki dengizlarga O‘rta Yer dengizini misol qilib keltirish mumkin.
«Qo‘ltiq» va «ko‘rfaz» so‘zlari o‘zaro ma’nodosh. «Ko‘rfaz» so‘zi ko‘proq ishlatiladi. Odatda, quruqlik ichiga botib kirgan, yanayam to‘g‘rirog‘i, uch tomoni quruqlik bilan o‘ralgan suvlik shu so‘zlar bilan ifodalanadi. Biafra va Fors ko‘rfazlari shular jumlasidandir.
Qo‘ltiq va ko‘rfazlar suvi unchalik chuqur bo‘lmaydi. Bu tabiiy. Dengiz tubi asta-sekin ko‘tarilayotgani sababli ko‘rfaz bir kun kelib quruqlikning bir qismiga ham aylanishi mumkin.
Xaritadan dengiz, ko‘rfaz va qo‘ltiqlarni bemalol topish mumkin.