Nima uchun do‘l donalari turli o‘lchamga ega?

Momaqaldiroq tez-tez sodir bo‘lib turadigan ayrim joylarda har sakkiz yuz momaqaldiroqdan biri bilan qo‘shilib, o‘lchami yong‘oqday keladigan, har besh ming momaqaldiroqdan biri bilan qo‘shilib esa tennis koptogiday keladigan do‘l yog‘adi. Siz o‘zingiz ham do‘l bundan-da boshqa o‘lchamga ega ekanini ham ko‘rgansiz, albatta.

Do‘l, odatda, havo iliq bo‘lganda yog‘adi va u momaqaldiroq, yashin va yomg‘ir bilan birga keladi. Do‘l, yomg‘ir tomchilari yerga tushayotib, sovuq havo qatlamidan o‘tayotib, muzlab qolishi natijasida hosil bo‘ladi.

Alohida yomg‘ir tomchilaridan kichik do‘lchalar hosil bo‘ladi. Katta do‘l ham shunday paydo bo‘ladi, ammo mayda do‘lchalar pastga tushayotganda, yuqoriga ko‘tarilayotgan kuchli havo oqimiga duch keladi va bu oqim ularni yomg‘ir tomchilari hosil bo‘ladigan balandlikka olib chiqib ketadi. O‘sha balandlikda do‘lchaga yangi tomchilar yopishadi va u sovuq havo qatlamidan o‘tayotganda, sirtidagi suv muzlab qoladi. Shunday qilib, do‘lning o‘lchamlari kattalashadi. Do‘lchaning ko‘tarilib tushishi bir necha marta takrorlanishi mumkin. Har safar uning hajmi kattalashib boradi va u pastdan yuqoriga ko‘tarilayotgan havo oqimi kuchini yengib o‘tib, yerga tushadi. Shu tariqa diametri 8—10 santimetrli va og‘irligi 0,5 kg bo‘lgan do‘l hosil bo‘ladi.

Do‘l donalari qor hosil bo‘ladigan zonalarga kirib qolganida, ularga qor ham yopishib, muzlab qoladi. Shuning uchun ham, odatda, do‘l qor va muz qatlamlaridan iborat bo‘ladi.

Do‘l har yili katta zarar keltiradi. U suli, bug‘doy, paxta va tamaki singari ekinlarni yer bilan yakson qiladi, shuningdek, daraxtlarning yaproqlarini urib tushirishi, derazalarning oynalarini sindirishi va hatto, parranda va uy hayvonlarini yarador qilishi mumkin.