Muzliklarning barchasi muz davrida paydo bo‘lgan, deb bo‘lmaydi. Ular bugun ham tez-tez uchrab turadi. Bunga Alp muzliklarini misol qilib keltirish mumkin. Ular Yevropa markazida joylashgan Alp tog‘lari sharafiga shunday deb atalgan. Bu tog‘larda 1200 dan oshiq muzliklar bor. Alyaska yarim orolining janubidagi osmono‘par tog‘larda esa bir necha o‘n ming muzlik bor.
Alp yoki vodiy muzliklari qorli cho‘qqilardan qudratli muz daryolari singari pastga siljiydi. Vodiyning yuqori qismi Alp muzliklarini hosil qiladigan qor manbaidir. U o‘z ko‘rinishi bilan amfiteatrni eslatadi, uni tik tog cho‘qqilari qurshab olgan bo‘ladi. Shamol cho‘qqilardagi qorlarni pastga haydaydi. Qor pastga ko‘chib tushadi. Yozda u erib ulgurmaydi, yana qish kelgach, qor qalinlashib boraveradi.
Nihoyat, qorning quyi qatlamlari zichlashib, erib, qotib, muzga aylanadi. Tog‘ yonbag‘ridagi qor og‘irligi ta’sirida muz massasi vodiyga tomon siljiy boshlaydi. Uning siljish tezligi bir yilda yuz metrdan oshmaydi. Muz tog‘ etagiga yetib borgach, butunlay erib ketadi. Monblan tog‘ massividagi «muz dengizi» («Mer-de-Glas») muzligining bo‘yi 14 km.dir.
Muzlik tog‘lardagi qor massasidan pastroqqa tushgach, eriy boshlaydi. Erish jarayoni muzlikning harakatidan sust bo‘lsa, u joyidan qo‘zg‘almaydi. Agar buning teskarisi bo‘lsa, muzlik «orqasiga qayriladi» va vodiyning yuqori qismiga qaytadi. Alp muzliklari dengiz sohilidagi tog‘ yonbag‘ridan siljiganida, katta muz palaxsalari sinib, dengizga tushadi hamda suzuvchi muz orollari — aysberglarga aylanadi.