Bahorgi jalalar, odatda, momaqaldiroq bilan birga keladi. Momaqaldiroq so‘zining o‘zi meteorologik hodisalarning butun bir kompleksini anglatadi. Ulardan hammamiz biladiganlarimiz chaqmoq va guldirakdir. Chaqmoq qo‘shni bulutlar o‘rtasida yoki bulut bilan yer o‘rtasida chaqadigan ulkan elektr uchqunidir. Elektrsizlanish (razryad) vaqtida tor kanaldagi havoni qhizdiradigan katta miqdordagi energiya ajralib chiqadi. Tor kanal elektr razryadining tarqalish yo‘lidir. Havo tez qizishi natijasida shiddat bilan kengayadi va zarba to‘lqini paydo bo‘ladi. Bu to‘lqin gumburlagan tovush hosil qiladi.
Yashinning elektrsizlanishi, mabodo, kuzatuvchi uning yaqinida turgan bo‘lsa, momaqaldiroqning quloqni qomatga keltiruvchi yakkayu yagona zarbasini eshitadi. Uzoqlashib borayotgan chaqmoqning esa uzoq gumburlashi eshitilib turadi. Tovushning asosiy zarbadan so‘nggi takrorlanishi uning yer yuzasidagi o‘ydim-chuqurliklar, binolar, o‘rmon chegaralari, bulutlar va hk.dan qaytadigan aks-sadolaridir.
Yashin urishi noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin. Uning talofat yetkazish qudrati issiqlik energiyasi ajralib chiqishi bilan bog‘liq. Uning ta’sirida daraxtlar sinishi, uylar, minoralar yer bilan yakson bo‘lishi mumkin. Yashin urishining oldini olish maqsadida ko‘p qavatli uylar va inshoatlarga tokni yerga o‘tkazib yuboruvchi metall tayoqcha — yashin qaytargich o‘rnatiladi. Yashin qaytargich deyish ham unchalik to‘g‘ri emas, negaki, u yashinni qaytarmaydi, aksincha, yerga o‘tkazib yuboradi va shu bilan imoratlarni uning zarbasidan himoya qiladi.
Oddiy tug‘ri chiziqli (yoki ilonizi) yashindan tashqari, ba’zida sharsimon yashin — olov shari ham paydo bo‘lib turadi. Bu shar Yer yuzasidan uncha baland bo‘lmagan havoda suzib yuradi va qattiq predmet bilan to‘qnashganda, portlaydi.
Momaqaldiroq, osmonni to‘p-to‘p yomg‘ir bulutlari qoplab olganda kuzatiladi. Ular boshqa bulutlardan o‘ziga xos shakli (ular tik holda juda cho‘zilib ketgan bo‘ladi, ustki qismi esa temirchining sandonini eslatadi) hamda qoramtir tusdaligi bilan ajralab turadi. Havo bunday bulutlar ichidan shiddat bilan yuqoriga ko‘tarilayotib, yomg‘ir tomchilarini ham o‘ziga tortadi va elektr zaryadlari hosil bo‘lishi uchun zarur sharoit tug‘dirib beradi va nihoyat yashin turadi.
Har daqiqada Yer sharining turli burchaklarida ikki mingga yaqin yashin turayotgan bo‘ladi. Quruqlik ustida yozda (bahorda), suvliklar ustida esa qishda ko‘proq yashin turadi.