Siz Atlantika okeani to‘g‘risida gapirayotganingizda, faqat suvning yuqori qatlamini nazarda tutayotgan bo‘lasiz. Lekin o‘sha suv ostida, okean tubida nima bor?
Endi, men Nyu-Yorkdan Atlantika okeani orqali sharqqa sayohat qilyapman, deb faraz qiling. Shunda ko‘z oldingizda qanday manzara paydo bo‘lishini bilasizmi?
320 km davomida okean tubi o‘rtasiga pasayib boradi. Odatda, u tekis holda, ammo ba’zi o‘rinlarda U-simon vodiylar va kan’onlar ham uchrab turadi. Xuddi ana shular Shimoliy Amerika qit’asining bir qismi hisoblanadi va kontinental shelf deb ataladi. Ular juda pastda joylashgani uchun suv yuzasiga chiqmaydi.
Taxminan, 360 metr chuqurlikda shelf birdan tugab qoladi. Endi suv tubi asta-sekin pasayib bormasdan, jarlik paydo bo‘ladi. Bu joy qit’aning chekkasidir. Undan keyin nishablik boshlanadi va okean tubiga olib tushadi.
Bu nishablik bo‘ylab borilsa, 4 km chuqurlikka tushiladi. So‘ngra biz okeanning eng chuqur yeridan o‘ta boshlaymiz. Bu yerda okean tubi tekisdir. U chuqur suv osti tekisligi deb ataladi. Bunday tekisliklar okean maydonining uchdan bir qismini egallaydi va Yerdagi eng tekis joylardan hisoblanadi. Okean osti bo‘ylab sayohatni davom ettiraversak, suv osti tepaliklariga yetib boramiz. Ularning ayrimlari qirlarni eslatadi. Tizmalarning yarmiga yetgach, qirlar baland va tik bo‘lib boradi. Ayrim qirlar okean tubi sathidan 1 500 m.gacha ko‘tariladi. Tog‘lar orasida yuzasi tekis chuqur suv osti vodiylari bor. Tizmaning o‘rtasida eng katta suv osti vodiysi mavjud. U bir tizmaning ikki qismi o‘rtasidagi siniqqa o‘xshaydi.
Agar harakatimizni yana sharq tomon davom ettiraversak, chuqur suv osti tekisligini kesib o‘tamiz. Bu tekislik asta-sekin ko‘tarila borib, bizni Portugaliya qirg‘oqlari bo‘yidagi kontinental shelfga olib chiqadi. Atlantika okeani tubining manzarasi mana shunday.